Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

ALISHER NAVOIY IJODIDA ARASTU OBRAZI TALQINLARI

Mamadaliyeva Zuhra Umaraliyevna, Filologiya fanlari nomzodi, dotsent. Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti. mu.zuhra2011@bk.ru Annotatsiya: Ushbu maqolada Sharqda Arastu nomi bilan tanilgan yunon faylasufi Aristotelning sharq badiiy adabiyoti, xususan “Xamsa”chilikka kirib kelishga nazar tashlangan. Alasher Navoiy ijodi, xususan uning “Xamsa” dostonlaridan bo‘lgan “Saddi Iskandariy” dostonidagi talqini va vazifasi, shuningdek “Lison ut-tayr” dostoni hamda “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi ishtiroki tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, Arastu, “Xamsa”, “Saddi Iskandariy”, “Lison ut-tayr”, “Tarixi anbiyo va hukamo” Alisher Navoiy asarlarida yunon faylasuflarining o‘ziga xos o‘rni va talqini mavjud. Bu talqinlar o‘zining protatipiga – asliyatiga g‘aroyib tarzida o‘xshaydiki, biz bu obrazlarning talqinlarini o‘rganish orqali Navoiy dahosining yana bir qirrasini – uni yunon falsafasi va faylasuflaridan atroflicha xabardorligini bilib olamiz. Ulug‘ shoir ijodida yunon faylasuflaridan Aflotun, Arastu, Suqrot va Farfinyus (Faysog‘urs)lar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu faylasuflardan eng faol ishtirok etadigani va ahamiyatlisi Arastu hakim obrazidir. Arastu hakim yunon faylasufi Platonning shogirdi bo‘lgan Arestotelning sharqona nomi. U 384-yilda Egey dengizi bo‘yidagi Stagir shahrida tug‘ilgan (shu tufayli ba’zan uni Arastu Straniriy deyiladi). Arastu 367-yilda Afinada mashhur Aflotun akademiyasiga o‘qishga kirdi va u yerda 12 yil shogirdlikni o‘tadi, so‘ng shu akademiyada o‘qituvchilik qila boshladi. Arastu yoshligidan Makedoniya shohining o‘g‘li Filip II bilan o‘rtoq edi. Filipp II taxtga chiqqach, 340-yil Arastu Makedoniya poyxati Pellaga taklaf etilib, uning o‘g‘li 13 yoshli Aleksandrga murabbiy etib tayinlandi. Arastu shogirdini Homerning “Iliada” dostonida kuylangan qahramonliklar ruhida tarbiyalay boshladi. Keyinchalik Aleksandr “Men Arastuni otam qatori hurmatlayman, chunki otam menga hayot berdi, Arastu hayot qadriyatlarini berdi”, degan ekan (Uning bu so‘zi Sharqda ham mashhur bo‘lib, bir qancha variantlarda talqin etiladi. Z.M.) 339-yil Aleksandr taxtga o‘tirgach, Arastu ona shahri Stagirga qaytadi. Filipp II vaqtidagi urushlarda vayron etilgan bu shaharni Aleksandr ustozining hurmati uchun qayta tiklab beradi. Arastu obrazi Firdavsiyning “Shohnoma”sidayoq Iskandarning ustozi sifatida qayd etiladi. Nizomiy Ganjaviy “Iskandarnoma” va Xisrav Dehlaviyning “Oinai Iskandariy”sida Iskandarning asosiy ustozi, nadimu mulozimi sifatida gavdalanadi, dengiz sayyohatida ham u bilan birga bo‘ladi. Jomiyning “Xiradnomai Iskandar”ida ham u shu vazifani bajaradi. “Saddi Iskandariy”dagi asosiy donishmand va Iskandarning ustozi bo‘lgan bu faylasuf Iskandar taxtga chiqqanidan to umrining oxirigacha uning nasihatlariga amal qiladi. Uning nasihatlari jahongir fotihni ulug‘ donishmand bo‘lib yetishuvida katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Unga jahonni ko‘rsatuvchi oyinani yasab berishda Buqrot bilan yuz nafar olimga rahbarlik qiladi. Nizomiy Ganjaviyning Iskandar Zulqarnaynga bag‘ishlangan “Iskandarnoma” dostoni ikki bo‘limdan: “Iqbolnoma” va “Sharafnoma”dan tashkil topgan. Dostonning ikkinchi bo‘limi “Sharafnoma” jahongir-fotihning donishmandlar bilan bo‘lgan suhbatlaridan tarkib topgan. Unda Arastu obrazi donishmandlikni mujassamlashtirgan asosiy timsol vazifasida talqin etilgan. Misrlik Maryam ismli malika Shom (Suriya) podshohi bo‘lib turganda, qudratli Habashiston davlati qo‘shinlari hujumidan og‘ir ahvolda qoladi. Maryam o‘z davlatini himoya qilish uchun jahongir-fotih Iskandar Zulqarnaynga yordam so‘rab, murojaat etadi. Iskandar Maryam Misriyning so‘zlarini tinglab, maslahat uchun ustozi Arastuning qoshiga yuboradi. Malikaga harbiy yordam berishdan avval Arastu unga ilmi hikmatga oid juda ko‘p bilimlarni o‘rgatadi. Nizomiy dostonida yozilishicha, Arastu hakimning Iskandar huzuridagi martabasi shu qadar yuksak ekanki, podshoh va malikalar Arastu qo‘l yuvayotganda, ko‘za ko‘tarib suv quyib turishni orzu qilar ekanlar. Xususan, malika Maryam ham shu sharafli xizmatga muyassar bo‘ladi. Arastu malikaga o‘z davlatining qudratini oshirish uchun qo‘shinlariga va xalqqa g‘amxo‘rlik qilish zarurligini uqtiradi. Buning uchun Arastu boylik, siymu zar kerakligini aytib, Maryamga misni oltin qilish haqidagi hunar – “Al-kimyo”ni o‘rgatadi. Malika bu ilmlarni va adolatli davlat boshqaruvini o‘rganib, mamlakatini kuchli davlatlar qatoriga kiritishga erishadi. Jomiyning “Iskandarnoma”si haqida f.f.n. D. Yusupova “Xiradnomai Iskandariy” (“Iskandarning donishmandligi”) dostonida esa Iskandar qiyofasida tasavvufga kirgan va shu asosida hayotini qurgan solik timsoli yaratilgan”, deb fikr bildiradi. [Abdurahmon Jomiy, 2014:5]. Xiradnomada ham Arastu Iskandar otasining topshirig‘i bilan unga odob-axloq va podsholik sirlaridan ta’lim bergan ustozi sifatida tasvirlanadi. Doston Faylaqusning o‘g‘li hisoblangan Iskandarning tug‘ilishi, ta’lim olishi, kamolotga yetishi va otasi o‘limidan keyin xalq talabi bilan podsho bo‘lishi kabi voqealarning qisqacha bayonidan keyin faqat xiradnomalardan iborat bo‘lgan asar hisoblanadi. Undagi xiradnomalarning birinchisi Arastu xiradnomasi hisoblanadi. Xiradnomada quyidagi hikmatlar alohida sanab o‘tiladi: 1. Tinglay bilish madaniyati. Bu hikmat quyidagi baytda aks etadi: 2. “Nima eksang, shuni o‘rasan,” qabilidagi hikmat: 3. “Avval o‘zingga boq” qabilidagi hikmat: 4. Amal ham so‘zdek chiroyli bo‘lishi to‘g‘risidagi hikmat: 5. Yomon odatning zarari va yaxshi fe’lning foydasi to‘g‘risidagi hikmat: Ko‘rib o‘tilganidek, bu hikmatlarning ba’zilari faqat davlat boshlig‘iga nisbatan aytilganga o‘xshaydi. Hukmdor uchun tinglay bilish madaniyati adolat bilan hukm chiqarish uchun kerak bo‘ladigan sifatlar sirasiga kiradi. Amal ham so‘zdek go‘zal bo‘lishi to‘g‘risidagi hikmat esa nafaqat hukmronga, balki har bir inson uchun ham kerakli amallardan sanaladi. Xiradnomaga ilova qilib keltirilgan tulki maslahatiga kirib suvga sho‘ng‘igan tuya hikoyatida esa kishining birovning gapiga kirib emas, o‘z tafakkuri asosida ish ko‘rishi kerakligi tasvirlanadi. Dostonda Atastu nomi xiradnomalardan keyin ham “Iskandarning Arastuga vasiyatnoma yozdirgani”, “Arastu shogirdlarining hikmat nuktasini surgani va Iskandarning undan xabar topib, ularga marvarid marjonlari topshirgani”, “Iskandarning