Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

YOSHLAR, HAYOTIY   MAQSADINGIZ ANIQMI?

Jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida amalga oshirilayotgan islohatlar va yangilanishlar o‘z o‘rnida ta’im-tarbiya sohasida ham bir qator vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Ayniqsa, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, uni zamon talablari, ruhiga mos barkamol shaxs qilib voyaga yetkazishga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda. Bu jarayonda shaxs tarbiyasining bevosita tarkibiy qismi bo‘lgan yoshlarda aniq hayotiy maqsadlarning shakllanishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Binobarin, insonning faoliyati aynan muayyan maqsadlar asosida vujudga keladi va pirovardida butun bir xalq va millat hayoti uchun alohida o‘rin tutishi mumkin. Negaki, inson faoliyatini hayotiy maqsadsiz tasavvur etish qiyin. Shu nuqtayi nazardan olib olib qaralganda, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatimizda yoshlarni mustahkam hayotiy pozitsiya va hayotiy maqsadlarga ega faol shaxs qilib  tarbiyalash ilm-ma’rifat sohalarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarning hayotiy maqsadlari va faoliyatining umummilliy manfaatlar va jamiyatning maqsadlariga nechog‘lik hamohang shakllanishi ijtimoiy taraqqiyotning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Ma’lumki, yoshlar shaxs sifatida ijtimoiylashar ekan o‘z hayotini ma’lum bir maqsad va mo‘ljal asosida tashkil qiladi va faoliyat yuritadi. Yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, mavqeyi va faolligining asosiy dedirminanti va yo‘naltiruvchi omili sifatida  hayotiy maqsad tushunchasini o‘rganish shu jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, har bir individ shaxs sifatida o‘z hayotini ma’lum bir maqsad va mo‘ljal asosida tashkil qilishi bilan ijtimoiylashadi. Maqsad va hayotiy mo‘ljalni amalga oshirish uchun kerakli vosita, tamoyil, usullar tanlanadi va bularning to‘g‘riligi va maqsadga muvofiqligi borasida o‘zicha ishonch hosil qilib boriladi. Shaxsning bunday hayotiy ssenariy asosida ijtimoiy faoliyatga kirishishi uning jamiyatdagi ijtimoiy roli va u orqali ijtimoiy o‘rnini belgilab beradi. Zero, shaxs faoliyati uning hayotiy maqsadlari in’ikosidir. Xo‘sh, maqsad o‘zi nima? “Hayotiy maqsad” tushunchasi hozirgi kunning ilmiy kontekstida keng qo‘llanuvchi  tushunchalar qatorida bo‘lmasa ham, shaxs va jamiyat aloqalarini o‘rganuvchi ko‘plab ijtimoiy gumanitar fanlar sohasidagi tadqiqotlarda ushbu tushunchaga nisbatan o‘ziga hos yondashuvlarni topish mumkin. Maqsad tushunchasi asosan psixologiya sohasiga oid tadqiqotlarda keng yoritilgan bo‘lib, bu tushunchaning ijtimoiy, axloqiy va falsafiy jihatlari batafsil yoritilgan biron bir tadqiqot ishinini yoki bu tushunchaga berilgan falsafiy ta’rifni uchratish qiyin. To‘g‘ri, insonda maqsadlarning shakllanish jarayoni uning ruhiy olamida sodir bo‘ladigan psixik jarayonlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lsada, har qanday maqsad, avvalo, shaxsning ijtimoiylashuv jarayoni va jamiyatdagi ijtimoiy muhit, shuningdek, jamiyatdagi qadriyatlar tizimining tasirida shallanadi. Shunday ekan bu masaani kengroq yoritishga ehtiyoj tug‘iladi. Quyida bu tushunchaga berilgan ba’zi bir ta’riflarni keltiramiz: ”Maqsad inson ongi va irodasining mahsuli bulib, sub’ekt irodaviy motivlarining mavhum shaklidir .” Lekin shuni alohida qayd etish lozimki, maqsad hech qachon mavhum shaklda bo‘lishi mumkin emas, aks holda uning orzudan hech qanday farqi bo‘lmaydi. Yana bir muallif: “Maqsad—bu inson ongli faoliyati va xatti-harakatlarining muhim elementi bo‘lib, faoliyat natijalarining avvaldan fikran rejalashtirilishini ifodalaydi”,- deb ta’rif beradi. Shuningdek, maqsadga inson ro‘yobga chiqarishga harakat qiluvchi tasavvur; kishilar erishishga harakat qiluvchi yakuniy istak, intilish, taxmin sifatida qarash hollari ham ko‘p uchraydi. Darhaqiqat, maqsad inson tafakkurining mahsuli, ammo, u inson tafakkurining boshqa mahsullari bo‘lgan oddiy fikr, taxmin, g‘oya va tasavvurlardan farqli ravishda quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim: -maqsad albatta shaxsiy bo‘lishi kerak; -maqsad aniq bo‘lishi kerak, u mavhum bo‘lishi mumkin emas; -maqsad aniq vaqt bilan chegaralanishi kerak; -maqsad aniq rejaga asoslanadi; -maqsad ilhomlantira olishi lozim. Yuqorida qayd etilgan jihatlarni umumlashtirgan holda, maqsad tushunchasiga quyidagicha ta’rif berish mumkin: Maqsad—inson ma’naviyatida eng muhim o‘rin tutuvchi aqliy tafakkuriy hodisa bo‘lib, inson amaliy faoliyatining avvaldan o‘ylab tayyorlangan rejasi va natijasi, kelajakning