Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

AMIR TEMUR VA BAHOUDDIN NAQShBAND.

Olti asr muqaddam, XIV asrda Turonzamin musulmon dunyosiga, bashariyat tarixiga ikki buyuk zot – Bahouddin Naqshband va Amir Temurni yetishtirib berdi. Bu ulug‘ bobokalonlarimizning avlodlar oldidagi xizmatlari mazmun va soha jihatdan turlicha bo‘lsa-da, ularning dunyoqarashi va ma’naviyati bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Buyuk davlat arbobi, yengilmas sarkarda, Movarounnahr iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, ilm-fan va bunyodkorlik homiysi Amir Temur haqli ravishda tarix sahifalaridan munosib o‘rin oldi. Xojai buzruk va shohi Naqshband nomlari bilan mashhur Bahouddin Naqshband esa Movarounnahrda tasavvufning yirik namoyondasi, karomat ko‘rsatuvchi mo‘jizakor, naqshbandiya tariqati asoschisi va rahnamosi sifatida butun musulmon dunyosiga tanish va azizdir.

Amir Temur va Bahouddin Naqshband – zamondosh arboblar. 1318 yilda Buxoroda tug‘ilgan Bahouddin 18 yoshga yetganda 1336 yilda Amir Temur dunyoga keldi. U yetuk davlat arbobi sifatida o‘z saltanatini mustahkamlayotgan bir davrda 1389 yilda Naqshband bu dunyoni tark etadi. Amir Temur yana 16 yil davomida o‘z piru komili g‘oyalariga tayanib katta davlatni idora qildi. Kurash va to‘s-to‘palonlarga boy bir asr ichida qariyb 60 yil davomida murakkab ijtimoiy-siyosiy muhitda yashagan tabarruk zotlar butun kuch va aqlu zakovatlarini Movarounnahr mamlakatini ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan mustahkamlashga bag‘ishladilar va shu tarixiy xizmatlari bilan xalq dilida asrdan asrga o‘tadigan o‘chmas xotira qoldiradilar. Ulug‘ ajdodlarimiz faoliyatidagi mushtaraklik hali o‘smirlik va balog‘atga yetgan chog‘larida, mo‘g‘ul zulmi ostida ingrab yotgan xalqni ozodlikka chaqirish o‘yida ekanligida aks etadi.

Ma’lumki, XIV asrning boshlarida Movarounnahrda mo‘g‘ul istibdodidan qutulish harakati tobora keng quloch yozayotgan edi. Yurt va millatni xonavayron qilgan mustamlakachilarga qarshi kurashga bel bog‘lagan Temur mamlakatning turli vohalarida boshlanayotgan qasoskorlik kurash jarayonlarini diqqat bilan kuzatib turardi. Uning o‘tkir nigohi doirasiga Buxoroda xalqning ozodlik kurashiga undayotgan Bahouddin Naqshbandning vatanparvarona chiqishlari ham kirganligi tarixiy haqiqatdir.

Sohibqiron Amir Temur o‘z o‘gitlarining birida shunday deydi “Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandning: “Kam yegin, kam uxla, kam gapir” degan pandu nasihatlariga amal qildim”. “Arkonu davlatga, barcha mulozimlarimga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi: Kam yenglar – ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar – mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar, dono bo‘lasizlar”. Ha, Naqshband talimotining hayotbaxshligi quvvatini jahongir bobomiz ham har lahza his etib turganlar.

Rivoyatlarga qaraganda Amir Temur xam yoshligida Buxoroga kelib, hazrat Bahouddinga bir necha vaqt  murid bo‘lgan. Mulla Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” kitobida Amir Temur  hazrat Bahouddin Naqshband xizmatida bir yil Buxoroning Qasri Orifon qishlog‘ida yashaganligi rivoyat qilinadi. Bir rivoyatda Amir Temurning yoshlik davridagi jasurligi bayon etiladi.

Mo‘g‘ul xonining o‘g‘li To‘xtamishxon  chumchuq uyasidan uning  bolalarini olayotgan paytida,  bir ilon uning bo‘yniga chirmashadi,  barcha vahimaga  tushib, bolani  qutqarishga yuguradilar.  Shunda Sohibqiron mo‘g‘ul malikalaridan, mergan Shahr Oroy  chodiridan  o‘q va yoyini olib, Ilonga qarab o‘q uzadi. Ilonning kallasi  uzilib tushadi. Bu voqeadan so‘ng mo‘g‘ul xoni Amir Temurga minnatdorlik ramzi sifatida og‘irligi o‘n botmon (1 botmon – 20 kg.) keladigan Jo‘jidan qolgan  gurzini in’om etgan.

Dorulmon asrlar silsilasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqgach,     o‘zining ilohiyot va tariqat ustozi, piri Naqshbandga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Naqshbandiya tariqati va uning komillik ta’limoti bu davrda keng tarqala boshlaydi.   Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandga masofa hamda ma’naviy jihatdan yaqin bo‘lgan Buxoroga Temur har gal tashrif buyurganida, darvoza oldida otdan tushib, Arkkacha piyoda borgan. Bu uning Naqshbandek aziz avliyolarga va volidayi muhtaramasi Teginabegim Mohni dunyoga keltirgan shaharga yuksak hurmati ifodasidir.

Shavkat BOBOJONOV,

O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti