Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Mahalla va OTM hamkorligi  davom etmoqda…

Hamkorlik maktablar uchun manfaatlidir 2021 yil aprel oyida Prezidentimiz tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda respublikamizdagi OTMlari va mahallalar o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan bugunga qadar barcha OTMlari tomonidan atrofdagi mahallalarda turli to‘garak va loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Jizzax davlat pedagogika institutiga  viloyatdagi chekka chegaraga yaqin hududlardan 10 ta mahalla biriktirilgan bo‘lib, u yerdagi yoshlar uchun oliygoh talabalari bilan birga sport musobaqalari, musiqiy va kitobxonlik tadbirlari, hunarmandchilik, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tashriflardan biri  Zomin tumanidagi “Istiqlol” QFY siga bo‘ldi. Umumta’lim maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga qiziqishini oshirish, oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida  “Inson qadri ulug‘” shiori ostida tashkillashtirilgan ushbu tadbir hududdagi  3 umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.   — O‘rnatilayotgan hamkorlik nihoyatda ko‘p qirralidir, — deydi Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.Sharipov. Avvalo, bu hamkorlik oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ilg‘or o‘qitish uslublarini umumta’lim maktablaridagi ta’lim jarayoniga mos ravishda tadbiq etishda metodik yordam beradi, yuzaga kelgan muammoni hal etish jarayoniga yetakchi professor-o‘qituvchilar aralashsa, psixologlar yordamga kelsa, vaziyat o‘zgaradi. Bugungi tadbirda  oliygohning Magistrlar bo‘limi ingliz tili yo‘nalishi magistrlari maktabning bitiruvchi sinflariga ingliz tilidan  mahorat darslarini o‘tishga  jalb etildi. Dars jarayonlarini kuzatar ekansiz maktab  o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada oshganini sezish mumkin. Rejamizda bizga biriktirlgan barcha mahallaradagi ta’lim maskanlarining o‘quvchi yoshlarini Oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash maqsadida olimpiadalar hamda o‘qituvchilar o‘rtasida tafakkur bahslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek institutda  “Ochiq eshiklar kuni”, ekskursiyalar tashkil etish orqali o‘quvchilarga mavjud ta’lim yo‘nalishlari haqida kengroq ma’lumot berishni niyat qilganmiz. Axborot-resurs markazi, laboratoriya, muzeylar, ma’ruza zallari va dars jarayoni bilan yaqindan tanishish orqali o‘quvchi yoshlarning kasb tanlovi borasidagi maqsadi oydinlashadi. Yoshlarda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga qaratilgan mana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishi ham ana  shu maqsadlarga xizmat qiladi.   Mahalla, oliy ta’lim, maktab hamkorligi o‘quvchilarga motivatsiya beradi… Institutning Magistrlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbir sport musobaqalari bilan boshlandi. Musobaqalar Sportning shaxmat, shashka, stol tennisi va armrestling turlari bo‘yicha o‘tkazildi. Iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, shuningdek ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual shousida maktabning yuqori sinf o‘quvchilari o‘zaro bellashishdi. -men shu maktabda 48 yildan beri faoliyat olib boraman deydi,- biz bilan suhbatda faxriy pedagog Gulniso Sodiqova. O‘zim ham Jizzax davlat pedagogika institutining ilk qaldirg‘ochlaridan bo‘laman. Hududimizdagi 3 umumta’lim maktabida 700 dan ziyod o‘g‘il qizlarimiz ta’lim olishadi. Ularga 45 nafar malakali pedagoglar dars berishadi. Bugungi tadbir maktabimiz o‘quvchilariga ilk navbatda  juda katta motivatsiya berdi deb o‘ylayman. O‘tgan yili 15 nafar bitiruvchilarimiz oliy ta’lim muasaslariga o‘qishga kirishga musharraf bo‘lishdi. Bu yil undan ham yuqori natijani kutayapmiz. Yoshlarda vatanga muhabbat, fidoyilik tuyg‘usini shaklantirishga xizmat qiladigan mana shunday tadbirlar ko‘proq o‘tkazilishini istaymiz. Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi yoshlarning ota-onalari, mahalla faollari iliq fikrlarni bildirish bilan bir qatorda ta’lim muassasasini bitirish arafasida turgan 56 nafar o‘quvchi yoshlarga muvaffaqiyatlar tilashdi. Ezgu tilaklar taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga, “Zakovat” intllektual o‘yinida ishtirok etib g‘olib bo‘lgan jamoa ishtirokchilariga institut tomonidan tashkil etilgan esdalik sovg‘alari va diplomlar topshirildi. Bugun ekilgan bir dona nihol erta katta daraxtga aylanadi…  Xabaringiz bor bugun yurtimizdagi barcha shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga start berilgan. Ana shu ezgu loyihani ammalda qo‘llash maqsadida institutning Magistrlar bo‘limi magistrlari  maktab hovlisiga manzrali ko‘chatlar ekishdi. “Bugun ekilgan bir dona nihol ertaga katta daraxtga aylanadi,-deydi institut Magistrlar bo‘limi rahbari R. Yarmatov. Mana shu yashillik olayotgan nafasimiz musaffoligini ta’minlaydi. Ekilgan navnihollar kelajakda  mana shu yoshlar bahra oladigan, mahalla ahli uchun xizmat qiladigan   bog‘ga aylanishiga  umid qilamiz.   Mehr muruvvat va saxovat insonni ulug‘laydi… Aqlning qadri odob bilan oshadi, boylik qadri – saxovat bilan deyishadi… Saxiylik ezgulikni yuksaltiruvchidir desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Insonlar o‘rtasida mehr rishtasini bog‘lovchi, saxovatdan yaxshiroq va azizroq yoqimli sifat yo‘q. Tadbir yakunida institutning Magistrlar bo‘limi “Istiqlol” QFY sida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan “Ayollar daftari”. “Yoshlar dafari” ro‘yxatida turuvchi xonadonlar holidan xabar olishdi. Ushbu xonadaonlarga 14 turdan iborat oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.