Koreya Respublikasining nufuzli Sejong universitetidan tashrif buyurgan 23 nafar talaba hamda professor-o‘qituvchilardan iborat delegatsiya ishtirokida “WFK IT Ko‘ngillilar Guruhi Dasturi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu xalqaro tashabbus akademik va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini alohida ta’kidllashdi.







Bugun mashg‘ulotlarning ilk kuni. Reja bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlarga kirishilib, ishtirokchilar tanishuv darsi, p5.js dasturlash muhitiga kirish va generativ sun’iy intellekt yordamida vizual kodlash asoslari hamda Koreya madaniyatining Obangssaek konsepsiyasi bilan tanishgan bo‘lsalar, tushdan keyin Koreya alifbosi san’ati bo‘lmish Munjado hamda Hangul harflarining nafisligi va generativ AI texnologiyalari yordamida harf-rasm ko‘rinishidagi ilk amaliy loyihalarini yaratdilar.











Ikki hafta davomida, ya’ni 2-avgustdan 15-avgustga qadar davom etadigan ushbu xalqaro dasturga 200 nafar iqtidorli yoshlar jalb etilgan bo‘lib, loyihani tashkil etishdan asosiy maqsad ishtirokchilarga p5.js, Processing, Python hamda generativ sun’iy intellekt vositalari orqali zamonaviy IT va AI savodxonligini o‘rgatish, shu bilan birga axborot texnologiyalarini Koreyaning an’anaviy va zamonaviy madaniyati bilan uyg‘unlashtirgan holda madaniyatlararo tajriba almashinuvini rivojlantirishdan iboratdir. Dastur yakunida kelgusi ikki hafta davomida interaktiv kodlash, K-POP ritmlarini vizualizatsiya qilish hamda an’anaviy naqshlar asosida amaliy buyumlar yasashni o‘rgangan ishtirokchilarning yakuniy IT-madaniy taqdimotlari namoyish etiladi.
