Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Xorijiy til o’qituvchisi ijtimoiy psixologik bilimdonligini oshirishda pedagogik muloqotning ahamiyati

Sayfullayev Xurshid Jamolxonovich Jizzax Davlat Pedagogika Instituti xura3088069@gmail.com   Bugun davlatimizning kelajagi ma’naviy jihatdan yetuk, axloqan pok qilib tarbiyalangan yoshlar qo’lida bo’ladi. Albatta, shunday yoshlarni tarbiyalash biz o’qituvchi va ustozlardan ham katta shijoat va mas’uliyat, ham ulkan bilim, keng dunyoqarash va katta kuch talab etadi. Darhaqiqat, bizning jamiyatimizda o’qituvchilik kasbi ulug’lanib, sharaflanadi. O’qituvchi, ustoz, muallim oldiga eng muhim vazifa-jamiyat kelajagi bo’lgan yoshlarni tarbiyalash, ilm berish vazifasi qo’yilgan. Jamiyatda sog’lom fikrlovchi, har tomonlama yetuk shaxslarni voyaga yetkazishda o’qituvchi-ustozlardan kasbiy mahorat, ko’p qirrali faoliyat va qobiliyat, ijodkorlik va fidoiylik talab etiladi. Xorijiy til o’qituvchisi ijtimoiy psixologik bilimdonligini oshirishda ijodiy muloqotning ahamiyati beqiyosdir. Pedagogik muloqot-pedagogik ta’sirning ajralmas sifatidir. Bu o’qituvchi va o’quvchining ta’lim-tarbiya jarayonidagi kasbiy muloqoti bo’lib, unda ma’lumot almashinadi va o’quvchiga o’quv-tarbiyaviy ta’sir o’tkaziladi. Bunda ikki yoqlama muloqot yuzaga kelishi lozim. Uning asosi sifatida o’zaro hurmat va ishonch xizmat qiladi. Pedagog o’quvchi bilan muloqotga kirishish jarayonida ulardan hurmat kutadi. O’quvchi ham o’qituvchidan hurmat va ishonchni talab etadilar. Bu pedagogik ta’sirning samarali yo’li bo’lib, tajribali pedagoglar bolani o’z-o’zini hurmatlashga asoslangan holda munosabatlarni tashkil etadilar va shu orqali o’zaro munosabatlarni amalga oshiradilar. Muloqotning o’ziga xos darajalari mavjud. Bular: makro-(katta)-darajadagi insonlar bilan muloqot qilish, ya’ni barcha odob-axloq normalariga tayangan holda amalga oshiriladi. Mezo-(o’rta) darajadagi muloqot, ma’lum mavzu asosida kechadi (masalan, askiyada ma’lum mavzudan chekinmaslik). Mikro-(kichik) darajadagi muloqotning oddiy shakllari, savol-javob tariqasida yuz beradi. Bunda muloqotning turlari quyidagicha ko’rinishga ega bo’ladi: shaxslararo (“inson-inson”), shaxsiy-guruhiy (“guruh-guruh”), ommaviy kommunikasiya (radio, televideniye, gazeta va jurnallar) va boshqalar. Pedagogik muloqotda ijodiylik quyidagilarga bog’liq:
  • o’quvchi bilan o’zaro birgalikda harakat qilish;
  • bolaga ta’sir qilishda uning xulq-atvorini boshqarish, o’zaro harakatning turli yo’llarini qo’llash;
  • o’qituvchining o’z-o’zini boshqara olishi;
  • o’zaro munosabatlar jarayonidagi ijodiylik xarakterini saqlay bilish.
