YOZUVCHI XALQ VA MILLATNING MA’NAVIY POSBONIDIR
JDPU o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (RhD)
Xidirova Munavvara Rustamovna
90-181-17-47
ANNOTATSIYa
Diniy e’tiqod va islomiy ma’rifat bilan bog‘liq aqida va qarashlarning keskin qoralanishi va mustabid sho‘ro davrida boy tariximiz va adabiyotimiz xolisona o‘rganilmasdan, aksincha, ular qoralanib, taqiqlab kelinganligi endilikda barchaga ayon bo‘ldi. Taqiqlab qo‘yilishi adabiyotimiz rivojiga ham katta g‘ov bo‘lib kelganligini mustaqilligimizdan oldingi davrlarda oshkora aytib bo‘lmas edi. Ushbu maqolada shu mavzu haqida fikr yuritilgan.
Kalit so‘z: hukmron mafkurasi, istiqlol, “Qur’on”, tasavvuf, So‘fi Olloyor,Tog‘ay Murod, diniy e’tiqodi, diniy urf-odatlarini,
ABSTRACT
It is now clear to everyone that the beliefs and views related to religious faith and Islamic enlightenment were sharply condemned, and that our rich history and literature were not objectively studied during the Mustabid Shura period, but on the contrary, they were condemned and banned. In the days before our independence, it could not be said publicly that the ban was a big obstacle to the development of our literature. This article discusses this topic.
Key word: ruling ideology, independence, «Quran», Sufism, Sufi Olloyor, Togay Murad, religious beliefs, religious traditions.
ANNOTATSIYa
Rezkoe osujdenie ubejdeniy i vozzreniy, svyazannыx s religioznыmi verovaniyami i islamskim prosveщeniem, i tot fakt, chto v epoxu despoticheskoy shurы nasha bogataya istoriya i literatura ob’ektivno ne izuchalis, a, naoborot, bыli osujdenы i zapreщenы, teper ponyatnы kajdomu. Tot fakt, chto zapret bыl takje velikimi vorotami k razvitiyu nashey literaturы, ne mog bыt zayavlen publichno vo vremena, predshestvovavshie nashey nezavisimosti. V etoy state obsujdaetsya eta tema.
Klyuchevыe slova: pravyaщaya ideologiya, nezavisimost, «Koran», mistitsizm, sufiy Olloyor, Togay Murad, religioznыe verovaniya, religioznыe traditsii.
Istiqlol sharofati bilan, ayniqsa, so‘nggi yillarda yurtimizda inson ong-tafakkuri yangilanib, erk-huquqlari va diniy e’tiqodi to‘la ta’minlanganini, muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida ta’kidlanganidek, nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyatining yirik namoyandalari va ko‘plab xorijiy ellardagi millionlab vatandoshlarimiz ham havas va hayrat bilan tan olishmoqda, faxr bilan e’tirof etishmoqda[1]. Islom ma’rifati keng yoyilayotgani, xalqimiz milliy o‘zlikni chuqur anglab, qalbida muqaddas “Qur’on” va muborak hadislarga bo‘lgan imon-e’tiqodi ortishi adabiyotning asl mohiyati, hayotiy ildiz-manbalarini, xususan, Alisher Navoiy kabi ulug‘ shoir va yozuvchilar ijodiyotining ijtimoiy-estetik, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatini kengroq idrok etishimizda ham muhim asos bo‘lmoqda. Mumtoz adabiy meros va badiiy tafakkur olamiga oqilona yondashuv sho‘ro davrida faol ijod qilgan ko‘plab yirik adiblarimizning asarlaridagi diniy motivlar, islomiy aqida va tasavvuf g‘oyalarining teran ildizlarini chuqurroq anglashga ham yordam beradi. Ta’kidlash lozimki, jamiyatimizning barcha sohalaridagi yangilanish va ijobiy o‘zgarishlar, eng avvalo, mustaqillik sharofati bilan sodir bo‘lmoqda. Bu jihatdan O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning “Adabiyot va zamon” maqolasidagi fikrlari alohida e’tiborga loyiqdir: “Sho‘rolar davrida milliy qadriyatlarimiz, moziydagi qahramonlarimiz qariyb qalamga olinmas, olinganda ham ular sinfiylik va partiyaviylik nuqtai nazaridan tahlil etilar, qoralanardi, xolos. Diniy e’tiqod esa butunlay manfiy tushunchaga aylantirilgan edi. Biryoqlamalik, yuzakilik adiblarimizni bir xil ovozda, bir xil ohangda kuylashga o‘rgatib qo‘ygan edi. Faqat baxtni va saodatni kuylash, aslida yo‘q yorqin kelajakni ulug‘lash odat tusiga aylangan edi. Inson hayotidagi turli iztiroblar, ziddiyatlar, mag‘lubiyatlar qatag‘on mavzu hisoblanar, ular aslo rag‘batlantirilmas edi”.[2]
