Farsaxonova Dilafro‘z Rizaxonovna – JDPI dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Annotatsiya. Mazkur maqolada pedagogika oliy ta’lim muassasalarida “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” fanini o‘qitishda interfaol ta’lim texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar berib o‘tiladi.
Kalit so‘zlar. Tarbiyaviy ishlar metodikasi, metod, interfaol metod, ta’lim texnologiyasi, metodika, ta’lim, tarbiya, bilim, talaba, trening, kontakt, suhbat.
Abstract. This article provides methodical recommendations on the use of interactive educational technologies in the teaching of the subject «Methodology of educational work» in pedagogical institutions of higher education.
Keywords. Methodology of educational works, method, interactive method, educational technology, methodology, education, upbringing, knowledge, student, training, contact, conversation.
Annotatsiya. V dannoy state privedenы metodicheskie rekomendatsii po ispolzovaniyu interaktivnыx obrazovatelnыx texnologiy pri prepodavanii predmeta «Metodika vospitatelnoy rabotы» v pedagogicheskix vuzax.
Klyuchevыe slova. Metodika vospitatelnoy rabotы, metod, interaktivnыy metod, obrazovatelnaya texnologiya, metodika, obuchenie, vospitanie, poznanie, uchenik, obuchenie, kontakt, beseda.
Jamiyat taraqqiyotida tarbiya jarayonining ahamiyati beqiyos. Bunda insonni tarbiyalash, uni bilim olishga, mehnat qilishga undash va bu xatti-harakatini sekin-asta ko‘nikmaga aylantirib, tayanch kompetensiyalarni shakllantirib borish lozim. Bugungi kunda zamonaviy ta’lim modeli jamiyatda erkin fikrlovchi shaxsni shakllantirishga olib keladi. Bu esa hayotiy maqsadlarga ega va irodali, o‘z qadrini biladigan insonlarni tarbiyalash imkoniyatini beradi. Ta’lim va tarbiya muntazam ravishda zamon talablariga mos holda rivojlanib, yangilanib boraveradi. Shu o‘rinda uzluksiz ta’lim sharoitida ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida o‘zligini namoyon qila oladigan kompetentli kadrlarni tayyorlash vazifasi ustuvorlik kasb etadi.
Mazkur maqolada pedagogika oliy ta’lim muassasalarida “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” fanini o‘qitishda interfaol ta’lim texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar berib o‘tiladi.
Pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarini ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” fanining tarbiyalovchilik xarakteri yuqori hisoblanadi. Chunki talaba ushbu fan orqali kelgusi pedagogik faoliyatida tarbiyaviy ishlarni tashkil eta olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Tadqiqot doirasida fanni o‘qitishda interfaol ta’lim texnologiyalaridan foydalanilgan.
“Tarbiyaviy ishlar metodikasi” fanini o‘qitishda talabalarda ijtimoiy ongni shaklantirishning quyidagi metodlaridan foydalanish maqsadga muvofiq:
Muammoli tavsifdagi suhbat. Mazkur suhbat turi talabalar bilan tahliliy-izlanishli tarzda amalga oshiriladi. Savol-javobni tashkil etishda quyidagi shart-sharoitlarni hisobga olish zarur:
- a) savollar talabalar tasavvurga ega bo‘lgan ma’lumotlarga asoslanishi;
- b) savollar o‘qilganlarini mexanik qayta ishlab chiqish bilan cheklanuvchi javoblarni talab etmasligi;
- v) savollar mazmunining o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratish.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq qator muammoli tavsifdagi suhbatlarni amalga oshirish mumkin.
- Kommunikativ kompetensiyani rivojlantirish jarayonida quyidagi muammoli savollardan foydalanish mumkin:
- nega insonlar o‘zaro muloqot qilishga ehtiyoj sezadilar?
- boshqalarning fikrlarini diqqat bilan eshita olish uchun kishida qanday sifatlar mavjud bo‘lishi lozim?
- sizga qanday holatda suhbatdoshingizning fikrini tinglash qiyinlik tug‘diradi?
- nima uchun ba’zi insonlar o‘z nuqtai nazarlariga qarama-qarshi fikrlarni qabul qila olmaydilar?
- do‘st bo‘lish uchun, albatta, bir xil yoshda bo‘lish shartmi?
- ikki kishi bir-birini yoqtirmasa, do‘stlashishi mumkinmi?
- do‘stlar bir-biriga yolg‘on gapira oladimi?
- suhbatdoshingizdagi qanday sifatlarni qadrlaysiz?
- muomala odobi deganda nimani tushunasiz?
- so‘zlashuv odobi haqida qaysi Sharq mutafakkirlarining fikrlarini bilasiz?
- Milliy va umummadaniy kompetensiyalarni rivojlantirish jarayonida esa quyidagi muammoli savollarni hal etishga e’tibor qaratilishi lozim:
- a) milliy madaniyatning umumbashariy ahamiyati qanday jihatlarda namoyon bo‘ladi?
- b) madaniy jihatdan turli-tumanlik ijobiy tavsifga egami yoki salbiy?
- v) submadaniyatni qadriyat sifatida qabul qilish mumkinmi? (submada-niyat lot. sub – “ost” jamiyatshunoslik, antropologiya, madaniyatshunoslik atamasi bo‘lib, jamiyat madaniyatining keskin farqlanuvchi bir qismini anglatadi. Submadaniyat ichida o‘ziga xos kiyinish, jargon, xatti-harakat va boshqa madaniy normalar mavjud bo‘lishi mumkin).
- g) vatanga sadoqatlilik insonlarda qanday namoyon bo‘ladi?
- d) insonlarga mehr-oqibatli bo‘lishning hayotimizda tutgan o‘rni?
- ye) umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lishni izohlang.
- yo) pedagogning orasta kiyinishi va madaniy qoidalarga rioya etishini qanday tushunasiz?
- j) hayot tarzingizda sog‘lom turmush tarziga qanchalik amal qilasiz?
- Millatlararo tolerantlikni rivojlantirish bilan bog‘liq suhbatlar jarayonida quyidagi muammoli savollar taqdim etilishi mumkin:
- a) o‘zga millat vakillariga nega hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim?
- b) boshqa millat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlarini o‘rganish va ularni qabul qila olishning zaruriyati nimada?
- v) milliy biqiqlik qanday oqibatlarga olib keladi?
- g) “milliy g‘urur” bilan “millatchilik” tushunchalarini izohlab bering.
- Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini rivojlantirish uchun suhbat jarayonida quyidagi muammoli savollar bilan talabaga murojaat qilish mumkin:
- a) jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisa va jarayonlarga daxldorlik hissi nimalarda namoyon bo‘ladi?
- b) jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisalarda faol ishtirok etish uchun qanday yo‘l tutish lozim?
- v) talabaning qanday fuqarolik burch va huquqlari mavjud va siz unga qay darajada amal qilasiz?
- g) mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala hamda huquqiy madaniyatga rioya etishni qanday izohlaysiz?
- Shaxs sifatida o‘zini-o‘zi rivojlantirish kompetensiyasini tarkib toptirish jarayonida quyidagi muammoli savollardan foydalanish mumkin:
- a) talaba doimiy ravishda o‘zini-o‘zi jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish uchun nima qilish lozim?
- b) talaba uchun kamolotga intilish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish qanchalik darajada muhim?
- v) o‘z xatti-harakatini muqobil baholashni qanday izohlaysiz?
- g) inson hayotida mustaqil qaror qabul qila olish qanday o‘rin tutadi? Siz har qanday vaziyatda mustaqil qaror qabul qila olasizmi? Qaror qabul qilishda kimning fikriga ko‘proq tayanasiz (o‘zingiz, ota-onangiz, ustozlaringiz, o‘rtoqlaringiz, atrofdagilar)?
“Sinf jamoasini tashkil etish va tarbiyalash, o‘quvchilar jamoasini shakllantirish usullari” mavzusini o‘qitishda faoliyat jarayonida ijtimoiy xulq tajribalarini rivojlantirishning quyidagi metodlaridan foydalanish maqsadga muvofiq:
“Trening” metodi. Ta’limning faol metodlari orasida trening yetakchi o‘rin egallaydi. Uning yetakchi tamoyillari sifatida sub’ekt-sub’ekt, muammolilik, faollik, jamoaviylik. Ijtimoiy-psixologik treningning bosh maqsadi – kasbiy muloqotda shaxslararo va kasbiy xulq-atvor kompetentligini rivojlantirishdir. Keng ma’noda ijtimoiy-psixologik trening deganda, muloqot sohasida egallanadigan alohida bilim va ko‘nikmalar, ularni korreksiyalashga muvofiq keluvchi ish shakllari tushuniladi. Treningning yana bir muhim xususiyati insonlarning o‘zaro munosabati jarayonini qabul qilingan qarorlarni, tanlangan harakatlar va ishlarni amaliyotga tatbiq qilishda sinab ko‘rishga imkon beradi.
