Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

YOZMA VA ARXEOLOGIK MANBALARDA USTRUSHONANING O‘RTA ASRLAR DAVRI TARIXINING YORITILISHI

                                  Ropiyev Allayor Saydullayevich.                                      Jizzax davlat pedagogika universiteti o’qituvchisi.                                       Umirova Guldona Jamoliddin qizi.                                       Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Annotatsiya: Ushbu maqolada yozma va arxtologik manbalar orqali Ustrushona hududining o’rta asrlar davri tarixining yoritilishi to’g’risida ma’lumotlar keltirilgan. Kalit so’zlar: Ustrushona, Al-Istahriy, Osrushana yoki Sutrushana, O‘ratepa, Xo‘jand, Qal’ai Qahkaxa.   Jahon xalqlari tarixidan maʼlumki, Oʻrta Osiyo juda qadim-qadim zamonlardan Sharqning Gʻarbga tomon darvozasi, iqtisodiy va madaniy aloqalarni uzatuvchisi rolini oʻynab kelgan. Sharq xalqlari Gʻarbga tomon turli maqsad sari intilishlarida hech qachon Oʻrta Osiyo hududlarini chetlab oʻtmaganlar. Qadimda va oʻrta asrlarda Yevroosiyo dashtlari aholisi, ayniqsa Oltoy, Janubiy Sibir, Shimoliy Xitoy hududlari nafaqat iqtisodiy, balki etnomadaniy jihatdan ham Oʻrta Osiyo bilan oʻzaro uzviy aloqada boʻlgan. Mutaxassislarning olib borgan izlanishlari xulosalariga  koʻra, miloddan avvalgi II-ming yillikning oʻrtalaridan boshlab, Oʻrta Osiyoning shimoliy – sharqidan Sirdaryoning quyi havzalariga Markaziy Osiyoning dasht aholisi jadal kirib kelaboshlaydi. Dastlab ular Amudaryoning quyi havzalariga joylashadilar (tozabogʻyob madaniyati), Ularning bir qismi Sirdaryoning oʻrta havzasi, yaʼni Janubiy Qozoqiston va Toshkent vohasiga kirib keladilar, Yettisuv orqali qadimgi Fargʻonaga (qayroqqum madaniyati), undan Qayroqqum orqali Ustrushona va Sugʻdiyona hududlariga kirib boradilar. Hozirgi kunda ularning moddiy madaniyat izlari butun Oʻrta Osiyo hududlari boʻylab keng tarqalgan. Ustrushona mamlakati Buyuk Ipak yo’lidagi karvon yo’llari o’tgan manzilgohlar joylashgan yurtdir. Uning markaziy shahri Bunjikat bo’lsada g’arb tomonda So’g’diyonadan Dizak-Zomin, Sabot (hozirgi Istarafshan), Xo’jand orqali Farg’ona vodiysi bo’ylab Xitoy–Hindiston tomon Buyuk Ipak yo’lining asosiy karvon yo’li o’tgan. (M.X.Pardayev, J.I.G’ofurov 2016. 13.s) O’tmishda mahalliy savdogarlar Zomindan Xovos qal’asi va Choch orqali O’tror va Xitoyning shimoliy-g’arbida Yorkent shahriga o’tuvchi Xan hukmdorligi va undan buyuk Xitoy devorigacha ya’ni Buyuk Ipak yo’li boshlangan Syan shahriga yetib borganlar. Buyuk Ipak yo’lining chorrahasida joylashgan  Ustrushona tarixini o’rganishda so’nggi o’n yilliklarda ko’plab ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Usturshona mamlakatining geografik joylashuvi,aholisi, uning turmush tarzi va xoʻjaligi, shahar qishloqlari va undagi  moddiy-madaniy hayot toʻgʻrisida antik davr mualliflari asarlarida  juda kam maʼlumotlar qayd etilganligi, lekin Usturshonada kechgan muayyan tarixiy jarayonlarni, ijtimoiy oʻzgarishlarni tushunish uchun tarix otasi Gerodot, tarixchi Polibiy, geograf Strabon, tarixchilar Diodor, Pompey Trog, alloma Katta Pliniy, yozuvchi Kvint Kursiy Ruf, taniqli tarixchi Arrian, geograf Dionisiy Peristet, mashhur astronom va geograf Ptolemey asarlaridan foydalanish mumkinligini taʼkidlab oʻtishadilar.[1] Shuningdek Usturshonaning qadimgi davri haqidagi nisbatan qisqa lekin muhim ilmiy maʼlumotlarni  Xitoy yilnoma-xronikalaridan xam olish mumkin deyiladi, masalan: Xitoy tarixi otasi Sima-Syanning tarixiy qaydnomalarida, taniqli tarixchi Ban-Gu qalamiga mansub “Ulugʻ Xan xonadoni tarixi”Li-Yan-shou tomonidan yozilgan (“Shimoliy xonadonlar tarixi”) asarlarida usturshonaliklarning turmush tarzi va xoʻjaligi, urf-odat marosimlari xaqida maʼlumotlar saqlanib qolgan(M.Pardayev  1998. 23.s). Milodning III asri oxirlarida qudratli Kushon saltanati va Qang‘ konfederativ davlati parchalanib ketdi. Bu uning tasarrufidagi katta geografik hudud, asosan, O‘rta Osiyoning ikki daryosi (Sirdaryo, Amudaryo) oralig‘idagi barqaror o‘troq hayot tarzidagi madaniy vohalarda mustaqil taraqqiyot jarayonlari boshlanishiga sabab bo‘lgan. Bu Ustrushona mulklari uchun ham ta’lluqli bo‘lib bu yerda ham IV-V asrlarda mustaqil boshqaruv tizimi qaror topa boradi. Ilk o‘rta asrlarga oid manbalarda O‘rta Osiyoning So‘g‘d, CHoch, Farg‘ona kabi dehqon chilik mulklari qatorida Ustrushona haqida ham eslatiladi. Bunday ma’lumotlar ilk bor Xitoy yilnomalarida uchray boshlaydi. Xitoy imperatorlarining sulolaviy (“Sin Tan shu” -Tan saroyi tarixi) yilnomasida bu davlat ya’ni SHarqiy Sao (davlati) – SHuaydushana, Suduyshana, Szebutseyuyna (Szebudana), Sudushini kabi to‘rtta nom bilan ataladi. ”Suyshu”(Suy sulolasi tarixi) ning 83-bobida Farg‘onadan Sutrishona (Suduyshana) davlatigacha 500 li (288) deb ta’kidlangan.  “Veyshu”da Kangiya (Qang‘) davlati o‘rnida tashkil topgan o‘n bitta davlatlar qatorida Sao hokimligi ham sanab o‘tilgan2 .   Bundan tashqari Tan saroyida sharqiy Saoni “Layviy”, yani “O‘rta podsholikni tan olib buysungan davlat” deb ham atashgan.[2] Ustrushona hududi va ularning chegaralari haqidagi ma’lumotlar IX-X asrlarga taalluqli arab geograflarining asarlarida mufassal berilgan bo‘lib, unda ta’riflab va sanab o‘tilgan joylar, ancha oldin yoritilgan manbalar hamda ilk o‘rta asrlardagi chegarasidan deyarli farq qilmaydi. X asrda yashagan arab geografi, Abul-Qosim Muhammad ibn Havqalning yozishicha “Ushrusana – bu (bir) viloyatning nomi, xuddi as-Sug‘d ham viloyat nomi (bo‘lganidek). Unda bu nomli shahar yo‘q. Ushrusanani Movaraunnahrning boshqa viloyatlari o‘rab turadi: sharqdan Farg‘ona va Pomirning bir qismi, g‘arbdan Samarqand hududlari, shimoldan ash-SHosh va Farg‘onaning bir qismi, janubdan esa Kesh, as-Sag‘oniyon, SHumon, Voshjird va ar-Roshtning ba’zi hududlari tutashgan”. AlIstahriyning (Mamlakatlarning masofalari kitobi) asarida keltirilgan Ustrushona chegaralari haqidagi ma’lumotlar, ibn Havqal estaliklariga mos keladi. Unda yozilishicha, “Ustrushona mamlakatning nomi, bu nom bilan ataluvchi shahar yo‘q, katta qismi tog‘lardan iborat. Ustrushona sarhadlari g‘arbda Samarkand, shimoldan SHosh va Farg‘onaning bir qismi, janubdan Kesh, Sag‘aniyon, SHuman Vashxird va Rashtning ayrim hududlari, sharqdan Farg‘onaning bir qismi bilan chegaralanadi”. Ustrushonaning chegaralari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilgan V.V. Bartold “Samarqand va Xo‘jand o‘rtasidagi deyarli barcha kenglik Osrushana yoki Sutrushana mamlakatini tarkibiga kirgan” deb ta’kidlagan edi.