Darhaqiqat, mustabid sho‘ro davrida boy tariximiz va adabiyotimiz xolisona o‘rganilmasdan, aksincha, ular qoralanib, taqiqlab kelinganligi endilikda barchaga ayon bo‘ldi. “Yozuvchi kelajakning maxsus muxbiri bo‘lishi kerak” – deyishadi. Tog‘ay Murod ham yorqin iste’dod sohibi bo‘lishi bilan birga islomiy ma’rifatdan, Qur’ondan yaxshi ta’lim olgan va uning hayotiy, oqilona talab-yo‘riqlariga qat’iy amal qilgan, imon, e’tiqodi mustahkam, diyonatli ijodkorlarimizdan biri bo‘lgan. Buning yorqin bir isboti sifatida Tog‘ay Murodning “Yozuvchi xalq va millatning ma’naviy posboni” degan so‘zlari uning ijodiy kredosi edi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham u millatimiz kelajagi haqida hamisha qayg‘urib ijod qilgan. Shu boisdan ham uning asarlari xalq e’tiborini qozondi va bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan mutolaa qilinmoqda.
Totalitar tuzumning hukmron mafkurasi siyosati oqibatida ko‘plab qatag‘onlar ro‘y berganligiga Naqshbandiy va Yassaviylarning islomiy aqida va g‘oyalarini davom ettirgan allomalarimizdan biri So‘fi Olloyor shaxsi va merosini ixlos bilan o‘rgangan Tog‘ay Murodga nisbatan qilingan tazyiqlar misolida ham ishonch hosil qilish mumkin. 80-yillarda avjiga chiqqan partiyaning siyosiy-mafkuraviy tazyiqlariga qaramasdan, Tog‘ay Murod o‘ziga xos e’tiqod va shijoati bilan hayotiy haqiqatni bashoratgo‘ylik bilan ayta olganligi mash’um sovet davrida o‘ziga xos bir ijodiy jasorat edi deyilsa, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Endilikda tarixga aylangan bu haqiqat mohiyatini birgina misol orqali tasavvur etishimiz mumkin. Bu jihatdan o‘sha mash’um 80-yillarda Tog‘ay Murod bilan Oltinsoy tumani gazetasi tahririyatida birga ishlagan Jo‘ra Qodirov kabi hamkasb jurnalistlarning havas va hayrat bilan yozgan esdaliklari ham byurokrat raykompartiya rahbarlarining So‘fi Olloyor haqidagi maqolasi uchun Tog‘ay Murodga nisbatan qilgan nohaqlik va pastkashliklarini yanada chuqurroq anglab olishimizga yordam beradi[3].
Milliy va islomiy tafakkur hamda ma’rifati uchun qayg‘urgan adibning birgina maqolasi tufayli qanchalik ma’naviy-ruhiy azob chekkanligini o‘sha noxush voqeaning bevosita guvohi bo‘lgan hamkasblaridan biri Jo‘ra Qodirov chuqur iztirob va hamdardlik bilan shunday xotirlaydi: “Ulkan zalga o‘lik, berahm sukunat tushgan. Hamma hozir zo‘r bir odamni dafn etib kelishganday. Shu motamsaro sukunatni minbarga ko‘tarilgan raykom xodimi bo‘lib yubordi U byuro qarorini o‘qishga kirishdi: “Gazeta bosh muharriri Eshmirza Muhammadievga qattiq hayfsan berilsin. Bo‘lim mudirlari ogohlantirilsin. “So‘fi Olloyor kim bo‘lgan?” maqolasining muallifi Tog‘ay Murod gazeta ishidan butunlay chetlashtirilsin”.
Unga qarab turibman. Tog‘ay Murod yig‘lamoqdan nari-beri. Uning polvonkelbat vujudi titrardi. Axiri bo‘lmadi. U o‘rnidan turdi. Raykom xodimlari uni gapirishiga qo‘ymadi. – Biz sizdan hech narsa eshitmaymiz, o‘tiring. Oltinsoyni O‘zbekistonga sharmanda qilganingiz yetar. Ammo Tog‘ay Murod o‘tirmasdi. Uning ko‘zlari, yuzi qip-qizil bo‘lib ketgandi. Uning ovozi zalda momaqaldiroq yanglig‘ jarangladi.
–Aytinglar, men nima qilibman? Mening aybim nima? Shu maqolammi? Shunga shunchami? Men unda nimani noto‘g‘ri yozibman? Nimasi yomon? Hali ko‘rasizlar, yaqin qoldi. Odamlarning bari islomga qaytadi, Xudoga qaytadi. Kerak bo‘lsa, hamma qishloqlarda machit bo‘ladi. Odamlar emin-erkin namoz o‘qiydi. Har bir uyda Qur’on kitobi ochig‘liq turadi. Sizlar Xudo bexabar bir odamlarsiz…”[4] XX asr ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayoti va adabiyoti tarixida unutilmas voqealardan biri bo‘lgan bunday ijodiy hodisa yosh adibimizning ko‘plab shoir-yozuvchilardan, jur’atsiz faylasuf va tarixchi olimlarga nisbatan qanchalik ma’naviy yuksak tura olganligini yaqqol namoyon etadi.
Ana shunday diniy ma’rifat va umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etgani uchun Tog‘ay Murod nohaq jabr ko‘radi va ma’naviy jihatdan tahqirlanadi: “Ey musulmon bandasi, jon berar chog‘ing kimni eslaysan? Partiyanimi? Komsomolnimi? Albatta, Xudo deysan. Otajon, Onajon, deysan. Otajoning, onajoning janozasida esa tirik turib, bir siqim tuproq tashlay olmasang!..”[5]. Tog‘ay Murodning partiya byurosi vakillariga qarshi mardona qat’iyat bilan aytgan bu so‘zlari zamirida qanchalik hayotiy haqiqat ifodalanganligini o‘sha manfur mafkura siyosatining tazyiqlarini boshidan kechirgan yana bir mashhur shoirimiz O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning quyidagi dard va armonli xotiralari ham to‘la tasdiqlaydi: “Odamlar, ayniqsa, partiya va sovet organlari, mas’ul idoralarida ishlaydigan xodimlar hatto o‘z ota-onalar, yaqinlarining janozasi va ta’ziyasiga ham borolmay, kasalxonalarda yotib olishga majbur bo‘lishgan…”[6].
Bular ham mash’um tuzumning nafaqat adabiy merosimizga, balki ko‘p asrlik islomiy va ma’naviy qadriyatlarimizga, xalqimizning milliy va diniy e’tiqod-erkinligiga qarshi johillik bilan qo‘llanib kelingan makkorona munosabatini ko‘rsatuvchi dalillardan biri edi. Aslida esa Tog‘ay Murod ushbu maqolasida ulug‘ mutafakkirlarimizdan biri So‘fi Olloyorning yorqin shaxsi va uning el-yurt orasida katta shuhrat qozonganligi xususida ko‘plab asosli fikrlarni bayon etgan va mafkuraviylik avj olib, diniy qarashlar keskin qoralangan o‘sha og‘ir yillarda o‘quvchilarni bu tarixiy siymo shaxsi va ijodi bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan.
Binobarin, islom dini ahkomlarini xalq orasida keng yoygan hamda Mashrabdek benazir shoir va allomaga hammaslak bo‘lgan So‘fi Olloyorning tasavvufona tafakkurida, Olloh kalomi bo‘lgan muqaddas “Qur’on”ni beqiyos ulug‘lashida hamda uning xalqchil asarlarida ham Imom Buxoriy kabi buyuk ajdodlarimizga xos ibratomuz talqinlarni ko‘plab uchratamiz. Allomaning turkiy va forsiy tillarda yaratilgan hamda elaro keng tarqalgan asarlaridagi purma’no g‘oyalari va aqidalari bugun ham milliy istiqlol mafkuramizga, ma’naviyatimizga hamohangligi bilan ham alohida ajralib turadi.[7] So‘fi Olloyorning “Sabot ul-ojizin” va boshqa asarlari O‘rta Osiyodagi ko‘plab maktab hamda madrasalarda asosiy diniy manbalar qatorida, zaruriy adabiyotlar sifatida o‘qitilib kelingani ham ularning yuksak tarbiyaviy va ijtimoiy-estetik ahamiyatidan guvohlik beradi. (Ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanidagi o‘zbek xotin-qizlarining yorqin vakillari bo‘lmish Kumush va Ra’nolar kichikligidayoq “Haftiyak”, “Qur’on”, ”Chahor kitob” qatorida So‘fi Olloyor, “Maslaki muttaqin” asarlarini to‘liq o‘qigan”[8] deb ta’riflangan). Bunday hayotiy obrazlarda ham davr ruhi va xalqimizning islomiy ma’rifati, qadimiy