Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MA’NAVIY-AXLOQIY FAZILATLARNING TASNIFI XUSUSIDA BA’ZI MULOHAZALAR

Jumanazarova Dilnoza Umurzaqovna – p.f.n., dotsent Jizzax DPI Soyibnazarova Muqaddas Norpo‘latovna – katta o‘qituvchi Jizzax DPI Annotatsiya. Ushbu maqolada ma’naviy-axloqiy fazilatlar, xislatlar va sifatlar hamda ularning aksi bo‘lgan ma’naviy-axloqiy noqisliklar, qusurlar va ayblar, ularning inson faoliyatida va axloqida namoyon bo‘lib borishi to‘g‘risidagi fikrlar tahlilga tortilgan. Shuningdek, ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishning ijtimoiy-tarixiy va pedagogik-psixologik asoslari xususida fikr yuritilgan. Kalit so‘zlar. Vatanga sodiqlik, ota-onaga hurmatlilik, mehmondo‘stlik, xushmuomilalik, vijdonlilik, vafodorlik, sog‘lom fikrlilik, insoflilik, bilimlilik, nafsni tiyishlilik, lafzida halollik, mehr-oqibatlilik, qanoatlilik, jonkuyarlik, mehribonlik, olijanoblik, muhofazakorlik (ekologik tarbiyalanganlik), iymonlilik, hotamtoylik, baynalminallik, xushmuomalalik, nazokatlilik, ko‘ngli ochiqlik, kechirimlilik. Kirish.Ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida o‘zining dolzarbligi bilan jamiyatning yangilanish, yangi bir pog‘onaga ko‘tarilish davrida, sifat o‘zgarishlari ro‘y berayotgan davrda yanada ham kuchayadi. Chunki jamiyatning sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarilishi ma’naviyatning, axloqiylikning yanada yuksalishini talab etadi, faqat tarbiya orqaligina  har bir jamiyat a’zosiga yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar singdiriladi. Ana shular evaziga insonning ijtimoiy faolligi oshadi, ma’naviy-axloqiy tarbiyasi o‘zgaradi. Bu esa jamiyatning navbatdagi taraqqiyotini yanada tezlashtiradi. Ma’naviy-axloqiy tarbiya yuksak ma’naviyatning asosi, yuksak ma’naviyat esa har qanday davlatning negizi ekanligini hisobga olsak, hozirgi yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish, yoshlarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga  ko‘tarilgan eng dolzarb muammo ekanligi yanada oydinlashadi. Bu muammmo o‘z navbatida, yangi mafkuraning ham asosini tashkil etadiki, uni bus-butunicha  hozirgi yoshlar ongiga singdirilishi, ta’lim-tarbiyaning turli shakllarida amalga oshirilishi shart va zarur. Adabiyotlar tahlili. Xalq og‘zaki ijodida ma’naviy-axloqiy tarbiya muammolarini o‘rganish jahon xalqlari tarbiyashunosligida kun tartibiga qo‘yilgan. Xususan, V.X.Arutunyan arman xalq ertaklaridagi axloqiy tarbiya g‘oyalarini [1.23], M.B.Gurtueva bolqar folkloridagi tarbiya g‘oyalarining xalq amaliy faoliyatidagi ifodalanishini [5.25], A.Sh.Gashimov ozarbayjon xalq ertaklari va topishmoqlaridagi aqliy, ma’naviy-ahloqiy tarbiya masalalarini [4.41], T.Ormonov “Manas” eposi misolida qirg‘izlarning qadimiy pedagogik qarashlarini [20.25], I.Orshibekov   qozoq xalq og‘zaki ijodidagi axloqiy tarbiya asoslarini [21.38], Istiqlolgacha bo‘lgan davrdagi milliy pedagogikamizda ma’naviy-ahloqiy tarbiyaning keng qamrovli tizimlarini xalq og‘zaki ijodi namunalariga bog‘lab o‘rganish muammolari M.Sherboev [30.61], T.Turdiev [25.158], Z.M.Mirtursunov [17.211], X.Jumaeva [7.24], B.Qodirov [12.24], A.Musurmonov [19.17] kabi olimlarning ishlarida o‘z ifodasini