Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

JIZZAX VILOYATIDA TURIZMNING AFZALLIKLARI

Jizzax davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakulteti Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari kafedrasi o’qituvchisi Mirzayeva Aziza Zokir qizi Annotatsiya: Maqolada mamlakatimizning Jizzax viloyatida uning tabiiy potensiali orqali hududning turistik imkoniyatlari va sayyohlarni qiziqtiradigan va o‘ziga jalb etadigan jozibador brend na’munalarini ko‘rsatish yo‘nalishlari hamda uning institutsional asoslari bayon qilingan. Kalit sozlar: Turistik hududlar, rekreatsiya, madaniy-tarixiy meros, viza, infratuzilma, ziyorat, turizm mahallasi va qishlog‘i, brend na’munalari.          Abstract: Questions for Knowledge Control The article describes the tourism potential of the region in Jizzakh Uzbekistan through its natural potential and directions of its presentation of attractive brands that attract tourists, as well as its institutional basis. Keywords: Tourist areas, recreation, cultural and historical heritage, visas, infrastructure, pilgrimage, tourist areas and villages, examples of brands. Mamlakatimizda turizm sohasini strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, sayyohlarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari, sayyohlarni o‘z jozibasi bilan o‘ziga chorlovchi hududiy brendlar bilan tanishtirish, uning asosi sifatida viza rejimining liberallashtirilishi, chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi, turizm tarmog‘ini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferensiyalar berilishi milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda samarali targ‘ib qilish imkonini beradi. Ammo, o‘tkazilgan dastlabki tahlillar turizm tarmog‘ini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asosning nomukammalligi, alohida turizm xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining, shuningdek, rivojlangan dunyo ahlining mamlakatimiz tabiatining o‘ziga xosligi, ko‘plab hududlarda bahavo turistik ob’yektlar mavjudligi to‘g‘risida, qolaversa, o‘z jozibasi bilan o‘ziga chorlovchi hududiy brendlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emasligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham turizm resursining asosi sanalgan dunyo xilma-xilligini namoyish qiluvchi turizm predmetlari faqatgina reklama, targ‘ibot orqaligina xalqaro turizm ixlosmandlarini o‘z domiga tortishi mumkin. O‘z navbatida ta’kidlash joizki, turizm sohasining kirib kelishi va uning rivojlanishi dunyoning har qanday mamlakatiga ham nasib qilavermaydi, chunki mazkur sohaga bo‘lgan turizm mahsulotlari bozoridagi unga bo‘lgan talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy ehtiyojlar bilan emas, balki ijtimoiy ehtiyojlar bilan belgilanadi. Ijtimoiy ehtiyojlar ichida ziyoratga, rekreatsiyaga bo‘lgan ehtiyoj inson ruhiyatida uy-joyga bo‘lgan ehtiyojdanham ko‘ra 3 marta ko‘proqdir. Mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishning dolzarbligi ham shundadir. Turizm sohasining serdaromad, shuning bilan birgalikda mashaqqati kamroq faoliyat turi ekanligini e’tirof etib, mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirish, takomillashtirish yuzasidan tinimsiz izlanishlarni olib borish maqsadga muvofiq sanaladi. Ana shunday yo‘llardan biri – aholi gavjum, shuningdek, iqlim sharoiti mo‘tadil bo‘lgan hududlarda aholining turistik xizmat ko‘rsatishini amalga oshirishi bilan birga aholining o‘zi ham mazkur turistik  mahsulotdan bahramand bo‘ladigan faoliyat turlaridan biri bu turistik mehmon uylarini