onasiga Arastuning ta’ziyanomasi” kabi boblarda ham ishtirok etadi. [Abdurahmon Jomiy, 1978:42-81]. Iskandarning o‘limi munosabati bilan uning onasiga yozgan ta’ziyanoma-maktubida esa Arastu dunyoning bevafoligini, o‘limning haqligini, Iskandar hayotda munosib yashab o‘tganligini bayon etadi. Umuman olganda, Jomiy “Iskandarnoma”sida ham Arastu ahamiyatli timsollardan sanaladi. “Saddi Iskandariy”ga qaytadigan bo‘lsak, yunonlarning yetti faylasufi bilan Navoiyning yetti donishmandi orasida faqat Suqrot va Pifagor bir-biriga to‘g‘ri keladi. Iskandar (Aleksandr Makedonskiy)ning zamondoshligiga qaraydigan bo‘lsak, bu sanoq yana qisqaradi, ya’ni faqat Arastu va Diogengina uning zamondoshi bo‘lganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, Navoiy xronatop masalasida e’tibor bermagan. Ya’ni o‘z Iskandari yoniga o‘z davrida ma’lum va mashhur bo‘lgan yunon donishmandlarini kiritgan. Ushbu asarda barcha yunon faylasuflari islom mafkurasi asosida tasvirlanadi. Ular faqat Iskandarning onasi Bonuga ta’ziya bildirib, nasihat qilayotganlarida va doston so‘nggida keltirilgan xiradnomalarda mustaqil ravishda ishtirok etadilar. Boshqa lavhalarda asosiy rolni Arastu, keyin Suqrot, qisman Aflotun bajaradi. Ma’lumki, Sharq va G‘arbda Arastuni “sohibi mantiq”, “mantiq otasi” deb ulug‘lashgan. Shuning uchun ham Navoiy Arastuni Iskandarga u yer yuzidagi yetti iqlimni zabt etishida bosh murabbiy etib tayinlaydi. “Saddi Iskandariy”ga Arastu XVIII bobidan kirib keladi. Doston davomida Iskandar Arastuga axloqiy muammolar xususida turli xil savollar beradi. Bu savol-javoblar dostonda “Hikmat” nomi bilan ataladi. Hikmatlar doston voqealari bilan bog‘liq bo‘lgani holda irfoniy, axloqiy-ta’limiy va kundalik-maishiy mavzulardadir. Irfoniy mavzulardagi hikmatlar nisbatan kam bo‘lib, quyidagilardir: Birinchi hikmatda Iskandar ustozidan maqsadga qanday yetish mumkinligi to‘g‘risida so‘raydi. Arastu unga bu yo‘lda uch xil tariq (yo‘l) borligini aytib, avvalo, fano yo‘lida xoku turobga aylangan ma’qul, deb maslahat beradi. Bu Navoiyning orifona yo‘lga (tariqatga) munosabati bo‘lib, Iskandar taxtdan voz kechganligi voqeasidan keyin beriladi. Arastuning manzilga olib boruvchi ikkinchi yo‘l hayru ehsondir deydi. Zero bu yo‘lda ham me’yor va o‘rin kerakligi haqida so‘z boradi. To‘rtinchi hikmatda Tangri taqdiri va unga bandaning tadbiri haqida savol-javob bo‘ladi. Arastu Tangri taqdirini mutlaq ekanligini e’tirof etib, bandasi har qancha harakat qilmasin, taqdiri azalga qarshi hech qanday tadbir qilolmasligini aytadi. Bu javob taqdir masalasiga ayni paytda Navoiyning munosabatini aks ettiradi. Sakkizinchi hikmatda yaxshilik va yomonlikning ajru mukofoti to‘g‘risida so‘z boradi. Arastu har bir yaxshi va yomon ishning muayyan natijasi borligi haqida so‘zlaydi. Yaxshilik ham, yomonlik ham insonning o‘z amali natijasi ekanligini aytsa-da, “kishilarning fe’l-atvori yaratilganda, uning ichiga tabiiy ahvolining urug‘i ham yashiringan”, deydi. bu ham Navoiyning qismat ilohiy va o‘zgarmas ekanligi haqidagi fikriga hamohangdir. O‘n ikkinchi hikmatda inson va uni o‘zining anglashi borasida so‘z boradi. Iskandar ustoziga “inson zotida ilohiyot siri yashiringan bo‘lsa-da, o‘zidagi bu sirdan bexabarlarning hayvondan qanday farqi bor? – deb savol beradi. Savol mohiyati insonning ulug‘ligi va bu ulug‘likdan o‘zining johilona bilimsizligi borasidagi tasavvufona qarashning Navoiyona talqini edi. Arastu javob beradi: Dedi: «Ulcha bordur o‘zida nihon, Bilurdin fuzunroqdur ahli jahon. [Alisher Navoiy, 2000: 443]. Ya’ni odamzod mana shu johilligicha ham bilganlardan (balki farishta va maloyikalardandir) ham afzalroqdir. Bu javob ham Navoiyning fikri bo‘lib, ulug‘ mutafakkirning insonni ulug‘laydigan gumanistik dunyoqarashini aks ettirishi bilan ahamiyatli. Dostondagi axloqiy-ta’limiy mavzudagi hikmatlar beshtani tashkil etib, bu adolatli hukmdor bo‘lish uchun zarur bo‘lgan maslahatlardan iboratdir. Ikkinchi hikmatda Iskandar ustoziga adolat bilan ish yuritish yo‘l-yo‘riqlari haqida surishtiradi. Arastu unga javoban aytgan so‘zida saltanatning ham ma’naviy, ham moddiy ustunlari adolatdan bino bo‘lishini aytib, uni bir qancha dalillar bilan isbotlaydi. Uchinchi hikmatdagi munozara Iskandarning Doro bilan muxolafatining boshlanishi sababli bo‘lib o‘tadi. Unda noahillik, urush-janjalning sababi va uni bartaraf etish sabablari haqida savol-javob bo‘ladi. To‘qqizinchi hikmatda rost so‘z va to‘g‘ri fikr borasida so‘z yuritiladi. Savolga javob bergan Arastu “insonlarning har biri Yaratganning sifatlaridan bir ko‘rinishdir”, deydi va har qanday pokrav (yo‘li pokiza) inson ham xato qilishi mumkinligini ta’kidlaydi. O‘ninchi hikmat Xitoy xoqonining Iskandarga ziyofat berishi munosabati bilan uyushtirilgan bo‘lib, u ziyofatdagi me’yor va isrofgarchilikning zarari xususida bo‘ladi. Arastu shoh xalqning pastki tabaqasiga in’om va ehson qilgan shohning martabasi biland bo‘lishi haqida Iskandarga nasihat qiladi. Hikmatlarda eng ko‘p qo‘llanilgan masala kundalik-maishiy mavzudagi masalalar bo‘lib, ular oltita hikmatda o‘z aksini topgan. Beshinchi hikmatda qishning qahri va hikmati to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Unda Arastu shogirdi Iskandarga kishi mijozini tabiatga bog‘lagan holda qish faslining foydali tomonlari haqida tushuntirish beradi. Oltinchi hikmatda jahongir yana safar tadorigini ko‘ra boshlaydi va safarning foyda va hikmati to‘g‘risida ustozining fikri bilan qiziqadi. Arastu safardan inson salomatligi va ruhiyatiga yaxshi ta’sir etishi haqida so‘zlab beradi. Yettinchi hikmatda qarilik va yigitlik borasida mulohaza yuritiladi. Arastu yigitlikni kuch-quvvatning avjga chiqqan vaqti, unda poklik ravishi bo‘lgan kishi qariganda obro‘-e’tibordan qolmaydi, deb munosabat bildiradi. O‘n birinchi hikmatda so‘z bahor fasli va uning inson tabiatiga ko‘rsatadigan ta’siri haqida bo‘ladi. Arastu shogirdiga bergan javobida to‘rt faslning inson tabiati bilan bog‘liqligi, xususan bahor faslida kishi ruhi parvarish topishi va shuning uchun bahor kelishi bilan beixtiyor o‘ziga tortishi haqida so‘zlaydi O‘n uchinchi hikmatda yolg‘izlik va vaslu hijron to‘g‘risida savol-javob bo‘ladi. Iskandarning “yolg‘izlikda inon-ixtiyor erkinligi bo‘lsa ham, kishilar nima uchun hijrondan visolni afzal ko‘rishadi?” degan savoliga Arastu ishq mavzusiga aql-donish yo‘li bilan qarab, visol – oshiqning beixtiyor hayotga qarab intilishi natijasidir”, degan javobni beradi. O‘n to‘rtinchi hikmatda inson tabiatidagi o‘z yashab turgan