Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

ILMGA BAXShIDA UMR

Jizzax davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan tantanali yubiley kechasi ana shunday nomlandi… Xalqimiz azaldan iste’dod va mahoratini, ko‘z nuri, qalb qo‘rini baxsh etib yosh avlodga ilmu-fan sirlari va odamiylik saboqlarini o‘rgatib kelayotgan zotlarni hurmatlab, ularning sha’niga “Ustoz otangdek ulug‘”, deya ehtirom ko‘rsatadi. Asrlar chig‘irig‘idan o‘tgan mazkur maqolda teran hikmat mujassam. Darhaqiqat, ustozning aytgan har bir kalomi, bergan dono o‘gitlari bizga hamroh bo‘lib, hayot yo‘llarimizni quyosh misol nurafshon etib turadi. Inson hayotining ilmu-fanga baxshida bo‘lganidan mazmunliroq umr bo‘lmasa kerak. Chunki minglab yuraklarga ziyo ulashib, elu yurtga naf keltirishning o‘zi baxt. Ikki olima, Jizzax davlat pedagogika institutining  Tarix fakulteti faxriy ustozlari professor Faniya Ahmedshina va Raya Nurqulovalar bugun ana shunday nekbinlikka erishgan, yuzlab shogirdlari davrasida mehnati mevasidan zavqlanib yashayotgan ustozlardir. Ular bugun umrning har bir kunidan, daqiqasidan samarali foydalanib, muayyan natijalarni qo‘lga kirita olgan baxtli ayollardir.  Jizzax davlat pedagogika instituti madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan “Ilmga baxshida umr” yubiley kechasi ham ana shu baxtli ayollar, faxriy ustozlar F.Ahmedshina hamda R.Nurqulovalarning 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlandi.     -Ayol kishi uchun ish va oilani teng olib borish oson emas, albatta. Bularning barchasi juda ko‘p mehnat va harakat talab etadi. Har tomonlama havas qilsa arizigulik, bugun mana shu sahnada 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyatini nishonlayotgan faxriy ustozlarimizni har qanday maqtovga loyiq  desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Ilm yo‘lida qancha to‘siqlar va mashaqqatlar borligi barchamizga ayon. Muhimi, yaxshi kunlarning, halol mehnatning natijasi mana shunday olqishlarni olib kelganligi. O‘ylaymizki, bu yutuqlarning faqat boshlanishi ustozlarimiz Faniya Ahmedshina va Raya Nurqulovalarga  kelgusi faoliyatlarida ham muvaffaqiyatlar tilayman,- deydi institut rektori Sh.Sharipov.   Ilm-hunar egallamoq, o‘zini o‘zgalar uchun naf beradigan ishga baxshida etmoq, vatanni, oilani muqaddas tutmoq insoniy sifatlarning eng oliysidir. Jizzax davlat pedagogika institutining faxriy ustozlari, 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyatini nishonlayotgan Faniya Ahmedshina va Raya Nurqulovalarga bag‘ishlangan “Ilmga baxshida umr” yubiley kechasida so‘zga chiqqanlar mohir pedagoglarimizning insoniy fazilatlari, ilmga qo‘shgan hissalari, bugungi kunda ham yoshlarga ta’lim tarbiya berishdek sharafli kasbni davom ettirayotganlari alohida ta’kidlashdi. Shunday insonlar borki, ularning qilayotgan ezgu ishlari, ilm o‘rganib uni yon atrofdagilarga ham ulashishi qalbingizda ezgulik timosli sifatida muhrlanib qoladi. Umrini ilmga baxshida etgan ajoyib ustozlar Faniya Ahmedshina hamda Raya Nurqulovalar yaratgan katta ilmiy merosning ham ilm-fan rivojida muhim o‘rni bor. – Maktabni bitirgach, oldimda faqat bitta maqsad bor edi – o‘qituvchi bo‘lish. Mendagi iqtidor, ishtiyoq va qat’iy intilishni ko‘rgan yaqinlarim ham bu maqsadimni qo‘llab-quvvatlashdi. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Bitirdim, ishladim. Jizzax davlat pedagogika instituti  hayotimda juda katta o‘rin tutadi. Bu yerda ko‘plab buyuk insonlar sabog‘ini, maslahatlarini, o‘gitlarini olganman. Ularga havas qilib, izlanishga, olg‘a intilishga harakat qilardim. Ishlash davomida bilimimni oshirish bilan bir qatorda, mahoratimni ham toblab bordim. Shukr mana shu kunlarga ham yetib keldim, bugun ortga qarasam 60 yillik yo‘lni bir zumda bosib o‘tibman bugungi kecha va e’tibor uchun institut rahbariyatiga, shogirdimlarimga raxmat aytaman -deydi ustoz Raya Nurqulova -Shogirdlarim haqida gapirganda, to‘g‘risi men bunga nima deb ta’rif berishni bilmayman. Ularning har bir yutug‘idan quvonaman, yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishini tilab, duo qilaman. Turli yillarda ko‘plab talaba yoshlarga saboq berganman. Bugun shogirdlarimning ko‘pchiligi taniqli inson, respublikamizning turli  viloyatlarida ta’lim sohasidan tortib rahbarlik lavozimlarigacha faoliyat yuritmoqda. Eng yaqin shogirdlarimdan biri institutning Magistratura bo‘limi rahbari Raxim Yarmatov haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Shogirdim hamma vaqt “Ustoz, bormisiz?” deb yo‘qlab keladi. Quchoq ochib kutib olaman, suhbatlashamiz, saboq olgan vaqtlaridagi turli voqealarni eslaymiz. Bugungi kecha tashkilotchilari sifatida bizga ko‘rsatgan e’tibori va ehtiromidan juda minnatdorman,- deydi professor Faniya Ahmedshina.   Ayol qanchalik bilimli va salohiyatli bo‘lsa, u tarbiyalagan avlod ham kelajak uchun shunday yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetadi. Bugun sahna to‘rida shogirdlari, yaqqinlari, hamkasblari qurshovida baxtdan gul-gul yonib turgan, hayajondan so‘zlari adashib guldastalarga ko‘milgan, xursandchiligini, butun mehrini, tabassumi orqali siz-u bizga ulashayotgan ilmiy pedagogik faoliyatining 60 yilligini nishonlayotgan  ustozlarimiz ham yuqoridagi ta’riflarimizning yaqqol misoli. Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh.Sharipovning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ilmga baxshida umr” yubiliey tantanasi hali ko‘p yillar kecha sababchilari, olima ayollarimizning yodida qolishi shubhasiz.