yaratish va shu orqali ekoturizmni, agroturizmni mahalliy brendlar sanalgan sayyohlarning kundalik ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiluvchi mahalliy sut, go‘sht mahsulotlari, shuningdek, mazali  milliy taomlari hisoblanadi. Mamlakatimizda yaratilayotgan shunday institutsional imkoniyatlardan kelib chiqib Jizzax viloyatida ham turizmni rivojlantirish uchun keng qamrovli imkoniyatlar mavjud. Jizzax viloyati O‘zbekistonning markaziy mintaqasida joylashgan bo‘lib, shu tufayli har taraflama keng ko‘lamli xo‘jalik yuritish imkoniyatiga egadir. Uzunligi sharqdan g‘arbga, ya’ni Yangiobod tumanidan Forish tumanigacha 180 km, janubdan shimolga, ya’ni Baxmal tumanidan Mirzacho‘l tumanigacha 175 km. ni tashkil etadi. Maydoni 21,1 ming kv.km. Shundan 4,8 ming kv.km. (22,7 %) qishloq xo‘jaligida foydalanishda bo‘lgan yerlardir. O‘rmon va o‘rmonchilik bilan bog‘liq ekinlar ekiladigan maydon 1,8 ming (8,5 %) kv.km dan iboratdir. Maydonining katta qismini sharqdan g‘arbga va qisman shimoli-g‘arb tomonga cho‘zilgan Chimqortog‘ va Molguzar, g‘arbdan sharqqa, sharqi-janubga va janubga tomon cho‘zilgan Nurota tizma tog‘lari, shimol tomondan Qozog‘istondagi Chordora to‘g‘onidan viloyatning shimoli-g‘arbidan Navoiy viloyati hududiga qadar cho‘zilgan Aydarko‘l tashkil etadi.          Bu qadimiy yurtda ajdodlarimiz zakovati, salohiyatidan darak beruvchi – qadimiy turkiylarning quyosh yili timsoli – “Quyosh taqvimi”, (“Saklar taqvimi”), 19fevraldan 21-martgacha quyosh nuri tushadigan Huttosh, shuningdek, Qantartosh, Hamaltoshlarning o‘zi sirli bir olam. Viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun ham Sa’d ibn Vaqqos, Usmat ota, Novqa ota, Xo‘jamushkent ota, Parpi ota, Sayfin ota, Savruk ota, Qulfisar ota kabi ziyoratgohlar xizmat qiladi. E’tiborli jihati bu yerdagi tabiiy buloqlardan yiliga o‘rtacha 16-20 mln.m 3 suv olish imkoniyati mavjud. Eng asosiysi viloyatning Baxmal, Zomin, G‘allaorol tumanlari hamda Sh.Rashidov va Forish tumanlarining tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik nisbatan mo‘l bo‘ladi. Shuningdek, haroratning mo‘tadilligi tufayli Baxmal, G‘allaorol va Forish botiqlarida, Zominsoy, Yettikechuv va Ko‘rpasoyda suvning parchalanishi nisbatan kam. Viloyatda turizm va uning zaminidagi rekreatsiya klasterlarini rivojlantirish uchun ham birmuncha sezilarli imkoniyatlar, ya’ni viloyat tabiatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri tog‘lar va tog‘ yon bag‘irlarida tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqorli termo-minerallar bo‘lgan bir qator shifobaxsh suv manbalari mavjud. Darhaqiqat, ayni paytda viloyatning G‘allaorol, Forish, Mirzacho‘l tumanlarida ana shunday balneologik suvlar bilan davolovchi “Marjonsuv”, “Birlashgan”, “Gagarin” nomli sanatoriylar ishlab turibdi. Shuning bilan birgalikda viloyatning Zomin, Jizzax, Baxmal tumanlarida ham ma’danga boy manbalari bor. Viloyatdagi barcha ma’danli suvlar kimyoviy va balneologik tarkibiga ko‘ra eng tabiiy o‘ziga xosligi bevosita hududning ancha qismini egallagan tog‘liq zona ekanligi bilan bog‘liqdir. Mazkur hududlarning tog‘ yon bag‘irlarida bir-biridan go‘zal tabiat go‘shalari, archazorlar bodomzorlar yong‘oqzorlar, shifobaxsh o‘tloqlar, soyliklar, zilol suvlar, hatto, musaffo toza havo qatlamining o‘zi bir olam. Ulkan daralarda qir-adirlar va soyliklarda kamyob o‘simliklar va hayvonlar, parrandalarning turfa xillari mavjud. Baxmal va Zomin tumanlaridagi qir-adirlar, ulkan bog‘-rog‘lar, shuningdek, Baxmaldagi dengiz sathidan 2600 metr balandlikdagi ma’danli suv, Xalq