“Kontakt” – jamoaviy hikoya tuzish treningi
Trening maqsadi:
1) ishtirokchilarni bir-biri bilan ruhan yaqinlashtirish;
2) do‘stona munosabatni va ijodiy muhitni yuzaga keltirish;
3) talabalar o‘rtasidagi ruhiy to‘siqlarni yengishga o‘rgatish.
Kutiladigan natija: mazkur trening o‘qituvchi va talabalar jamoasi, uning tabiati, ijodiy imkoniyatlari, qobiliyatlari, ishga munosabatlari, shuningdek, pedagogik jarayonda kim bilan qanday ishlash, nimaga e’tibor qaratish, kimga nimada yordam berish, kimni qo‘llab-quvvatlash kabilarni bilishga imkon yaratadi.
Mashg‘ulotni o‘tkazish tartibi: mashg‘ulot boshlanishidan oldin o‘qituvchi iltimosiga ko‘ra talabalar xonaning kiraverish joyida maxsus stolga tayyorlab qo‘yilgan raqamlar yozilgan qog‘ozlardan bittadan tanlab oladilar (raqamli qog‘ozlar talabalar soni bo‘yicha tayyorlanadi) va doira shaklida qo‘yilgan stullarga borib joylashadilar.
Talabalar o‘z joylarini egallagach, o‘qituvchi ular bilan tuziladigan hikoyaning mavzusini kelishib oladi yoki o‘qituvchining o‘zi biron bir mavzu taklif etadi (hikoya mavzusi talabalarning yoshi, qiziqishlarini hisobga olgan holda sarguzashtli, hayotiy yoki yoshlar hayoti, odob-ahloqi haqida bo‘lishi mumkin).
Mashg‘ulot talabalardan birining muayyan yoki tanlangan mavzu asosidagi hikoyasidan boshlanishi mumkin (uncha faol bo‘lmagan guruhlarda mavzu bo‘yicha hikoyani o‘qituvchining o‘zi boshlab berishi mumkin). Hikoyani boshlagan talaba, uning eng qiziqarli joyida so‘zlashdan to‘xtab, “Hikoyaning davomi … raqamli talabada” deydi. Raqami ko‘rsatilgan talaba hikoyani (voqeani) to‘xtagan joyidan (mavzudan chiqmagan holda) davom ettiradi. Bu talaba ham avvalgi talaba kabi hikoyaning eng qiziqarli joyida to‘xtab “Hikoyaning davomi … raqamli talabada” deydi. Mos raqam ko‘rsatilgan talaba hikoyani (voqeani) kelgan joyidan davom ettiradi. Hikoyani so‘zlash, davom ettirish davradagi talabalarning har biri ishtirok etmaguncha davom etadi.
O‘qituvchi talabalarning hikoyalari bir-biriga mantiqan bog‘liq va mazmunga ega bo‘lishini kuzatib boradi hamda mavzudan, mazmundan chetlanish bo‘lsa, bu holatni to‘g‘rilab boradi. Hikoya tuzilgach, o‘qituvchi barchaga minnatdorchilik bildiradi va kerakli tavsiyalarni beradi.
Mazkur metod asosda talabalar o‘rtasida o‘zaro ijobiy munosabatlarni tarkib toptirish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala madaniyatiga ega bo‘lish layoqatlarini rivojlantirishga imkoniyat yaratiladi. Talabalarda insonparvarlik, kamtarlik, xushfe’llik, tartiblilik, mehribonlik, vazminlik kabi ma’naviy-axloqiy sifatlar yuksaltiriladi.
“Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati” mavzusini o‘qitishda esa mashq va o‘rgatishning quyidagi metodlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.
“Qadam-baqadam” treningi
Trening maqsadi: talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyalanganlik darajalarini aniqlash.
