Yangi yil tabrigi
Yangi yil, yangi rejalar muborak bo‘lsin!
Assalomu alaykum qadrli yurtdoshlar!
2021 yil mamlakatimiz hayotida islohotlarni barqaror takomillashtirish yili bo‘ldi. Milliy iqtisodni rivojlantirish, davlat va jamiyatni modernizatsiyalashga xizmat qiluvchi ustuvor yo‘nalishlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Buning tasdig‘i sifatida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy sohalarda o‘sish, yuksalish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
O‘tayotgan 2021 yilda siz bilan demokratik tamoyillar asosida Prezident saylovini o‘tkazdik va xayrli ishlarini izchil davom ettiradigan, O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro`-e’tiborini mustahkamlaydigan, xalqimizga farovon hayotni ta’minlab berishga qodir bo‘lgan munosib nomzodni tanlab oldik. Yaqinlashib kelayotgan 2022 yildan umidimiz katta.
Eng avvalo yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Mamlakatimiz prezidenti bilan birgalikda yuksak marralarni, odamlarni rozi qilish yo‘lidagi vazifalarni yorug‘ yuz bilan bajarishda izlarga mustahkam sog‘liq, baxt va omad, ishlaringizda muvaffaqiyatlar doimo hamroh bo‘lsin!
Yangi yil, yangidan – yangi rejalar, orzu-istaklar ostonasida kuzatayotgan yilimizni sarhisob qilarkanmiz 2021 yil oliygohimiz hayotida ko‘plab ijobiy ishlarga to‘la bo‘lganini ta’kidlash o‘rinli. JDPIda 2021 yil hisobidan 40 ta ( nafar DSc va nafar PhD) dissertatsiyalari ishlari himoya qilindi, bugungi kunda 300 ga yaqin o‘qituvchilar ilmiy unvonlar sohiblariga aylanishdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining qarori bilan institut huzurida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tuzilishga ruxsat berildi. Eng so‘nggi va muhim yangiliklardan biri shuki joriy o‘quv yilidan boshlab institutimizda tibbiyot fakulteti tashkil etildi. Institut qoshida tibbiyot yo‘nalishidagi fakultet ochilgani butun vohaning malakali tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Jizzax davlat pedagogika instituti dunyodagi yetakchi xorijiy OTM lar bilan aloqalarni o‘rnatib ular bilan hamkorlik ishlarini amalga oshirishda yaqin yillarga mo‘ljallangan o‘z strategiyasini ishlab chiqib, uning negizida bir qator samarali ishlar yo‘lga qo‘ymoqda. Ta’kidlash joiz, Jizzax davlat pedagogika instituti shu kungacha Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Xitoy, Belarus, Buyuk Britaniya, Turkiya, Fransiya kabi mamlakatlarning 30 dan ortiq oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Mahallalar bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirishda institutimiz viloyatning Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sh.Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahridagi 10 ta mahallalar bilan yaqin hamkorlik ishlarini amalga oshirmoqda. Ushbu mahallarda avvalambor davlat rahbarinig 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha chora-tadbirlar o‘tkazilishi bilan bir qatorda, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun bepul ingliz tili o‘quv kurslari ham tashkil etildi. Ayni chog‘da fuqarolar yig‘inlari tomonidan yoshlarni to‘garaklarga, jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga katta e’tibor qaratilayotganini aytish zarur. Mahallalarning uyushmagan yoshlari bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi, iqtidorli yoshlar aniqlandi, imkoniyati cheklangan, xususan, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit-qizlar turli to‘garaklarga jalb etildi, Har bir mahallada bitiruvchi sinflar o‘quvchilari, ularning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Mahallalar va institut hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Biz siz bilan doim birgamiz” deb nom olgan aksiyaga ham start berildi. Aksiya doirasidagi tadbirlar yil davomida o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu aksiyalar doirasida biz imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bolalar holidan xabar olish bilan bir qatorda ularga beg‘araz yordamimizni berib kelmoqdamiz.
Institutda iqtidor egalari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Oliygohda “Izlanish” talabalar klubi tashkil etilgan bo‘lib bugun uning 100 nafarga yaqin a’zolari bor. Ularning aksariyati adabiyotga mehr qo‘ygan, ijod olamiga oshufta yoshlar. Institutda shuningdek “Talabalar teatr studiyasi” ham faoliyat yuritmoqda. Bunday teatr studiyalari institutning barcha fakultetlarida ham shakllangan. Bugungi kunda O‘zbekistonda maqom san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maqom markazlari, maqomga ixtisoslashtirilgan maktablar, maqom festivallari tashkil etilmoqda. Jizzax davlat pedagogika instituti ham respublikada birinchilardan bo‘lib talabalar maqom ansambli tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Yaqin kunlardan o‘z faoliyatini boshlagan Eson Lutfullaev nomidagi “Talabalar maqom ansambli” ham yurtimizda ko‘zga ko‘rinarli namunali maqom ansambllari qatoriga qo‘shilishiga umid qilamiz. Aniq va tabiiy fanlar, fizika va kimyo, texnika va texnologiya yo‘nalishlari orzumandlari bo‘lgan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Chunonchi, ular uchun STEAM park loyihasini yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihaga binoan mexatronika, elektronika, robototexnika, saund dizayn kabi, jami to‘qqizta laboratoriya tashkil etilgan.
Ushbu yo‘nalishlardagi talabalar g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun “Ideoton”, “Xakaton” tanlovlari o‘tkazildi. Ushbu tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan talabalarning aksariyati o‘z ishlanmalarini amaliyotda sinab ko‘rish uddasidan ham chiqishdi. Ta’kidlash joiz bu yil sportning boks, voleybol, basketbol, futbol va kurash turlari bo‘yicha bizning talabalar yuqori natijalarga erishdi. Ularning orasida boks bo‘yicha jahon chempionlariga aylanib oliygoh sharafini dunyo miqyosida ko‘klarga ko‘targan Nigina O‘ktamova va Jaxongir Zokirovlarning borligi bizni behad quvontiradi. Fursatdan foydalanib, sportda ulkan yutuqlarga erishgan 57 nafar, “Yil talabasi-2021” ko‘rik tanlovining institut bosqichida yuqori o‘rinlarni egallagan 20 nafar talaba yoshlarimizga bundan-da yuksak muvaffaqiyatlarga erishishini tilab qolamiz.
Hurmatli do‘stlar, aziz talaba yoshlar!
Yana bir bor barchangizni kirib kelayotgan yangi – 2022 yil bilan samimiy muborakbod etaman!
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu-baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin! Kirib kelayotgan 2022 yil sermahsul, xayrli bo‘lsin. Har bir xonadonga xushxabarlar, yaxshiliklar va farovonlik olib kelsin!!!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, azizlar!
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S.Sharipov