Demak, o’qituvchi o’quvchi bilan ziddiyatlarga borsa, qandaydir muammo tug’ilsa, ushbu muammoni darhol hal qilishi lozim. Pedagogik muloqotdagi ijodiylik ham shunda bilinadi. Pedagogik muloqotda o’qituvchi bolani ko’ziga qarab, uning xayolidan nima kechayotganligini bilib olishi kerak. Ijodiylik o’zaro munosabatlardan boshlanadi. Har bir pedagog o’z tajribasidan, uslubidan kelib chiqib, bolalar bilan muloqotda bo’lishi lozim. Ya’ni, nostandart usullarni izlab topishi kerak. Pedagogik ta’sir ham tarbiyaviy muloqotdagi ijodiylik orqali amalga oshiriladi. Ijodiylikni amalga oshirish uchun quyidagilarga ahamiyat berish lozim:
  • bir necha o’qituvchilarning darslarini kuzatish, unda o’quvchining kayfiyatini, o’qituvchining bolalar bilan bo’ladigan munosabatlarini aniqlash;
  • o’qituvchining darsda qanday usullarni qo’llashi, muloqotni qanday tashkillashtirish, o’quv-tarbiyaviy muammolarning yechimini topishini aniqlash;
  • o’zining muloqot texnologiyasini boshqa o’qituvchining «texnologiyasi”ga taqqoslashi;
  • tajribali o’qituvchilarning tarbiyaviy soatlarida qatnashishorqali muloqot jarayonidagi o’quvchining individual xususiyatlarini aniqlash;
  • o’zining darsidagi muhiti bilan boshqa tajribali o’qituvchining darsidagi muxitni taqqoslash orqali xulosa chiqara olish va boshqalar.
Kasbiy-pedagogik muloqot murakkab xodisa. Shaxs kasbiy- pedagogik muloqot qilishdan avval o’z oldiga  bir  necha vazifalarni ko’yadi. Jumladan, maqsad  qo’yadi, muloqot qachon, qayerda, necha yoshlilar bilan o’tkazilishini rejalashtiradi. Pedagogik muloqotning eng muhim bosqichi-bu modellashtirish hisoblanadi. Bu bosqichdan muhim, mas’uliyatli muammoni hal qilishda foydalaniladi. Masalan, darsga tayyorlanish, ma’ruzani rejalashtirish ham shu bosqichni o’z ichiga qamrab oladi. Birinchidan, dasturga mos ravishda dars loyihasi tuziladi. Ikkinchidan, o’quvchining individual xususiyatlari hisobga olinadi. Uchinchidan, dars jarayonida qo’llaniladigan ta’lim-tarbiya usullari tanlanadi. To’rtinchidan, tahsil oluvchining aqliy rivojlanish qobiliyati hisobga olinadi. Ikkinchi bosqich-bu bevosita muloqot bosqichi. Bu bosqichda o’qituvchi to’liq tashabbusni o’z qo’liga olib, dars boshlaydi. Uchinchi bosqich-bu muloqotni boshqarish bosqichi bo’lib, kasbiy kommunikasiyaning muhim tarkibiy qismidir. Kasbiy-pedagogik muloqotning vazifasi-texnologiyani o’zlashtirish bo’lib, unda o’qituvchi ilk munosabatlarni qo’llay oladi, natijada pedagog shaxsi namoyon bo’ladi. Darsda tashabbusni qo’lga olish usullari quyidagilardan iborat:
  • sinf, guruh bilan aloqani yo’lga qo’yishda zudlik bilan harakat qilish;
  • tezlik bilan tashkiliy ishlardan dars jarayonining muhim bosqichiga o’ta olish;
  • sinfni ijtimoiy-psixologik yakdilligini, ”biz”hissini shakllantirish;
  • vaziyatga qarab bolalar bilan muloqot usullarini qo’llash;
  • sinf, guruh jamoasi bilan yaxlit aloqani tashkillashtirish;
  • nazokatlilik, samimiylik, dilkashlik, sofdillikni o’zida shakllantira olish, darsda namoyon qila bilish;
  • taqiqlangan pedagogik talablarni kamaytirish, vaziyatga qarab ish tutish;
  • mimika (yuz ifodasi), pantomimika (harakatlar), ko’z bilan ta’sir qilish (noverbal muloqot)ni faol qo’llash;
  • o’zaro bir-birini tushunishni his qilish va boshqalar.
