(Jizzax vohasi misolida)
Majidov A.F., Majidov A.S. JDPU tarix fakulteti mustaqil tadqiqotchilari
Annotatsiya. Ushbu maqolada mualliflarning 1918-1940 yillarda Sovet hokimiyati jazo organlarining O‘zbekiston SSRda siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-mafkuraviy sohalarda o‘tkazgan qatag‘on siyosati xususidagi fikr-mulohazalari bayon etilgan. Shuningdek, maqolada siyosiy qatag‘onlar respublikada qizil terror, siyosiy huquqdan mahrum qilish, mehnat lashkarligiga olish, quloqlashtirish, surgun, katta qirg‘in va deportatsiyalar; iqtisodiy qatag‘onlar soliq, majburiy to‘lovlar, iqtisodiy faoliyatni cheklash shaklida, ma’naviy-mafkuraviy qatag‘onlar esa milliy, diniy qadriyatlarni cheklash, madaniy merosni yo‘q qilish, senzura va boshqa shakllarda amalga oshirilganligi bir qancha ilmiy adabiyotlar, dalillar asosida ochib berilgan.
Kalit so‘zlar: sotsializm, Sovet davlati, Stalin, kommunistik partiya, totalitar jamiyat, VKP(b), “aksilinqilobchi”, “inqilobchi”, GPU, OGPU, NKVD, qatag‘on, bolshevik, Jizzax, istiqlol,
Mustaqillik yillarida tarix fanimizda ham tom ma’noda inqilobiy o‘zgarishlar yuz berib, necha yillar davomida buzib talqin etilgan yoki yashirib kelingan tarixiy voqealarni xolislik, tarixiylik, haqqoniylik tamoyillari asosida tadqiq qilishga kirishildi. Sovet davlatining O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘onlik siyosati mustaqil davlatchiligimiz tarixida hali to‘liq o‘rganilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalardan biridir. To‘g‘ri, istiqlol yillarida qatag‘onlik davri tarixi bo‘yicha fidoyi olimlarimiz tomonidan ko‘plab tadqiqot ishlari olib borilmoqda, qator nashr ishlari keng kitobxonlar ommasiga yetkazildi. Biroq, shunday bo‘lsada, ushbu masala bugungi kunda olimlarimizdan keng qamrovli, jiddiy ilmiy izlanishlarni talab etmoqda.
Ma’lumki, XX asrning 20-yillari oxirida sovet davlatida sotsializmning butun front bo‘ylab hujumi boshlandi. Mazkur hujum, o‘sha davrda kommunistik partiyaning rasmiy hujjatlarida qayd qilinganidek, mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy-siyosiy hayoti va madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbir bo‘lib qolmay, balki Stalin rahbarligida shakllantirilgan mustabid tuzumning mustaqil fikrlaydigan, 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng o‘rnatilgan tizimning mustamlakachilik mohiyatiga qarshi bo‘lgan shaxslarga nisbatan tarix hali ko‘rmagan qonli terrorning boshlanishi edi. Hujum ko‘lami shu darajada keng qamrovli bo‘ldiki, uning to‘lqini barcha respublikalarni va jamiyatning barcha ijtimoiy tabaqalarini o‘z ichiga oldi.
XX asrning 20-30-yillarida sovet hokimiyatining O‘zbekistondagi qatag‘on siyosati nafaqat O‘zbekiston tarixchilari, qolaversa, xorij tadqiqotchilarining ham diqqat markazidagi mavzulardan biridir. Darhaqiqat, XX asr 20-yillarining o‘rtalaridan boshlab totalitar jamiyatning xususiyatlari tobora oshkora ko‘rina boshladi. Bu holat, ayniqsa, milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi. Qaror topgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va uning rahbar o‘zagi hisoblangan Butunittifoq kommunistik (bolshevik)lar partiyasi-VKP(b) bu paytga kelib yangi iqtisodiy siyosatdan butunlay yuz o‘girdi va “sotsializm asoslari”ni qurishga jiddiy kirishdi.