topgan. Ularning tadqiqotlarida o‘sha davr mafkurasining kuchli ta’siri, partiyaviylik mafkurasi talabining adabiy ta’lim jarayonida hukmron tamoyil sifatida yetakchilik qilishi ochiq sezilib turdi. Barcha tadqiqotlarda folklor namunalariga murojaat etish va ularning tarbiyaviy, ta’limiy va didaktik imkoniyatlarini tahlil qilishda tadqiqotchilarning bir yoqlama fikr-mulohazalar yuritishiga sabab bo‘ldi: ya’ni, pedagogik hodisalarga sinfiylik va sho‘roviy  mafkura nuqtai nazardan yondashish tamoyili ustunlik qildi. Mustaqillik yillarida Q.Yo‘ldoshev [11.165], M.Murodov [18.11-22], O.Madaev [15.9-16] A.Ergashev [31.120.125], X.Jumaeva [7.24], M.Mahmudova [16.15-16], M.Jumaboev [6.5-7], G.Xolboeva [29.128] kabi pedagog va filolog olimlarimiz xalq og‘zaki ijodining  tarbiyaviy imkoniyatlarini, ularni o‘rganish uslubiyati bilan bog‘liq muammolarni tadqiq etish, ayniqsa, xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlarini adabiy ta’lim jarayonida folklor asarlari tahliliga bog‘lab o‘rgatishga alohida e’tibor bilan qaratdilar. Asosiy qism. Insoniyatning tarixiy-hayotiy tajribalari shuni tasdiqlaydiki, insonlarda faqatgina ijobiy, balki, anchayin salbiy fazilatlar ham azaldan mavjud bo‘lgan. Shuning uchun ham xalq orasida inson fazilatlari azaldan ikki ma’noda: ijobiy va salbiy ma’noda keng qo‘llangan. Bularning birinchisi ma’naviy-axloqiy fazilatlar, xislatlar va sifatlar bo‘lsa, ikkinchisi – ma’naviy-axloqiy noqisliklar, qusurlar va ayblardir. Har ikkalasi ham butunlay boshqa-boshqa tushunchalar bo‘lsa-da, ular inson faoliyatida va axloqida muntazam ravishda alohida namoyon bo‘lib boradi. Buning ijtimoiy-tarixiy va pedagogik-psixologik asoslari bor, albatta. Hayotda el mehrini qozongan inson azaldan “yaxshi odam” sifatida xalq orasida tanilgan, katta obro‘ga ega bo‘lib, hurmatli-izzatli bo‘lgan. Bunday insonlar  “o‘z nonini halol mehnat bilan topadigan, xolis va ezgu ishlar bilan el-yurtga naf yetkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, nafaqat bugungi hayot lazzatlari, balki oxirat haqida, uning obod bo‘lishi haqida o‘ylab yashaydigan insonlar” [14:22] hisoblanadi. Ular o‘z “hayotidan mamnun va rozi bo‘lib, qalbi va yuragi osoyishta, vijdoni pok, ruhiy olami barqaror bo‘lib, elning hurmatini qozonib yashaydi” [14:24]. Albatta, bunday insonlarning amaliy faoliyatiga va qalbidagi ma’naviyat nurining jilolari hisoblangan eng yaxshi fazilatlar juda ko‘plab uchraydi. Xususan, ona-vatanga sodiqlik, dinga e’tiqodlilik, ota-onaga hurmatlilik, mehmondo‘stlik, xushmuomilalik, vijdonlilik, vafodorlik, sog‘lom fikrlilik, insoflilik, sinchkovlik, zehnlilik, bilimlilik, nafsni tiyishlilik, lafzida halollik, mehr-oqibatlilik va boshqalar yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarning eng saralari, inson tarbiyasiga daxldor odob-axloq va hulqini bezab turuvchi ijtimoiy sifatlar va xislatlar hisoblanadi.   