an’analari qanchalar qadrlanganligi haqqoniy aks etgan. Afsuski, diniy e’tiqod va islomiy ma’rifat bilan bog‘liq aqida va qarashlarning keskin qoralanishi va taqiqlab qo‘yilishi adabiyotimiz rivojiga ham katta g‘ov bo‘lib kelganligini Mustaqilligimizdan oldingi davrlarda oshkora aytib bo‘lmas edi. Masalan, xalq hayoti chuqur yoritib bergan “O‘tkan kunlar”ga qarshi o‘sha davrdagi partiya va hukumatning ishongan siyosiy vakillaridan M.Sheverdinning mash’um maqolasi chop etilgan. Unda yozuvchi juda katta g‘oyaviy xatolarga yo‘l qo‘ygan deb, romanni butunlay zararli asar deb keskin qoralaydi: “O‘zbeklarning birinchi romani – Qodiriyning romani g‘oyaviy jihatdan bizga yotdir… unda eskicha odat, Qur’on, o‘tmish…” targ‘ib qilinadi…” – deyiladi[9]. Bu nafaqat bir adib ijodiga nisbatan, balki butun millatimiz, dinu e’tiqodimiz va madaniy merosimizga nisbatan g‘addor tuzum siyosati yurgizgan doimiy hujum va qabohatining manfur bir ko‘rinishi edi. 20–30 yillari avj olgan beshafqat mafkuraviy xurujlar keyinchalik ham davom etadi. Chunonchi, akademik Baxtiyor Nazarov tadqiqotida ko‘rsatilishicha, Oybekning Ikkinchi jahon urushi va urushdan so‘nggi og‘ir yillarni aks ettiruvchi asari, jumladan, 1947 yili nashr etilgan “Qizlar” poemasi ham xalq hayotini buzib tasvirlaganlikda va asarda bolshevistik partiyaning tashkilotchilik, rahbarlik roli yetarli ko‘rsatib berilmaganlikda ayblanadi hamda dostonni qayta yozish talab qilinadi. Yoki taniqli tanqidchi Rahmon Qo‘chqorovning nomzodlik dissertatsiyasida to‘g‘ri ta’kidlanganidek, Abdulla Qahhorning “Qo‘shchinor” (1947) romanida ham xalq hayoti va milliy hamda diniy urf-odatlar haqqoniy tasvirlangan voqea va holatlar ham mash’um tuzum siyosati va mafkurasi tomonidan keskin qoralangan, ularni zararli epizod sifatida asardan chiqarib tashlash talab etilgan. Ya’ni romandagi quyidagi hayotiy voqea tasviri o‘sha davrdagi partiyaning haybarakallachi mafkurachilari tomonidan sovet tuzumi siyosati uchun zararli va xavfli voqea deb baholangan: qishloqdagi Madamin bova degan nuroniy bir mo‘ysafid vafoti va uni musulmon kishi sifatida vasiyati bo‘yicha dafn etish bilan bog‘liq voqealar romanning katta bir “siyosiy xatosi” deb talqin etilgan. Eng yomoni, mana shunday siyosiy ayblovlar ro‘kach qilinib, asar “sotsialistik voqelikni buzib ko‘rsatuvchi roman” deb, butunlay badnom etilganligi va yozuvchini uni qaytadan yozishga majbur qilingani ham adabiyot va adabiy tanqidchilik tariximizning hali jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan qora sahifalaridan biri bo‘lib sanalsa kerak.[10] Ulkan adiblarimiz – Oybek va Abdulla Qahhorlarning ana shunday yetuk asarlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, xalq hayoti, milliy ruhiyati va diniy urf-odatlarini haqqoniy aks ettirganligi ham xolis o‘rganilmagan. Yozuvchilar uyushmasida bir necha kun davom etgan biryoqlama muhokamalarda ham, Tog‘ay Murod romanidagi Botir firqaning iborasi bilan aytganda, “masalaga partiyaviy pozitsiyadan yondashilgan”. Natijada bu yirik asarlar partiyaning siyosiy-mafkuraviy matbuotida ham munosib qadrlanmagan, aksincha keskin qoralanib, Oybek ham, Abdulla Qahhor ham lenincha bolshevistik partiyaning tashkilotchilik va donolarcha rahnamolik rolini keng miqyosda ko‘rsata olmaganlikda, sotsializm g‘alabalarini tarannum eta olmaganlikda ayblanganlar. Taassufki, ulug‘ ijodkorlarimiz hayoti va sog‘lig‘iga shikast yetkazib, ularning bevaqt o‘limlariga ham sabab bo‘lgan bunday ayanchli fakt va misollar adabiyotimiz ozmuncha emas[11].