Mustabid sovet rejimi o‘zgacha fikrlashga mutlaqo toqat qila olmas edi. Lenin tomonidan allaqachon e’lon qilingan “Kim biz bilan birga bo‘lmasa, u-dushmanimiz!” shiorini Stalin shafqatsizlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi qatag‘on siyosatini amalga oshirgan bo‘lsa, 30-yillardan boshlab o‘z xalqiga nisbatan ommaviy terror qo‘lladi.
Bugun, “aksilinqilobchi” va “inqilobchi” yoki “aksilinqilobchi” va “VChK-GPU-OGPU-NKVD xodimi” tushunchalariga munosabat keskin o‘zgargan va yaqin-yaqingacha qoralanib kelgan “aksilinqilobchilar” “xalq dushmanlari” oqlanib va e’zozlanib, ular gardanidagi la’nat tamg‘alari olib tashlangan bir zamonda o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi VChK-GPU-OGPU xodimlariga malomat toshlarini otish balki, noto‘g‘ridir. Ammo shunga qaramay, ularning begunoh kishilar oldidagi, Vatan va xalq oldidagi gunohlari shu qadar kattaki, ularni kechirish ham aslo mumkin emas.
Qayd etish zarur, mazkur organlarning Turkistonda olib borgan faoliyati aksar holda o‘zbek xalqiga qarshi qaratilgan faoliyat bo‘lib, unga ijobiy munosabatda bo‘lish aslo mumkin emas. O‘zbek xalqi 1917 yil Fevral inqilobidan keyin, o‘zining milliy mustaqil davlatchiligini tiklash yo‘lida faoliyat olib borgan yoki shunday faoliyatni olib bormoqchi edi. Biroq, o‘zbek xalqi vakillarining shu yo‘ldagi urinishlari, xatti-harakatlari, shubhasiz, Sovet davlati va uning jazo organlari tomonidan aksilinqilobiy harakat sifatida baholangan va shu harakatlarda ishtirok etgan, hatto ishtirok etmagan kishilar ham shafqatsiz ravishda jazolanganlar.
Xorijiy tarixchilardan biri o‘zbek xalqi tarixining ushbu mash’um davriga tahlil etib, shunday xulosaga kelgan edi: “Milliy hukumatlarning yo‘q etilishi kommunizm bilan bizning xalqimiz o‘rtasidagi keskin kurashning boshlovi bo‘ldi. Bir tomondan, “bosmachilar” deb atalgan milliy qurolli kuchlar bilan tish-tirnog‘igacha qurollangan qizil qo‘shin o‘rtasida, ikkinchi tomondan esa, kommunistik mafkura bilan milliy mafkura o‘rtasida kurash avj olib ketdi. Sovet mustamlakachiligining haqiqiy basharasi mana shul ikki maydonda yanada ochiq ko‘zga tashlandi. Milliy kultur, milliy g‘oya, milliy va diniy an’ana, milliy va diniy urf-odat, milliy adabiyot va san’at borasida munavvarlarimiz bilan sovet o‘rus imperializmi o‘rtasidagi kurashni quyidagicha davrlarga bo‘lish mumkin:
1918-1923 yillarda Sovet hokimiyatini mustahkamlash shiori ostida milliy burjuaziyaga qarshi kurash;
1923-1928 yillarda mafkura maydonida kurash shiori ostida keksa mshxliy ziyoli tabaqaga qarshi kurash;
1929-1935 yillarda millatchi-aksilinqilobchilarga qarshi kurash shiori ostida barcha milliy ziyolilarga qarshi kurash;
1936-1940 yillarda “ejovchilik” deb atalgan “tozalash” ma’rakasi ostida Turkistonning barcha siyosiy, milliy, ziyoli tabaqalariga qarshi qirg‘in amalga oshirildi”.
Xorijiy tarixchi sovet qatag‘on siyosati birinchi navbatda xalqning peshqadam kishilari-ziyolilarga qaratilganligini, 1918-1940 yillarda VChK-GPU-OGPU-NKVD organlari tomonidan amalga oshirilgan jazo choralarining esa butun bir xalqqa qarshi qaratilganini bir oz unutib qo‘ygan. Holbuki, VChK-GPUOGPU-NKVD organlarining tig‘i “Sovet davlatining o‘rnatilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatgan” va hatto ko‘rsatmagan xalqqa qaratilgan edi.
Sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-mafkuraviy sohalarda o‘tkazildi. Siyosiy qatag‘onlar qizil terror, siyosiy huquqdan mahrum qilish, mehnat lashkarligiga olish, quloqlashtirish, surgun, katta qirg‘in va deportatsiyalar; iqtisodiy qatag‘onlar soliq, majburiy to‘lovlar, iqtisodiy faoliyatni cheklash shaklida bo‘lsa, ma’naviy-mafkuraviy qatag‘onlar milliy, diniy qadriyatlarni cheklash, madaniy merosni yo‘q qilish, senzura va boshqa shakllarda amalga oshirildi.
Shu o‘rinda “qatag‘on” atamasiga biroz e’tiborimizni qaratsak. “Qatag‘on” so‘zining “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobida ikki xil: eskirgan so‘z, ibora va tarixga oid, tarixiy termin ma’nolari keltiriladi. “Qatag‘on” so‘zi birinchi holatda ta’qiq, man etish ma’nolarini bildirsa, ikkinchi holatda repressiya ma’nosida qo‘llaniladi. “Repressiya” so‘zi lotincha repressio-kuch bilan bostirish, to‘xtatish ma’nosini anglatib, bu so‘zga kitobda davlat organlari tomonidan nomaqbul va nomatlub deb topilgan aholi qatlamiga nisbatan qo‘llaniladigan jazo chorasi, qatag‘on qilish, deb izoh berilgan.
O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlarning ildizlari Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklarning mafkuraviy qarashlari va proletariat diktaturasi g‘oyalariga borib taqaladi. Bolsheviklar “sinfiy diktatura”,xususan,proletariat diktaturasi tushunchasining mazmunini hokimiyat, zo‘ravonlik va har qanday qonunchilik cheklovlaridan holi bo‘lgan uchta asosiy belgi orqali ochib berganlar. “Diktatura degan ilmiy tushuncha,-deb yozadi V.I.Lenin 1920 yildagi “Diktatura haqidagi masala tarixiga doir” asarida,- hech bir narsa bilan chegaralanmagan, hech qanday qonun, mutlaqo hech qanday qoidalar bilan chegaralab qo‘yilmagan va bevosita zo‘rlikka tayanuvchi hokimiyatdan iborat narsadir. “Diktatura” degan narsaning ma’nosi bundan boshqa narsa emas”.
Stalinning “Pravda” gazetasining 1929 yil 7 noyabr sonida bosilib chiqqan “Buyuk burilish yili” sarlavhali maqolasi jadal jamoalashtirishni “nazariy” jihatdan asoslab berdi. Unda, keng qishloq ommasi kolxozlarga kirish uchun yetildi, deb yozilgan edi. VKP (b) MQning 1929 yilgi noyabr plenumi uning fikrini partiya direktivasiga aylantirdi. Plenum jamoalashtirish sur’atlarini haddan tashqari kuchaytirish, unga ommaviy tus berishdan iborat aniq vazifani qo‘ydi. 1929 yil 27 dekabrda agrar markschilar konferensiyasida so‘zga chiqqan Stalin “yoppasiga jamoalashtirish asosida quloqlarni sinf sifatida tugatish” shiorini e’lon qildi.
