Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Xalq dostonlarida ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni va ma’muriy-    hududiy bo‘linishni ifodalovchi leksemalar

 Manzura Tulaganovna Narmatova-o‘qituvchi Jizzax davlat pedagogika universiteti Tayanch so‘zlar: doston,leksema,baxshi,lug‘at,hukm,farmon,rusum,yurt,mamlakat, o‘lka Annotatsiya: maqolada “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlarida ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni va ma’muriy-hududiy bo‘linishni ifodalovchi leksemalar tahlil qilingan.          Xalq dostonlari matnida, xususan, biz o‘rgangan “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlari tilida ijtimoiy-siyosiy turmushning keng qamrovli sohalariga oid leksemalar faol qo‘llangan. Shulardan biri ijtimoiy- siyosiy munosabatlarni bildiruvchi leksik birliklar (masalan, hukm, farmon, rusm, ehson, tuhfa, xiroj, peshkash, qonun, qoida, tabarruk, hidoya) sanaladi. Biz quyida ularning ayrimlarini ko‘zdan kechiramiz: etimologik xususiyatlari va qo‘llanish holatlari haqida qisqacha to‘xtalamiz, Hukm: asli etimologik jihatdan arabcha so‘z bo‘lib, hukmronlik; hokimiyat, boshqarish; tuzum, qaror, to‘xtam, buyruq; fikr, tushuncha kabi ma’nolarni ifodalashga xizmat qiladi. Biz o‘rgangan “Malika ayyor” dostoni matnida bu leksema faqat to‘rt o‘rinda, uning hukmiman shakldoshi esa bir marta qo‘llangan: Bunda kelib g‘arib bo‘lib zor-zor, Ne qilsa hukmi bor qudratli jabbor (M.A.48-bet); Bu so‘zni aytib yig‘lab haqqa zoru-zor, Ne qilsa hukmi bor qudratli jabbor (M.A.82-bet); Uch oshiq hukmiman yutib Zargarbek, Oq yuzidan oldi olti muchchini (M.A.116-bet). Lisoniy dalil sifatida berilgan ushbu matnlarning birinchisi va ikkinchisida (hukmi bor juftligida) “biron ish qilish izm-ixtiyori o‘zidaligi”, “imkoniyat borligi” ma’nolari ustuvorlik qilgan. Uchinchi misolda (matnda) ko‘chma “buyruq, amr” ma’nosi o‘z ifodasini topgan. Mazkur leksema biz o‘rgangan “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida uchramadi. Farmon: forscha so‘z bo‘lib, “amr, hukm: ko‘rsatma, qat’iy-qaror” ma’nolarini ifodalaydi. Adabiy-badiiy asarlarda, xalq og‘zaki ijodi namunalarida bu leksema biror ishning bajarilishi haqida beriladigan buyruq, hukm, topshiriq: amr ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi. Biz o‘rgangan “Malika ayyor” dostonida mazkur leksemaning farmoni, farmonim, farmonlar kabi shakldoshlari ikki-uch martadan qo‘llangan. Shunday bo‘ldi menga haqning farmoni, Sizni tuqqanlarning bormi armoni. (M.A.52-bet); Yor axtarib judo bo‘ldim yurtimdan, Hasratman ayrilib mamlakatimdan, necha shahar erdi hukmi farmonim, Shu g‘urbatga soldi bir go‘zal zolim (M.A.156-bet). Keltirilgan matnlarning dastlabkisida Gulqiz oyimning Avazxonga qilgan murojaatida: – Qaysi mamlakatdan kelding? degan so‘roviga xudoning sifatlaridan biri (haq) leksemasi qo‘llangan va “to‘g‘ri, rost, chin, haqqoniy” ma’nolari ifodalangan. Ikkinchi matnda esa “hukmronlik qilmoq ma’nosi ustuvorlik qilgan. Biz o‘rgangan “Bahrom va Gulandom” dostonida farmon leksemasi qo‘llanmagan. Rusum, rasm-rusum. Bu leksema etimologik jihatdan arabiy bo‘lib “rasm” so‘zining ko‘pligi hisoblanadi; rasm va odatlar, rasm-rusumlar; qoida-nizomlar ma’nosida qo‘llanadi. Xalq dostonlari tilida va og‘zaki so‘zlashuv nutqida “rasm-rusum”; ayrim hollarda “rasm” shaklida faol ishlatilgan. Biz o‘rgangan “Bahrom va Gulandom” dostonida bu so‘z birligi uchraydi. Buni Bulg‘or shahridan xat (noma)ni olib kelgan elchilarning Fag‘fur shoh darvozabonlariga aytgan quyidagi gapidan bilsa bo‘ladi, unda qo‘lidagi xatni birovga bermasligi, elchilikdagi qat’iy rasm-rusum sir saqlanishi va faqat podshohning o‘ziga xatni berishining