O‘rni kelganda yana shuni alohida ta’kidlash lozim: el va xalqning nazaridan tushgan, kundalik hayotda ko‘pchilikning ishonchini oqlay olmagan insonlar ham uchraydiki, ular  “hayotning ma’no-mazmuni haqida bosh qotirmasdan, … faqat nafs qayg‘usi va o‘tkinchi xoyu havasga, huzur halovatga berilib, yengil-yelpi umr kechiradigan, o‘zining ota-ona va farzand, el-yurt oldidagi burchiga umuman befarq bo‘lib yashaydi…” [14:22]. Bunday toifadagi insonlarning xatti-harakatlariga va fikr-qarashlariga daxldor noqisliklar, qusurlar va ayblar esa salbiy fazilatlar hisoblanadi. Bunday odamlar esa “bu dunyoda yengil-yelpi, har xil nopok yo‘llarga berilib, insoniy burchini unutib, mol-dunyoga intilib yashaydilar, eng achinarlisi shuki, hayotining so‘nggida armon va nadomatlarga botib o‘z umrini tugatadi” [14:24]. Insonning ko‘ngil ko‘zgusidagi kundalik faoliyati va fikr-mulohazalaridagi bir qator «zang va chirklarning o‘zgalar nigohida namoyon bo‘ladigan ma’naviy- axloqiy qusurlar va ayblar» [10:216] ham ma’no-mazmuniga ko‘ra butunlay salbiy fazilatlar majmui sanaladiki, bular ham inson faoliyatida har xil ko‘rinishlarda ba’zan-ba’zan uchrab turadi. Masalan, g‘iybatchilik, tuhmatchilik, axmoqchilik, nafs balosiga giriftorlik, aqlsizlik, uquvsizlik, qobiliyatsizlik, vafosizlik, hiyonatkorlik, odobsizlik, sotqinlik va boshqalar biz nazarda tutayotgan axloqiy qusurlar, nuqsonlar va ayblarning eng yetakchilaridir. G.To‘ychievaning ta’kidlashicha, jamiyatimizda, ayniqsa, yoshlar orasida insonlarning quyidagi qusurlari, nuqsonlari va kamchiliklari tez-tez uchrab turadi: bekorchilik, xudbinlik, hasad, xasislik, g‘arazgo‘ylik, jur’atsizlik, qo‘rqoqlik, shuhratparastlik, takabburlik, maqtanchoqlik, dimog‘dorlik, ayyorlik, yolg‘onchilik, riyokorlik, xushomadgo‘ylik, ikkiyuzlamachilik, ezmalik, zolimlik, zo‘ravonlik, jizzakilik, g‘azab, chiqisha olmaslik, bekorga va’da berishlik, o‘z so‘zi ustida turmaslik, bahslashish, o‘zini tuta bilmaslik va boshqalar [24.43-44]. Tarix saboqlari va hayotiy xulosalarning guvohlik berishicha, jahon hamjamiyati ham, millatimiz, xalqimiz ham bunday salbiy illatlarga, ayrim insonlar faoliyatida uchraydigan qusurlar, nuqsonlar va kamchiliklarga har doim va har bir jamiyatda nafrat ko‘zi bilan qarashgan. Ushbu fikr-xulosa hozirgi kunda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Bugungi kunda “Vatan manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, qalbida o‘ti va erk tuyg‘usi bor g‘ayratli, kuyinchak [13.245]”, ayniqsa, millat ehtiyoji va jahon talablariga javob bera oladigan yosh hamda talantli, intellektual salohiyati baland avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan eng dolzarb vazifalardan sanaladi. Shuning uchun ham, yurtboshimiz alohida ta’kidlaydilar: “Ollohning o‘zi bizga buyurgan komil inson bo‘lish halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi oliyjanob fazilatlarning ma’no-mazmunini nafaqat chuqur anglash, balki ana shunday xususiyatlarga ega bo‘lish, ularga amal qilib yashash – odamzotning ma’naviy boyligini belgilab beradigan asosiy mezon, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. … bunday xulosani insoniyat o‘z ongli hayoti davomida doimo orzu qilib, intilib kelgan yuksak ma’naviy idealning falsafiy ifodasi, mantiqiy natijasi sifatida qabul qilish o‘rinlidir” [14:25]. Gap bu yerda yuksak ma’naviyatli insonning tarbiyasi va ma’naviy-axloqiy fazilatlari, xislat va sifatlari haqida borar ekan, “fazilat” va “sifat” kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatiga, tarkibi va tasnifiga, yoshlar tarbiyasidagi o‘rniga ham e’tiborni qaratishimiz zarur, deb hisobladik.