Mahalla oliy ta’lim ko‘magida “madaniyat o‘chog‘iga” aylanadi
Yosh avlodga zamonaviy ta’lim berish bilan birgalikda ularni -umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak fazilatlar ruhida tarbiyalash, masalasi davlatimiz doimiy diqqat-e’tiboridadir.
Ushbu mas’uliyatli ishlarni amalga oshirishda o‘zaro chambarchas bog‘liq uch omil — oila, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
2021 yil 13 aprel kungi Yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoev har bir o‘g‘il-qizga e’tibor qaratish zarurligi xususida kuyinchaklik bilan fikr yuritib, mahallalarda uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash, yoshlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S.Sharipov tashabbusi bilan “Biz siz bilan doim birgamiz” g‘oyasi ostida o‘tkazgan xayriya tadbiri ana shu chaqiriqqa javob bo‘la oldi desak adashmagan bo‘lamiz.
Mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash, imkoniyati cheklanganlar, xususan mahalladagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar holidan xabar olish, uyushmagan yoshlarni turli to‘garalarga jalb qilish, ularning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda ko‘maklashish qolaversa ushbu mahallani “Ma’naviyat markazi”ga aylantirish kabi ezgu niyatlarni o‘z oldiga maqsad qilib olgan “Biz siz bilan doim birgamiz” xayriya tadbiri Zarbdor tumanidagi “Yoshlik” MFY dagi 29 umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi
Institut professor-o‘qituvchilari, magistrlari, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari, ota-onalar va yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbir institut rektori Sh.S.Sharipov va mahalla ahlining, xususan bitiruvchi yoshlarning ota-onalari ochiq muloqoti bilan boshlandi.
Gulsara Qarshieva bugun Yoshlik MFY da uy bog‘chasini ochgan. Oila a’zolar xususan kelini shu bog‘chada yordamchi. Onaxon kelinining oliy ma’lumotli bo‘lishini istaydi. Bo‘lib o‘tgan suhbatda onaxon kelinini ham shu oliygohda bepul tayyorlov kurslarida o‘qitish istagi borligini bildirdi. Gulsara Qarshievaning murojaati ijobiy hal bo‘ldi. Shu qatorida farzandlarini bepul tayyorlov kurslarida o‘qitish hamda turli to‘garaklarga (jumladan kompyuter savodxonligi, xorijiy tillarga) a’zo qilish istagida bo‘lgan mahalla ahlining murojaatlari ham o‘z joyida hal qilindi. Ularning farzandlari qiziqish va intilishlariga qarab tayyorlov kurslarida bepul o‘qitiladi.
Zarbdor tumanidagi 29 umumta’lim maktabi bitiruvchilarining OTMlariga kirishi past ko‘rsatkichli maktablardan biri hisoblanadi. Oxirigi uch yil davomida ushbu maktab bitiruvchilaridan birontasi ham OTM lariga kirmagan. Shu bois Ushbu ta’lim muassasasi Jizzax davlat pedagogika instituti homiyligiga olingan bo‘lib, joriy yilda maktabni bitirayotgan 47 nafar bitiruvchi yoshlarga institut professor-o‘qituvchilari tomonidan bepul-doimiy dars mashg‘ulotlari hamda tayyorlov kurslari olib borilmoqda. Bundan nafaqat bitiruvchi yoshlar balki ularning ota- onalari ham mamnun.
Bayramona tus olgan maktab hovlisida milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi liboslar, qadimiy qo‘l mehnati namunalari shuningdek iqtidorli o‘quvchilarning sa’nat asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan bo‘lsa bir tomonda kuy qo‘shiq avjida.
Institut badiiy jamoasi tomonidan tayyorlagan chiqishlar davomida mahalla ahli, yoshlar chin dildan yayrashdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Tadbir davomida mahalladagi uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun tanlangan namunali talabalar o‘zlariga biriktirilgan tengdoshlariga , “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va iqtidorli o‘quvchilarga kitoblar to‘plamini sovg‘a qilishdi. Shuningdek mahalladagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimioiy ko‘makka muhtoj ayollarga ham xayriya sovg‘alari topshirildi.
“Mamlakatimizda navqiron avlod manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratib berish masalalariga katta e’tibor qaratilayapti.. Xususan, Zarbdor tumanidagi 29 umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tayotgan mazkur tadbir ham uyushmagan yoshlar ijtimoiy qatlamini o‘rganish, yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, qayta tayyorlash va bandligini ta’minlash, institut hamda maktab va mahalla fuqarolar yig‘ini hamkorligini takomillashtirish masalalariga qaratilgan.”-deydi instituti rektori Sh.S. Sharipov.
F
Tadbir so‘ngida Yoshlik MFYda istiqomat qilayotgan 10 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olinib 10 turdagi oziq –ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya-ehsonlar tarqatildi.