Ustoz va murabbiylarga tabrik
Hurmatli ustozlar, fidoyi o‘qituvchilar hamda jonkuyar murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulug‘lab kelayotgan yurtimizdagi barcha insonlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomni mamlakatimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar ustozlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Bugun yurtimizda juda ko‘p xayrli ishlar bo‘layotganini hammamiz ko‘rib, kuzatib, bunday yaxshi kunlarning ishtirokchisi bo‘lib turibmiz. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimiz taraqqiyotning yangi pog‘onasiga ko‘tarildi. Bunday ezgu sa’y-harakatlar qatorida ta’lim tizimida ham katta tarixiy voqealar bo‘lmoqda. Bunday o‘zgarishlardan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz juda ham mamnun.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ta’lim sohasiga oid rejalari bilan bo‘lishdi. Unga ko‘ra kelgusi o‘quv yilidan bakalavr pedagog kadrlar tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkazilishi, magistraturada esa kvotalar 2 karra oshirilib, to‘liq davlat hisobidan bo‘lishi, kadrlar yetishmaydigan, ta’lim sifati og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinishi, buyurtma asosida o‘qishni tamomlagan yoshlarga ushbu maktablarda borib ishlashlari uchun rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz yurtimiz bo‘ylab qaysi korxona yoki tashkilotda bo‘lmasin, mutasaddilar bilan uchrashmasin, albatta sifat, samara va natijadorlik haqida gapiradi. Har bir qilingan harakatning natijasi, samarasi sifatga bog‘liq. Mana shu sifatni esa yaxshi ta’lim olgan yetuk kadrlar ta’minlaydi. Oddiy insonga ham ma’lumki, jamiyat taraqqiyoti asosini ilm-fan, ta’lim-tarbiya, san’at, adabiyot, yangi texnologiya, innovatsiyalar tashkil etadi. Shunday ekan, ilm-fanni kim o‘rgatadi? Albatta, o‘qituvchi, ustoz! Ustoz va muallimlar haqida shu choqqacha ko‘p va xo‘p gapirib kelinayotgan bo‘lsa-da, uning hurmatini joyiga qo‘yish borasida shu kunga qadar amaliy tashabbuslar bugungidek keng miqyos kasb etmagan edi. Endilikda, Yangi Konstitutsiyada o‘qituvchining jamiyatda tutgan o‘rnini yuksak darajada e’tirof etilib, muhrlab qo‘yildi. Oxirgi bir necha yillardan beri ta’lim sohasi xodimlarining jamiyatdagi mavqei butunlay o‘zgardi, pedagoglar maoshi bir necha marta oshdi va yana oshadi. Davlat rahbarining sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvida ta’lim muassasalariga dunyoning nufuzli oliygohlaridan yetakchi professorlarni jalb qilish lozimligini alohida ta’kidladi. Bu esa millat farzandlariga oq-u qorani o‘rgatadigan, ularga qalam tutqazib ta’lim tarbiya berayotgan ustozlar ko‘nglini yuksaklarga ko‘tardi, orzulariga qanot berdi. Ha, anglaganingizdek, bugun Oliy ta’lim tizimida keskin burilishlar yuz bermoqda. Juda ko‘p yangi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yangi universitetlar, nufuzli oliygohlarning filiallari ochilmoqda. Oliy ma’lumot olaman, degan yoshlar uchun kvotalar muntazam ko‘paytirilyapti. Fikrlarimni A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti misolida davom ettirsam. Bugun Dargohimizda 13 fakultet, 38 kafedra mavjud bo‘lib unda 800 dan zid professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. Mazkur mutaxassislarning 21 nafari fan doktori 220 nafari fan nomzodlari Bulardan tashqari oliygohda 30 dan ortiq tayanch doktorantlar, 1 nafar doktorant ham tahsil olmoqda. Oliygohda 30 bakalavriat yo‘nalishi va 20 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi.Jami talabalar soni 20000 nafarni tashkil qiladi. Keyingi davrlarda Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi ko‘plab davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. E’tiborli jihatlardan yana biri shundaki, universitet ayni paytgacha 45 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan va ularning 8 tasi top -1000 talik ro‘yxatiga kiradi. Ayni paytgacha 20 ga yaqin professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy o‘quv yurtlarida stajirovkalarda bo‘lib qaytishdi. Universitet asosan, yosh olimlar, tadqiqotchilarning nufuzli xorijiy universitetlarga stajirovkalarini ko‘proq tashkil etmoqda desam adashmagan bo‘laman. Ushbu ma’lumotlardan oydinlashadiki, ilm dargohimiz jahonning eng taraqqiy etgan, boy tajribaga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari bilan «til topishishga» kirishmoqda.
Ustozlik maqomi juda ham oliy saodat. Ilm-u ma’rifat yo‘lida bizga saboq bergan, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga ko‘mak bergan muhtaram ustozlarimizni doimo e’zozlaymiz. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yetuk va barkamol avlodni shakllantirish yo‘lidagi katta xizmatlari, farzandlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Jizzax davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori, Jumanazarov Umurzak Abdurazakovich II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukoftolandi. Shuningdek Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oliy ta’lim sohasida vijdonan faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli ta’lim olishida o‘zining fidokorona mehnati bilan namuna bo‘layotgan, tizim rivoji uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan Jizzax davlat pedagogika universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari, soha fidoyilari «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan faxriy ustoz pedagoglar Abduvaliev Abdulhait Abdumo‘minovich, Boymatov Abdujabbor Eshkabilovichni, Ismoilov Tuychi Jabbarovichni, Isroilova Farida Djurakulovnani, Meliev Hamidilla Abdullaevichni, Tangirov Abduhamit Jumanovichni, Xolmurodov Rashid Mamatqulovichni, Kirman Yasinovichlarni barchangizning nomingizdan yana bir bor chin dildan tabriklashni istardim. Aziz ustozlar! Sharafli va mas’uliyatli kasbda sobitqadam bo‘lgan aziz ustozlarimizga kuch-quvvat, ilmu irfonlarini yanada ziyoda bo‘lishin tilab qolaman.
Hurmatli kasbdoshlar, aziz ustozlar!
Yosh avlod tarbiyasi yo‘lida qilayotgan mehnatlaringizni samarasini shogirdlaringiz yutuqlarida ko‘rishingizni istayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin.
Kamoli ehtirom ila,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor, Sh.S.Sharipov.