[3] M.E. Massonning yozishicha “Aynan Ustrushona nomi bilan Jizzax va O‘ratepa oralig‘idagi keng manoda tushuniladigan hududlar atalgan. Unga janub tomondagi tog‘lik viloyat Buttam qo‘shilganidan so‘ng mazkur nom boshqa o‘lkalarga nisbatan ham qo‘llanilgan”. N.N. Negmatov Ustrushona hududiga hozirgi O‘zbekiston respublikasining Jizzax, Sirdaryo viloyatlari, Tojikiston respublikasining O‘ratepa, Xo‘jand viloyatlari va Qirg‘iziston respublikasining Laylak tumanlari to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan5. Biz ham ushbu ko‘rsatilgan hududlar qadimgi Ustrushona mulklariga to‘g‘ri keladi degan fikrdamiz. Ustrushona nomi VIII asrning boshlariga taalluqli bo‘lgan Mug‘ g‘oridan topilgan so‘g‘d yozma xujjatlarida ham bir necha bor qayd etilgan. Panjikent hokimi Devashtichga uning xizmatkori Fatufarn tomonidan yozilgan maktubda Ustrushonada bo‘layotgan voqealar, ustrushonaliklarning arablarga qarshi kurashda kursatayotgan yordamlari bayon qilingan. Ustrushona va uning rustoqlari hakidagi batafsil malumotlarni o‘rta asr arab geograf va tarixchilarining asarlarida uchratish mumkin. Ular Ustrushonada Bunjikat (O‘ratepa), Arsubonikat, Kurkat (SHirin), Fankon – Fag‘non (Dizak), Zomin, Sarsanda, Susanda (Zomin), Xarqona, Yangiqo‘rg‘on ( G‘allaorol), Burnamad (Baxmal), Sabat (Kultepa–Savat), Nujket (Nushkent), Marsmanda, Mink nomi bilan ataluvchi rustoqlar, ularning obod markaziy shaharlari, o‘nlab rabod, qa’la, karvonsaroylar mavjud bo‘lganligini o‘z asarlarida yozib qoldirishgan[4]. Mazkur shahar va qa’la rabodlarningko‘pchiligining o‘rni hozirgi kunda arxeologik tadqiqotlar orqali aniqlangan,     dastlabki ilmiy ekspeditsiya safari taniqli sharqshunos P.I.Lerx tomonidan 1867-yilda amalga oshirilgan. Ilmiy guruh Turkistonga safarida Jizzax yaqinidagi Ilono’tdi darasi qoyatoshlariga arab imlosida bitilgan ikkita tarixiy lavhadan nusxa ko’chirgan va uni o’qib, sharxlashga muvaffaq bo’lgan. 1890-yilda Shahristonga taniqli mutaxassis, arxeolog va sharqshunos N.S.Likoshin keladi.  U birinchilardan bo’lib Chilhujra qal’asining batafsil tavsifini yozadi.1894-yilda Xo’janddan Shahristonga qadar sayohat qilgan V.V.Bartold Shahriston va Chilhujra tarixi bilan bog’liq ma’lumotlarni to’playdi.1895-yilda Toshkentda tashkil etilgan ‘’Turkiston havaskor arxeologlar to’garagi” Shahriston va uning atrofidagi arxeologik yodgorliklar bo’yicha qimmatli ma’lumotlarni to’playdilar. Keyingi davrlarda rus tadqiqotchilari I.A.Kastanye,(Oʻratepaning tarixiy-topografik tavsifini tuzgan) A.A.Semyonov,(Shaxriston Oʻratepa yodgorliklari tarixiy arxeologik sharh yozgan) V.F.Gaydukevich,(Munchoqtepa shaxar yodgorligi) A,YU,Yakubovskiy, O.I.Smirnova, A.M.Mandelshtam, N.Negmatov Ustrushona hududidagi shahar va qishloqlar (Bunjikatdagi Qalaʼyi-Qahqaha, Oʻrtaqoʻrgʻon, Tirmizaktepa Chilhujra qishloq makonlari-1950-1957.) haqida ko’plab ma’lumotlar to’plab fanga taqdim qildilar. 