Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Mas’ud va unutilmas onlar

Noyob chashmalarning suvidan bir hovuch ichsangiz, ta’mi og‘zingizda qoladi, qayta-qayta uning zilolidan bahramand bo‘lsam, deysiz. Zulfiya she’rlari shunday chashmaga o‘xshaydi. Undagi baxtning oliy zamzamasi sizni yuksaklarga olib uchadi. Inson dardining larzali lahzalari qalbingizni ostin-ustun qilib yuboradi. Baxtini o‘zingizniki kabi qabul qilasiz, boshingiz quvonchdan aylanib ketadi. Dardidan mahzun xayollarga cho‘masiz-u, lekin asta-asta joningiz isiy boshlaydi, uning kechinmalarida yashay boshlaysiz. Yuragingizning allaqaerlarida yonmagan chiroqlar nogoh porlab ketadi. U kuylagan dardda nekbinlik bor, hayotga, odamlarga muhabbat bor. U — sizning qachon-qachonlardir boshdan kechirgan g‘alayonli damlaringiz ifodasi. Hijron kechalarida uning suvratiga topinib, she’rlaridan taskin topgan, matonat darsini olganlar bu shoirani vafo kuychisi, deya e’zozlaydilar. Zulfiya lirikasidagi samimiyat, rostgo‘ylik, o‘quvchiga nisbatan ehtirom tuyg‘usi benihoya kuchli. Shu bois muhabbat haqida u ne desa, hammasi yarashiqli. Uning qalami so‘ylaganlariga o‘quvchi ishonadi, o‘ziniki kabi qabul qiladi. She’riyat insondan kuchli ma’naviyatni, bardoshu chidamni talab qiladi. Shoshmashosharlik, yozilgan narsaning siyohi qurimasdan turib, nashrma-nashr yugurish, avvalo, ijodkorning o‘zi uchun zarar. Shoiraning she’r daftariga ko‘zim tushganida, shu ma’noda, katta bir ibrat ko‘raman. Yozilgan, o‘chirilgan, tuzatilgan, ustidan chiziq tortilib, sahifa orqasida qayta tiklangan, daftar hoshiyalariga tizilgan bandlar… U she’rlar boshlangan kun bilan so‘nggi nuqta qo‘yilgan vaqt orasida ba’zan yillab masofa yotadi… Nihoyat she’r oqqa  ko‘chiriladi. Shunda shoiraning charaqlab ketgan ko‘zlarida hali ham ilhomning olovi, fayzi maftunkor bir joziba bag‘ishlab turganini ko‘p ko‘rganman. Bunday kunlar u: “Yuringlar, she’r o‘qiymiz”, deya barchamizni xonasiga taklif etardi… Qulog‘imda uning “Rashk” she’ridagi mardona, samimiy savoli jaranglaydi: Xalq qalbiday bir go‘zal she’rga Yetarmikan hech qachon kuchim?! Qaniydi, bu savol hammamizning ham dilimizda bot-bot takrorlanib tursa! Shunda e’lon qilinayotgan she’rlar orasida xom-xatala, ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshashlari kamroq bo‘larmidi… — Har bir o‘quvchi qalbida bir shoir yashaydi. Har bir inson o‘zicha shoirona olamga ega. U qo‘liga qalam  olib, biror satr she’r yozmasa-da, adabiyotni, so‘zni nozik tushunadi. Shuning uchun ham bunday muxlislarga har qanday pala-partish tizmalarni taqdim etish odobdan emas. Bu mas’uliyatsizlik va o‘zini izzat qilmaslikdir. Mas’uliyat, talabchanlik — san’atkor uchun bosh mezon, — derdilar ustoz. Zulfiyaning matbuot yuzini ko‘rayotgan asarlari mana shu aqidaga binoangina nashrga tavsiya etilardi. Shunday daqiqalarda uning Hamid Olimjon bilan birga tushgan suvrati ko‘z o‘ngimda jonlanadi. Palak. Palakning kashtalari chodir-chaman. Hamid Olimjon oppoq kitelda. Bir qo‘lini tizzaga tiragan. Mag‘rur, xiyol jilmaygan. Ijodi, hayoti barq urib gullagan kamolot yoshida. Go‘yo hozir gumburlatib she’r o‘qiy boshlaydi. U bilan yelkama-yelka atlasday sochlari silliq taralgan, navniholday Zulfiya turibdi. Xayolchan. Ma’sum. U so‘zning inja xayollariga g‘arq. Rafiqining ovozini tinglayotganday… Shu nozik yelkalarga qulagan hijron tog‘i qanchalar zalvorli edi! Dahshatli edi! Bu bahaybat, qora hijron tog‘i yuk ko‘rmagan yelkalarni ezib tashlay olmadi! Bu g‘am-anduh bilmagan soz kimdan quvvat oldi? Bu yelkalarga qanday ulug‘ qudrat madad bo‘lgan edi? Baxtiyor sevgini kuylardi sozim, O‘lim xanjariga tegdiyu sindi. Hijron faryodiday sovuq ovozim, Nahot, lirikaning yolqini tindi! Zulfiyaning tayanch tog‘i — xalqi, ustozlari, safdoshlari, do‘stlari. Uning bardoshi “Kuyaman-u, bo‘lmayman ado”, deb yozganida qanchalar haq, qanchalar sevimli, qanchalar ardoqli… Zulfiya opa maqtovini ham, to‘g‘ri maslahatini ham ayamasdi. Yaxshi she’r bilan ko‘ringan shogirdi satrlarini faxr bilan takrorlab, ko‘zlari bilan erkalashni yoqtirardi: “Umri uzoq bo‘lsin!” Onaga o‘xshab yurakdan alqab qo‘yishni ham bilardi. Zulfiya she’riyati yaxshi insonlarga Vatan bo‘lgan tuproqqa qasida. Uning yozganlari ezgulikka to‘la yorug‘ olamning qo‘shig‘i. Uning g‘ururi, sururi, butun iztirobi, dardlari, kuyunchi, suyunchi, osuda xayollari, dolg‘ali tuyg‘ulari balqib yotgan betakror ijodiyoti xalqimiz mehnati, hayoti, kelajagining ajralmas bir parchasi. Uning bedorligi, beoromligi, ilhomi, hijroni, o‘chmas muhabbati — o‘z xalqining yurak zabtiga, tomir urishiga hamohang. Oydin HOJIEVA, O‘zbekiston xalq shoiri.