Jizzax davlat pedagogika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, universitet mas’ullari hamda talaba-yoshlar ishtirokida “Milliy qadriyatlar va ularning millat ma’naviyatidagi o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosini asrab-avaylash, urf-odat va an’analarni yosh avlod ongiga singdirish, talabalarda vatanparvarlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.




Jizzax viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimi B.O‘. Begaliyev yoshlarni turli yot g‘oyalar va zararli axborot ta’siridan himoya qilish, internetdagi ma’lumotlarni tanqidiy tahlil qilish hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.




Tadbir davomida milliy qadriyatlarning oila va jamiyat hayotidagi ahamiyati, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Talabalarning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berilib, tegishli tavsiyalar bildirildi.




Tadbir yakunida milliy qadriyatlarni asrash, ularni kundalik hayotda namoyon etish va kelajak avlodga yetkazish yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishning muhim sharti ekani ta’kidlandi.
