TASVIRIY SA’NATNING SHAXS MA’NAVIYATIGA TA’SIRI
Tayanch so‘zlar: san’at, tasviriy san’at, realizm, kompozitsiya, shakl, mazmun, ma’naviyat, dunyoqarash.
Ключевые слова: искусство, изобразительное искусство, реализм, композиция, форма, содержание, духовность, мировоззрение.
Key words: art, fine art, realism, composition, form, content, spirituality, worldview.
San’at – ijtimoiy ong shakllaridan biri, borliqni, atrof-muhitni bilishning alohida vositasi hisoblanadi. Inson san’at bilan juda qadim zamonlardan shug‘ullana boshlagan. San’at kishilarning mehnat jarayonining ajralmas qismi edi. Inson o‘z badiiy asarlarida hayotda muhim, zarur deb bilgan narsalarini aks ettirishga uringan. Mehnat jarayonini, ov paytlarini idrok etgan dastlabki sodda obrazlari, insonning turli vaziyatlari, yovvoyi hayvonlar obrazi gavdalanib tasvirlangan. San’at inson ijtimoiy hayotining ajralmas bir qismi va ehtiyojiga aylangach, u o‘z asarlarida jamoa, jamiyat intilishlarini ifodalaydigan, aks ettiradigan bo‘ldi. San’at hayotni bilish, uni alohida vositalar yordamida aks ettirish va jamoaga muayyan ta’sir ko‘rsatish orqali ijtimoiy ong shakllaridan biriga aylandi, unga faqat borliqni o‘zlashtiruvchigina emas, balki insonni yangi bilim va obrazli tasavvurlar bilan boyituvchi qudratli bir kuch deb qaraldi.
San’atning, shu jumladan, tasviriy san’atning (rangtavsir, haykaltaroshlik, miniatyura, grafika) eng muhim xususiyatlaridan biri shundaki, u hayotni aks ettiradi, dunyoni bilishda insonga yordam beradi, uni g‘oyaviy va estetik jihatdan tarbiyalaydi. Tasviriy san’at asarlari inson uchun bitmas-tuganmas ma’naviy boylikdir. Qadimiy jamoa hayotini arxeologik qazilmalardan topilgan narsalar va o‘sha davr odamlarining qo‘li bilan yaratilgan tasvirlarni ko‘rib, ular hayoti to‘g‘risida to‘la tasavvur hosil qilishimiz mumkin. Bu jihatdan o‘n ming yillar burun yashagan, noma’lum rassomlar tomonidan ishlangan ov manzaralari alohida ahamiyatga ega. Ibtidoiy odamning qanday ov qilgani, ovchilarning o‘zlarini qanday pana qilganliklarini, o‘sha vaqtlardagi yovvoyi hayvonlarning turlarini biz O‘zbekistonning Termiz shahri yaqinidagi Zaravutsoy darasidagi toshga o‘yib ishlangan rasmlar yordamida tasavvur etishimiz mumkin.
Bu tasvirlar uzoq o‘tmishdagi tasvirning ahvoli haqidagina emas, shuningdek,ovchilarning ov usullari, hayvonlarning harakatlari va hokazolar haqida ham hikoya qiladi. Rassomning tabiat farzandi ekanligi va bu farzand tabiatning rang-barang qirralarini aks ettirishga bo‘lgan intilishi ana shu qadimgi davrlardan boshlandi va turli rassomlar ijodida davom etdi. Masalan, Sibir yoki Rossiyaning o‘rta mintaqasi tabiatining go‘zalligini I. Shishkin, I. Levitan kabi rassomlar asarlaridan bilib olishimiz mumkin. O‘zbek rassomlaridan O‘.Tansiqboyev, N. Qo‘ziboyevning manzara asarlari, yurtimizning go‘zalligi haqidagi go‘zal polotnolar tomoshabinni tabiat quchog‘iga chorlashi, tabiiy.
Rus rassomi V. G. Perovning “Uchovlon” suratidagi uch bolaga qaraylik. Ularning juldur kiyimlari, holatlari, boshlarining mayus egilganligi, horg‘in ko‘zlari, kuchanishdan yarim ochilgan lo‘ppi lablari butun bir hayot haqida hikoya qiladi. Xo‘rlangan bolalar hayoti haqida hikoya qiluvchi bu asar bizning tuyg‘u va ongimizga ta’sir etadi. Dunyoni badiiy idrok etishning o‘ziga xos belgilari bor, lekin u dunyoni ilmiy bilishdan keskin farq qilmaydi. Voqelikni bilish his etishdan boshlanadi. His etish borliqni badiiy idrok etishning manbaidir. O‘zimizni manzarachi rassom deb faraz qilaylik. Siz polotnoda bahorning uyg‘onishini tasvirlamoqchisiz, deylik. Sizda turli hislar ta’sirida bahor tushunchasi paydo bo‘ladi. Bu gul-u lolalarga burkangan bahor ko‘rinishi uzoqda tog‘ning qorli cho‘qqilari, ariqlarning sharqirab oqishi, o‘rmonlarning shovullashi, qushlarning sayrashi, endi sabza urib kelayotgan maysalarning yam-yashil rangi ko‘zingiz oldiga keladi, buni ichki ruh bilan his qilasiz.
Manzara chizmoqchi bo‘lgan rassom uchun faqat his etishning o‘zigina kifoya qilmaydi, albatta. Tabiatdagi muhim hodisa va detallarni oqilona ravishda tanlash lozim, chunki bu hodisa va detallar tabiat voqeligini to‘la-to‘kis ta’riflab beradi. Rassom o‘z asariga ma’lum bir g‘oyani singdiradi va uning haqqoniyligini tomoshabin bilan birga tekshirib ko‘radi. Tomoshabin uning his-hayajoni va fikr-o‘yini qabul qiladi yoki inkor etadi, qahramonlarini sevib qoladi yoki inkor etadi. Agar rassom tajribasi, o‘y-xayollari, his-tuyg‘ulari tomoshabin o‘y-xayollariga to‘g‘ri kelmasa, rassom tomoshabin his etayotgan narsalarni aks ettirmasa, hayotning tomoshabin bilmagan, lekin bilgisi kelgan jihatlarini ochib bermasa, bunday asar rassomning tor subyektiv qarashlarinigina aks ettirgan bo‘ladi. Binobarin, bunday asar keng tomoshabinlarga hech qanday foyda keltirmaydi, unga tushunarli bo‘lmaydi. Biz suratlarni shunchaki tomosha qilgimiz kelgani uchun tomosha qilmasligimizni bilamiz. Axir kitob o‘qishdan maqsad o‘qishni mashq qilish emasku. Tomoshabin biror surat yoki tasviriy san’at asari orqali biror yangilikni bilib olish, biror narsani o‘rganish, hayotiy tajribasini orttirish uchun tomosha qiladi.
Haqiqatan ham badiiy ko‘rgazmalarda ko‘pdan-ko‘p asarlarni tomosha qilar ekanmiz, unda rassomning uslubinigina o‘rganmay, ularning kompozitsion talqiniga ham e’tibor beramiz. Binobarin bundan estetik zavq olamiz, qo‘shimcha bilim, tasavvurlar hosil qilamiz. Biz rassomning tasviriy san’at asarlariga qarab, ko‘pchilik bormagan va ko‘rmagan shimolning shafqatsiz tabiati, uzoq mamlakat kishilarining tashqi qiyofasi va xarakterlari haqida tasavvurga ega bo‘lamiz. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ko‘pgina badiiy asarlar tomoshabinlarni ma’naviy, estetik jihatdan boyitadi, turli xalqlarning madaniyati va turmushi bilan tanishtiradi, shuningdek, mehnat va qahramonlikka ilhomlantiradi. Shuni ham aytib o‘tmoq lozimki, tomoshabin odatda tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki chuqur mazmuni bilan jalb etuvchi, fikr-mulohaza qo‘zg‘atuvchi, bilmagan narsasini o‘rgatuvchi go‘zal mahorat bilan ishlangan asarlar oldida to‘xtaydi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ilg‘or dunyoqarash pozitsiyasida turuvchi rassomlar yaratgan asar inson hayotiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu ma’noda, san’at borliqni, inson mehnati va turmushini aks ettiribgina qolmay, ularning tarkib topishiga ham ta’sir etadi, qahramonlikka undaydi, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Madaniy, ma’naviy va estetik jihatdan insonni tarbiyalaydi. Rassom asar yaratar ekan, u bo‘yoq va maxsus usullar, syujetlar izlaydi. Kompozitsiya, kolorit, yorug‘lik masalalarini hal qiladi, ya’ni o‘ziga xos vositalar bilan voqealikni umumlashtiradi va tipiklashtiradi, tasvirlagan obrazlari orqali hayotda sodir bo‘lgan voqeani faqat tushunishgagina emas, his etishga ham yordam beradi. Bunday emotsional shaklda ifodalangan g‘oyaning insonlarga ta’siri kuchli bo‘ladi. Shunday qilib, san’at, jumladan, tasviriy san’at hayotni ko‘rish orqali obrazli idrok etishdir. Demak, hayotni bilish va umumlashtirishning san’atdagi asosiy shakli badiiy obrazdir.
Rassom biror voqelikni aks ettirar ekan, unga o‘z munosabatini bildiradi, baho beradi va u haqida fikr yuritib o‘z hukmini chiqaradi.Realizm deganda, san’at asaridan muhim hayotiy voqealarni g‘oya va mazmun jihatdan haqqoniy va xalqchil, badiiy yuksak va ravon shaklda ko‘rsatishni talab qiluvchi ijod tushuniladi. Realizm-detallarning haqqoniyligidan tashqari, tipik xarakterlarni, tipik sharoitda tasvirlashni ham ko‘zda tutadi. San’atdagi realizm tarixiy tushunchadir. U jamiyat taraqqiyotining ma’lum tarixiy shart-sharoitlariga qarab shaklan o‘zgarib turadi. Tarixiy shart-sharoitlar antik san’at realizmini, Uyg‘onish davri realizmini, XIX asr va boshqa davr realizmlarining o‘ziga xosligini belgilab berdi. San’at taraqqiyoti davrida bir realizm shaklining boshqasi bilan almashinib turganini ko‘rish mumkin. Uyg‘onish davri realizmi ma’lum tarixiy shart-sharoitga mos ravishda gumanistik xarakterda edi. Rassomlar o‘z davrining gumanistik g‘oyalarini ifodaladilar. Shu bilan bir qatorda, bu davrdagi realizm shakli o‘ziga xos xususiyatlarga ega edi. San’at asarlarida ma’lum hayotiy muammolar ko‘pincha shartli poetik va diniy niqobda berilar edi. Jumladan, Leonardo da Vinchi, Rafael madonnalarida birinchi galda onalik ulug‘vorligi ifodalangan. Lekin onalik ideali rassom tomonidan tavrotdagi Momo Havo obrazi orqali beriladi. (Rafaelning “Sikistin madonnasi”, Leonardo da Vinchining “Madonna Benua” asarlarida).
Yuqorida eslatib o‘tgan asarlarda voqealigikdagi hodisalarning rassom idealiga mos tasviri badiiy asar mazmunini tashkil etadi. L. Abdullayevning ‘‘Cho‘lni o‘zlashtiruvchilar’’ asarining mazmuni – Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga bel bog‘lagan yoshlar mehnatiga bag‘ishlangandir. Bunda mazmunni ifodalash usuli badiiy asarning shaklini yaratadi. Shuningdek, rassomlarimiz tomonidan yaratilgan asarlar ham o‘z qimmatiga egadir. Z. Inog‘omovning “Choyxonachi”, “Choyga” kabi kartinalari; P. Benkovning “Dutorchi qiz”, “Dugonalar”, “Registonda erta bahor”, “Uzum terayotgan qizlar” kabi asarlar orqali o‘tmishda onalarimiz va bobolarimizning hayot turmushi, mehnat faoliyati, ularning chehralari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lamiz, ulardan zavqlanamiz. Ularni bugungi rivojlangan kun bilan taqqoslab o‘zimizga xulosa chiqaramiz va erishgan yutuqlarimizga baho beramiz.
Tasviriy san’atda shaklning muhim elementlaridan biri kompozitsiyadir. Ya’ni badiiy asar g‘oyasiga uyg‘un ravishda ayrim qismlarining joylanishi, asarning umumiy tuzilishi kompozitsiyani tashkil etadi. Bir mazmunning o‘zi turli syujet va shakllarda ifodalanishi mumkin. Mavzuni ifodalaydigan asosiy voqea-syujet ham badiiy shakl elementlaridan biri hisoblanadi. Tasvir koloriti, uning keng jihatdan hal qilinishi asar mag‘zini tashkil etuvchi rasmlarning aniq ishlanishi kabilar shaklga, rassomning o‘ziga xos uslubiga aloqadordir. Shakl ham, g‘oya ham bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi, ular har doim o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqdir. Bu ikki element bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi sababli ikkalasi bir-biriga mos tushgandagina rassom g‘oyasi to‘g‘ri tushuniladi va tomoshabinga yetib boradi. Masalan, rassom quvnoq bir surat yaratmoqchi bo‘ldi deylik. Ammo unda ma’lum bir g‘oyani ifodalashi lozim bo‘lgan, lekin rassom kompozitsiyani ifodasiz, tushunar siz tarzda hal qildi. Undan tashqari, ayrim personajlar rasmini shunchalik noaniq, pala-partish chizdiki, natijada surat qahramonlari bedavo, xunuk bo‘lib chiqdi.
Rassom quyosh nuri, bo‘yoqlarning yoqimli gammasi o‘rniga o‘rinsiz, qoramtir koloritni tanladi. Tabiiyki, bu nomunosiblikda asar rassom o‘ylaganining aksi bo‘lib chiqadi. Demak, asar shakli qanchalik pishiq, mukammal bo‘lsa, badiiy asar tomoshabinlarga shunchalik kuchliroq ta’sir etadi. Ammo aksincha ham bo‘lishi mumkin: rassom o‘z asari uchun mutlaqo tasodifiy, ahamiyatsiz mavzuni tanlab oladi-yu, lekin personajlarni bo‘rttirib, yorqin tasvirlaydi, suratdagi har bir rasm detalini erinmay puxta ishlaydi. Shunga qaramay, asar tomoshabinni hayajonlantirmaydi, uni maftun etmaydi. Bunda ham shakl bilan mazmun o‘rtasida uzilish mavjud, hatto shakl mazmundan yuqori qo‘yiladi, aslida esa san’atda mazmun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmog‘i lozim. Badiiy asardagi asosiy narsa mazmun bo‘lib, shaklni yaratadi. Badiiy tasviriy san’at rassomi uchun inson chehrasi, qalbi, hayotiy drama, tabiat taassuroti uning hayoti va g‘oyasi, tarix ruhi mavzuga aylanishi lozim. I. Repinning fikricha: bo‘yoqlar rassom uchun o‘z fikrini ifodalovchi quroldir. I. Repin quruq san’atning san’at uchun xizmat qilishiga qarshi chiqib, san’atda birinchi o‘rinda mazmun turishi kerakligini alohida ta’kidlaydi. Repinning bu aytganlari shunchalik quruq gap emas. Uning butun ijodi bunga jonli guvohdir.Xulosa qilib aytganda, realizm metodi san’atda shaklni kamsitmaydi, aksincha mahoratini o‘stirishga, san’at asarining g‘oyaviy va badiiy darajasini tinmay oshirishga chaqiradi.
Adabiyotlar:
1. Abduraxmonov G‘. M. Kompozitsiya asoslari. – T.: Iqtisod-moliya, 2010.
2. Jabborov E. “Kompozitsiya”. – Qarshi, 2019.
3. Xudayberganov R. A. “Kompozitsiya”. – T., 2008.
РЕЗЮМЕ
Maqolada tasviriy san’at janrlarida insoniyat tarixiy taraqqiyotining o‘z ifodasini topishi o‘rganilgan. Jumladan, insonlar turmush tarzi, mehnat vositalari, tarixiy voqealar, tabiat haqidagi tarixiy ma’lumotlarni
o‘rganish mumkin. O‘z navbatida maqolada tasviriy san’at asarlarining inson ma’naviyatining shakllanishidagi o‘rni ham tahlil qilingan.
РЕЗЮМЕ
В статье рассматривается историческое развитие человечества в жанрах изобразительного искусства.
В частности, можно узнать исторические сведения об образе жизни людей, рабочих инструментах, исторических событиях и о природе. В свою очередь, в статье анализируется роль изобразительного искусства в
формировании духовности человека.
SUMMARY
The article deals with the expression of the historical development of mankind in the genres of fine arts. In particular, you can learn historical information about the lifestyle of people, working tools, historical events and
nature. In turn, the article analyzes the role of fine arts in the formation of human spirituality.