# Xotira muqaddas, qadr aziz..
Jizzax davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat fakulteti jamoasi marhum ustozlarni xotirlaydi.
Kunlar-kunlarni, yillar-yillarni quvib, bu ko‘hna charxi falak shu sirli koinot yaralganidan beri aylangani-aylangan. Ayni shu hodisa insonning abadiy – emasligini, shuurimizda esa xotira degan tushunchani paydo qilgan bo‘lsa, ne ajab. Negaki xotiragina o‘tganlarni eslash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, ya’ni uni yanada boyitish imkonini beradi. Xotira – odamlarning vafotidan keyin ham bu dunyoda yashashi uchun imkon beradigan birdan-bir makon. Odamlar – ortda qolganlar xotirasida yashashga intilish ilinji kishini tarbiyalaydi. Uni ezguliklarga, kishilarning biror-bir koriga yarab qolishga, umrni zoe ketkazmaslikka undaydi.
Shunday kishilar tirikligida ham qadr topadi. Xalq hech qachon yaxshi farzandlarini esdan chiqarmaydi. Xalqning xotirasiz yashashi aslo mumkin emas…
Endi kimki insonligini esga olmoqchi, umrning o‘tkinchiligini, bir lahza bo‘lsin, dildan his etmoqchi, hayotini bekorga o‘tkazmaslikni bilmoqchi bo‘lsa, pok ruhlar kezib yurgan muqaddas makonlarni, o‘zi uchun qadrli bo‘lgan ustozlari va yaqinlarini ziyorat qilsin.
Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir!!!
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati .