Jizzaxda “Brooke House College Futball Akademy” futbol maktabi murabbiylari mahorat darslari o‘tkazishdi.
Toshkentda Angliya metodikasi asosida yosh futbolchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan “Brooke House College Futball Akademy” nomidagi birinchi futbol maktabi ochilganidan ko‘pchilikning xabari bor bo‘lsa kerak. Ta’kidlash joiz Yevropa standartlari asosida yosh futbolchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu loyiha O‘zbekistonda yuqori darajali futbolchilar tayyorlash tizimiga muhim hissa qo‘shadi. Ushbu futbol maktabining Angliyadagi texnik direktori futbol afsonalaridan biri Micky Adams bo‘lib, bugun Jizzax davlat pedagogika isntitutiga ana shu maktabning Toshkentdagi filiali ijrochi direktori Shuhrat Ernazarov boshchiligida bir guruh, Angliyalik futbol murabbiylari tashrif buyurishdi.
Jizzax davlat pedagogika isntituti hovlisida bo‘lib o‘tgan tadbirda mehmonlar avval milliy sport o‘yinlari ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Shundan so‘ng yosh futbolchilar va Angliyalik murabbiy Tony Mccallen ishtirokida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Akademiya vakillarining so‘zlari ko‘ra, tashkil etilgan “Brooke House College Futball Akademy” futbol maktabida 11 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har bir tarbiyalanuvchi uchun eng muvofiq dastur tanlab olinadi. Yevropa metodikasiga ko‘ra, bu yerda bolalar futbol sir-asrorlarini mukammal egallashi bilan bir qatorda ularning yetuk inson bo‘lib tarbiya topishiga ham urg‘u beriladi.Shuningdek Maktabda faoliyat olib boradigan murabbiylar uchun Yevropada malaka oshirish imkoniyati yaratiladi.
\
— Viloyatlardan ham “Brooke House College footboll Academy” futbol akademiyasiga yosh iqtidorli futbolchilar saralanib olinayotganidan juda xursandman, – deydi Tony Mccallen – Biz bolalar hayotiga katta o‘zgarishlarni olib kirish niyatidamiz. Umid qilamanki, akademiyamiz mamlakatda futbolni rivojlantirishda amaliy yordam beradi.
Jizzax davlat pedagogika instituti rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Angliyalik mutaxassislar O‘zbekistondagi futbol mahorat maktablarini yangi bosqichga ko‘tarish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish tizimini yanada rivojlantirish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi. Bo‘lib o‘tgan mahorat darslari so‘ngida mehmonlar eng faol yosh futbolchilarga akademiya logotipi tushirilgan sport kiyimlarini taqdim etishdi.O‘z navbatida oliygohga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.