Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Аssalomu alaykum qadrli ustozlar, aziz talabalar!

Toʼrt faslni eng goʼzali va betakrori bahorning yurtimizga kirib kelgan goʼzal shukuhi, toza nafaslari ila sogʼintirib kelishi borliqqa oʼzgacha latofat bagʼishlaydi. Yangi Oʼzbekistonga yangi kun-Navroʼz kirib kelayotganidan darak bermoqda. Barchangizni tabiatning uygʼonishi, minglab moʼʼjizalar yaratguvchi Navroʼzi olam bilan qutlayman.

Buyuk bobokalonimiz Mir Аlisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning har tuni qadr, har kuni Navroʼz boʼlsin! Darhaqiqat, davlatimizni yanada rivojlantirishning maʼnaviy axloqiy negizlaridan biri – umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqimizning maʼnaviy merosini mustahkamlash va rivojlantirishdir. Xalqning maʼnaviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish – Oʼzbekistonda davlat va jamiyatning eng muhim vazifasidir. Navroʼz – oʼzbek va sharq xalqlarining maʼnaviy qadriyatlar bayrami – ajdodlar merosi boʼlib, u aholi, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, bunyodkorlik, doʼstlik, mehr-oqibat, ezgulik, adolat, tinchlik ruhida tarbiyalashdagi boylik va buyuk xazinamizdir.

Oʼrta Osiyo, umuman Sharq xalqlari mutafakkirlarining ilmiy va badiiy ijodida Navroʼzga katta eʼtibor berilgan. Haydar Xorazmiyning “Gul va Navroʼz” dostonida, Umar Xayyomning “Navroʼznoma” asarida Navroʼz bu – olamning xurramlikka yuz tutishi, chamanlar chiroyi jannatdan nishon berishini tasvir etadi. “Oshiqlar tumori” asarida Navroʼz bayramining latofati kuylanadi. 1990 yildan boshlab respublikamizda Navroʼz bayrami dam olish kuni deb eʼlon qilindi. U yurtimizda yashovchi barcha millat va elatlar oʼrtasidagi doʼstlik, birodarlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi bayram sifatida nishonlanadi. Navroʼz ming yillar davomida kishilarda ona Vatanga muhabbat, zamin va tabiatni avaylab asrash tuygʼusini tarbiyalagan, poklikka undagan. Navroʼz bayram qilingan kunlarda arazlar, gina-kuduratlar unut boʼlgan, urushlarga chek qoʼyilgan, odamlar tinch-totuvlik bilan bordi-keldi qilishgan, oʼzlari tayyorlagan koʼklam taomlarini qoʼshnilari, mahalladoshlari bilan birga baham koʼrishgan. Shuning uchun ham Navroʼz turli millatlar, xalqlar doʼstligi ramziga aylangan.

Qadimda kun va tun teng boʼlgan pallada ajdodlarimiz koʼcha, mahallalarni tozalagan, daraxt koʼchatlari ekishgan, qabristonlarni obod qilib, oʼtganlar ruhini shod etishgan, yaqinlarni xotirlash ham qarz, ham farz hisoblangan. Zero Navroʼz odamlarni ezgu ishlarga daʼvat etgan, qalblarni yaxshi tilak, his-tuygʼularga toʼldirgan, mehr-oqibatli boʼlishga undagan.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, 2009-yil 30-sentyabrda Navroʼz Yunesko tarafidan nomoddiy madaniy meros roʼyxatiga kiritilgan, 2010-yil 23-fevralda esa BMT Bosh Аssambleyasining 64-sessiyasida 21-mart “Xalqaro Navroʼz kuni” deb eʼlon qilingan.

Navroʼzning shoh taomi Sumalak haqida ham alohida toʼxtalib oʼtishimiz lozim. Sumalak Navroʼzning gultojidir, uning tayyorlanishi sehrgarlikka oʼxshaydi. Qishdan keyingi ilik uzildi paytida bir piyola sumalak yoki koʼk somsayu chuchvaralarning quvvatini hech bir taomga tenglab ham, taʼriflab ham boʼlmaydi.

Navroʼzning yana bir tengsiz xususiyati yaratuvchanlikdir. Shu kunlarda dehqonlarimiz oqsoqollardan oq fotiha olib dalaga otlanishib belni mahkam bogʼlab, quyoshning nurlaridan bahra olgan zaminga umid bilan baraka urugʼlarini qadaydilar.

Hurmatli mehmonlar, universitetimiz jamoasi va aziz talabalar! Barchamizga yurtimizga qutlugʼ qadamlar bilan kirib kelayotgan Navroʼzi olam yana bir bora muborak boʼlsin. Muqaddas neʼmat boʼlgan tinchlik Vatanimizda abadiy barqaror boʼlsin! Har bir xonadon, mahalla obod, xalqimiz omon boʼlsin, sogʼ-salomat boʼlib, har yili Navroʼz ayyomini koʼtarinki ruhda birgalikda kutib olish xammamizga nasib etaversin!