1951-yilda O’zbekiston FA tarix va arxeologiya institutining YA.G’.G’ulomov rahbarligida Zarafshon ekspeditsiyasi Jizzax shahridan 50 km shimolda joylashgan Tuzkon va uning atrof hududini arxeologik qidiruv asosida o’rganib chiqadi. Natijada, Tuzkon, Xonchorbog’, Qolgansir manzillaridan neolit davriga oid chaqmoqtoshdan yasalgan tosh qurollar va bronza davriga taaluqli, archasimon, to’rsimon naqshli sopol idish parchalari topiladi(Anboyev, 1963). 1956-yil Jizzax shahridan 30 km shimol tomonda joylashgan Qulpisar raboti va Dunyotepa qal’asi qazishmalar asosida o’rganiladi.(Pardayev, 2015 35-36 b). Shu yilning kuzida mazkur ekspeditsiyaning A.R.Muhammadjonov rahbarligida otryadi Jizzaxning janubidagi Morguzar tog’ining sharqiy qismida joylashgan Takatosh manzilida ishlar olib  boradi.(M.Pardayev 1999. 48.s) 1957-1959-yillarda Mohandaryo ekspeditsiyasi Jizzax vohasining keng qamrovli hududlarida ishlar olib bordi.(Kanpirak devori Qoʻrgʻontepa Siypanchiqtepa) 1964-yil M.Aminjonova rahbarligidagi Samarqand otryadi, Jizzax vohasi Zomin tumani hududida qidiruv ishlarini o’tkazdi. 1973-yil O’zR FA arxeologiya instituning SH.S.Toshxo’jayev rahbarligidagi otryadi Jizzax dashtini yangi o’zlashtirilayotgan mavzelarida qidiruv ishlarini o’tkazdi va 31ta ko’hna obida harobalarini, 20ga mozorqo’rg’on o’rinlarini topib hisobga oladi (Toshxo’jayev 1974, 1-2-s). 1977-yil O’zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasining sayyor otryadi tomonidan Zomin tumanining tog’ qismida izlanishlar olib bordilar. (Rtvaladze, Isxakov, Malikov 1978, 536-37-s). 1978-yilda O’zbekiston FA arxeologiya instituti tomonidan maxsus otryad tuzilib, ular Jizzax va Sirdaryo hududida ko’plab qidiruv ishlari olib borganlar. 1994-yil O’z FA arxeologiya ilmiy tekshirish instituning tadqiqotchisi A.A.Gritsina Zomin tumanining Pishag’or yaqinidagi Sho’rcha qishlog’ida joylashgan To’rtko’ltepa manzilgohida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. 1985-yildan M.Pardayev rahbarligidagi Jizzax otryadi Sangzor daryosi quyi oqimi – Jizzax vohasi hududida joylashgan Qaliyatepa, Pardaqultepa, Komilbobotepa, Rasulboyqultepa kabi shahar va asosan qishloq yodgorliklarida qazuv-tadqiqot ishlari oʻtkazish boshlangan va hozirgacha izlanishlar davom ettirilmoqda (Pardayev, 1995). Mustaqillik yillarida g’arbiy Ustrushona hududidagi arxeologiya yodgorliklarini o’rganish ishlari yanada faollashdi. Xususan, Qaliyatepaning shahristonida  statigrafik tadqiqotlar o’tkazildi. Natijalar shuni ko’rsatdiki, Qaliyatepa shahar yodgorligiga miloddan avvalgi III-II asrlarda  asos solingani, V-VIII asrlarda shahar hududi kengayib, rivojlangani haqida muhim arxeologik dalillar olindi (M.Pardayev 2007 80-s). So’ngi yillarda  Sangzor daryosi bilan bog’liq sug’orma dehqonchilik mavzelarida ilk qal’a rabotlar qurilishi, rivojlanishi jarayonlarini me’morchilik an’analari va rejalashtirish