Oila va jamiyatda olima ayollarning tutgan o’rni.
JDPU Maktabgacha talim fa’kulteti
katta o’qituvchisi P.f.f.d A.F.Xamrayeva
Ayol va uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamisha muhim mezon bo‘lib kelgan.Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti bir qator omillar asosida yuz beradi. Bu jarayonda ayollar, ularning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklari amalda ta’minlanganligi masalasi – davlatlar rivojining hamda demokratiyaning muhim indeksi sanaladi. Zotan, ayol va uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamisha muhim mezon bo‘lib kelgan.
Sir emaski, yangi Uyg‘onish davri, avvalo, ilm-fanning taraqqiyotiga, milliy ma’naviyatning mustahkamligiga bog‘liqdir. Mazkur o‘tkir haqiqatni chuqur his qilgan holda xotin-qizlarning ta’limi va ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun davlatimiz tomonidan yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jamiyatda ayollarni ilm-fanga ruhlantirish maqsadida yangi mexanizm – «Olima ayollar jamiyati» tuzilgani hamda uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilgani barcha xotin-qizlarning ko‘nglida jamiyatning eng faol qatlami – «olima ayol» bo‘lishga intilishlarini yanada kuchaytirishi ayni haqiqat.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi ijobiy jihatlari bilan alohida ahamiyatga ega: birinchidan, oila va xotin-qizlar bilan professional tarzda ishlashga ixtisoslashtirilgan yangi davlat organi – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi; ikkinchidan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi; uchinchidan, xotin-qizlar bilan ishlashning yangi mexanizmi – mahallalarda xotin-qizlar bilan maqsadli va manzilli tartibda ishlash amaliyoti belgilab berildi; to‘rtinchidan, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida yangi huquqiy mexanizmlar – prokuratura organlarining ushbu sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorati joriy etildi; beshinchidan, xotin-qizlarga ta’lim olishlari, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun davlatning yangi kafolatlar va imtiyozlar paketi joriy etildi; oltinchidan, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib turmush kechirishlariga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi amaldagi mexanizmlar takomillashtirildi; yettinchidan, xotin-qizlarning sog‘lig‘ini saqlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish onalikni muhofaza qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi; sakkizinchidan, xotin-qizlar bilan muloqot qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda va muloqotning yangi, samarali platformalariga asos solindi.
«Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon bilan 2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur hamda Milliy dasturni 2022–2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.Shuningdek, Komissiyaga gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish va ularni bekor qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish, davlatning rahbarlik lavozimlariga ilgari surish chog‘ida jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipini ta’minlashga ko‘maklashish, davlat organlarining jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirish, teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vaziyat monitoringini va tahlilini o‘tkazish, jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, bu sohada ta’limga oid, axborot-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat olib borish, sohada ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish kabi qator vakolatlar berilgan.. Xususan, 6 ta asosiy yo‘nalish va 112 ta banddan iborat bo‘lgan chora-tadbirlar rejasida mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirishga qaratilgan, ilgari jahon mamlakatlari amaliyotida kuzatilmagan Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos tajribasiga asos bo‘ladigan quyidagi yangiliklar o‘z aksini topdi:
Birinchi yo‘nalish – xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida:
qonunchilikda «xotin-qizlarni ta’qib etish» tushunchasining huquqiy ta’rifini ishlab chiqish; o‘quvchi-yoshlarga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazganlik, zo‘ravonlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash; uzoq muddatga chet davlatlarga chiqib ketayotgan ota-onalar tomonidan farzandiga vasiy yoki homiy tayinlashning majburiy tartibini belgilash;
«Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida»gi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish xotin-qizlarning mehnat huquqlari ta’minlanganlik holatini o‘rganish;
xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlarda rasmiy ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash tizimini yaratish; jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etiladigan xotin-qizlarning oilalaridagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga ko‘maklashish;
«Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi, «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyalar asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosini o‘rganish va boshqa masalalar belgilangan.