Kasbiy-pedagogik muloqotning muvaffaqiyatli bo’lishida o’qituvchining kommunikativ madaniyati muhim o’rin egallaydi. O’quvchi o’qituvchining dildan gapirayotganligini his qilib turishi kerak. Pedagog kommunikativ madaniyatga erishish uchun quyidagilarga ahamiyat berishi lozim:
  • o’quvchini sabr-toqat bilan tinglash madaniyati;
  • o’quvchi zerikayotganligini sezib, mavzuni boshqa qiziqarli tomonga burib yuborish;
  • suhbatlashishdan avval bolaning kayfiyatini ko’tarishga harakag qilish kabi maqsadlar ko’yiladi.
O’qituvchi o’zi uchun boshqalar bilan bo’ladigan muloqotni yaxlit ko’rinishini tasavvur etishi, uni loyihalashi zarur. O’qituvchining kasbiy muloqoti bir necha bosqichni qamrab oladi.            Bular quidagilar:
  1. Muloqot jarayonida yo’nalish belgilash. Bu bosqichda pedagog muloqotining anglanganligi yuzaga chiqadi. Shuningdek, muloqot uslubini yangi kommunikativ faoliyat sharoitida aniqlash vujudga keladi. O’qituvchi o’quvchida yaxshi ta’surot qoldirishi uchun o’z fanini mukammal bilishi, keng mushohada qilishi, tashqi ko’rinishiga e’tibor berishi, darsda qaror qabul qilishda improvizatsiya vaziyatini yaratishi, auditoriya bilan ish boshlashdan avval, o’quvchiningholati, faoliyatga tayyorligi haqida o’ylashi lozim.
  2. Pedagogik faoliyatning muhim jihati – o’quvchi bilan samarali muloqotni amalga oshirish. Dars jarayonida o’quvchining diqqati barqaror bo’lishi kerak. O’ziga jalb qilishning quyidagi usullari mavjud:
  • verbal muloqotda bo’lish(nutqiy);
  • tanaffus qilish;
  • harakatli (slaydlarni namoyish qilish, doskada yozish, guruhlar bilan ishlash);
  • aralash usul (yuqoridagilarni birgalikda qo’llash).
Darsda ko’pincha  aralash variant usulidan foydalaniladi. O’qituvchi yuz ifodasi, imo-ishoralar orqali darsda o’z fikrini bayon etadi.
  1. O’quvchi shaxsini muloqotga tayyorlash kasbiy-pedagogik muloqotning zaruriy jihatidir.
  2. Pedagogik muloqotning yana bir bosqichi – bu verbal muloqot, ya’ni o’qituvchining yangi materialni o’quvchiga og’zaki bayon qilib berishidir. Pedagog uchun nutq muloqoti juda muhim. Pedagogik muloqot tizimida pedagogning so’zi siymolar, obrazlar qo’zg’atuvchisi bo’lib hisoblanadi.
  3. Pedagogningjonli, ohanglarga boy, ifodali nutqi tinglovchilarning idrokini to’liq qamrab oladi.
Yosh o’qituvchilar uchun kasbiy-muloqot treninglarini o’tkazish samarali natijalar beradi. Ular ikki bosqichda, ya’ni:
  1. a) pedagogik kommunikasiya elementlarini amaliy egallashga qaratilgan mashqlar;
  2. b) berilgan pedagogik vaziyat asosida muloqotning barcha tizimini egallashga qaratilgan mashqlar asosida o’tkazilishi maqsadga muvofiq.
Ma’lumki, inson o’z g’oya, fikr, qarashlarini faqat faoliyat davomida amalda qo’llaydi va qayta yaratadi. Demak, o’qituvchining faoliyati-atrof olamga nisbatan o’ziga xos faol munosabatda namoyon bo’ladi. Chunki, insonning hayotda namoyon bo’lishining muhim shakli uning voqea-hodisalarga bo’lgan faol ishtirokidir. Har qanday faoliyatda hayotiy tajriba to’planadi, insonda o’z atrofini o’rab olgan borliqni bilish jarayoni kechadi, ma’lum bilimlar egallab olinadi, malaka va ko’nikmalar hosil bo’ladi, natijada inson faoliyati rivojlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Каримова В. “Ижтимоий психология ва ижтимоий амалиёт”.-Т: Университет, 2000.-268 бет.
  2. “Ижтимоий психологик тренингдан практикум.” -Муаллифлар жамоаси. М.Абдуллажонова ва б. – Фарғона, 2003 й.