Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

«IT Park Cup” – sport dasturlash bo‘yicha chempionatining final  bosqichida Jizzaxlik talabalar ham ishtirok etishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 iyuldagi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 589-sonli qarorining nizomiga binoan, “Dasturiy mahsulotlar va axborot tsxnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ (keyingi o‘rinlarda – IT-Park)ning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarning zamonaviy sinfini shakllantirish vazifasi belgilangan. Mazkur vazifani amalga oshirish doirasida “Dubai Future Foundation” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor “IT Park Cup” – sport dasturlash bo‘yicha chempionat tashkil etildi. Ma’lumot uchun: sport dasturlash – bu intellektual sportning turli ko‘rinishlari bo‘lib, unda dasturchilar ommabop dasturlash tillaridan foydalangan holda, murakkab algoritmli vazifalarni tezlik bilan ishlashi talab etiladi – asosan C/C++, Kotlin, Java va Python, (mukofot jamg`armasi – 30 000 AQSh dollarini tashkil etadi)   Mazkur chempionatning saralash bosqichi 2020 yil 29-noyabr kuni onlayn tarzda start oldi. 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha xoxlovchilar IT soxasida bilimi bor yoki yo‘qligidan qatiy nazar ishtirok etishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan ushbu Chempionatda Respublika miqyosida jami 640 nafar ishtirokchidan arizalar tushgan. Saralash bosqichi natijalariga ko‘ra 117 nafar ishtirokchi chempionatning final bosqichiga yo‘l olishdi. Quvonarli tomoni ushbu chempionatda ishtirok etib, final bosqichiga taklifnoma olgan  ishtirokchilar orasida Jizzax davlat pedagogika institutining ikki nafar iqtidorli talabasi ham bor. Jizzax viloyat hokimligi binosida joylashgan IT Park bazasida yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda saralash bosqichida ishtirok etishgan, “Ta’limda axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri v.b. Jomurodov Do‘stmurod rahbarligidagi institut dasturchilar jamoasining ikkala a’zosi, Informatika o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari Jumanov Shohrux hamda Ermonov Boburlarga chempionatning final bosqichida ham omad tilab qolamiz. IT Park Cupsport dasturlash bo‘yicha chempionatning final bosqichi joriy yilning 6-dekabr kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida bo‘lib o‘tadi.