RUHIYAT OLAMI
Hammasi o‘tadi, tajriba esa qoladi. Dunyo ko‘ziga tor ko‘rinayotgan inson nima haqida o‘ylashi kerak?
Hayot ma’nosini yo‘qotgan, atrofdagilar sizni tushunmaydigan, iqtisodiy va ruhiyatdagi muammolar tugamaydigandek, go‘yo. Hammasiga qo‘l siltaging, odamlardan o‘pkalab, shunchaki o‘z qobig‘ingga o‘ralib olging keladi ba’zida. Lekin bu dard va tashvishlarga yechim bo‘lmaydi, qochish va chalg‘ish xolos. Ruhiy tushkunlik qancha uzoq davom etsa, unga barham berilmasa, muammolar ko‘payib, taxlanib boraveradi. Qo‘rquvingiz, omadsizlik, tashvishlar bilan yuzma-yuz kelib, ularga nuqta qo‘yish uchun chora ko‘rmas ekansiz, sizga hech kim yordam bera olmaydi. Quyida har qanday vaziyatda inson o‘zini qo‘lga olishi, olg‘a keta olishi va xulosa chiqarishi uchun esda tutishi va amal qilishi kerak bo‘lgan tavsiyalar keltiriladi.
Hamma narsa o‘tkinchi
Rivoyat qilinishicha, qirol Solomonning tashqi tarafiga hammasi o‘tib ketadi degan yozuv bitilgan uzugi bo‘lgan. Ammo kunlardan bir kuni uzukka qarab tinchlanmagan, aksincha quyishqondan chiqqan va uzukni yulib olgan, shundagina uning ichidagi yozuvga ko‘zi tushgan. Unda «bu ham o‘tib ketadi» deb yozilgandi. Ushbu rivoyatning mag‘zi chaqilsa, hayotdagi hamma narsa: tashvish va g‘amlar o‘tkinchi ekanini xulosa qilish mumkin. Rostan ham hamma narsa o‘tadi, hech nima abadiy emas.
Inson og‘riqni his qildimi — demak u tirik, yashayapti
Jismoniy og‘riq — tananing ma’lum qismida muammo yoki notinchlik borligini bildiradigan signal va shunga qarab inson uni bartaraf qilish uchun chora-tadbirlar ko‘ra boshlaydi. Sog‘lom va hammasi yaxshi ekanida esa og‘riq xayolga ham kelmaydi. Aslida esa aynan og‘riq sabab inson issiq finjondan qo‘lini tortadi, noqulay o‘tirganda belida og‘riq his qilgani uchun o‘tirish vaziyatini o‘zgartiradi. Qalb og‘rig‘i ham shunga o‘xshaydi. Siz bilan bog‘liq qandaydir salbiy hodisa yuz bersa yoki siz uchun ruhiy jarohat bo‘lsa, uni yengish, xalos bo‘lish va og‘riqdan qutilishga harakat qilish kerak. Siqilishingiz yoki asabiylashishingizga sabab yo‘q bo‘lsa ham o‘zingizni yomon his qilish ham ruhiyatda qandaydir muammo borligini bildiradi. Noqulay o‘tirganda belingiz og‘rib, o‘tirish vaziyatini o‘zgartirganingizdek, ruhiy holatdagi notinchlikda ham pozitsiyani o‘zgartirishingiz va qalb og‘rig‘iga nisbatan chora ko‘rishingiz kerak.
Siz yolg‘iz emassiz
Ota-onangiz, qarindoshlaringiz, do‘st va yaqinlaringiz eng asosiysi esa o‘zingizda o‘zingiz borsiz. Siz koinotning bir bo‘lagi va mukammal mavjudotsiz. Sizni hech kim tushunmagan taqdirda ham Yer yuzida 7 milliard inson bor ekani va ularning orasida sizni tushuna olishga qodir, qo‘llab-quvvatlaydigan yoki hech bo‘lmaganda istaydigan bir inson topilishini unutmang. Asosiysi esa boshqalar sizni tushunishini kutishdan avval siz o‘zingizni anglang, o‘rganing va hayotdan nima istashingiz va xohishlaringiz nimadan iboratligini tushunib yeting.