Ikkinchi yo‘nalish – xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish maqsadida:
2022 yilda – 140 ming, 2023 yilda – 150 ming nafar xotin-qizni ishga joylashtirish choralarini ko‘rish; 2022 yilda – 66 ming, 2023 yilda – 74 ming nafar xotin-qizni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish;
2022 yilda 17 ming 62 nafar, 2023 yilda 19 ming 20 nafar xotin-qizga subsidiyalar ajratish; respublika va hududlarda «Yetakchi ayollar muloqoti» platformasini tashkil etish;
Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining magistraturasiga nomzodlarni tavsiya etishda xotin-qizlarning sonini magistraturada o‘qishga tavsiya etilgan nomzodlar umumiy sonining 30 foizigacha yetkazish; «Bir million dasturchi» loyihasida ishtirok etadigan xotin-qizlar sonini 30 foizga yetkazish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan.
Uchinchi yo‘nalish – ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
14 ming nafar xotin-qizga turarjoy ijara to‘lovi bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lash, 12 ming nafar xotin-qizni ijtimoiy ijara shartlari asosida ijtimoiy uy-joylarga joylashtirish;
uy-joyga muhtoj noturar joylarda yashaydigan «Ayollar daftari»ga kiritilgan 6 ming nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
«Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz ehtiyojmand xotin-qizlarga kamida 100 ming nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
30 ming nafar xotin-qizga ularning ta’mirtalab uy-joylarini ta’mirlash uchun qurilish materiallari olib berish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;
84 ming 333 nafar onaxonlarni bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
12 ming 919 nafar onaxonlarning tashkilotlar va kasaba uyushmalari sanatoriylarida davolanishlarini tashkil etish;
«Ayollar daftari» tizimi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 300 ming nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
To‘rtinchi yo‘nalish– oila institutini mustahkamlash maqsadida:
har yili reja-jadval asosida mingta notinch va kam ta’minlangan oilalarni ichki turistik sayohatga imtiyozli yuborish;
oilaviy ajralishlarning oldini olishda mediatorlik institutining rolini kuchaytirish; O‘zbekistonning 2030 yilgacha mo‘ljallangan demografik barqarorlik Konsepsiyasini ishlab chiqish;
Beshinchi yo‘nalish – xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida:
xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish; voyaga yetmagan qizlar bilan ishlashda «Oila – mahalla – ta’lim muassasasi» hamkorlik mexanizmi samaradorligini oshirish;
Oltinchi yo‘nalishda esa Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan yuqoridagi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish, ularning izchilligini ta’minlash va bu borada kuchli monitoring yuritishning tashkiliy mexanizmlari belgilandi. Mazkur holat xotin-qizlarning chinakam baxtli hayot kechirishlari, saodatli ayol sifatida oila va jamiyatda mustahkam o‘rin egallashlari uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Ijtimoiy himoya tizimida mutlaqo yangi yo‘nalish – xotin-qizlar muammolarini o‘rganib, hal etish uchun «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar» joriy etildi. «Ayollar daftari» asosida so‘nggi3 yil davomida 400 ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Ehtiyojmandlarining uy-joy ta’minoti, yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Ayollar salomatligiga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki jamiyatning sog‘lomligi, avvalo, xotin-qizlarning qanchalik sog‘lom ekani bilan tavsiflanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “…ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibordir».
Muxtasar aytganda, jamiyatda ayol qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida davlat bosh islohotchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zotan, jamiyatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ifoda etish, davlat va jamiyat munosabatlarida ayollarning o‘rni va rolini yanada oshirish, ularning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy sohalarda manfaatlarini himoya qilish masalasi Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans avlodini shakllantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati.
1.O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3755-sonli qarori.
2.S.Xolboeva, D.Inoyatova va boshqalar.Milliy universitetda kechgan hayot mazmuni..Toshkent