Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Vazir tabrigi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Madjidovning Ustoz va murabbiylarga bayram tabrigi

 Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz hamkasblar!

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga, Sizlar orqali butun tizimimizda foliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman! 

Sizlarning o‘quvchi va talabalarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komillikka intiluvchi shaxs sifatida tarbiyalash yo‘lidagi beqiyos xizmatingizni, o‘ylaymanki, barcha ota-onalar, qolaversa, butun xalqimiz juda yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Mamlakatimiz, davlatimiz uchun hal qiluvchi murakkab bir davrda sizlar bilan birga ta’lim sohasini tubdan o‘zgartirib, zamon talab qilayotgan darajaga ko‘tarishga erishmoqdamiz, deyishga yetarlicha asoslarimiz bor.

Shu o‘rinda, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning ustoz va murabbiylargi bo‘lgan ishonchlarini yuksak daraja qadrlagan holda, u kishining quyidagi fikrlarini Sizlarga eslatmoqchiman:

“Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining ilg‘or vakillari bo‘lgan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, hayotda o‘zini oqlagan maktab, oila va mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tizim samarasini oshirishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar”, degan edilar muhtaram Prezidentimiz.

Aziz ustoz va murabbiylar!

Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygan hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida ham qancha-qancha yangi islohotlar amalga oshirildi va to‘xtovsiz davom ettirilmoqda.

Jumladan, keyingi yillarda 12 ta yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi (Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, “Ipak yo‘li” Samarqand xalqaro turizm universiteti va filiallar).

Janubiy Koreyaning Puchong universiteti, Moskva po‘lat va qotishmalar institutining Olmaliq shahridagi filiali (Rossiya) o‘z faoliyatini boshladi. 2019 yildan Moskva muhandislik-fizika instituti (Rossiya) hamda Farg‘onada Latviyaning ISIA universitetining filiali faoliyat yurita boshlaydi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Amerika Qo‘shma Shtatining Vebster universiteti bilan birgalikda bir yillik magistratura dasturini amalga oshirishni boshladi. Keyingi yildan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent axborot-texnologiyalari universitetida MVA dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

2018-2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida 66 ta yangi bakalavriat yo‘nalishlari va 48 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlandi. Oliy ta’lim muassasalariga umumiy qabul kvotalari o‘tgan yildagiga nisbatan 30,0% ga oshdi. Talabalar qabulining yangi, shaffof va ochiq tizimi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3655-sonli qaroriga muvofiq 2018 yil 1 sentabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari tegishli ravishda tabaqalashtirilgan holda o‘rtacha 25 % ga oshirildi.

Xususan, fan doktori ilmiy darajasiga ega professorning ish haqi miqdori 38-44 foizga oshirilib, amaldagi 2 504 ming so‘m o‘rniga 3 460 ming so‘mni tashkil etadi hamda stajor-o‘qituvchining ish haqi miqdori o‘rtasidagi tafovut 2 baravarga oshiriladi.

Bularning barchasida Siz, azizlarning fidokorona xizmatlaringiz bor, albatta. Buning uchun barcha-barchangizga shaxsan o‘zim, qolaversa, butun vazirlik jamoasi nomidan o‘z minnatdorchilgimni bildiraman.

Siz, azizlarni 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, hayotda va mehnat faoliyatingizda baxt va omadlar yor bo‘lishini tilayman.

Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar! E’tiboringiz uchun rahmat!