Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

BOBUR MIRZO OBRAZI OYBEK TALQINIDA

Abdulla Qodiriy nomidagi JDPU O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti, f.f.n. Karimova Y.A Oybek millat tarixini, xususan, temuriylar davri adabiyoti, san’ati, madaniyatini chuqur bilgan mutafakkir ijodkor edi. Har qanday mafkuraviy tazyiqlar, ijoddagi to‘siq va cheklovlarga qaramay butun ijodiy faoliyati davomida temuriylar davri shonli tarixi, o‘sha davr ruhi, ob-u havosi, shukuhini o‘zi yaratgan tarixiy asarlar, tarixiy siymolar orqali zamondoshlariga ham ilmiy tilda, ham badiiyat yo‘li bilan yetkazishdek xatarli, ammo xayrli, adolatli yumushni bajargan edi Oybek. Oybekning ana shunday ham insoniy, ham ijodiy jasoratini ta’kidlagan O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bejiz adib haqidagi maqolasini “Millatni uyg‘otgan adib” deya nomlamagan. Oybek e’tirof etganidek, Navoiy she’riyati, Navoiy obrazi quyosh yanglig‘ doim adibni o‘z og‘ushiga chorlab turdi, Navoiy Oybek ijodining bir umrlik mavzusi o‘laroq, buyuk mutafakkir, shoir siymosi yozuvchining dostoni, romani, she’ri, qissalarida bo‘y ko‘rsatdi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, mumtoz adabiyotimizning Navoiydan keyingi ikkinchi cho‘qqisi, boburiylar sulolasining asoschisi, umumjahon adabiyotning muhtasham obidalaridan – “Boburnoma” muallifi Bobur Mirzo shaxsi, Bobur Mirzo fenomeni Oybekdek donish insonni befarq qoldirishi mumkin emas edi. Gap shundaki, “Navoiy” romani uchun salkam siyosiy javobgarga aylanib qolishiga bir bahya qolgan Oybek sho‘ro mafkurasining munofiqona nigohi Mirzo Boburga ham qaratilganligi uchun bu benazir, bashariyatning abadiyatga daxldor farzandi haqida asar yozishdan, obrazini badiiy inkishof etishdan o‘zini to‘xtatib turishga majbur edi. Bobur mavzusini Oybek ijodida kech paydo bo‘lishini Zarifaxonim shunday izohlaydi: “Oybek umrining so‘nggi yillarida sovet mamlakatidagi ichki siyosat o‘zgara boshladi. Temur va Bobur nomlarini tilga olish mumkin bo‘ldi. Shunda Oybekning yuragida uzoq yillar yashirinib yotgan ijodiy rejalar unga tinchlik bermay qo‘ydi. Shunday qilib, Oybek shu davrda Bobur va Temur haqida dostonlar yoza boshladi” [1.238]. Zarifaxonim ta’kidlagan ichki siyosat, mafkura ob-u havosining iliqlashuvi tufayligina Oybek ko‘nglida uzoq vaqtlar ardoqlab, saqlab yurgan mavzularga qo‘l urdi. 1965-yilda yozila boshlagan “Bobur” dostonidan bir lavhani Zarifaxonim, Oybekning ruxsati bilan adibning 60 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanda o‘qib beradi. Ko‘p o‘tmay dostonning shu qismi tarjimon S.Lipkin tomonidan rus tiliga o‘giriladi va Moskvada bo‘lib o‘tgan Oybekning ijodiy kechasida sho‘rolar poytaxtining adabiy-ilmiy jamoatchiligi e’tiboriga havola etiladi. Afsuski, “Bobur” ham u bilan bir vaqtda yozila boshlagan “Temur” dostonini ham yakunlash Oybekka nasib etmaydi. Garchi doston tugallanmagan bo‘lsa-da, salkam ikki yuz misradan iborat bu asar ikki jihati bilan o‘zbek kitobxoni uchun qadrli. Birinchidan, Oybek zamonaviy dostonchiligimizga ilk marotaba Bobur Mirzo obrazini olib kirdi. Ikkinchidan, teran tafakkur bilan zamonalarni zamonalarga ulay olgan Oybek Bobur Mirzo hayotining o‘z davri, o‘z muhiti bilan uzviy, teran, realistik tasvirda, epik ko‘lamda badiiyatga ko‘chira oldi. Bobur Mirzo siymosida, uning fitratida asrlar osha bizning zamonlarni ham nurlantirib turgan jihatlarni old planga qo‘yib, Bobur Mirzo dahosining mangulikka daxldorligini dostonning badiiy konsepsiyasiga singdirib yubordi. Adabiyotshunos olim Q.Yo‘ldoshevning Oybekning tugallanmagan she’rlari haqidagi: “Abdulla Qahhor bir zamonlar “G‘uncha guldan go‘zalroq, chunki uning bag‘rida ikki hayot: o‘z hayoti va gul hayoti bor”, – degan edi. Chindan-da, g‘unchada ochilish, chechak bo‘lish imkoniyati bor. Sinchiklab qaragan odam Oybekning… o‘ttiz sakkizta tugallanmagan she’rida ham g‘unchaning imkoniyatlari yashiringanini ko‘rish mumkin” [2.40], – degan fikrlarini adibning yakuniga yetmagan «Bobur» dostoniga nisbatan ham tatbiq etsak bo‘ladi. Oybek o‘zining 1937-yilda yozgan “Navoiy” poemasini Navoiy obrazini yaratishda chizilgan bir eskiz edi, deydi. Tarixnavis adibning ana shu ijodiy uslubini e’tiborga oladigan bo‘lsak, “Bobur” dostoni qatlarida ham g‘uncha imkoniyatlari yashiringanini, agar umr vafo qilganida Oybek mumtoz adabiyotimizning ikkinchi cho‘qqisi Bobur Mirzo haqida ham xuddi “Navoiy” romani kabi yirik bir tarixiy, biografik roman yaratish qudratiga ega bo‘lganligini e’tirof etish kerak bo‘ldi. Oybekning “Navoiy”, “Bobur” tarixiy dostonlarini kuzatar ekanmiz, rus adabiyotshunos olimi V.G.Belinskiyning: “Poema ideal voqelikni suratlantiradi va hayotning oliy daqiqalarini tutib qoladi” [3.316], degan fikrlari yodga tushadi. Navoiy ham, Bobur Mirzo ham eng birinchi navbatda buyuk mutafakkirlar, sohir qalam sohiblari. Har ikkala buyuk mutafakkir uchun hayotning eng oliy daqiqalari – bu ijod onlari, ilhom lahzalaridir. Shuning uchun bo‘lsa kerak Oybek xuddi “Navoiy” dostonidagidek “Bobur”ni ham Bobur Mirzoning ijod ustidagi holati tasviri bilan boshlaydi. Bu latif tasvirlarda Oybek o‘z qahramoni hayotining oliy daqiqalari manzarasini, Bobur Mirzoning ilhomiy holatini suratlantirishga harakat qilgan. Dostonda Bobur Mirzo ijod qilib o‘tirgan xona tasviri bilan Bobur Mirzoning tashqi portreti parallel, uyg‘un holatda chizilgan: “keng xona”, “jihoz: kumush va oltin”, “yumshoq gilamlar mavjidagi yolqin”, “samoday nurga cho‘milgan xona”, “sandiqlar to‘la oltin dur” va shu tasvirga mos: har qirrasida go‘yo bir yulduz porlagan gavhar uzuk taqqan, “gavharida naq quyosh cho‘milgan, nozik zavq ila cho‘lg‘angan salla”, “mayin oq shoyi ko‘ylak, moviy jomadagi” Bobur Mirzo… Bu tasvirlar orqali o‘quvchi shoh Bobur egallagan ijtimoiy mavqe, iqtisodiy qudrat, qo‘lga kiritgan toj-u taxt shukuhini his etadi, ammo bu shon-shavkat dag‘dag‘asini Boburning shoir ko‘ngliga hech bir aloqasi yo‘qdek, Bobur Mirzoning shoir qalbida o‘zga dard, o‘zga ilinj. Oybek shoir Bobur ruhiyatiga ichdan razm solar ekan, uning qalb dramasini, yurak og‘riqlarini teran his etadi. Bobur o‘ltirur, qo‘lda zar qalam, Qog‘ozga to‘kkan she’rida ko‘p g‘am Shoir qalbidan toshadi to‘lqin, Qadahda gulob, jilvasi uchqun. Qog‘ozi rangli, xati xo‘p xushxat Yurakdan oqur nuqul g‘am-hasrat [4,99]. Oybek tomonidan nuktadonlik bilan tanlangan detallar lirik qahramon ko‘ngil holatini o‘quvchiga ravshanroq, ta’sirchanroq yetkazishga xizmat qilganini ko‘rish mumkin. Oybek “Navoiy” dostonida buyuk mutafakkirning ijod onlarini Yonar titrab bir oltin shamdon Tokchalarga kitob qalangan. Gilamlarning qon gullarini Yondiradi bu shamning nuri [5.111], deya tasvirlasa, Bobur Mirzodagi ilhomiy holatni Savag‘ich simirar xun siyoh, zarhal, Zilol chashmaday quyular g‘azal. Yozadi shoir, u sohibqiron. Olmos tig‘iday ko‘ksida hijron [4,100], deya ta’riflaydi. Har ikkala dostondan olingan parchalardagi qon gullar, xun siyoh detallarida ma’lum bir ijtimoiy, emotsional, psixologik ma’no yuklangan. “Navoiy” dostonida gilamlarning qon gullari Hirot, uning mehnatkash xalqining zabun hayotiga, sham nuri esa Navoiy kabi buyuklarning insoniy dahosiga ishora bo‘lsa, “Bobur” dostonida qo‘llangan xun siyoh detali esa Vatan sog‘inchidan yuragi qon bo‘lgan shoirning ko‘ngil manzarasini yaxshi ifodalagan. Dostonda Oybek shoh, shoir, fotih, bunyodkor, islohotchi, buyuk Temuriylar davlatini Hindiston o‘lkasida munosib davom ettira olgan, tengsiz vatanparvar, dilbar shaxs Bobur Mirzoning ko‘lamdor xarakterini ochib berish uchun ko‘lamdor voqealarga, qahramonlarning ruhiy olamlari, qalb manzaralari tasviri va talqiniga e’tibor qaratdi. Doston mutolaasi bizni “Boburnoma” sarhadlariga yetaklaydi. Aytish mumkinki, doston sujetini “Boburnoma” ustundek tutib turadi. Oybek badiiy taxayyulining kuchi shundaki, u kitobxon ong-u shuuriga “Boburnoma” voqealarini sun’iy tiqishtirmaydi, balki dostonnavis o‘quvchini “Boburnoma” sarhadlaridan Bobur Mirzoni bir dam ham tark etmagan Vatan yodi, sog‘inchi, xayoli orqali olib o‘tadi. Axir, mutolaa davomida shohidi bo‘lganimizdek: Ko‘p sog‘inadi Vatanni Bobur, Yeri va ko‘ki ko‘nglini tortar… Eslar va yozar tuprog‘in, tomin, So‘ndirar edi yurak otashin [4.101]. Vatan yodi, xayoli – doston voqealarini harakatga keltiruvchi, syujet chiziqlarini kesishtiruvchi kuch, kompozitsion vosita. Xayol, sog‘inch o‘z navbatida xotirani uyg‘otadi. Bu xotiralar oddiy, odmi xotiralar emas. U o‘z sohibiday zalvarli, salmoqli, og‘riqli, dardli va ayni paytda qadrli hamdir. Samarqandning boy berilishi, Andijondagi munofiqlik, birikmagan, “bir-biriga yov, biridir mayxo‘r, birida dard – ov” bo‘lgan Temur avlodining yutqiziqlari, boy berilgan Vatan, tarki Vatan etib o‘zga yurtlarda taxt topgan, birovning yurtini, atrof-olamni obod etib, o‘z ko‘ngil uyini obod etolmagan, o‘z ko‘nglini to‘ldirolmagan, baxt topolmagan Bobur Mirzoning xotiralari ko‘zguning siniq parchalaridek tig‘li. Ular uyg‘onganda, harakatga kelganda hatto egasini ham yaralaydi: yurtining betakror tabiati “Samarqandning qizil olmasi”, “Marg‘ilondagi anori kalon”, “Ismoil shayxi qovuni lazzati”, “Sayxun bo‘yidagi ehtirosli ov” yodi… Oybek Bobur Mirzo qalb daftarini rost o‘qiydi, aynan sharhlaydi: “U latofatni nechuk unutgay?! Umri uzilur – hasrat bitmagay?!” [4.102]. Muhimi Oybek “Boburnoma”dagi katta-kichik tarixiy ma’lumotlarni dostonning badiiy konsepsiyasiga mos tanlar ekan, ularni quruq qayta bayonchisiga aylanib qolmadi. Ko‘p voqealar ichidan eng muhimlarini saralab, qayta badiiy idrok etib, ularni yana bir karra Bobur Mirzoning noyob shaxsiyatini anglab yetishga xizmat qildirdi. Ayniqsa, Bobur Mirzoning Hind tuprog‘ida olib borgan bunyodkorlik faoliyati, ariqlar qazdirishi, turli inshoot, bog‘lar barpo etishi, axloqiy-madaniy islohotlari, ichkilikni man etishi haqidagi qarorlari dostonda katta bir muhabbat bilan oybekona talqin etilgan. Ular yozuvchining insoniy va ijodiy kredosiga shunchalik muvofiq kelganki, Oybek Bobur Mirzo hayoti bilan bog‘liq ideal voqeliklarni Belinskiy ta’kidlaganidek, mohirona suratlantira olgan. Garchi doston tugallanmagan bo‘lsa-da, asarda Bobur Mirzoning mardona xarakteri, dilbar shaxsi, dilovar jism-u joni qad rostlab turibdi. Hatto, yaproqlarini kuzak hukmiga topshirgan terakning zafaron barglarida ham hikmat topgan (“Teraklar bargin ko‘rsa oltinda”) Bobur Mirzo Oybek talqinida “ishqi quyoshday”, “osmonday qalbli”, “azim ko‘ngil”, “Kamol go‘zallik sevadi Bobur” bo‘lib, o‘z badiiy umrini hali uzoq yashaydi. Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Saidnosirova Zarifa. Oybegim mening. Xotiralar. T.: “Sharq”, 1994. – 256 b
  2. Millatni uyg‘otgan adib. (To‘plam). T.: “Universitet” nashriyoti, 2005. – 183 b.
  3. Belinskiy V.G. Pol. sob. soch. 5, M.,1955. – 316 b.
  4. Oybek Toshmuhammad o‘g‘li. MAT. 19 tomlik 18-tom. T.: “Fan” 1981. – 328 b.
  5. Oybek Toshmuhammad o‘g‘li. MAT. 19 tomlik 3-tom. T.: “Fan” 1976. – 264 b.