JDPU da ixtirochi ayollar haftaligi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoniga asosan joylarda “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligini o‘tkazish belgilangan.
Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Jizzax viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasihamkorligida xotin-qizlar ishtirokida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” “ haftaligi boshlandi. Haftalikga viloyatdagi barcha oliy o‘quv yurtidan ixtirochi, ilm fan sohasida samarali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar, talabalar va ishbilarmon ayollar taklif etilgan bo‘lib ular turli forum, innovatsion yarmarkalar, uchrashuv va o‘quv seminarlarida ishtirok etishadi.
Tadbirni oliygohning Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i D.Fozilova ochib berdi. U ma’ruzasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari va gender madaniyati haqida to‘xtalib, yig‘ilganlarni haftalik davomida bo‘lib o‘tgan tadbirlar rejasi bilan ham tanishtirdi. Tadbirda shuningdek Yoshlar masalalari ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Nazarqosimov ham ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida yurtimizda xotin-qizlarni, xususan, ilm-fan sohasida ish olib borayotgan olima, ixtirochi, ilg‘or, innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etayotgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Ta’kidlash joiz hafta davomida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda viloyatdagi turli oliy o‘quv yurtlaridan shuningdek tadbirkorlik bilan shug‘allanayotgan 200 nafardan ziyod olima, ixtirochi ayollarimiz, turli sohalarda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan talaba qizlarimiz ishtirok etadi. Mazkur tadbirlar ayollarga o‘zaro tajriba almashish, o‘zlarining imkoniyat va salohiyatlarini, olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
Haftalik davomida, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlarining ixtirochi ayollar bilan uchrashuvlari, Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari va gender madaniyati,
“Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilini tezkor o‘zlashtirishda mobil ilovalarni yaratish mexanizmi” “Davlat ilmiy dasturlari: tanlov mavzulari va ilmiy loyihalar qanday shakllantiriladi?, “Xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Xorijiy tajribalar asosida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish”, “Turizmni rivojlantirishda xotin-qizlar tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, “Ayollarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilishning ekologik va biologik me’zonlari, “Ixtirochi va tadbirkor ayollar ishtirokida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga brend olish va tashqi bozorlarga olib chiqish”mavzularida o‘quv, ilmiy seminarlar, tajribali olima, ixtirochi va tadbirkor ayollar ishtirokida davra suhbatlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.