Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

O‘QITUVCHILIK KASBI VA UNING “IKKI ESHIK ORASI” ROMANIDAGI TALQINI

Soberova Mohira Jizzax pedagogika universteti O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi O‘qituvchilik kasbida o‘tmishimizning boy ma’naviy merosi, ulug‘ mutafakkirlarimizning ilg‘or ta’limoti, tafakkur durdonalari mujassamlashganki, ular ma’naviy-axloqiy tarbiyada muhim va qimmatli manba hisoblanadi. Chunki, o‘qituvchi shaxsida o‘tmish ma’naviy-axloqiy tafakkuri ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya sohasidagi benazir fikrlar, axloqiy qarashlar bugungi taraqqiyot uchun ham, yosh avlod kamoloti uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir. Afsonalarga ko‘ra, mashhur sarkarda Iskandar Rumiydan (Aleksandr Makedonskiy) “Nechun Arastuni (Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?”, -deb so‘radilar. Iskandar Rumiy javob berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya’ni, otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi”. Ko‘rinib turibdiki, dunyoni o‘z ilm-u ma’rifati bilan lol qilgan insonlar ham doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan. O‘tmishdagi buyuk mutafakkirlar va bugungi kundagi har bir ijodkor o‘zining muvaffaqiyatlari haqida gapirganda dastlab ustozini yodga oladi va buning barchasini ustozlarsiz tasavvur qilish qiyinligi haqida ko‘pgina asarlarda aytib o‘tilgan. Jumladan, davlatimiz rahbari ham ustoz-murabbiylarga ta’rif berib, “Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir.” [2;50] Chindan ham, qaysi sohada bo‘lmasin har bir inson voyaga yetib,kamol topishida o‘qituvchining xizmati beqiyosdir. Hatto shifokor oilasida o‘sib-ulg‘aygan Hamza Hakimzoda Niyoziy ham adabiyotga ko‘ngil qo‘yishida ustozi Abdulla To‘qmullinning juda katta hissasi borligini ta’kidlab o‘tgan. “Esimda, o‘n yoshimda she’r yozishni mashq qila boshlaganman, ustozim yuz sahifadan ortiqroq hajmdagi ijod namunalarini ko‘rib har jihatdan yordam va maslahatlar berardi”.[3;21] Zero, Hazrat Navoiy aytganlaridek, Haq yo‘lida bizga ming ranj-u qiyinchilik bilan saboq bergan muallimlarning mashaqqatli mehnatlari haqini hech bir boylik yoki ganjina bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ularning mehnatlari beqiyos va benazir. Xususan, Shuhrat ham injenerlik sohasida o‘qigan va ma’lum muddat shu sohada ishlagan bo‘lsa-da, u adabiyot o‘qituvchisi Yunus Latif orqali badiiy adabiyotga mehr qo‘ydi. [4;50] Umuman olganda, badiiy asarda, o‘qituvchi tasvirida adib individualligi va uslubi alohida o‘rin tutadi. Hayotiy voqelik badiiy asar syujeti qahramonlarining individual tabiati uchun asos bo‘lsa, adibning ijodiy niyati ijrosi mazmunga, muallifning poetik tafakkuriga bog‘liq holda rivojlanadi. Yozuvchi o‘qituvchi portreti tasvirini, tashqi ko‘rinish chizgilarini muallif so‘zida, obrazlar xayol-o‘yida, personajlar maktubida ko‘rsatib berishga muvofiq bo‘ladi. Xuddi shunday ta’riflangan asarlardan biri- O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”[5;324] romani. Asar murakkab sujetli bo‘lib, Samad muallim va oilasining ayanchli taqdiri juda ishonarli tasvirlangan. “Ikki eshik orasi” romani 1986-yilda yozilgan bo‘lib, adib ijodida alohida o‘rin egallaydi. Romanda insonlar taqdiri va inson umrining murakkabligi zo‘r mahorat bilan tasvirlangan. Ijodkor birinchi navbatda, tinchlikka rahna solgan urushni qoralaydi, uning g‘ayri insoniy mohiyatiga urg‘u beradi. Asardagi Samad muallim juda qiyinchilik va tahqiqlarga uchrab xalqning farzandini o‘qitadi. Uning bir qizi bor – Robiya. Unga ham taqdir kulib boqmadi. Yoshligidan onasidan yetim qolgan Robiya otasi tarbiyasida ulg‘ayadi. Onasining o‘limidan so‘ng ular Samarqanddan Toshkentga, No‘g‘ay qishloqqa ko‘chib kelib, Husanboy ismli kishining hovlisida yashay boshlaydi. Otasi o‘qituvchi bo‘lgani uchun qishloq bolalarini o‘qitadi. Robiya Husanboy Dumani bobo, uning xotini Qora ammani oyi, ularning o‘g‘li Kimsanni aka, Qora ammaning ukasi Shomurodni ada deb katta bo‘ldi. Robiya sofdil, aqlli qiz bo‘lib ulg‘ayadi. U Kimsanga ko‘ngil qo‘ydi. Kimsan va Robiyaning sevgisining bir guli ochilmay so‘ldi. Ushbu kitobdagi hikoyalarda odamlar orasida uchrab turadigan illatlar, o‘tmishda hukm surgan ijtimoiy adolatsizlik, o‘sha davrdagi ayrim amaldorlarning kirdikorlari, ba’zan o‘qituvchilarga bo‘lgan past nazar o‘ziga xos yo‘l bilan, ba’zan esa qahramon tilidan qalbini larzaga solarli voqealar asosida tasvirlangan. Har bir adib ijodida tasvir uslubi turlicha yo‘sinda bo‘lgani kabi, O‘tkir Hoshimov ijodiga xos xususiyatlar: xarakterlarni individuallashtirishda, asar qahramonlarining tashqi ko‘rinish chizgilari, ruhiyatida ro‘y beradigan o‘zgarishlar, qahramon portreti, voqealarning dramatik rivojiga alohida ahamiyat berishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Adib romanning boshlanmasidayoq o‘quvchiga asar qahramoni Samad muallimning birgina bir yupunga qilgan yaxshiligi keyinchalik Toshkentga borganida boshiga tushgan kulfatning hissiy-ta’sirchanlik tasvirini beradi. U Samarqanddan poytaxtga kelib, ne-ne orzular bilan xalqning bolasiga ilm-ma’rifat, ziyo ulashish niyatida edi. Afsus uning bu niyatlari amalga oshmadi. Ҳамма ўз боласини севади. Ўзганинг боласини севиш, унга таълим-тарбия бериш эса ҳар кимнинг ҳам қўлидан келмайди. Бунинг учун инсонда катта юрак керак бўлиши керак.     ADABIYOTLAR RO‘YXATI: 1.Normatov U. Nasr an’analari. – T.: Adabiyot va san’at, 1978. – B. 130. 2.Mahmudov M. Iste’dod va ijod falsafasi – T.: Adabiyot va san’at, 1976. – B. 164. 3.Quranov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. – T.: Navoiy Universiteti, 2018. – B. 176. 4. Yo‘ldashev Q. So‘z haqida. – T.: Yangi asr avlodi, 2006. – B. 70. 5. Umurav H. adabiyot nazariyasi. – – Samarqand, Sandu nashriyoti, 2001 yil. -B. 51-52. 6. Hoshimov O‘. Ikki eshik orasida. – T.: Adabiyot va san’at, 2016. – B. 41. 7.www.ziyo.uz 8.diss.natlib.uz. 9.arxiv.uz