Mustaqillik bayrami tabrigi!
Assalomu alaykum aziz vatandoshlar, qadrli jizzaxliklar!
Bugun eng aziz va muqaddas bayramimiz – Respublikamiz Mustaqilligining 29 yilligi arafasida Siz azizlarni, Sizlar orqali butun jamoamiz hamda talaba yigit-qizlarimizni, ushbu eng ulug‘ va eng aziz ayyom bilan chin qalbimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysizlar.
Kuni kecha Muhtaram Yurtboshimizning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 29 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarordagi “Sen- Qudrat Manbai, Saodat maskani, Jonajon O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani mujassam etgan keng ma’noli shiorda mazkur qarorning mazmun-mohiyati aks etganligini ko‘rish mumkin.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘tayotgan 29 yili davlatimiz va xalqimiz hayotida keng ko‘lamli islohotlar, ulkan yangilanish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan davr sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi. Shu o‘rinda Oliy ta’limda ham juda ko‘p yangiliklar va islohotlar amalga oshirildi. Keling, yutuqlar haqida so‘z ketar ekan faktlarga e’tibor qaratsak.
2020 yil “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da ushbu yilga hamohang ravishda keng islohotlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, 2020yil yanvar oyidaAbdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti yangitdan qurib foydalanishga topshirildi. Bugun tamomila yangicha ko‘rinishga ega zamonaviy o‘quv binosida talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Jizzax davlat pedagogika institutida ham o‘z samarasini ko‘rsatdi. Shu kungacha oliy ta’lim muassasasida 10 ta fakultet faoliyat yuritgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 12 taga yetdi va yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda o‘qishga qabul qilish kvotalari o‘smoqda. Bu yil Jizzax viloyatidagi OTMlariga 70 ming 743 nafar abiturient hujjat topshirgan bo‘lsa, shulardan 48011 nafarini A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutiga topshirgan abiturientlar tashkil qiladi. Ayni kunlarda 2020/2021 o‘quv yili uchun JDPIda kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari qizg‘in borayotganidan dalolatdir. Malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash – davr talabi. Jizzax davlat pedagogika instituti bitiruvchilari mehnat bozoridagi raqobatga bardosh bera oladimi? Hech kimga sir emas bugungi kunda ta’limda raqobat boshlandi. Raqobatni esa real his etish kerak.Jizzax viloyati oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi bo‘lib ilmiy daraja beruvchi Ilmiy kengashning faoliyat yuritishiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ruxsat berilgani quvonarli holdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining 2020 yil 5 iyundagi 158-sonli qarori bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti huzurida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashda O‘zbek adabiyoti, Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (O‘zbek tili va O‘zbek adabiyoti) ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiya himoyalari o‘tkaziladi.
Shuningdek institut bir qancha nufuzli xorijiy oliygohlar bilan turli muzokaralar olib borib shartnomalar imzolashga muvaffaq bo‘ldi ayni damda Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Xalqaro ta’lim dasturlari» bo‘limiga 2020-2021 o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilmoqda.Ta’kidlash joizki oliygoh kelgusida ham xalqaro hamkorlik aloqalari yanada takomillashtiradi. Buning uchun esa professor-o‘qituvchilarimizning bilim va malakalari shunga yarasha bo‘lishi shart! Endi shu ulkan ishonchni oqlashimiz ham farz, ham qarzdir.
Qadrli yurtdoshlar!
Bu yil pandemiya munosabati bilan barcha abiturientlar ochiq osmon ostida test topshirishadi. Aytish joizki bu borada ham kerakli ishlar amalga oshirilayapti. Bugun Jizzaxning Markaziy o‘yingohida 3240 nafar abiturient test topshirishi uchun tayyorlab qo‘yilgan. O‘ylaymanki, oliygoh talbasi bo‘lish istagida testt topishirishni mo‘ljallayotgan yigit qizlarimiz uchun bugungi pandemiya munosabati bilan yuzaga kelgan muammo va kamchiliklar ta’sir qilmaydi.
Hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Erishilgan g‘alabalar o‘zimizniki.
Mustaqillik xadya etgan ne’matlardan bahramand bo‘lish, ular bilan faxrlanish yaxshi, albatta. Siz bilan bizning bosh vazifamiz, burchimiz, ana shu ne’matlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bilim olish , jamiyatga kerakli inson bo‘lib xizmat qilishdir. COVID-19, yurtimizdagi karantin holati bilan bog‘liq vaziyat albatta, odamlarning hissiy holatiga o‘ziga xos ta’sir etishi tabiiy. Biz bu vaziyatni boshdan kechiryapmiz va unga har xil munosabatda bo‘lyapmiz. Pandemiya sharoitida ko‘pchilikda stress, xavotir yoki qo‘rquv kabi salbiy holatlar kuzatilayotgan bo‘lishi tabiiy. Istardimki, bubezovtalik hissi sizning bayramona kayfiyatingizni aslo ta’sir qilmasin.
Aziz jizzaxliklar!
Yana bir bor sizlarni Vatanimizning Istiqlol bayrami bilan chin qalbimdan tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, xonadonlaringizga fayzu-baraka tilayman.
Vatanimizni, xalkimizni, barchamizni yaratganning o‘zi yomon ko‘zlardan, yomon niyatlardan asrasin. Osmonimiz musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!!!
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof.Sh.S. Sharipov.