“Fazilat” alohida shaxs, el, elat, xalq, ulusga taalluqli bo‘lgan ijobiy axloqiy sifatlar majmui, “sifat alohida bir shaxsning muayyan bir xislatini ifodalovchi axloqiy kategoriyadir” [3:51]. Abu Nasr Farobiyning fikricha, “fazilat” muayyan bir mantiqiy mazmunda ifodalangan mavhum tushunchagina emas, odamning go‘zallikka, yaxshilikka erishishi uchun qilinadigan faoliyati va hatti-harakatlarining aniq ifodasi hisoblanadi” [28.35]. Allomaning yana uqtirishicha, odamni yaxshi ishlarni qilishga va go‘zal xulqlar sohibi bo‘lishga da’vat etuvchi ichki (axloqiy) sifatlar fazilatlar deb ataladi [23.85]. Ko‘ramizki, har qanday ma’naviy yetuklik har bir insonda o‘ziga xos axloqiy fazilatlar va xislatlar uyg‘unligi asosida namoyon bo‘ladi va uni boshqalardan tamomila ajratib turadi. “Har bir jamiyat o‘z fuqarolari oldiga ma’lum talablar tizimini qo‘yadi, bu avvalo, insonning fazilatlariga, uning xulqiga qo‘yilgan talablardir. Kishilar mehnat va muomala jarayonida bir-birlari bilan turli-tuman munosabatda bo‘ladilar. Bu munosabat qonunlar, qoidalar bilan tartibga solib turiladi. Bu majburiyatlar axloq talablariga ko‘ra belgilanadi. Bu talablarda har bir katta yoshli kishining umuman, jamiyatdagi, atrofdagi kishilarga, o‘z oilasiga munosabati belgilanadi, inson ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishga, davlat mulkini ehtiyot qilishga, o‘z oilasining mehnatga layoqatsiz a’zolari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish va ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvatlashga, belgilangan yoshga yetgan farzandni maktabga yuborishga va shu kabilarga majburligi ta’kidlanadi. Jamiyat tomonidan belgilanadigan talablar shaxs xulqini baholash uchun mezon bo‘lib xizmat qiladi. Ana shu talablarga muvofiq shaxsning xulqidagi ayrim harakat va odatlar ma’qullanadi yoki qoralanadi” [2.168]. Ayrim adabiyotlarda qayd qilinishicha, ma’naviy barkamol insonning axloqiy xislatlari juda ko‘p, ularning ayrimlari quyidagilardan iborat: odamiylik, qanoatlilik, yaqinlik, do‘stonalik, jonkuyarlik, mehribonlik, kuyunchaklik, rahmdillik, mushfiqlik (shafqatlilik), olijanoblik, oliy himmatlilik, bolajonlilik, atrof-muhitga e’tibor, muhofazakorlik (ekologik tarbiyalanganlik), iymonlilik, hotamtoylik, baynalminallik, boshqa din vakillarini e’zozlash, g‘oyaviy sodiqlik, muloyimlik, xushmuomalalik, nazokatlilik, xushfe’llik, ko‘ngli ochiqlik, uzrlilik, kechirimlilik, andishalilik, takalluflilik, mulozamatlilik, odamlarga yelkadoshlik bo‘lishlik, kirishimlilik, shirin suxanlik, shaxsiy manfaatlarni ijtimoiy (jamoatchilik) manfaatiga bo‘ysundira olishlik, shaxs manfaatidan ijtimoiy manfaatlarni yuqori qo‘ya olishlik [26.7-9]. Bir guruh mutaxassislar [22.157-158] hozirgi mustaqil hayotimiz, turmush tarzimizni zamondoshlarimizning, ayniqsa, yoshlarning intilishlari bilan bog‘lab yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan komil insonning ma’naviy-axloqiy fazilatlari va xislatlarini tavsif etganlar, ayni chog‘da, ularni yoshlarimiz ongiga singdirishning muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaganlar. B.Ziyomuhammadovning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston aholisining barchasi uchun umumiy maqsad ko‘rsatkichlari hisoblansa, fuqorolik va demokratik davlat a’zolari yana quyidagi ijtimoiy sifatlarga ega bo‘lishlari zarur: aqllilik, odoblilik, mehnatsevarlik, bilimlilik, sog‘lomlik, milliy g‘ururga egalik, vatanparvarlik, baynalminallik, insonparvarlik, jasurlik,  shiddatlilik,  sabr-qanoatlilik,  saxovatlilik [8.114-115; 9.71-78] B.X.O‘rozovning ta’kidlashicha, ma’naviyat va ma’rifat markazida  rahbarlik qilayotgan har bir inson o‘z kasbiy faoliyatida umumiy, axloqiy, kasbiy va shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishlari zarur. Tadqiqotchi umumiy fazilatlardan 27 ta sifatlarni, kasbiy xislatlardan yana 27 tasini va shaxsiy fazilatlardan 16 tasini o‘z ishida alohida qayd qiladi. Va so‘ngra axloqiy fazilatlardan quyidagilarni ko‘rsatadi: odamiylik, sofdillik, mehribonlik, vafodorlik, sadoqatlilik, oqibatlilik, do‘stonalik, jonkuyarlik, kuyunchaklik, olijanoblik, atrof-muhitga e’tiborlilik, muhofazakorlik, iymonlilik, baynalminallik, g‘oyaviy sodiqlik, xushmuomilalik, kechirimlilik, andishalilik, odamlarga el bo‘lib ketish, kirishimlilik, shaxsiy manfaatlar o‘rtasidagi uyg‘unlik, ko‘pchilik dardi bilan yashash [27.26-27]. Biz yuqorida dastavval ushbu majmuadan o‘rin olgan, inson faoliyatida eng ko‘p uchraydigan ma’naviy-axloqiy fazilatlarning faqatgina ijtimoiy-tarixiy va hayotiy-didaktik asoslari haqida qisqacha so‘z yuritdik, ularning xalq dostonlarida qay tarzda namoyon bo‘lishi, haqida esa keyingi ilmiy-tahliliy maqolalarimizda batafsil to‘xtalishni ma’qul topdik. Xulosa.Yuqoridagi fikr-mulohazalar asosida quyidagicha xulosaga kelish mumkin. Yangi O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy vazifalarini amalga oshirish, eng avvalo, jamiyat va uning har bir a’zosining yuksak ma’naviy-axloqiy madaniyatiga bog‘liq. Insonning umri davomiylikni taqozo qilganliligi, ya’ni umri farzandlarida davom etgani kabi ulardagi mehr-oqibatlilik, vatanga e’tiqodlilik, samimiylik, xushmuomilalilik, halollik, odamiylik, lafzida sobitlik, andishalilik, ota-onaga hurmat, ishbilarmonlik, ilmlilik, zukkolilik kabi eng yaxshi ma’naviy fazilatlarni kelgusi avlod vakillari davom ettiradilar. Shuning uchun ham yuksak ma’naviyatli inson tarbiyasi bilan daxldor bunday fazilatlarni eng avvalo, farzandlarga, o‘quvchi-yoshlarga singdirish eng dolzarb pedagogik jarayondir. Uni oilada va maktabda shakllantirish hamda kamol toptirish muhim ahamiyatga ega. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1.Arutunyan V.X. Idei  vospitanie v armyanskix narodnыx skazkax. Avtoref. diss. kand. ped. nauk. – Yerevan: B.I., 1962. -23 s. 2.Asqarova O‘.M., Xayitboev M.,  Nishonov M.S. Pedagogika (oliy ta’lim muassasalari uchun darslik). – T.: Talqin, 2008. – 287 b. 3.G‘aybullaev N.R., Yodgorov R., Mamatqulova R. Pedagogika (o‘quv qo‘llanma). – T.O‘MU, 2005. – 176 b. 4.Gashimov A.Sh. Azerbaydjanskaya  narodnaya pedagogika. Avtoref. diss. dokt. ped. nauk. – Baku, 1970. – 41 s. 5.Gurtueva M.B. Ideya vospitanie v bolgarskom folklore i ix otrajenie v prakticheskoy deyatelnosti naroda. Avtoref. diss. kand. ped. nauk. – Baku, 1969. – 25 s. 6.Jumaboev M. Xalq tarbiyashunosligi hikmatlari // Maktabgacha ta’lim. 2001 yil, 9-10-son, 5-7-betlar. 