Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

Yangilanayotgan Konstitutsiyadan-yangi marralar sari

 O’zbek tilini o’qitish metodikasi kafedrasi o’qituvchisi Xoldorova Shohista Vatanimiz taqdirida konstitutsiyaning o‘rni beqiyosdir.   U davlatning asosiy qonuni hisoblanadi.Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev  ta’biri bilan aytganda Konstitutsiya xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri mahsuli, asriy qadriyatlarimizning beqiyos timsolidir.Konstitutsiyamizni ta’riflaganda, balki qoidalarini moddama-modda ro‘yobga chiqarish asosida uni hayotimiz qomusi deb bilishimiz va qadrlashimiz katta ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiyamizda xalqimizning huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati, erkin va farovon hayot qurishdek orzu-havasi o‘zining to‘liq ifodasini topgan. Unda hayotimizning garovi bo‘lmish tinchlik, osoyishtalik,totuv hayotning asoslari belgilab berilgan. Faxr va g‘urur bilan aytish mumkinki, yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar bevosita qonun ustivorligi tamoyiliga asoslangan. Jamiyatda tenglik va adolat hukm surar ekan xalq farovon yashaydi. Qonun xalq hokimiyatini amalga oshirish, jamiyatni boshqarish, davlat va fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy munosabatlarini tartibga solish vositasidir. Demak, huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, qalqoni ham, ko‘zi ham qonundir. Konstitutsiyada bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, hech bir odam ularsiz yashay olmaydi, negaki inson har kuni duch keladigan muammolar hal etilishi ham ko‘pincha mamlakat Asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bog‘liqdir. Konstitutsiya so‘zi lotin tilidan tarjima qilnganda “qoidalar” yoki “nizom” degan ma’noni anglatadi. Bu asliyatan tinch va farovon hayotimizni kafolatlovchi qoidalar majmuidir. Butun boshqaruv tizimida qonun roli va vazifasini kengaytirish, unga bo‘ysinib yashashni aholi turmush tarziga aylantirish demokratik davlatning sifat ko‘rinishi,fuqarolik jamiyatining beqiyos afzalligidir. Bobokolonimiz Amir Temur ta’kidlaganlaridek “Qonun hukmron joyda erkinlik bo‘ladi”. Insonlar belgilangan tatib-qoidalarga amal qilsa, ularning ishlari adolatli hal etiladi, jamiyatda erkinlik va sog‘lom huquqiy muhit shakllanadi. Ilmiy adabiyotlar o‘qish,ommaviy axborot vositalarini kuzatish jarayonida shu narsaga amin bo‘ldimki, ko‘p davlatlar Konstitutsiyasi nufuzli ekspertlar, deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, so‘ngra parlamentda qabul qilinadi. Bunday hujjatlar mutaxassis nuqtayi nazaridan yuqori baholarga sazovor bo‘lsa-da, unda xalqchillik, xalq ruhiyati yetishmaydi. Ayrim davlatlar hatto o‘z Asosiy qonunlarining referendumda, xalq ishtirokida qabul qilingani bilan faxrlanishadi. Albatta, bu eng oliy darajadagi qaror. Biroq bu jarayonda xalq oldida faqat ikki savoldan biriga javob berish imkonigina bo‘ladi: Konstitutsiya matnini tasdiqlash yoki rad etish.Ozchilik tomonidan tayyorlangan matnga,xalq o‘z munosabatlarini “ha “ yoki “yo‘q” javobi bilan bildirishadi,xolos. Aynan bizning yangilanayotgan shakldagi Konstitutsiyamizning o‘ziga xoslik tomoni ham shunshundaki, uning matni olimlar yoki mutaxassislar tomonidan ish joyida o‘tirib yozilmadi.Balki ikki marotaba xalq muhokamasida yurtdoshlarimiz xohish-irodasi bilan boyitildi. Shundan so‘ng konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Bu tajriba jahon xalqlarida hali kuzatilmagan olamshumul yangilik bo‘ldi.Avvallari konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib ,keyin xalq muhokamasiga qo‘yilgan. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Shaxsan o‘zim ham  oilam va farzandlarim kelajagi uchun daxldor shaxs sifatida mazkur loyihalarga ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib o‘tdim.Bildirilgan takliflardan har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy oldi, desak toʻgʻri boʻladi. Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga koʻpaymoqda. Yaʼni, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Shu bois, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, koʻlami va hajmidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida» deb oʻzgartirildi. Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, yaʼni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bogʻliqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi boʻlmish parlamentning rolini va oʻrnini, masʼuliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan. Yangilanayotgan konstitutsiya taraqqiy etgan davlat –yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtiradi. Yuqoridagi statistik axborotlardan kelib chiqib,baralla aytishimiz mumkinki,yangi konstitutsiya bu -tom ma’nodagi xalq konstitutsiyasidir.Chunki har bir yangilangan moddalarda xalqning oru-umidlari,ularning armonlari to‘la-to‘kis mujassam bo‘lgan.     