Sovet davlatining yakka hukmroniga aylangan Stalinning “Sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham shunchalik kuchayib boradi” degan g‘oyasi yangi nazariy qarash sifatida ilgari surildi. Bu o‘rinda Stalinning fikrlari attraktor (jalb qiluvchi) vazifasini bajardi. Muqobil g‘oya bilan chiqqan partiya va sovet arboblarining e’tirozlari inobatga olinmadi. Beqarorlik, tartibsizliklarni bartaraf etishning bir qancha muqobil yo‘llari bo‘lishiga qaramay, bolsheviklar o‘zlarining siyosiy maqsadlariga erishishning eng yaqin, qulay va o‘ta shafqatsiz usuli bo‘lgan siyosiy qatag‘on yo‘lidan bordilar. Ijtimoiy hamkorlikka emas, aksincha,kommunistik mafkura ta’sirida murosasizlikka asoslangan bu g‘oya ommaviy qatag‘onlarga asos bo‘ldi.
XX asrning 30-yillarida O‘zbekistonda insoniylik va demokratiya prinsiplarini oyoq osti qiladigan, har qanday o‘zgacha fikr yuritishni kuch bilan bo‘g‘adigan ommaviy o‘zboshimchalik va zo‘rlik bilan Vatanga sobiq necha o‘n minglab kishilar qirib tashlangan totalitar tartibot qaror topdi va kuchaya bordi. Natijada bolsheviklar davlatining 1930 yillar oxirida o‘z xalqiga nisbatan qatag‘onlari ayniqsa keng ko‘lamda avj oldi. Bir tuman yoki qishloq miqyosida birorta rahbar “xalq dushmani” ga aylantirilgan bo‘lsa, uning “dumi” sifatida yana 50-60 kishi o‘z yurtdan badarg‘a qilingan yoki qamalgan edi. Shuning uchun ham qatag‘onlar respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotini larzaga keltirdi, kishilarda doimiy qo‘rquv uyg‘otdi.
Ittifoqning jazo organlari va uning respublikadagi tuzilmalari bir necha aybsiz kishilar ustidan soxta “ishlar”ni to‘qib chiqdilar, ommaviy xibsga olishlar uyushtirildi, minglab jamoat arboblari, yirik olimlar, adabiyot va san’at arboblari, xo‘jalik kadrlari, ishchilar, dehqonlar, din vakillari va boshqalar sudsiz-so‘roqsiz qamoqqa tashlandilar.
Ushbu noxush jarayonlar O‘zbekistonning Jizzax vohasida qanday kechdi? O‘rganilayotgan davr hujjatlaridan anglashiladiki, o‘z manfaati uchun Sovet hokimiyati tomonga o‘tganlar mustahkam bo‘lmagan tuzumdan foydalanib ko‘plab noxushliklar (jamoa mulkini o‘zlashtirish, aholi orasida targ‘ibot olib borish va boshqalar) qiladilar, lekin Sovet hukumati vakillari buni bo‘rttirib, o‘z dushmanlari, haqiqiy tuzumga qarshi yer-mulkdorlarni batamom yo‘qotish uchun foydalanadilar. Chunonchi, “Kolxoz g‘alabasi” gazetasida yozilishicha “…Hali bizning kolxozimizda (“Stalin” kolxozi haqida so‘z bormoqda”) bir qism yaxshi jonkuyar boshliqlar bo‘lishi bilan ko‘pgina kolxozlarimizda sinfiyat va ularning quyruqlari saqlanib turadi. Ayrim kolxoz boshliqlarining balki butun turmushi jinoyatdan iborat, saylov davrida shunday kolxozning mulkini talagan va uning mollarini yaxshi saqlamagan, kolxozda mehnatni yaxshi tashkil etmagan va uni yemirishga harakat qilgan kolxoz boshliqlarini rahmsiz ravishda ishdan haydash, ularning o‘rniga yaxshi udarnik kolxozchi er va ayollardan saylash kerak. Qishloqda kolxozga saylanib qolgan quloqlar o‘zlarining niyatlarini va kirdikorlarini yashirib qolish maqsadida ko‘pgina kolxozchilarni saylovga keltirmaslik uchun harakat qiladilar.Yana boshqa rangdagi hunarlarini ham axtarib ko‘radilar. Qishloq aktivi o‘zining tevaragiga kolxozchilarni topib quloqning bu sohadagi harakatiga keskin zarba berishi kerak”. Shu kabi bahonalar asosida tuzum dushmanlari deb hukumatni qo‘llamaganlarni yo‘q qilishga kirishiladi.