usullari davomiyligini o’rganish maqsadida Qaliyatepa atrofida joylashgan Pardaqultepa, Komilbobotepa (M.Pardayev) Yoqubbobotepa (J.G’ofurov) Jumatepa (Z.Xolboyev) Qo’rg’ontepa (G’allaorol) atrofidagi Qing’irtepa va Almantepa I, II (A.Berdimurodov, M.Pardayev) yodgorliklari ochib o’rganildi. Tadqiqotchi  ilmiy tadqiqot ishlari natijasidagi qator yillar davomida  bir necha marotaba tashkil etilgan  Ustrushona ekspeditsiyalari otryadlarining bir guruhiga bevosita rahbar qilish, bilan birgalikda boshqa hududlardagi olib borilgan tadqiqot natijalarini umumlashtirishga muvaffaq b o’ldi desak, mubolag’a bo’lmaydi. Ustrushonaning ilk o’rta asr qishloq makonlarida o’tkazilgan arxeologik tadqiqotlar asosida Ustrushonaning geografik o’rni, davlat tuzumi, shahar va qishloq makonlari qurilishi,  ushbu voha hududida yashagan xalqlarning diniy e’tiqodlari, xo’jalik va turmush tarzi, milliy urf-odat va an’analari to’g’risida keng qamrovli ma’lumotlarni yig’ib, asosli xulosalar chiqarishga imkon yaratildi. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Markaziy Osiyoning uchta mustaqil davlati Oʻzbekiston, Tojikiston va qisman Qirgʻiziston hududlari oraligʻida, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan, Janubdan Turkiston, Morguzar, gʻarbdan Nurota tizma togʻlari bilan oʻralgan Usturshonaning shimoliy-gʻarbida va muhim tarkibiy qismi xisoblangan hududlaridan biri boʻlgan Jizzax voxasining qadimgi madaniyati, ilk oʻrta asrlar va oʻrta asrlar madaniyatining oʻziga hos rivojlanish tarixi mavjud ekan.   Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati: 1.Mirziyoyev SH.M. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari.”O’zbekiston”2019. 2.Karimov I.A.  Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. Toshkent, 1998. 3.Gritsina A.A. Usturshanskiye bыli-Toshkent 20004.Muhammadjonov A.R. O’zbekiston tarixi. Toshkent. 1994
  1. Pardayev M.X. Suyunov S. Shimoliy g’arbiy Ustrushonaning sug’orish
tarixidan. 1997. 6.Pardayev M.X. Jizzax g’oziylar shahri. Toshkent. 2015. Nosirov O’. Jizzax tarixi. Toshkent. 20106. 7.Pardayev M.X. Jizzax otryadining 1996-yilgi ilmiy hisoboti O’zR FA arxeologiya institute arxivi. Samarqand. 1996 8.Pardayev M.X. Qaliyatepa shahar yodgorligi va uning stratigrafiyasiga doir ayrim mulohazalar. O’zMMT 30-nashri 1999 Nosirov O’. Jizzax tarixi. Toshkent. 2010. 9.G’ofurov J.I. Ustrushonaning ilk o’rta asr qishloq makonlari (Sangzor havzasi yodgorliklari misolida. Jizzax 2014. 10.G’ofurov J.I. Ustrushonaning ilk o’rta asr qishloq makonlari (yozma va arxeologiya mambalari asosida) Toshkent.2016                               [1] M.H. Pardayev, J.I.G’ofurov. Ustrushonaning ilk o’rta asr qishloq makonlari-Toshkent 2016. 13-b. [2] Хўжаев А. Фарғона тарихига оид маълумотлар. “Фарғонанашриёти 2013. – Б.80.  2 – Б. 147   [3] Ибн Ҳавқал. Китоб сурат алард (Араб тилидан таржима ва изоҳлар муаллифи Ш.С. Камолиддин). Тошент: ”Узбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2011. –Б: 68. [4]Негматов Н.Н. Историко-географический очерк Усрушаны с древнейших времен по Х в.н.э…-С. 239.