Treningdan kutiladigan natija: talabalar bir-biriga qarama-qarshi so‘zlarni aytish orqali tanishadilar, ularning hayotdagi o‘rnini aniqlaydilar, bu so‘zlarni o‘z faoliyatlarida qo‘llash darajasini belgilaydilar.
O‘tkazish tartibi: mashg‘ulot davomida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ish bir qadam deb olinadi. Har bir qadamda talabalar biron-bir faoliyatda ishtirok etadilar yoki ish bajaradilar. Bunga misol tariqasida, “Bir-biriga qarama-qarshi ma’noli so‘zlarni ayt” shaklida mashg‘ulotni o‘tkazish tartibini keltirib o‘tish mumkin:
1-qadam – talabalar o‘qituvchi tomonidan tarqatma materialda yozilgan so‘zlarni diqqat bilan o‘qib chiqishlari va har birining qarshisiga ahamiyati bo‘yicha qarama-qarshi bo‘lgan so‘zlarni yozishlari zarur:
kamtarlik |
– manmanlik |
fidoiylik |
– xudbinlik |
adolat |
– adolatsizlik |
mehribonlik |
– bemehrlik |
ziyraklik |
– loqaydlik |
rahmdillik |
– berahmlik |
saxiylik |
– ziqnalik |
erkinlik |
– qaramlik |
mehnatsevarlik |
– dangasalik |
xushfe’llik |
– badfe’llik |
2-qadam – talabalardan har bir so‘zga ta’rif berishlari so‘raladi.
3-qadam – guruhlarga bo‘linib, keltirilgan so‘zlar ishtirokida hikoya yoki ertak tuzish tavsiya etiladi.
4-qadam – guruhlarda bir-birlarining hikoyalari (ertaklari) yuzasidan savol-javoblar o‘tkaziladi.
5-qadam – guruh ishlari o‘zaro baholanadi.
6-qadam – o‘qituvchi mashg‘ulotni yakunlaydi.
Mazkur metod asosida talabalarda vatanparvarlik, insonparvarlik, shirinsuxanlik, rahmdillik, bolalarga muhabbat va ular haqida qayg‘urish, tartiblilik, talabchanlik, uddaburonlik, mehnatsevarlik, fidoyilik kabi ma’naviy-axloqiy sifatlar hamda kamolotga intilishi, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash, jamiyatdagi voqea-hodisalarga daxldorlikni his qilish layoqatlari rivojlantiriladi.
Mavzuni mustahkamlashda
“Panorama” treningidan foydalanish maqsadga muvofiq.
Trening maqsadi: talabalarni aniq bir muammoni yakka holda (yoki kichik jamoa bo‘lib) fikr yuritib hal etish, yechimini topish, ko‘p fikrlardan zarurini tanlash, fikrlarni umumlashtirish, qo‘yilgan muammo yuzasidan aniq tushuncha hosil qilish, shuningdek, o‘z qarashlarini asoslay olishga o‘rgatish.
Treningdan kutiladigan natija: talabalar erkin, mustaqil va mantiqiy fikrlashga; jamoa bo‘lib ishlashga, izlanishga; fikrlarni jamlab, ulardan nazariy va amaliy tushuncha hosil qilishga; jamoaga o‘z fikrini o‘tkazishga, uni ma’qullashga; qo‘yilgan muammoni yechishda va mavzuga umumiy tushuncha berishda o‘tilgan mavzular bo‘yicha egallagan bilimlarini qo‘llay olishga o‘rganadilar.
Mashg‘ulotni o‘tkazish tartibi. O‘qituvchi mashg‘ulotni milliy tarbiyaning mazmunini yorituvchi fikrlar bilan boshlaydi. Yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tahdidlar va xatarlarga nimalarni qarshi qo‘yish mumkinligini ta’kidlaydi. Jumladan, hushyorlik, yoshlarni g‘oyaviy qurollantirish, mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, milliy mentalitet-ning mohiyatini oddiy so‘zlar, hayotiy misollar bilan tushuntiradi, talabalar axborot tajovuzi mohiyati, milliy tarbiyaga oid bo‘lgan Sharq mutafakkirlarining qarashlari haqida ma’lumotlar bilan tanishtiriladi. Ularda millat kelajagi uchun mas’uliyatni shakllantirish, iroda, e’tiqodni mustahkamlash, ongli yashashga o‘rgatishga e’tibor qaratiladi.
