Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Maktab va oliy ta’lim muassasasi hamkorligi: Yoshlarni maktab davridan oliy ta’limga tayyorlash.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu hujjat, ayniqsa, maktab va oliy ta’lim muassasalari hamkorligini ri­vojlantirish, ular o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Darhaqiqat, bugungi kunda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga berilayotgan ta’lim-tarbiya, pedagoglarga bo‘lgan hurmat va e’tibor tobora  yuksalib bormoqda. Ustoz-murabbiylarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, iste’dodli o‘quvchilarni kashf etish, ularni o‘zlari qiziqqan hamda orzu qilgan kasbga yo‘naltirish ta’lim sohasining muhim vazifasiga aylandi.

Abdulla Qodiriy  nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutining “Ta’limda axborot texnologiyalari” kafedrasi bilan  G‘allaorol tumanining  44-umumta’lim maktabi o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda. Ushbu maktabda kafedraning filiali tashkil etilgan. Kafedra filial mudiri Ta’limda axborot texnologiyalari kafedrasi  o‘qituvchisi Sindorov Sadriddin. “Ta’limda axborot texnologiyalari kafedrasi” professor-o‘qituvchilari ushbu maktabda ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish va sifatini oshirish, o‘quvchi-yoshlarning o‘z iste’dodini to‘liq namoyon etishlariga har tomonlama ko‘maklashib, metodik yordam berish maqsadida mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etib  kelmoqda. O‘tkazilayotgan tadbir, hamda mahorat dars­lari maktabda iste’dodli o‘quvchilar ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Ular o‘z vaqtida kashf etilsa, to‘g‘ri yo‘naltirilsa, mahorati oshirilsa, chuqur bilimga ega bo‘lsa, kelajakda o‘z yo‘lini topishda adashmaydi, qiyinchilik va muammolarga duch kelmaydi.

Oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik  o‘quvchi-yoshlarda  maktabdalik paytidayoq oliy ta’lim haqida muayyan tasavvur paydo bo‘ladi, qiziqish uyg‘onadi, o‘z kelajagini yanada yorqinroq tasavvur eta boshlaydi.

Shu maqsadda joriy yilning  16 yanvar kuni  G‘allaorol tumani 44-umumta’lim maktabining 150 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari hamda o‘qituvchi-pedagoglari Jizzax davlat pedagogika institutiga tashrif-sayohat uyushtirdilar.

Tashrif doirasida institut yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i A. Pardaboev, bo‘lim mutaxassisi B.Nomozov, institut psixologi S. Nomozov, “Ta’limda axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri D.Jomurodov, katta o‘qituvchi J.Majidov, katta o‘qituvchi U.Ergashev, katta o‘qituvchi Sh.Pardaev, o‘qituvchi S.Sindorovlar Jizzax davlat pedagogika instituti  haqida 44-maktab o‘quvchilariga muayyan sohaga qiziqishi yuqori yoshlarni jalb etish, o‘quvchilarning o‘z layoqati va qobiliyatiga munosib yo‘nalishlarda o‘qishlariga kirishlari va  o‘z ustida ko‘proq ishlashi, o‘qishlari to‘g‘risida gapirib, institut faoliyati, yaratilgan shart-sharoitlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi.  Maktab o‘quvchilari Yoshlar bilan ishlash bo‘limi hamda “Ta’limda axborot texnologiyalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari yetakchiligida institutning zamonaviy jihozlangan kompyuter xonalari, o‘quv auditoriyalari, biologiya, ximiya, fizika laboratoriya xonalari,  madaniyat saroyi, majlislar zali, sport komplekslari, axborot resurs markazi, institut tarkibiy tuzilmasidagi “Qatog‘on qurbonlari” muzeyi bilan tanishtirib chiqdilar, pedagogik STEAM park va Inkubatsiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, ish jarayonini bevosita kuzatdilar. Amalga oshirayotgan texnik loyihalari bilan o‘quvchilar diqqatini tortgan institutning texnologik ta’lim yo‘nalishi iqtidorli talabasi B. Norboevning 3D printer hamda robototexnika bo‘yicha ijod namunalari namoyishi mazkur tashrifning bosh maqsadi bo‘lgan – o‘quvchi yoshlarni oliy ta’limga qiziqishlarini oshirishga asosiy turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

                                              Tashrif-sayohat  natijasida maktab o‘quvchilarining aksariyati Jizzax davlat pedagogika  institut talabasi bo‘lish xoxish-istagini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar va oliy ta’lim muassasasi haqida iliq taassurotlar bilan qaytishdi.