Arxiv materiallaridan anglashiladiki, Sovet hukumati vakillari mafkuradan chetga chiqib belgilangan vazifalarni bajarmayotgan insonlarga turli bahonalar bilan “quloq”, “xalq dushmani” nomini qo‘yishga ham bordilar. Chunonchi, Jizzax vohasi Zomin hududidagi Achchi qishloq sovetiga qarashli Beshkubi qishlog‘ida yashovchi Osan Botirov qishlog‘ida chakana savdogarlik bilan shug‘ullangani uchun, bo‘rttirilib u kolxozda ishlamayapti, kimlar bilandir aloqa qilyapti, “xalq dushmani” deb mazkur shaxsga nisbatan tazyiq oshiriladi.
Yana gazeta-arxiv materiallariga e’tibor qaratamiz: Zomin tumani “Kolxoz g‘alabasi” gazetasining 1935 yil yanvar sonida “Jinoyatchi qishloq vakili” maqolasi e’lon qilinadi. Unda Beshbuloq daha Bozaxona qishloq vakili Hazratqulov yakka xo‘jaliklarni “Sen quloq bo‘lding!” bahonasida qo‘rqitib pora olganligi, bermaganlar esa qishloqlardan ketishga majbur bo‘layotganligi aytiladi. Masalan, ushbu qishloq fuqarosi Sobirov Farmon Shamurzoqovdan 3 pud bug‘doy, 3 pud arpa, 6 pud g‘allani “urug‘lik” deb o‘zlashtirb olib qo‘yadi. Bundan tashqari, bir necha quloqlardan “seni quloqlikdan oqlayman” deb 500 so‘m pul undirishga erishadi. Qizig‘i shundaki, mazkur maqolada Daha soveti raisi Mirzayorov bu insonning kirdikorlarini bilsa-da, lekin ahamiyat bermaganligi ham yoritib o‘tiladi.
Biroq,ta’kidlash lozimki, Sovet hukumati tomoniga o‘tgan rahbar xodimlar orasida xalqparvarlari ham anchagina bo‘lgan. Bu rahbarlar u xoh sovet kolxozi a’zosi bo‘lsin, xoh “quloq” bo‘lsin barchaga birday munosabatda bo‘lishga harakat qilganlar. Lekin bunday kimsalarni Sovet hokimiyati iloji boricha arzimagan bahonalar bilan ishdan bo‘shatishga, hatto jinoiy javobgarlikka tortishga harakat qilardi.Shunday xalqparvar insonlardan biri Kultepa qishloq sovetining raisi Mo‘minov edi. U raislikka o‘tirganidan buyon partiyaga yetarli xizmat qilmadi, “quloq”lar bilan mayxo‘rlik qilib yuribdi degan bahonalar bilan lavozimidan olinadi va boshqa qishloq sovetlariga ibrat bo‘lishi uchun tuman prokuroriga topshiriladi.
Yana bir elparvar insonlardan biri o‘sha vaqtdagi Zomin tumani Chetariq sovetining “Yangi obod” kolxozi raisi Haydar Turdialievdir. Mazkur shaxs Mirzacho‘l tumanidan “quloq” bo‘lib kelgan Oston Nortoev, Haydar Chapaqolov va Toliboy Misirovlarni kolxozga kiritganligi uchun turli va’jlar bilan keskin tazyiqqa uchraydi.
Arxiv hujjatlaridan anglashiladiki, Zominning Yom qishlog‘ilik Allayor qozi, Doniyor qozi, Mamatqul boyvachcha kabi quloq qilinganlarning o‘g‘illari bo‘lmish Mamadiyor, Ahmadiyor, Nurulla, Saydulla, Hakimlar ham kolxoz tuzilishiga qarshilikda hamda davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib qo‘lga olinadi. Yoki bo‘lmasa, Zomin qishloq maktabida ishlagan Ahad Samiev imomlik qilgani uchun, Mamat Latipov o‘tmishda boy savdogar farzandi bo‘lgani uchun va shunday insonlardan yana O‘tkunchi Ibrahimova, Qurbon Azimov, Norqulov kabilar 1937 yilda ishdan olinadi. Hatto ularning ayrimlari quloq qilinadi.
Sho‘rolar tomonidan olib borilgan bu mudhish siyosat ba’zi hollarda butun-butun oilalarning bo‘linib ketishiga, kishilarning shaxsiy fojealariga aylanib qolishiga sabab bo‘lgan. Odamlar o‘z nomini oqlash uchun, ishga tiklanish uchun, talabaligini tiklash uchun hattoki, o‘z otasi, ukasi yoki akasidan voz kechishiga, umuman ijtimoiy kelib chiqishini yashirishga majbur bo‘lardilar.
Xullas, ko‘rib o‘tilayotgan yillarda mustamlaka siyosatini ko‘klarga ko‘tarishga harakat qiladigan, qatag‘on apparatini ishga solishga imkon beradigan mudhish tuzum shakllandiki, bu narsa respublikaning boshqa hududlari kabi Jizzax vohasida ham o‘ziga xos tarzda amalga oshirilib borildi. Mazkur hududda ham davlat xo‘jaliklarida ishlagan, partiya tashkilotlarida faoliyat yuritgan fidoyi xodimlar arzimagan ayblovlar bilan partiyadan o‘chirilib, ishdan haydalgan.
Sho‘rolar davlati e’lon qilgan “sotsialistik insonparvarlik”, adolat haqidagi g‘oyalar bilan haqiqiy voqelik o‘rtasida katta ziddiyatlar mavjud edi. Bu hol milliy ma’naviy hayotning asl mohiyatini noto‘g‘ri tushunish va ko‘p asrlik ma’naviy qadriyatlarni yo‘q qilishga urinish bilan ifodalanadi. Jarayon,qatag‘onlik xatti-harakatlari ostida ayniqsa kuchayib borganligini yuqoridagi dalillar ham tasdiqlaydi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
- Ivanova G.M. Istoriya GULAGAa. 1918-1958:sotsialno-ekonomicheskie i politiko-pravovыe aspektы. Moskva: “Nauka”, 2006.
- Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. /Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T-7. T.:”O‘zbekiston”, 1999.
- Karimov N. “Katta qirg‘in”ning kelib chiqish sabablari va omillari. T.: “Fan”, 2013.
- “Milliy Turkiston” jurnali, 1962 yil, 93-son.
- O‘zbekiston tarixi (1917-1991 yillar). Birinchi kitob. 1917-1939 yillar. T: “O‘zbekiston”, 2019.
- O‘zbek tilining izohli lug‘ati .Uchinchi jild. T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007.
7.O‘zbek tilining izohli lug‘ati.5 jildli. Beshinchi jild. T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008.
- Qozoqov E., Xudoyberdiev T. Chaman ichinda bir gul (Forish tumani tarixi va bugungi hayotidan lavhalar). T.:“Sharq”, 2020.
9.“Barcha vazifalarni hal etaturg‘an siyosiy ma’raka”.Zomin.“Kolxoz g‘alabasi” gazetasi. 1935 yil 2 fevral soni.
10.“Botirov-savdogar”.Zomin. “Kolxoz g‘alabasi” gazetasi.1935 yil 19 yanvar.
11.“Jinoyatchi qishloq vakili”.Zomin.“Kolxoz g‘alabasi” gazetasi. 1935 yil 19 yanvar soni.
12.“Mo‘minovga qaqshatqich zarba berildi”.Zomin.“Kolxoz g‘alabasi” gazetasi. 1935 yil 7 fevral soni.
13.“Yangi obod”kolxozi yotlar qo‘lida”.Zomin.“Kolxoz g‘alabasi” gazetasi. 1935 yil 2 fevral soni.
14.“Birlashgan kolxozi quloqlardan tozalansin ”. Zomin. “Kolxoz g‘alabasi”, 1935 yil 30 mart soni.