epik bayoni berilgan: Elchi aytar: “Bunday ishlar bo‘lmaydi, Elchining odati shunday bo‘ladi! Har kimga xatni berib yurmaydi, Shunday bo‘lsa agar maqsadin Podshoning o‘ziga tegadi xating, Biz elchining shudir rasmi, odati (B.G.60-bet); Elning rasimi shunday bo‘larmi, Hech zamonda kuchukka xun olarmi? Bu kuningdan o‘lsang bo‘lar, Qosimshox (B.G.88-bet). Merganlar aytdi: – Avazjon! Boshqaga bandargoh bo‘lsa, kirib chiqmoqqa rasm bo‘lsa, senga kasm bo‘ldi (M.A.46-bet). Keyingi berilgan har ikkala matnlarda rasm leksemasi “muayyan urf-odat, rasm-rusum, qoida-nizom” ma’nosida qo‘llanganligi sezilib turibdi. Umuman, “Bahrom va Gulandom” dostonida mazkur leksemaning rasmi 2 marta, rasmin, rasmini kabi variantlari bir martadan qo‘llangan va ularning hammasi yuqorida qayd etilganlarni o‘zida ifoda etgan. Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni shakllantirish va rivojlantirishda ma’muriy-hududiy bo‘linishni ifodalovchi leksemalarning o‘z o‘rni, vazifalari mavjud. Aslida bu tipdagi so‘z birliklarining paydo bo‘lish tarixi muayyan jamiyatning paydo bo‘lishi davriga borib taqaladi. Jamiyat bor joyda muayyan ma’muriy-hududiy bo‘linishlar va ularning o‘ziga xos tartib- qoidalari ustuvorlik qiladi. Agarda jamiyat tarixiga nazar solinsa, ilk mulkchilik shakllana boshlagan davrdayoq mavjud hududlar ham mulkiy ko‘rinish tarzida asta-sekin taqsimlanib borgan. Bularning hammasi ijtimoiy-siyosiy hayotda va uning tilida o‘z izini qoldirgan. Ma’muriy hududiy birliklarni nomlashda eng avvalo, muayyan joyning xususiyatlari, jamiyatdagi o‘rni va istiqomat qiluvchilarning o‘ziga xos va mos jihatlari nazardan qochirilmagan. Ayni lingvistik va ekstrolingvistik holatlar aholi orasida ma’muriy-hududiy bo‘linishni ifodalovchi leksemalarning kundalik-maishiy hayotda, turmush tarzida faol qo‘llanishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan. Biz quyida shu tipdagi leksemalarning xalq dostonlarida qo‘llanishini qisqacha ko‘zdan kechiramiz. Yurt: leksema sof turkiycha so‘z bo‘lib, uning qo‘llanilish miqyosi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Ona tilimizning izohli lug‘atida uning ikki xil ma’nosi mavjudligi qayd etilgan: 1. Ma’lum xalq, aholi yashab turgan joy, o‘lka, mamlakat, vatan; 2. Biror mamlakat yoki o‘lkada yashovchi xalq; el; aholi (O‘TIL, V, 93-bet). Mazkur ma’nolardagi leksemalar tahlilga jalb etilgan ikkala doston matnida ham ko‘plab uchraydi. Bu o‘rinda ayrim misollar keltirish bilan chegaralanamiz: Chambilning yurtiga, Go‘ro‘g‘lining ustiga qo‘shin tortib borayotgan edi (M.A. 28-bet); Xurum yurtidan kelgan qancha amaldor, otlanib shu zamon safda amaldor… (B.G 115-bet); Chin shahri degani ajoyib yerdir, Bir g‘ulg‘ula bul ham katta shahardir, Bu yurtlarning bunda egasi bordir, Yetdik deb, Bahromning ko‘ngliga keldi (B.G 55-bet); Sabl qilding, Torkistonday yurtingni, Tashlab ketding bunday mamlakatingni… (M.A. 121-bet). Bu o‘rinda ta’kidlash lozimki, yurt leksemasining “Malika ayyor” dostonida yurtga, yurtda, yurtimizda, yurtini, yurtingni, yurtimizga kabi 70 ga yaqin, shuningdek, “Bahrom va Gulandom” da 45 ga yaqin shakldoshlari qo‘llanilganligi aniqlandi. Ularning hammasida ham yuqoridagi ta’kidlangan ma’nolar o‘z ifodasini topgan. Yana bir lisoniy holat kuzatildi: Juda ko‘pchilik matnlarda yurt leksemasi o‘lka, mamlakat, vatan, el, xalq kabi so‘zlari bilan ma’nodoshlik qilgan sinonimlik vazifasini bajargan. Misollar keltiramiz:
  1. 1. Yurt (mamlakat,el so‘zlari orqali sinonimlik): Muning podsholigini bildi. Muning birovi Rum mamlakati podshosi ekan, birovi Chin-Mochin podshosi ekan, – dedi (M.A. 65-bet); Ne sababdan chiqding Chambil elingdan, yo‘l bo‘lsin, Avazjon, qayga borasan? (M.A. 42-bet).
