JDPU“Fiziologiya va Gigiyena” kafedrasi o`qituvchisi Xolmirzayeva Aziza Abdilbase qizi JDPU “O`zbek tili va Adabiyoti” yo`nalishi talabasi Karimova Farangiz
Annotatsiya: Ushbu maqolada yurtimizada olib borilayotgan “yashil makon” loyihasi haqida va loyiha ustida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar haqida ma`lumot berilgan. Kalit so‘zlar: Yashil makon, o`simliklar, o`simliklar qoplami, atrof muhit. Suvi zar, tuprog’i oltin bo’lgan ona yurtimizga yashillik, bog’ – rog’ va o’rmonlar yarashadi. Ajdodlarimiz “tayoq suqsa ko’karadigan” yerimizning ayni shu jihatidan foydalanib, “toza havo fabrikasi” bo’lgan daraxtzorlarni ko’paytirishga alohida e’tibor qaratishgani bejiz emas. “Har yaxshining bir yomoni bor” deganlaridek, ishlab chiqarish, texnika taraqqiyoti, qishloq xo’jaligiga nisbatan biryoqlama yondashuv yirik o’rmonzorlar, uzoq yillik daraxtlarga qiron keltirdi. Yo’llar ustidagi bir qancha daraxtlar kesilib o’rniga yo’llar tekislandi. Natijada soya joylar, hamda necha yillik daraxtlar qurbon bo’ldi. Hayriyat, atrof – muhit musaffoligiga salbiy ta’sir ko’rsatib ulgurgan jiddiy xato tuzatiladigan bo’ldi. Xususan joriy yilning 2-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Aholini uy – joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora – tadbirlari muhokamasi yuzasidan bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishida shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash borasda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi ilgari surilib, shahar va qishloqlarda ko’kalamzorlashtirilgan maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga yetkazish tashabbusi orqali mazkur sohada yuzaga kelgan bo’shliqni to’ldirishning real imkoniyatlari o’rtaga tashlandi. Bu hazilakam ish emas va bu yumushni umumxalq harakatiga aylantirish yo’li bilangina uddalash mumkin. Oldinda turgan vazifani katta-yu kichik hamma birday to’g’ri qabul qilgani ko’chat ekish bo’yicha “Dolzarb 40 kunlik” boshlangan dastlabki kunlardanoq butun respublika va viloyatimiz ahli ezgu harakatga chin dildan qo’shilganida yaqqol namoyon bo’lmoqda. Noyabr oyining dastlabki haftasidan start olgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari shahar mahallalaridan tortib, qishloqlargacha, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassalari, xonadonlarigacha qamrab olgan. Xususan, ushbu tashabbus bo’yicha viloyatimizda ham bir qancha tashabbuslar ilgari surilmoqda. Istirohat bog’lariga hamda daraxtlari kam bo’lgan hududlarga 5 ming tup manzarali va mevali daraxtlar o’tqazildi. “Mahalla obodligi – yurt obodligi” deganlaridek ushbu raqamlar mahallamizda ham ko’zlarimizni quvontiradi. “Do’stlik” mahalla fuqarolar yig’inida 1,5 ming tupdan ziyod mevali hamda manzarali ko’chatlar o’tqazildi. Ushbu tadbir chinakam ommaviy tus olib, katta-yu kichik birdek o’z hissasini qo’shdi. Tabiiyki, savob ishning boshida odatdagidek nuroniylar hozir-u nozir bo’lib, duoga qo’l ochdilar. Xalqimiz yurt tarovati, gullab- yashnashi yo’lidagi intilishlarni qadrlaydi. Atrof-muhit musaffoligiga xizmat qiladigan bu galgi katta ish ham barchaga birday ma’qul tushgani loihani aholi barcha qatlami astoydil qollab-quvvatlayotganida yorqin ko’rinadi. Ko’plab hamyurtlarimiz, xususan, tadbirkorlar hatto bog’lar yaratish borasida o’z mablag’lari evaziga istiqbolli loyihalarni ham taklif qildilar. Bunday katta mas’uliyatli ishlarning boshida esa fidoyi mahalla raislarimiz turibdi. Joriy yilning 11- noyabr kuni qadimiy va navqiron Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti bo’lib o’tgan edi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu sammitga tashrif buyurgan davlat rahbarlari kengashi doirasida Samarqand shahrining yuragi bo’lgan Registon maydonida “Yashil makon” umummilliy dasturining delegatsiyasining rahbarlari bilan birgalikda “daraxt ekish” tadbirini o’tkazgan edilar. Daraxt, ko’chatlari ekib bog’ yaratish, Turkiy xalqlar uchun qadimdan qolgan an’ana. Bu azaliy qadriyatga bugungi kunda mamlakatimizda katta e’tibot berilmoqda. Samarqanddagi bo’lib o’tgan sammitda a’zo hamda kuzatuvchi davlat rahbarlari bilan birgalikda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish” bo’yicha hamkorlikni rivojlantirishni ham kelishib olishdi. Keng qamrovdagi “Yashil makon” umummilliy dasturi nafaqat bizning yurtimizda balki, barcha Turkiy davlatlarda ham olib borilmoqda. Yana bir muhim ma’lumotni keltirib o’tishimiz joizki, 11-noyabr Turkiyada “Milliy ko’chat ekish” kuni sifatida keng miqyosda ishonlanib kelinmoqda. “Yaxshidan bog’ qoladi” deganlaridek ushbu ekilayotgan daraxtlar kelajakda o’z samarasini beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, bu “Yashil makon” milliy dasturi bir yillik tadbir emas. Biz hamisha yurtimizning go’zalligi, musaffoligi uchun xizmatda bo’lishimiz darkor. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1.E.Berdiyev, Sh.Gulamxodjayeva “Manzarali daraxtlarni ko`paytirish” o`quv qo`llanma Tosh-2020 2. Дукенбаева А. Д., Нургасым М. К. ИСПОЛЬЗОВАНИЕ ИННОВАЦИОННЫХ МЕТОДОВ ПРЕПОДАВАНИЯ БИОЛОГИИ В ШКОЛЕ //ББК 72 П26 П26 ПЕРСПЕКТИВЫ РАЗВИТИЯ НАУКИ В СОВРЕМЕННОМ МИРЕ/Сборник научных статей по материалам VIII Международной научно-практической. – 2022. 3. Jo’rayeva X. OZON QATLAMINING YEMIRILISHIDAGI QATOR MULOHAZALAR TAHLILI, YECHIMI, YUTUQ VA KAMCHILIGI //Евразийский журнал академических исследований. – 2023. – Т. 3. – №. 3 Part 2. – С. 112-115. 4. Salimjon o’g’li Y. J. et al. CHO’LLANISHGA QARSHI MARKAZIY OSIYO //Journal of new century innovations. – 2022. – Т. 17. – №. 4. – С. 123-129.