joyiga ko‘nikish xususiyati haqida so‘z boradi. Hikmatlardagi savollarning aksariyati aqli donish, ya’ni mantiq bilan yuz bergan savol-javoblardir. Shuning uchun ham Navoiy ushbu dostonida Arastuni ulug‘ mantiq ustozi sifatida tasvirlaydi. Ma’lumki, Aristotelning “Etika” – “Katta axloq kitobi” uning Sharqda ham mashhur bo‘lgan asarlaridan sanaladi. Ushbu asar arab va fors tillariga bir necha bor tarjima qilingan. Balki Navoiy ham bu asardan bahramand bo‘lgandir, harqalay undagi ba’zi hikmatlar “Saddi Iskandariy”dagi hikmatlar bilan uyg‘unlashmoqda. [Arastu: 2004]. Navoiy Arastu obraziga “Lison ut-tayr” dostonining XX bobida murojaat etadi. Ushbu bobda Hudhud bir qushning ishqi majoziy haqidagi savoliga javob berib, Arastuning bir go‘zal ishqiga giriftor bo‘lgan shogirdi haqida so‘z yuritadi. Arastu go‘zalni kasal qilib, qayta davolashi natijasida undagi go‘zallik badanidagi suyuqliklar bilan qo‘shilib chiqib ketadi. Sevgilisini ko‘rib taniy olmagan yigit “mening yorim qani, sarv bo‘ylik lolaruxsorim qani?”, deb hayron bo‘ladi. Shunda Arastu shogirdiga zohiriy go‘zallikka muhabbat o‘tkinchi bo‘lishini ta’kidlaydi. Bu hikoyatda Alisher Navoiy zohiriy go‘zallikka ishqibozlik, haqiqiy muhabbat bo‘lmay, chin ishq ahli, ya’ni Ollohning jamolini ashyolar yuzida ko‘rib, mana shu ilohiy ma’noga oshiq bo‘lganlar oldida uyatlidir demoqda. Ayni paytda Arastu obrazini aqlu zakovatli donishmand va mehribon ustoz sifatida talqin etmoqda. [Alisher Navoiy, 1996: 161-165]. Navoiy “Tarixi anbiyo va hukamo”da Arastuni Aristotolis deb ataydi: “Aristotolis hakim Aflotunning shogirdidur, Iskandarning vaziri erdi. Aning so‘zlaridin budurkim, podshoh ulug‘ rudg‘a o‘xshar va atbon arig‘larg‘akim, ul ruddin ayrildilarkim, ul rud sunig‘a har hol bo‘lsa, arig‘larg‘a hamul holdur. Ul chuchuk bo‘lsa, bular chuchuk, ul achig‘ bo‘lsa, bular achig‘, ul sof bo‘lsa, bular sof; ul loy bo‘lsa, bular loy. Bas, podshohg‘a vojibdur – g‘oyat hikmat va e’tidol bila maosh qilmoq, to xayl va hashami anga mutobaat qilgaylar. Sh e’ r: Shoh daryo va xalq erur anhor, Ikisining suyig‘a bir maza bor. [Alisher Navoiy, 2000: 138]. Ya’ni podshohni asosiy ariqqa qiyoslagan Navoiy undan quyidagilar – vazirlar, amaldorlar, olim-ulamo, hunurmand, dehqonlar va oddiy fuqaro uning kabi bo‘ladilar. Podshoh yaxshi bo‘lsa – el yaxshi, podshoh yomon bo‘lsa – el-yurt ham inqirozga uchraydi, deb hisoblagan Navoiy bu so‘zlarni Arastuga nisbat berganining sababi, uning umrbod podshoh yonida yurgan kishi va shohning eng yaqin maslahatgo‘yi sifatida talqin etganidir. Xulosa qilib aytganimizda, Arastu – ustozi avval timsoli barcha xamsanavis ijodkorlar uchun jahongir-fotih Iskandar Zulqarnaynning ustozi sifatida ahamiyatli timsollardan sanalgan. Foydalangan adabiyotlar: 1. Арасту. Ахлоқи кабир. Тошкент: Янги аср авлоди, 2004. 2. Абдураҳмон Жомий. Рисолии аруз. .Сўзбоши ўринда. Таржимон, шарҳ ва изоҳлар муаллифи Д.Юсупова. Тошкент: TAMADDUN, 2014. – Б.5. 3. Абдураҳмон Жомий. Искандар хирадномаси. Форсийдан Беруний мукофоти лауреати Шоислом Шомуҳамедов таржимаси. Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1978. 4. Алишер Навоий. Садди Искандарий. / МАТ. Тошкент: Фан, 2000. Т.11. Б. 403. 5. Алишер Навоий. Тарихий анбиё ва ҳукамо. МАТ. Т.16. Б. 138.