loyihasi, deb ta’riflash mumkin. Qayd etilgan xususiyatlariga ko‘ra maqsadlarni bir qator turlarga ajratish mumkin bo‘ladi: -real va noreal; -qisqa muddatli va uzoq muddatli; -ikkinchi darajali va asosiy. Shular qatorida shaxs faoliyatining eng uzoq muddatli  mo‘ljallarini ifodalaydigan, hayotining mazmunini tashkil etadigan eng birinchi darajali maqsadlar  hayotiy maqsadlar deyiladi. Hayotiy maqsad—inson o‘z hayoti davomida amalga oshirishga intiladigan eng asosiy maqsad bo‘lib, inson faoliyati yo‘nalishini belgilab beruvchi, uning xatti-harakatlari va intilishlarini yo‘naltiruvchi, kelajagi va yuksalishini belgilovchi ma’naviy omildir. Har bir shaxsda hayotiy maqsad turli ko‘rinishda bo‘ladi. U makon va zamonga bog‘liq holda o‘zgarib, takomillashib borishi mumkin. Eng muhimi, hayotiy maqsadning darajasi insonning ma’naviy saviyasini ham belgilaydi. Shaxs ma’naviy kamolotida hayotiy maqsadning o‘rni ham aslida ana shu ichki bog‘liqlikdan kelib chiqadi. Hayotiy maqsad tushunchasining muhim belgilari bo‘yicha ijtimoiy-gumanitar fanlarda mavjud pozitsiyalarini quyidagicha umumlashtirish mumkin: birinchidan, ular umumlashtiruvchi, pirovard, tub, uzoq muddatli, maqsadlardir; ikkinchidan, ular mutlaq mazmun kasb etib, insonda undanda asosiyroq maqsad bo‘lishi mumkin emas; uchinchidan, ular qisqa va oraliq maqsadlarni amalga oshirish bilan bog‘liq ketma-ket vazifalarning natijasi bo‘lgan yakuniy maqsadni ifodalaydi; to‘rtinchidan, inson hayotidagi ko‘plab qisqa, o‘tkinchi va shaxsiy maqsadlarga ma’no va mazmun baxsh etadi. Demak, hayotiy maqsad—inson o‘z hayoti davomida amalga oshirishga intiladigan eng asosiy natijalarni o‘zida ifodalovchi, inson faoliyatining yo‘nalishi, mazmuni va uzoq muddatli mo‘ljallarini   belgilab beruvchi eng asosiy, tub, pirovard maqsaddir. Demak, shaxs faoliyatining eng uzoq muddatli mo‘ljallarini ifodalaydigan, hayotining mazmunini tashkil etadigan eng birinchi darajali maqsadlar  hayotiy maqsadlar deyiladi. Hayotiy maqsad—inson o‘z hayoti davomida amalga oshirishga intiladigan eng asosiy maqsad ekan, inson faoliyati yo‘nalishini belgilab beruvchi, uning xatti-harakatlari va intilishlarini yo‘naltiruvchi, kelajagi va yuksalishini belgilovchi ma’naviy omildir. Shuningdek hayotiy maqsadlar insonning ijtimoiy yetukligidan dalolat beradi va uning bir rivojlanish darajasidan keyingi darajaga ko‘tarilish ketma-ketligini ifodalaydi. Har bir shaxsda hayotiy maqsad turli ko‘rinishda bo‘ladi. U makon va zamonga bog‘liq holda o‘zgarib, takomillashib borishi mumkin. Eng muhimi, hayotiy maqsadning darajasi insonning ma’naviy saviyasini ham belgilaydi. Shaxs ma’naviy kamolotida hayotiy maqsadning o‘rni ham aslida ana shu ichki bog‘liqlikdan kelib chiqadi. Maqsadning o‘z-o‘zini rivojlantirish jarayonini “Inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsad doimiy harakatda va rivojlanishda, u hech qachon o‘zgarishsiz qolmaydi. Agar inson butun hayoti davomida bitta maqsadga intilsa ham, bu maqsad o‘z-o‘zidan o‘sadi va rivojlanadi”, deb ifodalash mumkin. To‘g‘ri, har bir insonning hayot yo‘li tug‘ilgan paytdan boshlanadi, lekin u ijtimoiylashuv jarayonida barcha yangi aloqa va munosabatlar jarayonidagina shaxsga aylanadi, aloqa va munosabatlarning mazmunini o‘z faoliyati, bilimi, e’tiqodi, qadriyatlari, dunyoqarashi tarzida izohlaydi. Hayotiy maqsadlarning shakllanishi ham shaxsiy kamolotning  muayyan davrlarida, xususan, inson xulq-atvorini ongli-irodaviy o‘z-o‘zini tartibga solish, o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan istaklarga qarshi tura olish qobiliyatiga ega bo‘ladigan davrida sodir bo‘ladi. Boshqacha aytganda, yoshlik davrida hayot maqsadlari alohida ahamiyatga ega bo‘ladi, bunda inson o‘zining kasbiy rivojlanish yo‘nalishini belgilab, shaxsiy hayotini tartibga soladi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, har bir yosh shaxs sifatida o‘z hayotini ma’lum bir maqsad va mo‘ljal asosida tashkil qilishi bilan ijtimoiylashadi. Shu nuqtayi nazardan olib qaralganda, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, mavqeyi va faolligining asosiy dedirminanti va yo‘naltiruvchi omili bo‘lgan  hayotiy maqsadlarini milliy manfaatlarga muofiq to‘g‘ri shakllantirish jamiyat taraqqiyoti va farovonligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, yoshlarda hayotiy maqsadni tarbiyalashning zamonaviy uslublarini yaratish orqali yoshlarning yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega shahs sifatida shakllanishi hamda  ularning pozitiv asoslarda ijtimoiylashuvini ta’minlash mumkin. Sanjar KARIMOV, ijtimoiy-gumanitar fanlarda masofaviy ta’lim  kafedrasi katta o‘qituvchisi.