Hammasi o‘tadi, tajriba esa qoladi
Bundan yomoni bo‘lmaydi, chunki bo‘lib bo‘lgan. Ishoning, hech narsa siz balog‘at yoshida his qilgan va boshdan kechirgan kechinmalarchalik og‘riqli bo‘lmaydi, chunki bolalik olamidan kattalarnikiga endi qadam qo‘yilganda tashvish va qiyinchiliklarni yengib bo‘lmasdek tuyilgan har birimizga. Ammo ortga qarang, siz qachonlardir tugamaydigan deb o‘ylagan tashvish va omadsizliklar bitgan va ortda qolgan. Aynan ular sabab esa siz endi o‘shanday vaziyatda nima qilish mumkinligi haqida bilasiz chunki sizda tajriba bor. Balog‘at yoshidagi ruhiy inqirozdan boshqalarini yengib o‘tish sizning g‘o‘r vaqtingizdagi muammolardan ancha oson. Chunki bu birinchisi emas va siz nima qilish kerakligini bilasiz. Qoqilgan, nima qilishni bilmagan taqdirda ham o‘zingizga dars olasiz va bu eng unutilmas, sizga bilim dargohlarida ham o‘qitilmagan hayot darsi bo‘ladi.
Muammolarning yarmi — illyuziya
Muammo va tashvishli vaziyatlarda sovuqqon bo‘lish qiyin, chunki istasa-istamasa inson emotsiyaga beriladi. Lekin bir narsani unutmang, qancha ko‘p hammasi yomon ekanligi haqida o‘ylayversangiz, shunchalik negativ hayot domiga kirib ketasiz. Bunday og‘ir dard bilan qanday yashash haqida o‘ylab siqilgandan ko‘ra, buyog‘iga hammasi yaxshi bo‘lishi uchun nima qila olishingiz mumkinligi haqida o‘ylang, yaxshisi. Negativ fikrlash kishi energiyasini so‘rib oladi va hayot tarziga ham ta’sir qiladi. Muammolarning ma’lum qismi sizning tasavvuringiz mahsuli va siz reallikdan qochib, illyuziyaga berilgan bo‘lishingiz mumkin.
O‘limdan boshqa har narsaning yechimi bor
Vaqt hamma narsaga davo, lekin o‘sha vaqt juda sekin o‘tayotgandek. Siz hech qachon bu muammodan qutila olmayotgan, tunnel so‘ngida shu’la ko‘rinmayotgandek tuyuladi, to‘g‘rimi? Bilasizmi, nega shunday, chunki siz hamma mas’uliyatni vaqt zimmasiga yuklab qo‘ygansiz. Tunneldan shu’la ko‘rinishini kutib o‘tiribsiz, uni ko‘rish uchun o‘rningizdan shartta turib, u tomon yurmayapsiz. Eksperiment o‘tkazib ko‘ring: xona o‘rtasida turing va hech nima qilmang, oynaga ham qaramang, sevimli qo‘shig‘ingizni xayolan xirgoyi ham qilmang, xullas, umuman hech nima haqida o‘ylamay shunchaki jim turing. Soniyalar o‘tmayotgan, vaqt to‘xtab qolgandek tuyiladi, o‘zingizni yomon his qila boshlaysiz. Siz yomonliklar tugab, yaxshilik boshlanishini kutishingiz ham shunga o‘xshaydi va vaqt qotib qolgandek tuyiladi. Sizga hech kim o‘zingizchalik yordam bera olmaydi, og‘riqlaringizga nuqta qo‘yish, muammolaringizga yechim topish uchun birinchi qadam tashlang. Qancha ko‘p ruhiyatingiz ustida ishlasangiz va amalda harakat qilsangiz, sizga vaqt o‘tishni kutishning hojati ham qolmaydi, qorong‘i tunnelni kesib o‘tib, shu’la emas, yorug‘ va rang-barang olamni ko‘rasiz.
(daryo.uz. dan olindi)