O‘qituvchi mashg‘ulotning asosiy mavzusi bo‘yicha yo‘naltiruvchi so‘zini muhtaram prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning quyidagi fikri bilan boshlaydi: “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”. Hozirgi kunda yoshlarda milliy mentalitet, ma’naviy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirishga katta e’tibor qaratilayotgani haqida fikr bildiradi va shu sababdan mashg‘ulot mazmunini “Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati” mavzusi orqali yoritish zarurligini tushuntiradi.
Kirish so‘zidan so‘ng talabalar umumiy soniga qarab 3-5 kishidan iborat kichik guruhlarga ajratiladi (kichik guruhlar soni 4 yoki 5 ta bo‘lgani maqsadga muvofiq). So‘ngra talabalarga mashg‘ulotning maqsadi va uni o‘tkazish tartibi tushuntiriladi. Har bir kichik guruhga avvaldan tayyorlangan tarqatma materiallar tarqatiladi. O‘qituvchi guruh a’zolariga tarqatma materialdagi jadvalda yozilgan asosiy fikr “Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati” mavzusiga kiritilgan asosiy muammolar bilan tanishib chiqish va ulardan bittasini tanlashni taklif etadi. Tanlagan muammolar bo‘yicha ajratilgan bo‘limga o‘z fikr-mulohazalarini birgalikda yozma bayon etishlari so‘raladi. Topshiriqni bajarishda ularning o‘zaro munosabatlari chiziqlar yoki boshqa belgilar yordamida ko‘rsatiladi: jamoaning yagona yoki qarama-qarshi holatlari ishlab chiqiladi.
Talabalar ma’naviy-axloqiy sifatlarining rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichlari sifatida quyidagilar belgilanadi:
1) fikrning aniq, to‘g‘ri, ijtimoiy ahamiyatligi;
2) ma’naviy qadriyatlarga hurmatning barqarorligi;
3) shaxslararo o‘zaro munosabat tavsifi.
Fikrning aniq, to‘g‘ri, ijtimoiy ahamiyatligi individual faoliyatning integrativ-mazmunli yo‘nalganligi, mazkur faoliyat me’yorlari bilan bog‘liqlikda yuzaga keluvchi muammolarni hal etishda intellektual faoliyat harakatlari ahamiyati anglanishi sifatida tushuniladi. Tanqidiy fikrlovchi shaxs muammo yuzasidan shaxsiy qarorlar qabul qiladi va uni aniq dalillar bilan asoslay oladi.
Barqarorlik shaxsiy sifat tarzida atrof-muhit va ichki olam harakatini tashkillashtirishdir. Kishilar o‘z xulq-atvori nuqtai nazaridan turlicha barqarorlik darajasiga ega bo‘ladilar. Mazkur daraja ko‘p jihatdan ichki va tashqi ta’sirlarga bog‘liqdir. Ma’naviy qadriyatlarga hurmatning barqarorligi shaxsning milliy tarbiya mazmun-mohiyatini to‘liq anglashga imkon beradi, hayot va faoliyatning samaradorligini ta’minlaydi, uning rivoji va takomillashuviga yordam beradi.
Kommunikativ munosabat tavsifi talabaning turli ziddiyatli vaziyatlarni muvaffaqiyatli hal etishi, tengdoshlari bilan o‘zaro ijobiy munosabatlarga, birgalikda hamkorlikdagi faoliyatga tayyorligini talab etadi.
Mazkur ko‘rsatkichlar asosida talabalar ma’naviy-axloqiy sifatlarining rivojlanganligi namoyon bo‘lishi turli darajalari tavsifiy belgilari aniqlashtirildi:
- Yuqori daraja mezonlari: o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonish; tanqidiy fikrlash; boshqa ichki dunyosining o‘ziga xosligini e’tirof etish; o‘zgalar qayg‘usiga hamdard bo‘lish, olijanoblik, voqealarni emotsional baholash; o‘zini-o‘zi tanqid qilish, xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkinligini tan olish; milliy mentalitet va ma’naviy qadriyatlarni to‘liq anglagan holda ularni hurmat qilish.
