Yashil to’lqin ekologik harakati yigitlari hasharda…
Bugun erta tongdan Jizzax shaxridagi barcha idora va tashkilotlar qatorida Jizzax davlat pedagogika institutida ham ommaviy hashar boshlab yuborildi. Institut jamoasi va talaba yoshlar uyushqoqligida, ichki va tashqi hududlar, ekinlar, ariqlar tozalandi. Instiut hovlisi daraxt va ko‘chat ekilgan joylar obodonlashtirilib, tartibga keltirilmoqda. Siz tasvirda ko‘rib turgan yigitlar xarbiy xizmatni o’tab tavsiya asosida o’qishga kirgan talaba yoshlardan iborat Yashil to’lqin ekologik harakati yigitlaridir. Erta tongdan Jizzax davlat pedagogika instituti hovlisida hasharni boshlab bergan Yashil to‘lqin ekologik harkat guruhi a’zolari ayni damda Paxtakor tumani “Oltinko‘l” mahallasiga hasharga jo‘nab ketishdi. Ta’kidlash joiz bugungi hasharda 1134 nafar yoshlar ishtirok etishdi.
Hashar xalqimizning qadimiy urf-odatlaridan hisoblanadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar yoki bir mahalla ahlining uy qurish, bog‘ barpo etish yoki ko‘cha-ko‘yni tartibga solish uchun birlashish amaliyoti xalqimiz madaniyatining bir qismi sanaladi. Hashar — har doim bayram, o‘zaro ko‘maklashish, qiyinchiliklar qarshisida jipslashish va birgalikda ularni yengib o‘tishidir. Xalqimizning ming yilliklarga borib taqaluvchi qadimiy qadriyatlaridan biri bu hashardir. Ajdodlarimiz bu an’anani doimo ulug‘laganlar.
Ayni shu damlarda hashar tadbirlarining birdamlik, ahillik ezgulik va poklik ramzi ekanligi yana bir namoyon bo‘lmoqda. Bir sinfga jam bo‘lib saboq oladigan yigit qizlar bugun xuddi shunday birdamlikda o‘z ilm maskanlarini poklamoqdalar. Ko‘pning ko‘magi bilan yig‘ilib qolgan ba’zi yumushlar oson hal bo‘lmoqda. Ko‘pdan beri rejalashtirilgan ishlar amalga oshmoqda.
Mehr-oqibat, birodarlik namunasini aynan hashar kabi xayrli tadbirlarda ko‘rinadi. Demak, hashar barchamiz uchun jonli ibrat va tarbiyaning o‘zginasi.
Hashar tadbirlari davom etmoqda. Ko‘ngillar va maskanlar pokligiga sabab bo‘lguvchi xayrli ishlarda faol bo‘laylik, aziz yurtdoshlar!
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati