Joriy yilning 24 aprel kuni institut axborot –resurs markazida «Axborot-kutubxona haftaligi» doirasida Tabiiy fanlar fakultetining Biologiya o‘qitish metodikasi kafedrasi bilan hamkorlikda “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda fakultetning professor-o‘qituvchilari va 301-302 -guruh talabalari hamda axborot-resurs markazi xodimlari ishtirok etdilar. Tadbirni ARM yetakchi mutaxassisi S. Isroilova kirish so‘zi bilan ochib berdi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish masalalari bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi F-4789-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida markazimizda axborot- kutubxona haftaligi doirasida «Har bir kitobxondan bir kitob» hadya tadbiri o‘tkazishni rejalashtirdik . Bunday tadbirlarni tashkil etishdan maqsad talaba-yoshlarda kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning ma’naviy dunyosini boyitishdan iboratdir”.
Shundan so‘ng, Biologiya o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri D. Imomova Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning sifatli kitob mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish to‘g‘risida” 2017 yil 27 fevralda qabul qilingan 11-sonli qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan fakultetda olib borilgan ishlar to‘g‘risida fikr yuritdi. Shuningdek, kafedra o‘qituvchisi N. Hamrayeva mazkur qarorda ko‘tarilgan masala bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini ta’kidladi.
So‘ngra, fakultetning 3-bosqich talabasi O. Toshpo‘latov “ Alkogolizm- sog‘lom turmush kushandasidir” mavzusida ma’ruza qildi: U o‘z ma’ruzasida “ Alkogolizm insonning ongiga , hulqiga, ma’naviyatiga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi” deb ta’kidladi.
3- bosqich talabasi I. Ochilov “Oila va salomatlik” mavzusida ma’ruza qilib, quyidagilarni aytib o‘tdi: “Oila jamiyatning asosini tashkil etadi. U kishilik jamiyatida insoniy oriyat va nomusni anglash, shu tuyg‘ularni idrok etishning hosilasidir. Oila qancha mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shuncha mustahkam bo‘ladi. Vatan erki va istiqlolning poydevori, oilaning mustahkamligi ijtimoiy- iqtisodiy omillargagina emas balki, ma’naviy omillarga ham chambarchas bog‘liqdir”.
Tadbirda axborot-resurs markazi xodimlari tomonidan tayyorlangan ”Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” mavzusidagi adabiyotlar ko‘rgazmasini ARM xodimasi U. Normatova ishtirokchilarga qisqacha sharhlab berdi.
Tadbirni axborot- resurs markazi xodimasi D.Axmadjonova yakunlab, talaba-yoshlarni kitob mutolaasiga chaqirdi.