“Ramazon aytib keldik eshigingizga”
(ramazon hikoyasi)
Qaysidir yili qishloqqa sel kelib, ko‘pchilik boshpanasiz qoldi. Allohga beadad shukrki, hech kim jabrlanmadi.
Ammo, uy-joysiz, mol-holsiz qolgan odamlarning qalbiga qattiq iztirob tushdi. Hamma xafa, hamma hayron, dillar esa vayron edi o‘shanda.
Shunda bir yoshi ulug‘ otaxon buzilgan uylarni hashar yo‘li bilan qayta qurish lozimligini aytib, hammaning qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonch chiroqlarini yoqdi.
Ishga yaroqli barcha inson borki, hasharga keldi. Hatto qo‘shni qishloqdan ham odamlar oziq-ovqat bilan hasharchilarga yordamga keldi.
Tushlik bo‘ldi. Hamma ovqatga o‘tirdi. Ammo ozg‘ingina bir bola negadir ovqatga o‘tirmadi. Uni rosa chaqirishdi. Bo‘lmadi.
– Ha,qulog‘i og‘ir bo‘lsa kerak uning.
– Menimcha, uning qorni to‘q.
– Yo‘g‘-a, axir bu bola ertalabdan beri tinmayapti. Nahotki chanqamagan bo‘lsa yoki tortinyaptimikan?, – deyishdi hasharchilar.
Chindan ham shu issiq va dim havoda erta tongdan beri tushlik ham qilmay ishlayotgan bu bola hammani goh ajablantirdi, goh rahmini keltirdi. Shunda hashar qilish fikri chiqqan yoshi ulug‘ otaxon kelib unga savol bera boshladi:
– Menga qara, jon bolam! Ertalabdan beri tuz totmading? Yo bo‘lmasa qultum suv ham ichmading? Axir bunaqada bo‘lmaydi. Sal o‘zingni o‘ylamaysanmi? Buni qara, sendan katta barzangi yigitlar ham ovqat yesa charchab qolishdi! Sen esa tinmasdan javlon urib ishlayapsan! Ayt-chi, o‘g‘lim, buning boisi ne?
Bola axiyri tilga kirib: “Men ro‘zadorman”, dedi.
Otaxonning ko‘ziga yosh keldi. Hamma bir qalqib tushdi. Yo‘q-yo‘q, bu bolaning bergan javobidan emas, shunchaki sel kelgan oqshom kirib kirgan ramazon oyini unutganlaridan, boshlariga ozgina tashvish yetganida Allohni yoddan chiqarib o‘z g‘amlarini o‘ylaganlaridan…
Shundan so‘ng nega bu qadar dahshatli sel kelganida ham qishloq ahlining sog‘-omon qolgani barchaga ayon bo‘ldi.
Sherzod HAYDARBEKOV