“Maqsadli va aniq hamkorlik tarafdorimiz”-deydi Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.Sharipov
Xabaringiz bor joriy yilning 26 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov hamda Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida ikki davlat oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim tizimi rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik aloqalarning bugungi holati va uni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlarini muhokama etildi.
Jumladan, yurtimizda hamkorlikda universitet tashkil etish, o‘zbekistonlik o‘quvchi va talabalarning Turkiya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun grantlar ajratish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, texnika va muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash, matematika, fizika, ximiya, geologiya kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi. Jizzax davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli davomi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Najmiddin Erbakan nomidagi Turkiya davlat universitetining professsori Birol Merjan rahbarligidagi delegatsiya institumizda bo‘ldi. Uchrashuvda dastlab tomonlar oliygohlar ta’lim jarayonlari, o‘zlari istiqomat qilayotgan viloyat va tarixiy obidalar, dunyoga tanilgan allomalari haqida ham ma’lumotlar berishdi. Najmiddin Erbakan nomidagi davlat Universiteti Turkiyaning Koniya viloyatida joylashgan bo‘lib, ushbu ta’lim maskani 1975 yilda tashkil topgan. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasida 35 mingdan ziyod talabalarga 3000 mingga yaqin professor-o‘qiuvchilar ta’lim-tarbiya berishadi. Universitetda 16 fakultet mavjud. 1500000 mln aholisi bor Koniya viloyatida 5 ta OTM mavjud bo‘lib jami 150 ming talaba ushbu oliygohlarda tahsil olishadi. Yaqindan tanishish va maqsadli rejalarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi, N. Erbakan davlat universitetidagi tajribali professor-o‘qituvchilarning onlayn ma’ruzalarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarning malaka oshirishi borasida bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Uchrashuv so‘ngida IT, pedagogika va tibbiyot sohasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, shu bilan birga, taklif va mulohazlarni o‘rganib fevral oyining so‘nggi kunlarida onlayn seminar tashkil etishga kelishib olindi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv so‘ngida mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng mehmonlar oliygohning “Qatag‘onlar muzeyi”da ham bo‘lishdi. Muzeyda qatag‘on qurbonlariga, shuningdek institut tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishishdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati