Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

O‘ZBEKISTONDA NOGIRONLIKNI OLDINI OLISH BO‘YICHA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR

Muzaffarova Xayitgul Nesibovna JDPU Maxsus pedagogika kafedrasi p.f.f.d(PhD) Annotatsiya Maqolada O‘zbekistonda nogironlikni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlashda, irsiyat sofligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishi, yaqin qon-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli nosog‘lom farzand tug‘ilishi xavfi yuqori bo ‘lishi haqidagi fikr-mulohazalar bildirilgan. Kalit so‘zlar. Reproduktiv, irsiy kasallik, xromosoma, DNK molekulasi,  genotip, asab tizimi, ruhiy kasalliklar, qon kasalliklari, Daun kasalligi, fenilketonuriya, tug‘ma gipotireoz.     Ma’lumki, kadrlar jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan omillardandir. Mustaqillik yillarida Hukumatimiz kadrlar tayyorlash jarayonini davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Chunki bugungi kunda oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimiz, ezgu niyatlarga erishishimiz, jamiyatimizning yangilanishi, hayotimiz farovonligi amalga oshirilayotgan islohotlarimiz, rejalarimizning samarasi – zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli, fidoiy mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqdir. Yurtboshimiz nutqlarida ta’kidlanganidek, faqatgina chinakam ma’rifatli odam inson qadrini, millat qadriyatlarini, o‘zligini anglashi, erkin va ozod jamiyatda yashashi, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib, obro‘li o‘rin egallashi uchun fidoiylik bilan kurashishi mumkin. Har qaysi davlat, har qaysi millat nafaqat yer osti va yer usti tabiiy boyliklari, balki o‘zining yuksak madaniyati va ma’naviyati bilan ham kuchlidir. Bu isbot talab qilmaydigan hayotiy haqiqatdir. Aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlashda, avvalo, irsiyat sofligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizdagi nikohlarning 20 foizidan ko‘prog‘i yaqin qon-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ekan. Olimlarning fikricha, qon-qarindoshlardan tashkil topgan har 100 ta oiladan 60 tasida tug‘ma irsiy kasallikka chalingan farzand tug‘iladi. Nosog‘lom farzand tug‘ilishi xavfi qon-qarindoshlik qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik yuqori bo‘ladi. Hozirgi vaqtda tibbiyotda 6 mingdan ortiq tug‘ma irsiy kasalliklar mavjudligi qayd etilgan bo‘lsa, shulardan 1,5 mingtasi davolab bo‘lmaydigan yoki umrbod davolash kerak bo‘lgan kasalliklardir. Hozir chaqaloqlarning 5 foizi irsiy kasallik bilan, 1 foizi o‘lik tug‘ilayotganligi, ayollar va erkaklarning bepushtligi, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘limning bir qismi irsiy omillar bilan bog‘liq ekanligini aytib o‘tmoqda. Ko‘pincha joylarda tushuntirish ishlari olib borilganda, farzandlarini yaqin qarindoshlariga uylab qo‘ygan ota-onalar «Nevaralarimiz sog‘lomku, nega hadeb bu haqda gapiraverasizlar», deya e’tiroz bildirishadi. Ammo bir avlod bo‘lmasa, ikkinchi yo uchinchisida turli o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin, ya’ni irsiyat buziladi. XX asrda ilm-fan erishgan yutuqlar natijasida irsiy belgilarni nasldan-naslga uzatuvchi tuzilma, hujayralar yadrosida joylashgan alohida oqsil tuzilma – xromosomlar ekanligi aniqlandi. Xromosomlar har bir organizmning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan alohida belgilarni uzatish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu xususiyat xromosomlarning bir qismi – DNK molekulasi yoki genlar tomonidan amalga oshiriladi. Inson salomatligi ko‘p jihatdan uning genotipi bilan belgilanadi. Genotip – bu inson organizmidagi bir-biri bilan o‘zaro murakkab munosabatda bo‘lgan genlarning yig‘indisi. Inson genotipida hozircha 1 milllion atrofida genlar borligi aniqlangan bo‘lib, ular hujayralardagi mavjud 23 juft xromosomlardagi DNKlarda joylashgan. Irsiy kasalliklar irsiy axborotlarni nasldan-naslga tashuvchi genlarning o‘zgarishlari natijasida yuzaga keladi. Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarining qishloq aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan tekshirishlar asab tizimi, ruhiy kasalliklar, qon kasalliklari, Daun kasalligi, fenilketonuriya, tug‘ma gipotireoz kabi irsiy omillar bilan bog‘liq kasalliklar keng tarqalganligini ko‘rsatmoqda. Bolaning tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelishi ota-ona uchun ham, jamiyat uchun ham katta fojia hisoblanadi. Shunisi achinarliki, aksariyat hollarda bunday bemorlarga yordam ko‘rsatishda tibbiyot ojizlik qiladi. Oilalarda irsiy kasalliklar bilan kasallangan bolalar tug‘ilishi ehtimolini baholash, irsiy kasalliklarning homiladorlik davrida tashhislash, aholining tibbiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, qon-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida poytaxtimizda va Jizzax, Samarqand, Andijon, Namangan, Nukus, Buxoro, Termiz, Farg‘ona, Qarshi, Navoiy, Urganch shaharlarida Skrining markazlari (tibbiy-genetik maslahatxonalari) tashkil qilinib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ona va bola skriningi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va homilador ayollarda yashirin kechuvchi kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida kerakli chora-tadbirlarni qo‘llash bilan shug‘ullanmoqda. Skrining markazlarining asosiy vazifasi irsiy kasallik bilan tug‘ilgan bolalarga maxsus tibbiy-genetik xizmat ko‘rsatish va nuqsoni bor homila tug‘ilishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni maxsus tekshiruvdan o‘tkazishdan iborat. Oilada farzandning dunyoga kelishini ota-ona intizorlik bilan kutadi, xonadonda chaqaloq ovozining yangrashi ularni cheksiz baxtiyor qiladi. Biroq orziqib kutilgan farzandning irsiy nuqsonlar bilan dunyoga kelishi oila uchun dahshatli fojiaga aylanishini tasavvur qilish qiyin bo‘lmasa kerak! Bu hol aksariyat oilalarning buzilib ketishiga olib keladi. Shuning uchun ham farzandlaringiz kelajagini o‘ylab, ularning sog‘-salomat, barkamol bo‘lib voyaga yetishini istasangiz, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlardan voz kechish juda muhim. Foydalanilgan adabiyorlar
  1. B.G, K.K.Mamedov. Aqli zaif bolalar psixologiyasi. T., 1995y.
  2. B.G, K.K.Mamedov. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar. T., 1995y.
  3. G.Petrova, I.V.Belyakova «Psixologiya umstvenno ostalыx shkolьnikov», M: «ASADEMA», 2004.g.
  4. Psixologo-pedagogicheskaya diagnostika. Pod red. I.Y.Levchenko, S.D.Zabramnoy. M: «ASADEMA», 2005g
  5. Educating exceptional children. Samuel A.Krik. James J.Gallagher. Boston.
  6. Sagatov A.I., Po’latova P.M., Mamedov K.X. «Oligofrenopedagogika asoslari». T.: “O’qituvchi”, 1994 y.
  7. Po’latova P.M. Maxsus pedagogika (oligofrenopedagogika). T.: “G’.G’ulom”, 2005 y.
  8. Po‘latova, Z.Mamarajabova, Sh.Amirsaidova va boshqalar. Maxsus pedagogika. Fan va texnologiyalar. T.: 2014