Xorijiy tillar fakulteti
Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi katta o’qituvchisi
Muratova Gulnoz Ne’matovna
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 19 maydagi PQ-5117-son qarorining ijrosini ta’minlash borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy boshlang’ich ta’limdagi eng asosiy va ijobiy o’zgarishlarga sabab bo’lgan qarorlardan yana biri bu O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” PQ-1875-sonli Qaroridir [1]. Ushbu qaror asosida chet tillarini, asosan, ingliz tilini o’rganish umumiy o’rta ta’lim maktablarining 1-sinflaridan o’yin tarzidagi darslar va og’zaki nutq darslari shaklida, 2-sinfdan boshlab esa, alifbo, o’qish va grammatikani o’qitish bosqichma-bosqich boshlanadi. Chet tillarni o’rganishni yanada rivojlantirish bo’yicha ta’lim sohasining barcha yo’nalishlarida beqiyos ko’lamli ishlarni amalga oshirishga kirishildi.Masalan, 2013-2014 o’quv yilidan e’tiboran umumta’lim maktablarining birinchi sinflarida xorijiy tillarni o’yin tarzidagi mashg’ulotlar va og’zaki nutq darslari shaklida uzluksiz o’rgatish yo’lga qo’yildi.Shuningdek, ushbu sinflarga mo’ljallangan darslik hamda o’quv-metodik majmualar yaratildi. Diqqatga molik jihati, birinchi sinflar uchun yaratilgan majmualardagi o’yin-mashg’ulotlarning kichkintoylar yoshiga mutanosibligi ta’minlanadi.
Hozirgi kunning talabi barkamol va mustaqil fikrlovchi shaxslarni tarbiyalash bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonida bilim berishni takomillashtirish, o‘quvchilar bilan ishlashning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish va noan`anaviylikka intilishni taqazo etadi. Shunga ko‘ra, kichik yoshdagi o‘quvchilarni fikrlash, izlanish va aniq maqsad sari intilib ongli ravishda bilim olish va dunyoqarashini kengaytirish uchun ta’lim-tarbiya berishda metodlarning xilma-xil bo‘lishini talab etadi. Ana shunday yangi texnologiyalardan biri o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash malakasini shakllantirishdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tanqidiy fikrlash orqali, mustaqil, erkin fikrlay olish, tahlil qilish, taqqoslash, fikrlarni izohlash, baxslashish, o‘z g‘oyalarini himoya qilish va yangiliklarga intilish kabi malakalari bilan birga, mantiqiy tafakkur qila olish salohiyati, dunyoqarashi, o‘z-o‘zini anglash, kommunikativ savodxonligi, go‘zallik va nafosatni his etib, undan zavqlana olish, aqlan va jismonan sog‘lom bo‘lish, milliy urf-odatlarni o‘ziga singdirish va qadrlash kabi muhim xususiyatlari rivojlantiriladi. Bu o‘z navbatida kichik yoshdagi o‘quvchilarning bilimlarni chuqur o‘zlashtirish va amalda to‘g‘ri qo‘llay olishlarini ta’minlaydi. Shunga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tanqidiy fikrlashlarini rivojlantirish uchun darsning maqsadini aniq, pedagogik texnologiya asosida loyihalab olish muhim ahamiyatga ega. Hayotda o’rganilmagan narsalar ko’p. Qiziquvchanlik ongni rivojlantiradi[7.64-65]. Qiziqish tufayli kashfiyotlar ro’y beradi, sarguzashtlar ro’y beradi. Nima bo’layotganiga qiziqish qobiliyatini rivojlantirib, u nafaqat tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi, balki hayotni yanada boy va rang-barang qiladi.
Xorijiy tillarni o’qitishda tanqidiy fikrlash ahamiyati beqiyos bo’lib, hozirgi paytda o’quvchilarda tanqidiy fikrlashni oshirish chet tili o’qituvchilarining vazifalaridan biri hisoblanadi. Ko’p turli omillar o’quvchilarning tanqidiy fikrlash qobiliyatlariga ta’sir qilishi mumkin. Ta’lim sohasi bo’yicha tadqiqotlar olib borgan olimlar M.Lipman, S.Norris va R.Ennis tanqidiy fiklashga nizbatan o’z yondashuvlarini tadqim etib kelishgan. Ular tomonidan berilgan ta’riflarda katta tafovutlar mavjud emas, L.Elder va R.Paul fikrlariga ko’ra tanqidiy fikrlash – bu shaxslarning o’z tafakkurini boshqarish va o’z fikrlarini tahlil qilish uchun tegishli mezon va standartlarni ishlab chiqish qobiliyatini anglatadi [2, 34-45]. Bundan tashqari, V.Maiorana ta’kidlaganidek, tanqidiy fikrlash bu turli xil qarashlarni tushunishga va baholashga, muammolarni hal qilish echimiga qaratilgan jarayondir[6.56]. Tanqidiy fikrlash imkoniyatiga ega bo’lish uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar har xil bo’lib, ularga kuzatish, tahlil qilish, talqin qilish, aks ettirish, baholash, xulosa chiqarish, tushuntirish, muammolarni hal qilish va qaror qabul qilish kiradi[3]. Tanqidiy fikrlashga doir dars mashgulotlarini har xil yoshdagi o’quvchilar uchun qo’llashning ahamiyati beqiyos bo’lishiga qaramasdan, biz o’qituvchilik vazifamizni va ularning maqsadiga erishish uchun nima qilishimiz kerakligini yodda tutishimiz kerak va dars jarayonida bu jihatlarni doimo inobatga olib darslarni tashkil etishimiz lozim.
O‘quvchilarida tanqidiy fikrlashni shakllantirish jarayonining muayyan jihatlari quyidagi asoslarga tayanadi:
- O‘qish jarayoni tezligini muvofiqlashtirish;
- O‘quvchining o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirib borish;
- Ilgari egallangan bilimlarni ham inobatga olish;
- O‘quvchi tashabbusi va majburiyatini qo‘llab-quvvatlash;
- Amaliyot orqali o‘rganish;
- Ikki tomonlama fikr-mulohazalar almashinuvini tashkil qilish;
- O‘qish jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish;
- O‘qituvchi-o‘quvchilar uchun o‘quv jarayonini yengillashtirish;
- O‘quv jarayonini baholash.
O‘quv biluv jarayonida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashi ko‘p qirrali faoliyatni vujudga keltirib, bir turdagi faoliyatning ikkinchi turdagi faoliyatga o‘tib turishi jarayonida har bir o‘quvchida o‘zining shaxsiy, aniq maqsadini belgilab olish qobiliyatini rivojlantiradi. Ayni shu maqsad o‘quvchilarda mustaqil, ijodiy faoliyatga kirishish uchun zamin yaratadi va ularda qat’iy harakat dasturini ishlab chiqishga asos bo‘ladi.
O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish texnologiyasi pedagoglar tomonidan maxsus turdagi topshiriqlar, mustaqil faoliyat turlarini bajarish orqali ro‘yobga chiqariladi va ularning samaradorligi muayyan mezonlar yordami bilan amalga oshiriladi. Ta’lim jarayoni to‘laqonli tarzda o‘quvchiga yo‘naltirilsa, uning ehtiyoj va imkoniyatlari, qiziqishlari, iqtidorini hisobga olgan holda muayyan tamoyillar asosida tashkil etilsa, bunday ta’lim natijalari, birinchi navbatda, o‘quvchi shaxsining o‘zini, shu bilan bir qatorda, davlat, jamiyat hamda fan va ishlab chiqarishni rivojlantiruvchi omil darajasiga ko‘tariladi. Tanqidiy fikrlashni dars jarayonida qo’llashni yosh davrlardan boshlash tavsiya etiladi [8. 254] va dars mashg’ulotlarini bolalarning yoshiga moslashtirish juda muhim, ammo iloji boricha ularning aqliy qobiliyatlaridan foydalanishga imkon berishga qaratilganligi muhimTa’lim jarayoni o‘quvchilar tomonidan tanlangan turli yo‘llarga moslashtirilib, takomillashtirilib borilgandagina ularda tanqidiy fikrlashni shakllantirishga zamin yaratiladi.
Ikkinchi sinfdan boshlab grammatikani o’zlashtirishga qaratilgan boshqa ta’limiy o’yinlarni ham tashkil etish mumkin. Masalan, “Kim savodxon?”, Kim zukko?, “Men kimman?“, “Zanjir“, “Rolli o’yin“, “So’z o’rnini top” kabi qiziqarli o’yinlar shular jumlasidandir. “Kim zukko? “ o’yini imlo savodxonlikni oshirishda yaxshi natija beradi[4]. Bunda karton qog’ozga 5-6 ta so’z yozilgan bo’lib, so’zlar to’g’ri va noto’g’ri yozilgan bo’ladi. O’quvchilardan noto’g’ri yozilgan so’zni topib, to’g’ri yozib berish talab qilinadi. Qaysi o’quvchi noto’g’ri yozilgan so’zlarni to’g’ri va birinchi bo’lib yozib berishga qarab o’yin g’olibi aniqlanadi. Hozirgi ta’lim jaroyonida o’quvchi sub’ekt bo’lishi lozim. Bunda ko’proq interfaol metodlarga e’tiborni qaratish ta’lim samaradorligini oshiradi. Ingliz tili darslariga qo’yilgan eng muhim talablardan biri mustaqil fikrlashga o’rgatishdir. Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, tanqidiy fikrlash to’gma yoki tabiiy shakllanadigan qobiliyat emas, balki tanqidiy fikrlash o’qitiladi va o’rganiladigan jarayon desak mubolag’a bo’lmaydi. Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi mashg’ulotlarni dars jarayonida keng foydalanish – chet tillari o’qituvchilari o’z o’quvchilariga sifatli o’quv tajribasini taqdim etishlari uchun o’qituvchidan yuksak mahoratni talab etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarini o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-1875-sonli qarori.
- Elder, L. & Paul, R. (1994) Critical thinking: Why we must transform our teaching. Journal of Developmental Education, 18(1), 34-35.
- Halpern, D. F. (1998).Teaching critical thinking for transfer across domains: Disposition, skills, structure training, and metacognitive monitoring.American Psychologist, 53(4).
- Iriskulov A.T va boshqalar Kids‘ English pupil‘s book 2 sinf –Toshkent ―O’zbekiston; 2014
- Lipman, M. (1991). Thinking in education. Cambridge: Cambridge University Press. Lipman, M. (2003) Thinking in education. New York: Cambridge University Press
- Maiorana, V. P. (1992). Critical thinking across the curriculum: Building the analytical classroom. (ERIC Document Reproduction Service No. ED 347511).
- Mirman, J. and Tishman, S. (1988) Infusing thinking through connections. Educational Leadership, 45(7), 64-65.