bog‘i va qo‘riqxonalar, ajoyib sharsharalar, qirlar bag‘ridagi o‘nlab chashmalar insoniyatni o‘ziga chorlovchi saxiy tabiatning o‘ziga xos ne’matidir. Viloyatda turizm klasterlarining asosiy poydevori sanalgan Zomin tumanidagi 1976-yilda tashkil etilgan 48 ming gektarli Xalq bog‘ining tabiati o‘ta go‘zal. Balandligi dengiz sathidan 4 ming metrgacha cho‘zilgan tog‘ yon bag‘rida yoz va bahorda havo qatlami kamalak rangida tovlanadi. Qalin archazorlar va bahaybat daralar, soyliklardagi toshqin suvlar go‘yo tabiatning haqiqiy tabiiy ko‘rgazmasini namoyish etadi. Albatta bu kabi jarayonlarning xususiyati shundaki, inson hamisha ko‘pincha o‘zlashtirilmagan, inson qo‘li tegmagan tabiiy go‘shalarga ehtiyoj sezishidadir. Xalq bog‘i yonida Zomin qo‘riqxonasi tashkil etilgan, Xalq bog‘i va qo‘riqxonaning umumiy maydoni 78 ming gektarni tashkil etadi. Bu qo‘riqxonada 100 dan ortiq shifobaxsh va dorivor o‘simliklar, oq tirnoqli ayiq, yovvoyi cho‘chqa, bo‘rsiq, alqar, (tog‘ echkisi), jayra kabi hayvonlar, kemiruvchilar, kalxat, qora turna, bulduruq, tuvaloq, kaklik, tustovuq kabi parrandalarning 150 dan ortiq turlari uchraydi. Ushbu tabiat maskanida “Zomin” sanatoriysi, O‘riklisoy dam olish maskani, sayyohlar uchun ko‘plab mexmonxona uylari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Shu sabab mazkur rekreatsion hududlarda yil mobaynida dam oluvchilarning, sayyohlarning ya’ni rekrentlar oqimi uzilmaydi. Viloyat relyefi shimol, shimoli-g‘arb tomondagi pasttekisliklar, cho‘l va dashtlardan qirlar, tog‘lar sari balandlab borishi bilan bog‘liq ravishda hayvonlar turlari ham ko‘payib boradi. Viloyatda baliqchilik sanoatini rivojlantirish uchun ham keng ko‘lamli imkoniyatlar mavjud, xususan, Aydarko‘l-Tuzkon Arnasoy ko‘llarida baliqlarning zog‘ora, laqqa, suzak va ilonbaliq kabi turlari bor. Buning ajablanarli tomoni shundaki, aydarko‘l-tuzkon Arnasoy ko‘llari viloyatda baliqchiliq sanoatini rivojlantirish bilan bir paytda rekreatsiyani rivojlantirishga ham xizmat qiladi Viloyatning tabiiy iqlim sharoiti keskin mo‘tadil. Yozi quruq va issiq, qishi nisbatan yumshoq. Baxmal, qisman Zomin, Forish tumanlarining tog‘liq hududlarida yoz fasli biroz salqin o‘tadi. Yilning eng issiq oyi cho‘l zonalarida iyun-iyul, tog‘ zonasida iyul-avgust. Kunning uzunligi kunduz yozda 15 soat, qishda 9 soat davom etadi. Yanvar oyida harorat +1+4 daraja, iyul oyida esa +26+28 daraja. Bir yillik yog‘in miqdori 400-500 mm. Vegetatsiya davri 240-260 kun. Havoning namlik darajasi qishda 70-80 %. Bir yilda quyoshli kunlar 2800-3000 soat atrofida. Birinchi qorning yog‘ishi asosan oktyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Viloyat hududining nisbatan yaxlitligi va subtropik kengliklarga yaqinligi harorat rejimining birxilligini ta’minlaydi. Yil davomida o‘rtacha 250-270 kun havo ochiq, osmon beg‘ubor bo‘ladi. Fevraldan noyabrgacha quyosh energiyasi nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Havoning harorat yig‘indisi janubiy pasttekisliklarda 5,5 ming daraja, shimoliy pasttekisliklarda 4,3-4,5 ming darajaga yetadi. Viloyat hududida yog‘ingarchilik asosan qish va bahor fasllariga to‘g‘ri keladi. Shimoldan janubga tomon yog‘ingarchilik ko‘payib boradi. Yillik yog‘in miqdori balandligi 276 metr bo‘lgan Mirzacho‘lda 295, balandligi 392 metr bo‘lgan Sangzorda 400 mm.dan oshadi. Qor turib qoladigan kunlar bir yilda tekisliklarda 20-22 kun, tog‘li hududlarda 60-70 kunni tashkil etadi. Hududning tekislik qismida yillik yog‘in miqdori 200 mm. atrofida. Bug‘lanish darajasi 100-120 mm.ga teng. Viloyat hududida