1Asadov N.R., 2Islomova U.F
1JDPI dotsenti, 2JDPI magistranti (O’zbekiston)
Annotatsiya: Ushbu maqola 3-sinf matematika darslarida “Jadvaldan tashqari ko’paytirish” mavzusini o’qitishda interfaol metodlardan foydalanishga bag’ishlangan bo’lib, unda asosan ko’paytirish amali va uning mazmun-mohiyati, jadvaldan tashqari ko’paytirish, uning mazmun-mohiyati, shu mavzularni o’rgatishda hamda mustahkamlash uchun dars jarayonlarida qo’llash mumkin. Interfaol metodlar, ularni qo’llash tartibi, bosqichlari va afzalliklari haqida fikr yuritiladi.
Аннотация: Данная статья посвящена использованию интерактивных методов при изучении темы “Умножение вне таблицы” на уроках математики в 3-ем классе. В статье освящаются в основном дейстаие умножения и его сущность, умножение вне таблицы и его сущность, также порядок, этапы и преимущества применения интерактивных методов при изучении и закреплении данной темы.
Abstrakt: This article is devoted to the use of interactive methods when studying the topic “Multplication outsidethe table” in mathematics lessons in the third grade. The article mainly high lights the action of multiplication and its essense, multiplication outside the table at its essense, as well ar the order, stagens and advantages of using interactive methods in studying and fixing this theme.
Kalit so’zlar: Ta’lim-tarbiya, uzluksiz ta’lim, metod, interfaol metodlar, axborot texnologiyalari, innovatsion g’oya, qo’shiluvchi, yig’indi, ko’paytirish, ko’paytma, jadvaldan tashqari ko’paytirish, AKT, boshlang’ich sinflarda matematika o’qitish.
Ta’lim – bu, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilarning hamkorlikdagi faoliyati bo‘lib, shu jarayonda shaxsning aqliy, ma’naviy va axloqiy sifatlarini boyitish va rivojlantirish amalga oshadi. Darslarda ta’lim beruvchi o‘z bilimi, ko‘nikma va malakalarini mashg‘ulotlar vositasida ta’lim oluvchilarga yetkazadi, ular esa berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirib borishi natijasida undan foydalanish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Birgina umumta’lim maktablarida boshlang’ich sinf o’qituvchilari misolida qarasak, ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarlarning dars paytidagi hamkorligi, o‘quvchilarning mustaqil ishlashi, sinfdan tashqari ishlar shaklida ta’lim va tarbiya masalalari hal etiladi.
Ta’limning maqsadi jamiyat ehtiyojiga mos ravishda shakllanadi. Shunday ekan, ta’lim-tarbiya maqsadi mos va mutanosib bo‘lishi kerak. Yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqiqiy ma’noda bir-ikki yillik yoki qisqa davrda samaraga erishishga qaratilgan ish emas, balki chin ma’noda bir necha yuz yillarga tatiydigan o‘zgarish bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.
Bu Prezidentimiz
Sh.M.Mirziyoyevning “Ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish – zarur vazifadir” degan dono fikrlarida ham o’z aksini topgan [1]. Hozirgi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Bunday bo‘lishining sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchilar faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish esa ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topish, mustaqil o‘rganish va fikrlash, tahlil qilish, hatto yakuniy xulosalarni ham o‘zlari keltirib chiqarishga o‘rgatadi. O‘qituvchi bu jarayonda shaxs rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi va tarbiyalanishiga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik, yo‘naltiruvchilik funksiyasini bajaradi. Jumladan, 3-sinf o’quvchilariga
“23×4, 4×23 ko’rinishidagi ifodalar” mavzusini o’rgatishda quyidagi interfaol metodlar, innovatsion g’oyalardan foydalanishni tavsiya etamiz. Jumladan mavzu mazmuni, berilgan misol va masalalar dars jarayonida to’liq AKTdan foydalangan holda slaydlar orqali tushuntiriladi. O’rganilayotgan mavzu jadvaldan tashqari ko’paytirish hisoblanadi va u jadval ichida ko’paytirish amali bilan bevosita bog’liqligini inobatga olib, mavzuni tushuntirishdan avval ko’paytirish jadvali asosida interfaol o’yin o’tkazamiz. Bunda “
5×5” deb nomlangan metoddan foydalanamiz (1-rasm).
1-rasm. Darsda “5×5” metodidan foydalanish jarayonidan lavha
“5×5” metodining maqsadi:
- O’quvchilarda topqirlik, hozirjavoblik, aniqlik kabi xislatlar rivojlantiriladi;
- O’quvchilarda o‘rganilayotgan mavzu mohiyatini ochib berishga xizmat qiluvchi tushunchalar shakllantirladi.
- O’quvchilarga ko’paytirish bu, bir xil qo’shiluvchilar yig’indisi ekanligi haqidagi bilimlari mustahkamlanadi.
- O’quvchilarda o’ziga ishonch, o’z menini anglash imkoniyati beriladi;
- O’quvchilar o’z bilimlarini sinovdan o’tkazishadi;
- O’quvchilarning ko’paytirish jadvali bo’yicha bilimlari mustahkamlanadi;
- O’quvchilarda darsga bo’lgan qiziqish yanada kuchayadi va diqqati jamlanadi.
“5×5” metodini o’tkazish tartibi quyidagicha:
- Sinfdagi o’quvchilar teng ikki (o’quvchi soniga qarab, 3,4) guruhga bo’linadi.
- Ushbu metodni qo’llash uchun maxsus maydoncha tashkil etiladi (masalan, rangli qog’ozdan inson qadam izlari qirqib, yerga yopishtiriladi).