Nihoyat, Istiqlolga erishganimizdan so‘ng jamiyatimiz ma’naviy hayotida ham tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri boshlandi. Badiiy adabiyotimizda ham turli shakl va mazmun o‘zgarishlari, mavzular va tasvirlar xilma-xilligi, uslubiy-bayoniy o‘ziga xosliklar hamda inson obrazini yaratishda ijodiy individuallik keng miqyosda namoyon bo‘lmoqda. Adabiyot va san’atda bo‘layotgan bunday ijobiy o‘zgarish, tamoyillar, eng avvalo, badiiy ijodda erkinlik hukm surishi bilan bog‘liq umidbaxsh bir ijodiy jarayonlar ekanligi shubhasizdir. Keyingi yillar adabiyotida chinakam ijod qilish, haq so‘zni va haqiqatni aytish erkinligi keng qamrovda rivojlanayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Mustaqillik yillariga kelib, tarixga, tarixiy shaxslar obraziga, hayot haqiqatiga haqqoniy yondashish an’anasi yetakchilik qilyapti. Binobarin, ijtimoiy tuzumning tubdan o‘zgarishi va jamiyat hayotidagi ulkan islohot va evrilishlar badiiy tafakkur saviyasi hamda mezonlarining yangilanishiga, obrazlar talqinlarida ham jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ijodkorlar olam va odam haqida avvalgidan o‘zgacharoq fikrlash mumkinligini, shuningdek, ularni tasvirlashda ham yangicha yondashuv zarurligini anglab yetdilar va shu yo‘lda jiddiy o‘zgarishlarning mahsuli bo‘lgan rang-barang badiiy asarlar yaratila boshlandi.
[1] Мирзиёев Ш.М. “Янги Ўзбекистон” газетасига берган интервьюси // Янги Ўзбекистон. –Тошкент, 2021. 16 август.
[2] Орипов А. Адабиёт ва замон. Мустақиллик даври адабиёти. –Тошкент: Ғ.Ғулом номли НМИУ, 2006. –Б. 5.
[3] Катта можарога сабаб бўлган ва оқибати Тоғай Мурод ҳаёти ва ижодий тақдирида оғир асорат қолдирган “Сўфи Оллоёр ким бўлган?” номли мақола ”Олтинсой тонги” газетасининг 1988 йил 21 июль сонида эълон қилинган. Ушбу мақола билан танишиб чиқишимизда ёрдам берган адибнинг рафиқаси М.Аҳмедовага ва сурхондарёлик журналист Ж.Қодировга ўз миннатдорчилигимизни билдириамиз.
[4] Қодиров Ж. Атоқли адибнинг фирқа зулмидан хўрлангани ҳақида. Мен қайтиб келаман. Тоғай Мурод замондошлари хотирасида. –Тошкент: Янги аср авлоди, 2007. – Б. 132-140.
[5] Тоғай Мурод. Танланган асарлар. 3-жилд. Ҳикоялар, мақолалар, кундалик дафтардан. –Тошкент: Шарқ НМАК, 2019. – Б.136.
[6] Воҳидов Э. Изтироб. – Тошкент: Ўзбекистон, 1992. – Б. 64.
[7] Сўфи Оллоёр. Сабот ул-ожизин. –Тошкент: Чўлпон номидаги НМИУ, 1991. – 128 б.
[8] Абдулла Қодирий.Меҳробдан чаён. –Тошкент: Адабиёт ва санъат нашриёти. 1994. – 396 б.
[9] Қосимов У. Адабий-эстетик тафаккур тадрижи: анъанавийлик, ворисийлик, ўзига хослик (Абдулла Қодирий, Абдулла Қаҳҳор ва Тоғай Мурод ижоди мисолида). Филол.фанлари д-ри… дисс. автореф. –Тошкент, 2020. – Б. 14.
[10] Қўчқоров Р. Истеъдод қадри. –Тошкент: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1989. – Б. 76.
[11] Назаров Б. Ўзбек адабий танқидчилиги. –Тошкент: Фан, 1979. – 174 б.