“Hamid Olimjon – baxt va shodlik kuychisi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 12 dekabr kuni Jizzax davlat pedagogika instituti axborot- resurs markazining “ Badiiy adabiyotlar” bo‘limida O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti hamda axborot-resurs markazi hamkorligida iste’dodli shoir, dramaturg, olim va davlat arbobi Hamid Olimjon tavalludining 107 yilligi munosabati bilan “ Hamid Olimjon- baxt va shodlik kuychisi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatini institut axborot- resurs markazi bo‘lim boshlig‘i M. Hayitova ochib, kirish so‘zini institut ARM direktori R. Ishnazarovaga berdi. U o‘z so‘zida shoir Hamid Olimjonning shaxsiy hayoti, ijodiy faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi katta mavqei hozirgi yoshlar tomonidan zo‘r hurmat va ehtirom bilan xotirlab kelinayotganligini ta’kidladi.
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti o‘qituvchisi A. Usmonov o‘z so‘zida shoirning maftunkor, jozibali she’rlari xalqimizning qalbida o‘chmasligini, uning “ O‘zbekiston ”she’ri alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi: “Uni o‘qir ekanmiz, diyorimizning mehnatkash xalqi, boy tabiati, turmush tarzi go‘yo she’riy satrlarda muhrlanganligini ko‘ramiz”.
ARM xodimasi S. Isroilova Hamid Olimjonning asarlarini badiiy jihatdan tahlil etib, ularning milliy adabiyotimiz rivojidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi hamda shoir she’rlaridan namunalar o‘qib berdi.
Shundan so‘ng, tadbir dasturiga asosan mushoira kechasiga navbat berildi. Institut O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabalari Sh. Kuyliev, M. Yusupov, M. Aliboevalar tomonidan shoir qalamiga mansub she’rlardan yod o‘qildi. Axborot- resurs markazi xodimasi Sh. Isroilova tadbir mavzusiga oid tayyorlangan “Hamid Olimjon – baxt va shodlik kuychisi” nomli adabiyotlar ko‘rgazmasini ishtirokchilarga qisqacha sharhlab berdi.