7.Jumaeva X. Folklor va tarbiya. – T.: O‘qituvchi, 1980. – 24 b. 8.Ziyomuhammadov B. Komillikka eltuvchi kitob. – T.: Turon-Iqbol, 2006. – 351 b. 9.Ziyomuhammadov B. Pedagogika (o‘quv qo‘llanma). – T.:Turon-Iqbol, 2006. 110 b. 10.Imomnazarov M. Milliy taraqqiyotning ma’naviy-axloqiy asoslari. O‘quv- uslubiy kompleks. – T.: Sharq, 2007. – 336 b. 11.Yo‘ldoshev Q. “Alpomish” talqinlari yoki doston badiiyati hamda millat ma’naviyati haqida ayrim fikrlar. – T.: Ma’naviyat, 2002. – 165 b. 12.Kadыrov B. Progressivnыe pedagogicheskie traditsii v uzbekskom narodnom epose i ix rol v patrioticheskom vospitanii uchaщixsya. Avtoref. diss. kand. ped. nauk. – T., 1979. –  24 s. 13.Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T.7.  – T.: O‘zbekiston, 1999. – 410 b. 14.Karimov I.A. Ma’naviy yuksalish yo‘lida (tarix, ma’rifat, ma’naviyat). –  T.: O‘zbekiston, 1998. –  480 b. 15.Madaev O. Adabiyot darsliklari va milliy mafkura.. //  Til va adabiyot ta’limi. – T., 1998, №2-son. B. 9-16. 16.Mahmudova M. Ijtimoiy faolikka o‘rgatish // Boshlang‘ich ta’lim. T., 1995. №5-6. –  B.15-16. 17.Mirtursunov  Z. O‘zbek xalq pedagogikasi (Folklor materiallari asosida). – T.: Fan, 1973. – 211 b. 18.Murodov M. O‘zbek xalq pedagogikasi // O‘zbek pedagogikasi antologiyasi. – T.: O‘qituvchi, 1995. 1-jild. – B.11-22. 19.Musurmanov A. Ispolzavanie progressivnыx traditsii v nravstvennom vospitanii mladshix shkolnikov (na materialax uzbekskix narodnыx skazov). Avtoref. diss. kand. ped. nauk. – T., 1989. – 17 s. 20.Ormonov T. Pedagogicheskie vozzreniya drevnыx kirgizov (Po eposu «Manas»). Avtoref. diss. kand. ped. nauk. – Kazan, 1972. – 25 s. 21.Orshibekov I. Idei nravstvennogo vospitaniya v kazaxskom ustnom narodnom poeticheskom  tvorchestve. Avtoref. diss. kand. ped. nauk.– T.,1973.-38 s. 22.Otamuratov S., Husanov, Ramatov J. Ma’naviyat asoslari. – T.: Xalq merosi, 2000. – 212 b. 23.Ochilova B. Ixlosmandlikda meros va vorisiylik uyg‘unligi. – T.: Toshkent islom universiteti, 2006. – 170 b. 24.To‘ychieva G. Yoshlar va konfliktlar: konfliktlar yechimiga o‘rganish. – T.: TGIV 2008. – 131 b. 25.Turdiev T. O‘zbek dostonchiligida xalq ahloqiy qarashlarining badiiy ifodasi: Pedagogika fanlari nomzodi … dis. – T., 1965. – 158 b. 26.Tursunov I., Nishonaliev U. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi millliy istiqlol mafkurasi va umuminsoniy qadriyatlar // Xalq ta’limi. 1997. №3. – B. 7-9. 27.O‘rozov B. Bo‘lajak o‘qituvchilarni ma’naviy-ma’rifiy faoliyatiga tayorlashaning ijtimoiy-pedagogik asoslari (mehnat va kasb ta’limi o‘qituvchilarini tayyorlash misolida): Pedagogika fanlari d-ri … dis.avtoref.–T.,2007.- 39 b. 28.Farobi Abu Nasr. Sotsialno – eticheskie traktatы. – Alma-Ata: Nauka, 1984. – 175. 29.Xolboeva G. Xalq og‘zaki ijodi asarlari orqali o‘quvchilarda milliy qadriyatlarni shakllantirish tamoyillari (5-7-sinflarning adabiyot darslari misolida). Pedagogika fanlari nomzodi … diss. – T., 2009.- 128 b. 30.Sherboev M. Oiladagi bola tarbiyasida xalq traditsiyalari. – T.: O‘qituvchi, 1969. 61 b. 31.Ergashev A., Hakimov R. Dostonlar – odobnoma darsligi. // O‘zbek xalq donishmandligi saboqlari. T., 1993. – B. 120-125.