  2. 2. Yurt (el, xalq so‘zlari orqali sinonimlik): El-u xalqing senday bekka intizor (M.a, 159-bet); El-u xalqingni esingga oldingmi, Ul sababdan, bolam, ko‘ngling bo‘ldingmi (M.A. 159-bet).
  3. 3. Yurt (vatan, xalq leksemasi orqali sinonimlik): So‘zimni eshitgin shohim muqarrar, Otim yo‘lchi, o‘zim yurgan qalandar. Tarki dunyo qildim, Vatan ne darkor (M.A. 92-bet).
Mamlakat: arab tilidan o‘zlashma sifatida kirib kelgan mazkur leksema “salatanat, davlat, podshohlik” (O‘TIL, II, 534-bet) ma’nolarini bildiradi. Biz o‘rgangan xalq dostonlari matnida bu leksema faol qo‘llangan. Xususan, “Malika ayyor” dostonida mamlakat, mamlakatdan leksemalari to‘rt martadan, mamlakataningni uch marta, shuningdek mamlakatga, mamlakati, mamlakatidan, mamlakatim, mamlakatimdir, mamlakatimni, mamlakating, mamlakatni, mamlakatning kabi variantlarining har biri bir martadan qo‘llangan. Ularning hammasida ba’zan saltanat, ba’zan davlat yoki podshohlik ma’nolarini ifodalash ustuvorlik qilgan. Fikrimizni dalillash maqsadida ikkita matn keltirish bilan chegaralanamiz: Buni Go‘ro‘g‘li sulton ko‘rib, oshiqi beqaror bo‘lib, ul parizodga qarab: – Asli joying, mamlakating qaerda? – deb so‘rab turibdi (M.A.8-bet); Chin-Mochin shahrida mamlakatimdir, Xon qalandar deydi mening otimni, izlab chiqdim Malika parizotimdi (M.A.63-bet). “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida mazkur leksemaning qo‘llanish darajasi biroz pastroq. Aniq statistik ma’lumotlarning tasdiqlashicha, mamlakat leksemasi, mamlakatga, mamlakatda, mamlakatdan, mamlakatini kabi variantlari ikki martadan, shuningdek, mamlakati, mamlakatim, mamlakatingni, mamlakatlaridan singari shakllarining har biri bir martadan qo‘llanganligi aniqlandi. Ularning deyarli hammasida muayyan davlat (mamlakat), saltanat va shohlik kabi ma’nolarni ifodalash ustunlik qilgan. Misollar keltiramiz: Bu yerdan bir qizni olib ketarman, mamlakat, yurtima men ham yetarman (B.G.63-bet); Necha kun, necha tun, unda yurarman, Mamlakatim tog‘-u toshin ko‘rarman, Javob bersang, ota endi borarman (B.G.15-bet) kabi. O‘lka: sof turkiy so‘z sifatida faol qo‘llanadi, mamlakat leksemasining sinonimi sifatida qo‘llanilishi mumkin. “Malika ayyor” dostonidan olingan mazkur matn bu boradagi kuzatishimizni dalillaydi: Chambil o‘lkalarim yodima endi, Salomat ko‘rarsan qizingdi, Chambilbelda sen ham yurgan to‘rasan (M.A.46-bet). Tarzing ko‘rdim bir mamlakat shunqori, Bul o‘lkaga nechuk tushdi guzori, Guzor solgan xonim qaydan bo‘lasan? (M.A.52-bet). “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida o‘lka leksemasi uchramadi. Xulosa shuki, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni va ma’muriy-hududiy bo‘linishni ifodalovchi leksemalar tilimizning oltin fondidan munosib o‘rin olgan. Ularning xalq dostonlari matnlarida qo‘llangan namunalarini to‘plash, etimologik va qo‘llanish xususiyatlarini o‘rganish alohida tadqiqot olib borishni talab qiladi  Adabiyotlar 1.B.G- Bahrom va Gulandom – Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886. 2.M.A.- Malika ayyor.- Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886. 3.O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,2-jild,2006. 4.O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,5-jild,2006.