- Har bir jamoadan bittadan ishtirokchi maxsus metod uchun tayyorlangan maydonda o’z joyini egallaydi.
- O’qituvchi karra jadvalidan aralash savollar beradi.
- Qaysi guruh ishtirokchisi ovoz chiqarib, birinchi javob bersa bir qadam oldinga qadam tashlaydi.
- Qaysi jamoa ishtirokchisi birinchi bo’lib belgilangan tartib asosida 5 ta savolga javob berib, 5 qadam tashlasa, o’sha jamoa g’olib deb topiladi va rag’batlantiriladi. 5×5 metodidan takrorlash yoki mustahkamlash darslarida foydalanilsa ijobiy natija beradi.
- Ushbu metod o’qituvchi tomonidan sinf o‘quvchilarining o‘yin-topshiriqlarni bajarishga tushuntira olish darajasi, ularning bilim saviyasi, mustaqil ijodiy ishlash imkoniyatlari, o‘rganilganlarni xotirada tez tiklay olishi, ijodkorlikning qay darajada shakllanganiga ham bog‘liq bo‘lishi talab etiladi.
Bugungi kun o‘qituvchidan ilg‘or pedagogik va yangi axborotlar texnologiyalaridan o‘quv jarayonida foydalanishni talab etmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, tajribalarimiz asosida dars mashg‘ulotlarida interfaol metodlarni qo‘llash orqali ta’lim-tarbiya berish yo‘llariga doir fikrlarimizni davom ettiramiz. “
23×4, 4×23 ko’rinishidagi ifodalar” mavzusini o’zlashtirish jarayonida
“Baxtli voqea” didaktik o’yin metodidan (2-rasm) ham foydalanish tavsiya etiladi.
2-rasm “Baxtli voqea” didaktik o`yin metodidan foydalanish
“Baxtli voqea” didaktik o’yin metodining maqsadi:
- Darsni bir xillikdan qutqaradi;
- O’quvchilardan darsga bo’lgan qiziqish kuchayadi;
- Mavzuga oid matematik bilimlari sinovdan o’tkaziladi;
- O’quvchilarda sog’lom raqobat shakllantiriladi;
- Jamoada ishlash ko’nikmalari rivojlanadi;
- Har bir o’quvchida o’zga ishonch hissi rivojlanadi;
- Hayot baxtli tasodiflarga boy ekanligi singdiriladi.
“Baxtli voqea” didaktik o’yin metodini o’tkazish tartibi quyidagicha:
- Ushbu o’yinni tashkil etish uchun maxsus ko’rgazmali qurol yasash;
- Uning ichiga maxsus mavzuga mos topshiriqlar yopishtirilgan sharlarni joylash.
- Sharlarga “RAG’BAT” yoki “JARIMA” so’zlarini ham yopishtirish.
- O’yinni o’tkazish jarayonida tartib-intizom qattiq talab etiladi.
Navbatdagi metodimiz o’quvchilarning tafakkuri va qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
- Guruhlardan ishtirokchilar chiqib ko’rgazmani aylantiradi va sharlardan birini tanlab, yozilgan topshiriqni bajaradi.
- “RAG’BAT” so’zi chiqsa o’z-o’zidan rag’bat kartochkasiga yoki baliga ega hisoblanadi.
- “JARIMA” so’zi chiqsa, hech qanday imkoniyat berilmaydi.
“Bo’ya bo’yog’im” metodini o’tkazishdan maqsad:
- O’quvchilarda izlanish, ijodiy qobiliyatni rivojlantiriladi;
- Ranglar bilan ishlashga o’rgatiladi;
- Aniqlik va topqirlik hislatlari rivojlntiriladi;
- Vaqtdan unumli foydalanishga o’rgatiladi:
- Tafakkur rivojlanadi;
- Matematik bilimlari mustahkamlanadi.
- Topshiriq bajarish uchun vaqt belgilash
“Bo’ya bo’yog’im” metodini o’tkazish tartibi quyidagicha: (3-rasm)
3-rasm. “Bo’ya bo’yog’im” metodi
- Maxsus tasvir (tabiatdagi o’quvchiga yoshiga mos gul, hasharot, hayvon, manzara) tushirilgan qog’oz;
- Tasvir bo’yalmagan holatda bo’lishi;
- Tasvir qismiga qisqa mavzuga oid raqamli misollar yozish;
- Qog’oz chekka qismiga tasvirda kerakli ranglar misol javoblari asosida raqamlangan bo’lishi;
- Topshiriq bajarilganda ranglarni to’g’ri tanlash;
- Tasvirni tartib va did bilan bo’yash;
- To’g’ri, chiroyli va birinchi bajargan o’quvchini rag’batlantirish.
Boshlang‘ich sinflarda interfaol metodlar va ta’limiy o‘yinlardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, ijodiy izlanish va mantiqiy fikrlash doiralarini kengaytirish bilan birga ularni darslarda o‘rganganlarini hayot bilan bog‘lashga, qiziqishlarini oshirishga imkon beradi. O‘qituvchilarning bunday zamonaviy talablar asosida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, darslarni ilg‘or pedagogik hamda axborot- kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilishi ta’lim-tarbiya jarayonini sifatini kafolatlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- M.Mirziyoyev “Milliy taraqqiyot yo’limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko’taramiz”. Toshkent, “O’zbekiston” 2017.
- Bikbayeva N.U. “Boshlang’ich sinflarda matematika o’qitish metodikasi”. Toshkent, “O’qituvchi”, 1996.
- Burxonov, O’.Xudoyorov va b. Matematika 3-sinf darsligi. Toshkent, “Sharq” 2019.
- Boshlang’ich ta’lim jurnali. 1-son, 2020-yil, yanvar.