Joriy yilning 15 fevral kuni Jizzax davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat fakulteti hamda institut axborot- resurs markazi hamkorligida buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga bag‘ishlangan “Bobokolonlarimizning ijodiy va tarbiyaviy merosi umumbashariy ma’naviy -ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida adabiy kecha tashkil etildi. Tadbirda Jismoniy madaniyat fakulteti professor- o‘qituvchi va talabalari, institut axborot- resurs markazi xodimlari hamda faol kitobxonlar ishtirok etdi.
Tadbirni Jismoniy madaniyat fakulteti dekani dotsent O. Muqimov kirish so‘zi bilan ochib: “Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati, faoliyati, ijodi xususida gap ketar ekan, ba’zan shoh Bobur va shoir Boburni ikki qutb sifatida talqin qilamiz. Aslida bir vujudda ikki siymo yashamaydi. Shuning uchun buyuk davlat barpo qilgan Bobur hamda yetuk asarlar muallifi Boburni birorta o‘rinda bir – biridan ayro tasavvur qilish mumkin emas”, -deya ta’kidladi.
So‘ngra, Jismoniy madaniyat fakulteti o‘qituvchisi dotsent A. T. Sodiqov so‘zga chiqib: “Ikki benazir ulug‘ zotlar xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxslar bo‘lib, ular milliy adabiyotimizning g‘ururidir”-dedi.
Shundan so‘ng, Jismoniy madaniyat fakulteti 3-kurs talabasi X. Boboqulov, Ch. Xoliqova va 2-kurs talabasi S. Abduvoxidovalar buyuk bobokolonlarimizning hayoti va ijodi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Tadbirda Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari tomonidan allomalar ijodiga mansub g‘azal va ruboiylardan parchalar o‘qildi hamda videoroliklar namoyish etildi.
Tadbirda JDPI ARM xodimlari tomonidan tayyorlangan “Ajdodlarimiz merosi – ma’naviyatimiz sarchashmasi” mavzusidagi adabiyotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Mazkur ko‘rgazmaga qo‘yilgan adabiyotlarni ARM yetakchi mutaxassisi S.Isroilova qisqacha sharhlab berdi.
Tadbirni fakultetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari B.Qo‘shmuratov yakunlab, ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi. Mazkur tadbirda jami 73 nafar ishtirokchi qatnashdi.