Fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyati yanada kengayadi
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash choralarini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qayd etish joiz, 2020 yilda ma’muriy sudlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli idoralarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish, ularning harakati yoki harakatsizligini qonunga xilof deb topishga doir 6 920 ta ish ko‘rib chiqilgan, ulardan 5 257 tasi qanoatlantirilgan. 2021 yilda esa, ushbu raqamlar ko‘rilgan ishlar bo‘yicha 5 761 tani, qanoatlantirilgani 3 538 tani tashkil etgan.
Ushbu statistik ko‘rsatgichlar tahlil qilinganda, ma’muriy sudlar tomonidan mazkur toifadagi nizolar bo‘yicha ko‘rib chiqilgan ishlarning aksariyati aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi yuzasidan berilgan arizalar hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin.
Bu holat mazkur toifadagi nizolar bo‘yicha davlat boji miqdorini kamaytirish orqali fuqarolarga odil sudlovga erishish uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida jismoniy shaxslarning buzilgan huquqlarini sudlar orqali himoya qilinishini kengaytirish hamda qonunchiligimizga tegishli o‘zgartishlar kiritishni taqazo qilayotgan edi.
Ushbu qonun bilan davlat boji to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha kiritilib, unda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlar, harakatlar yoki harakatsizligi ustidan o‘zlarining qonuniy manfaatlarini, buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudlarga murojaat qilish chog‘ida davlat boji to‘lovi bo‘yicha belgilangan stavkani ikki barobarga kamaytirish ya’ni belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida boj to‘lovi to‘lash imkoniyati belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini ta’minlashga, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Katta yuriskonsult A.Alikulov
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
QONUNI
«DAVLAT BOJI TO‘G‘RISIDA»GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA QO‘ShIMChA KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 25 oktyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023 yil 2 martda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash choralarini kuchaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan fuqarolar tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga arizalar (shikoyatlar) berilgan taqdirda, davlat bojini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonunda taklif etilayotgan norma fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvarda qabul qilingan «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘RQ-600-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020 yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021 yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022 yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar) ilovasi 3-bandining izohi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
«Fuqarolar davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudlarga murojaat qilganda ushbu bandning «b» kichik bandida ko‘rsatilgan davlat bojini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi. Bunda davlat bojining qolgan qismi qonunda belgilangan tartibda ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha undiriladi».
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYoEV
Toshkent sh.,
2023 yil 17 mart,
O‘RQ-824-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2023 y., 03/23/824/0154-son)