O‘zbekistonda pedagog maqomi jamiyat va davlat nufuzining mezonidir.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida pedagog maqomini yuksaltirish vazifasi alohida qayd qilingan. Ushbu masala shunchaki qog‘ozni bezagan chiroyli orzu-istaklar ifodasi emas, balki qat’iy hayotiy maqsad ekani izchil islohotlar davomida kundankunga yanada yaqqolroq namoyon bo‘lib boryapti. Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunni fikrimizning tarixiy tasdig‘i deyish mumkin. 21 moddadan iborat mazkur qonun bilan yurtimizdagi 700 mingga yaqin pedagogning huquqlari, majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy kafolatlari belgilandi.
Qonunda pedagog xodim faoliyatining kafolatlari sifatida uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘qituvchilarni kasbiy faoliyatiga kirmaydigan ishlar — qishloq xo‘jaligidagi yumushlar, obodonlashtirish, yig‘ilishlarga jalb qilish taqiqlangan. Shuningdek, pedagoglardan hisobot va ma’lumotlar talab qilish, faoliyatini tekshirish, tadbirlarda qatnashishga majburlash man etilgan. O‘qituvchining zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz mablag‘ ushlab qolish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, qolaversa, o‘quvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish taqiqlangan. Ushbu normalarga amal qilmaslik javobgarlikka sabab bo‘lishi qat’iy belgilangan.
Yana bir e’tiborli jihati, qonunda pedagoglarga qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi kafolatlangan. Doktorlik dissertatsiyasi, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yozish uchun ijodiy ta’til berilishi nazarda tutilgan. O‘qituvchilarga mualliflik dasturlarini va o‘qitish uslubiyatini joriy etish, zamonaviy pedagogik vositalarni erkin tanlash, davlat axborot-resurs markazlari xizmatidan bepul foydalanish kabi qator imkoniyatlar berilyapti.
Pedagoglar kasbiy faoliyatini bajarish chog‘ida sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun, shuningdek, o‘z huquqlarini buzayotgan davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakati ustidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Yangi qonunimizda YuNESKO tomonidan ishlab chiqilgan “O‘qituvchilarning o‘rni to‘g‘risida”gi tavsiyalarga muvofiq pedagoglar uchun ijtimoiy kafolatlar belgilangan. Jumladan, davlat ta’lim tashkilotlari pedagoglari yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlanishi hamda davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin.
Mamlakatimizning olis hududida joylashgan ta’lim tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun jalb qilingan oliy ma’lumotli pedagoglarga bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanishi ham qayd etilgan. Davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglari davlat tomonidan birlamchi o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanishi, o‘quv dasturlari o‘zgarganda davlat ta’lim tashkilotining pedagoglari davlat hisobidan yangi turdosh fanga qayta tayyorlanishi belgilangan. Bir nafar pedagogni qayta tayyorlash uchun bugungi kunda olti million so‘m sarflanishi ko‘zda tutilsa, o‘qituvchilar uchun yaxshigina yengillik berilayotgani oydinlashadi.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davrida murabbiylik qilish uchun tajribali pedagog biriktirilishi hamda murabbiylik qilgani uchun bazaviy lavozim maoshiga qo‘shimcha haq to‘lanishi mumkinligi qonunan mustahkamlandi. Davlat ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchilariga davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kunidan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili kafolatlandi.
Qonunning 12-moddasida pedagogning oylik ish haqi ma’lumoti, malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa ustamalar inobatga olingan holda hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda hozir Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida pedagoglar oylik maoshiga qo‘shilgan ustamalar xususida ham to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Amaldagi tartibga ko‘ra, xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlarini tayyorlagan pedagoglarga 150-200 foiz, olis hududlarda joylashgan ta’lim tashkilotlariga boshqa hududlardan kelgan o‘qituvchilarga 10-50 foiz, ilmiy darajasi (PhD, DSc) yoki ilmiy unvoni borlarga 30-60 foiz, milliy yoki xalqaro sertifikat egalariga 20-50 foiz miqdorida ustama to‘lanmoqda. Birgina misol: bugun 25,9 ming pedagogning milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud bo‘lib, ularga bir yilda 1,2 trillion so‘m ustama to‘lash talab qilinadi.
Mavjud imtiyozlar va yaratilgan imkoniyatlarga javoban hamkasblarimiz muntazam o‘z ustida ishlashi, zamon bilan hamnafas bo‘lib, malaka oshirib borishi zarur. Shu ma’noda, yangi qonunda pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham aniq normalar belgilab qo‘yilgan. Davlat ta’lim tashkilotlari pedagoglarining malakasini belgilangan muddat va hajmda oshirish xarajati davlat byudjeti hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan.
Ayni paytda pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikka chek qo‘yilgan. Bu jarayon bilimini muntazam oshirib borishdan manfaatdor, kasbiga mehr qo‘ygan fidoyi, mahoratli muallimlar uchun yana bir imkoniyat. Malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda. Har ikki bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida onlayn o‘tkaziladi.
Natijalar inson omiliga bog‘liq bo‘lmaydi. Yuksak e’tibor topayotgan pedagoglar kasbiy majburiyatini bajarish chog‘ida etika qoidalariga rioya etishi zarurligi ham qonun nazaridan chetda qolmagan. Pedagogik etika qoidalarini bilish va ularga amal qilish o‘qituvchi o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishining sifat ko‘rsatkichlarini hamda mehnat intizomini belgilaydigan mezon sifatida qayd etilgan.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov ta’kidlaganidek, muallim kamolot ichra ko‘zgudir. Bu ko‘zgu shu qadar tiniq bo‘lishi, unga boqib barcha o‘zini, o‘zligini takomillashtirishi, illatlaridan forig‘ bo‘lib, fe’l-atvorini tartibga keltirishi lozim. Tabiiyki, jamiyat uchun chinakam kamolot ko‘zgusi bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Shu tufayli qonunda pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan shaxslar haqida aniq normalar mavjud. Xususan, qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, deb topilgan shaxslar, pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qiladigan kasalligi bo‘lganlar, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari sudlanganlarni pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga ishga qabul qilish man etildi. Ushbu normalarni tatbiq etish jarayonida nafaqat milliy mentalitetimiz, balki xalqaro tajriba ham o‘rganildi.
Aniqroq aytganda, qonunni ishlab chiqishda Xitoy, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi ta’limda ilg‘or davlatlar bilan birga qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi normativ-huquqiy asoslar ham sinchiklab o‘rganib chiqildi.
2030 yilga qadar mamlakatimizdagi Prezident ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘qitish metodikasini barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga joriy qilish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xalqaro ta’limni baholash tadqiqotlarida munosib ishtirok etish, 500 ming nafar soha xodimining malakasini uzluksiz oshirish tizimini takomillashtirish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar va olis hududlardagi abiturientlar uchun pedagogik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni to‘liq davlat granti asosida tayyorlashni joriy qilishga bel bog‘laganmiz. Qolaversa, tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, bir qancha xalqaro olimpiadalarni yuksak saviyada tashkil qilish kabi dolzarb vazifalar oldimizda turibdi. Ular ijrosi yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.
“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan qadr-qimmati yanada yuksalgan ustoz-murabbiylar taqdiridan rozi bo‘lib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilishiga ishonamiz. Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa — maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat
bo‘limi uslubchisi O. Tursunboev