shimoli-g‘arbda vaqti-vaqti bilan kuchli shamol bo‘lib turadi. Aprel va may oylarida kuchli shamol, do‘l va jala yog‘ish holatlari uchraydi. Viloyat aholisi 2021 yil yanvar oyi holatiga 1403100 kishini tashkil etib, yil boshidan 29700 kishiga yoki 102,2 foizga ko‘paydi. Shundan 647900 kishi –shahar joylarida (46,2%) va 755200 kishi qishloq joylarida (53,8 foiz) istiqomat qiladi. Tarkibiga ko‘ra 70 dan ortiq millat vakillari bor. Umumiy aholisining 83 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi. O‘rtacha zichligi bir kv.km. ga 65,5 kishi Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, aholisi 163,6 ming kishi bo‘lgan viloyatning Zomin tumanida (viloyat aholisining 11,8 %), aholisi 155,8 ming kishi bo‘lgan Baxmal tumanida (viloyat aholisining 11,3 %), aholisi 171,4 ming kishi bo‘lgan G‘allaorol tumanlarida (viloyat aholisining 12,4 %) negizida rekreastiya mavjud bo‘lgan turistik mehmon uylarini, shuningdek, ularning o‘zaro kooperastiyasi asosidagi turizm klasterlarini tashkil qilish uchun keng qamrovli imkoniyatlar mavjud. Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni aytish mumkinki, hozirgi paytda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo bo‘yicha turizm sohasi uncha katta mehnat sarfini talab etmaydigan, ammo serdaromad soha hisoblanadi. Mazkur soha o‘ziga yarasha madaniyatni, etika, estetikani talab qilgan holda birmuncha jozibadorlikning tarafdori sanaladi. Turizm sohasining iqtisodiy jihatidan tashqari uning ham ijtimoiy ham ma’naviy jihatlarini alohida ta’kidlab o‘tish darkor. Ya’ni iqtisodiy jihatdan mehnatning 1 so‘miga to‘g‘ri keladigan ko‘p mehnat sarfi talab etadigan ba’zi, masalan, qurilish tarmog‘i kabilarga nisbatan kammehnat evaziga daromad topish imkoniyati mavjud. Ijtimoiy jihatdan esa mazkur sohada faoliyat yurituvchi xizmat ko‘rsatish xodimlari bir vaqtning o‘zida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan birgalikda mazkur soha mahsulotidan o‘zlari ham bahramand bo‘lishadi, bu esa o‘z navbatida inson umrining uzayishiga sabab bo‘ladi. Ma’naviy jihatdan turizm sohasini rivojlantirish orqali ajdodlarimizdan meros bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz timsoli sanalgan me’moriy yodgorliklarimizni, bahavo tabiatimizni butun dunyoga ko’rsatish yo‘li bilan mamlakatimizni dunyo xaritasidagi o‘rnini mustahkamlab, butun dunyoga tanitish imkoniyati yuzaga keladi. Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Jahon turizm tashkilotining statistika ma`lumoti. www.UNWTO.org 2. “O`zbekiston Respublikasining atrof tabiiy muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanish holati” to`g`risida. Milliy -T 2015.
3.Тухлиев Н., Экологический туризм: сущность, тенденции и стратегия развития.Т 2006.
  1. HakimovQ.M, G’o’dalovM.R. Jiizzaxviloyatigeografiyasi. Jiizzax 2004.
5.Soliyev A.C, Usmonov M.R. Turizm geografiyasi.-Samarqand. 2012. 6.Mirzayeva A.Z Jizzax viloyatining ekoturistik resurslari. Maqola. Nur Sulton. Qozog’iston. 2020.
  1. Mirzayeva A. (2021). Mechanisms for the development ofecotourism in uzbekistan. current research journal of history (2767-472x), 2(06), 34-38.315
8.Mirzayeva A. Jizzax viloyatida ekologik turizmni rivojlantirish istiqbolini bashoratlash. Ta’lim fidoyilari. Respublika ilmiy-uslubiy jurnal.2021.
  1. Mirzayeva M. Jizzax viloyatida ekoturizmni rivojlantirishning ayrim muammolari. O’zbekiston geografiya jamiyati 10-syezdi materiallari. 2019.
  2. Mirzayeva A. Jizzax viloyatida ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari. Geografiya kelajakka nazar. Nukus 2021.