Ma’lumki, davlat va jamiyat hayotida ba’zi bir narsalar bo‘ladiki, u Vatanimiz kabi yagonadir: bayrog‘imiz bitta, gerbimiz bitta, madhiyamiz bitta, shu qatori Konstitutsiyamiz ham bitta. Bularning har biri o‘z timsolida ona Vatanimiz, xalqimizning ezgu-maqsadlarini o‘zida aks ettiradi. Shu ma’noda Konstitutsiyamiz har bir fuqaro uchun bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz kabi muqaddasdir. Bosh qomusimiz qabul qilinishidan maqsad va vazifalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, muqaddima qismi quyidagicha fikrlar bilan boshlanadi.: “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi, inson huquqlariga va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga o‘z sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari ustuvorligini eʼtirof etib, har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda…. O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qilamiz va eʼlon qilamiz»[1] Yana muhim hamda xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etiladigan xususiyat – bu Konstitutsiyaning “O‘zbekiston xalqi” deb boshlanishidir. Bunday jumlalarni boshqa biron bir qonunda uchratmaymiz. Buning o‘zi ham xalq hokimiyatchiligining yorqin dalolati. Konstitutsiyamizda inson manfaatlari ustun qo‘yilgan. Asosiy qonunimizni sinchiklab o‘rgangan har bir shaxs bevosita guvohi bo‘ladiki, uning butun mazmun-mohiyati insonga xizmat qilishga yo‘g‘rilgan. Konstitutsiyamizning biron bir joyida “davlatning huquqi” yoki “fuqarolar davlat hoxish-irodasini bajarishi shart” qabilidagi qoidalar uchramaydi. Aksincha, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi” kabi davlatning majburiyatlarini uchratamiz. Konstitutsiyamiz o‘zining insonparvarligi bilan ham ajralib turadi. Unga ko‘ra voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi. Shuninngdek yangi konstitutsiyada,ta’limga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib,unga doir bir qator imtiyozlar ham keltirilgan.Xususan,ta’limga va ilm-fanga doir normalarning 2 barobarga oshirilgani hamda inklyuziv ta’limga urg‘u qaratilganligi e’tiborga molikdir. Bundan tashqari o‘qituvchining qadr-qimmati va maqomini himoyalash qonun miqyosida  belgilab qo‘yilganligi, aynan biz kabi o‘qituvchilarga faxr tuyg‘usini his qildiradi. Yangi konstitutsiyamizning yana bir e’tiborli jihati,inson huquq va erkinliklari ustuvorligidadir.Aynan bu ustuvorlik:har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilishi,” propiska”tizmi muammosiga barham berilishi,internetdan foydalanish uchun sharoit yaratilishi,sudlanganlik yaqin qarindoshlariga ta’sir qilmasligi kabi muhim bandlarda namoyon bo‘ladi. Men sudlanganlikning yaqinlariga ta’siri masalasiga alohida urg‘u qaratmoqchiman va hayotiy bir voqea bilan dalillashga harakat qilaman.Bundan bir necha yil muqaddam,yaqin bir qarindoshimiz ichki ishlar sohasiga o‘qish uchun hujjat topshirdi.Albatta bu ilm dargohiga kirish o‘z holicha oson emas.Bir necha suhbat jarayonlaridan o‘tib bo‘lgach,yakuniy bosqichda hujjatlarini qo‘liga tutqazishdi.Sababi esa:otasi shifokorlik kasbiy faoliyati jarayonida bir necha yil avval sudlangan ekan.Buni qarangki,otaning qilgan “ayb”i bolaning butun bir orzu-umidlaridan mahrum qildi. Aynan  farzandning ota uchun aziyat chekishi kabi vaziyatni taniqli yozuvchimiz Odil Yoqubovning avtobiografikasida ham ko‘rishimiz mumkin. Endi esa yangi konstitutsiyamizda bu kabi “tamg‘a”ga barham berildi.o‘ylaymanki,har birimiz hamda kelajak avlod o‘z bilim va imkoniyatlarimizni ishga solgan holda ,baland cho‘qqilarni zabt etishimiz mumkin.Bu yo‘lda bizga hech qanday xavf-u xatar yo‘q,aksincha  qonuniy huquqlarimiz yordam beradi. Qadimdan qonunshunoslikda “huquq, qonun hushyor, ogoh, g‘ayratli odamlar uchun yoziladi, g‘aflatda qolganlar uchun emas. Kim huquqlaridan foydalanmasa, ko‘rgan zarari uchun o‘zi aybdor” degan qarashlar mavjud. Shunday ekan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda kafolatlangan huquqlardan har birimiz o‘z o‘rnida foydalana olsak, hamisha, har yerda huquqlarimiz ta’minlanishiga erishamiz. Zero:Yangi konstitutsiya seniki,meniki ,barchamizniki. Xulosa o‘rnida shuni ta’kudlasimiz mumkinki,sen,men ya’ni barchamiz konstitutsiyada ko‘rsatilgan burch va majburiyatlarga amal qilsak,u esa kelajakda mamlakatimizni bundan-da obod,xalqimizni bundan-da farovon ,oilalarimizi esa bundan-da tinch bo‘lishini ta’minlaydi. Zero:Yangi konstitutsiya seniki,meniki ,barchamiznikidir.     Adabiyotlar: 1.O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish “ to‘g‘risida.