- O‘rta daraja mezonlari: olam va uning turfa xilligini e’tirof etish, hayotiy vaziyatlarda muqobil xulq-atvor ko‘nikmalariga ega bo‘lish; ijtimoiy fikrni hisobga olgan holda qat’iy qarorlar qabul qilish; muloqotga erkin kirishish; milliy mentalitet va ma’naviy qadriyatlarni tushunish.
III. Past daraja mezonlari: muqobil fikrlarni e’tirof etish va ularning xato bo‘lishini anglay olmaslik; voqelikka nisbatan sust va befarqlik; shaxsiy fikrlari bilan bog‘liqlikda juz’iy qarorlar qabul qilish; tanqidiy fikrlay olmaslik; shaxsiy fikrini ochiq bayon etmaslik; o‘zaro birgalikdagi harakatga moyil bo‘lmaslik; milliy mentalitet va ma’naviy qadriyatlarni to‘liq idrok etmaslik.
Suhbatlar va so‘rovnoma jarayonida quyidagi savollardan foydalanildi:
1) maktab faoliyatida tarbiyaviy ishlarni to‘g‘ri tashkil etish uchun o‘qituvchida qanday sifatlar mavjud bo‘lishi lozim?
2) milliy tarbiyaning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga singdirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
3) maktab faoliyatida tarbiya usullarini tanlashga qo‘yiladigan qanday talablar mavjud?
4) do‘st bo‘lish uchun, albatta, bir xil yoshda bo‘lish shartmi?
5) maktabdagi tarbiyaviy ishlar tizimida sinf rahbari faoliyatini qanday tashkil etish mumkin?
6) sinf rahbarining tarbiyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga doir qanday usullar mavjud?
7) o‘quvchilar jamoasini shakllantirishda qanday omillar ustunlik qiladi?
8) sinf rahbari ota-onalar bilan ishlashda nimalarga e’tibor qaratishi zarur?
9) o‘quvchilarga tarbiyaviy ta’sir etish usullariga qaysilar kiradi?
10) sinf rahbarining maktab jamoat tashkilotlari bilan olib boradigan ishlari mazmuni nimalardan iborat?
Mazkur metod asosida talabalarda Vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xushmuomalalik, kamtarlik, bosiqlik sifatlari hamda o‘zini-o‘zi ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga intilish, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish, madaniy qoidalarga amal qilish, munosabatlarda muomala madaniyatiga ega bo‘lish layoqatlari rivojlantiriladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
- Mirziyoev Sh. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. – Toshkent: “O‘zbekiston” NMIU, 2017. 592 b. (27-28-bet)
- Abduqodirov A. “Case-study” uslubi: nazariya, amaliyot va tajriba. Monografiya. – T.: “INNOVATSIYA-ZIYO”, 2019. – 130 b.
- Mavlonova R.A., Rahmonqulova N.X., Normurodova B.A., Matnazarova K.O. Tarbiyaviy ishlar metodikasi. – T.: 2014. – 360 b.
- Farsakhanova, D. (2020). Improvement of the methodology of spiritual and moral education of students of pedagogical institutions. Arxiv Nauchnыx Publikatsiy JSPI.
- Farsakhanova, D., & G’ofurova, S. (2021). Boshlang’ich ta’limda sinfdan tashqari o’qish darslarida P. Mo’min ijodini o’rganish metodikasi. Jurnal innovatsii v nachalnom obrazovanii, 1(BTNA_1).
- Farsakhanova, D., & Azdamova, M. (2021). Boshlangich sinflarda sifat ustida ishlash bo’yicha topshiriqlar tizimini ishlab chiqish. Jurnal innovatsii v nachalnom obrazovanii, 1(BTNA_1).
- Farsakhanova, D. (2021). Boshlang’ich sinf “tarbiya” fanini o’qitishda ajdodlar merosidan foydalanish masalalari. Jurnal innovatsii v nachalnom obrazovanii, (Arxiv№ 1).
- Farsakhanova, D., & Asrorova, S. (2021). Bola tarbiyasida psixologiyaning o’rni va ahamiyati borasida mutafakkirlar qarashlari. Jurnal innovatsii v nachalnom obrazovanii, (Arxiv№ 1).
- Farsakhanova, D. (2020). Improvement of the methodology of spiritual and moral education of students of pedagogical institutions. Arxiv Nauchnыx Publikatsiy JSPI.