Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Buloqlar va ularni ziyorat turizmidagi ahamiyati

(Baxmal tumani misolida) G‘o‘dalov M.R – JDPU dotsenti mirkomilgudalov78@gmail.com         Ahmedova D – JDPU 3-kurs talabasi Annatotsiya: Mazkur maqolada, Baxmal tumani hududida joylashgan buloqlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ular bilan bog‘liq holda ziyoratgohlarning turizmdagi ahamiyati o‘rganilgan va tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: Baxmal tumani, Chumqortog‘, O‘zbekiston Shevtsariyasi, maftunkor tabiat, karst jarayonlari, buloqlar, suvi hajmi, ziyoratgoh. O‘zbekistonda eng maftunkor tabiati bilan ajralib turadigan tumanlardan biri Baxmal tumani hisoblanadi. Baxmal tumanida tog‘ va tog‘ oldi tekislik tabiatini hamda turli xil relyef formalarini uchratishimiz mumkin. Shu boisdan ko‘pgina adabiyotlarda, Baxmal tumaniga “O‘zbekiston Shevtsariyasi” deb bejizga ta’rif berilmaganligiga ishoch hosil qilish mumkin. Baxmal tumanidagi Chumqortog‘ va uning tog‘ oldi tekisliklarida buloqlarga boy hisoblanadi. Buloqlarning asosiy oziqlanish manbayi erigan qor suvlari va yomg‘irlar bo‘lib, ularning hosil bo‘lish sharoitida kuchli yemirilgan hamda yoriqlarga to‘la bo‘lgan paleozoy tog‘ jinslari muhim rol o‘ynaydi. Tog‘ tizmalari va yonbag‘irlari silur, ayniqsa, devon davrining ohaktoshlaridan tuzilgan. Bu tog‘ jinslari tektonik yoriqlar va nurash yoriqlaridan iborat. Shuning uchun past va o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar asosan yer osti suvini yig‘uvchi manba hisoblanadi. Kuchli yoriqlardan iborat bo‘lgan va karst jarayonlari taraqqiy etgan ohaktoshlarida juda ko‘p doimiy harakatdagi buloqlar paydo bo‘lgan. Ularning suv sarfi 50-70 l/sek yetadi. Buloqlarning sersuvligi va ularning sarfi ko‘proq tektonik yoriqlar bilan bog‘liq. Masalan, tektonik yoriqlar kuchli bo‘lgan ohaktoshlarda buloqlarning suv sarfi 40-50 l/sek ga oshadi. Tektonik yoriqlar kam bo‘lgan joylarda esa buloqlarning suv sarfi 20-30 l/sek ga ham yetmaydi. Ayrim buloq suvlari chiqadigan joylar ziyoratgohlarga aylantirilgan. Buloqlari bor ziyoratgohlarga O‘smat ota bulog‘i, Novqa ota bulog‘i, Malik Ajdar bulog‘i, Bibi Oysha bulog‘i, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Qizilsuv bulog‘i, Bog‘imozor va Xo‘ja ko‘ndalang ziyoratgoh buloqlari misol bo‘ladi. Hududda ayniqsa buloqlar bilan bog‘liq bo‘lgan ziyoratgohlar alohida ajralib turadi. Sababi, ziyoratgoh hududidagi buloqlar yaxshi saqlanib qolingan. Quyida ziyoratgoh hududida joylashgan ayrim buloqlar haqida qisqacha maʼlumotlar berib o‘tamiz. O‘smat ota bulog‘i. O‘smat shahridan 390 441 4,111 shimoliy kenglik, 670 381 50,111 sharqiy uzoqlikda, dengiz sathidan 1393 m balandlikda joylashgan. Ushbu buloq bugungi kunda, Baxmal tumanidagi eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan ziyoratgohlardan biri hisoblanadi (O‘smat shahrining nomi ham shu tarixiy maskan bilan bog‘liq, degan taxminlar yuradi. Lekin, O‘smat tarixan avvalroq, eramizning boshlarida paydo bo‘lganligini arxeologik topilmalar tasdiqladi). O‘smat ota bulog‘ining ziyoratgohga aylanishiga bir necha omillar taʼsir ko‘rsatadi. Birinchisi, Usmon ota ismli diniy shaxs uchun ramziy qabr tiklangani va uning qabrini ziyorat qilish uchun kishilarni tashrif buyurishi bo‘lsa, ikkinchidan, shifobaxsh, mineral moddalarga boy buloq suvini isteʼmol qilishga bo‘lgan istakni ham yuqori ekanligidir. Ushbu buloq suvining tarkibida alyuminiy (0,022 mg/l), astat (0,0014 mg/l), nikel (0,0016), mis (0,0004 mg/l), rux (0,006 mg/l), kadmiy (0,00001 mg/l), sirkoniy (1,2 mg/l), molibden (0,0068 mg/l) elementlari mavjud. Buloqdan bir sekundda 0,5 litr suv chiqadi. Suvning umumiy qattiqligi 5,30 mg-ekv/l. Buloq suvi shifobaxsh hisoblanadi. Ko‘pchilik tashrif buyuruvchilar buloq suvidan isteʼmol qilish maqsadida kelishadi. Buloq suvidagi minerallar, buloq atrofidagi tuproqlarga singib ketgani uchun ham u yerning tuprog‘i turli teri kasalliklarga davo bo‘ladi. 2000 – yili Usmon ota qabri ustida maqbara qurilgan. O‘zbekiston madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgan O‘smat ota bulog‘i va maqbaraning umumiy maydoni 0,42 gektar bo‘lib, davlat tomonidan muhofaza qilib kelinmoqda. Novqa ota bulog‘i. Baxmal tumani markazi O‘smat shahridan 5 km, Jizzax shahridan qariyib 90 km lar uzoqlikda Novqa qishlog‘ida 390 44I 2,5II shimoliy kenglik, 670 421 41,711 sharqiy uzoqlikda joylashgan. Maydoni 2,25 gektarni tashkil qiladi. Ushbu ziyoratgoh tumandagi eng qadimgi qadamjolardan hisoblanadi. Uning kelib chiqishining huddi O‘smat ota bulog‘i singari bir necha talqinlari mavjud. Buloq boshiga shaxsi nomaʼlum bo‘lgan avliyo dafn etilgan. Tarixdan u haqidagi turli afsonalar yetib kelgan. Buloq yer yorig‘ida, yaʼni silur davriga oid ohaktoshlar orasidan sizib chiqadi. Uning mutloq balandligi 1144 m. Buloqdan sekundiga 200 litr suv chiqadi. Buloq suvining tarkibi gidrokorbonatli kalsiyli minerallashgan suv bo‘lib, minerallashish darajasi 0,21 g/l, umumiy qattiqligi 3,2 mg-ekv/l tashkil qiladi. Tarkibida alyuminiy (0,039 mg/l), astat (0,0014 mg/l), nikel (0,0016 mg/l), mis (0,0003 mg/l), rux (0,003 mg/l), kadmiy (0,00002 mg/l), sirkoniy (0,31 mg/l), molibden (0,0027 mg/l), marganets (0,0016 mg/l) elementlari mavjud. Novqa ota bulog‘i suvi hajmi bo‘yicha Baxmal tumanidagi eng yirik buloq. Buloq suvi to‘planadigan katta hovuzda ko‘plab baliqlar mavjud. Mahalliy aholi baliqlarni ziyoratgoh hududida bo‘lganligi sababli muqaddas baliqlar deb biladi va ovlamaydi. Qolaversa, baliqlar tumshuqlari yordamida buloq ko‘zlarini ochib, buloq suvlarini ko‘payishiga ham o‘ziga xos taʼsir ko‘rsatadi. Shu sababli ham mahalliy aholi buloqdan boshlanuvchi soylar orqali baliq oqib chiqib ketsa ham, baliqlarni qaytarib olib kelib katta hovuzga qo‘yib ketadi. Qizilsuv bulog‘i. Novqa qishlog‘idan 4 km shimoli-g‘arbda Oqtosh qishlog‘i darasida joylashgan, maʼdanli suvlarga to‘yingan shifobaxsh buloq. Buloq suvi tarkibi hindistonliklar tomonidan ham o‘rganilgan. Qizilsuv deyilishining sababi, buloq ko‘zidagi toshlar qizil ranglidir. Toshlarning qizilligi temir moddasi bilan bog‘liqdir. Ushbu buloq ziyoratgohga aylanishi uni suvining tarkibidan ko‘ra toshlarning rangi bilan ko‘proq bog‘liq. Aynan shu toshlarning rangi odamlarni buloq boshiga chorlaydi. Chunki kishilar tabiatdan g‘ayritabiiylikni axtarishadi. “Bog‘i Mozor” ziyoratgohi. O‘smat shahridan keyingi yo‘nalishda taxminan 8 km yursangiz Mog‘ol qishlog‘idagi “Bog‘i Mozor” ziyoratgohiga yetib kelasiz. Bog‘i Mozorda katta xonaqohning qoldiqlari bor. Shunga qaraganda bu qishloq qadimdan ziyoratgoh joylardan bo‘lgan. Sayid Azimning “Baxmalnoma” kitobida ushbu ziyoratgohning paydo bo‘lish tarixi haqida maʼlumot berilgan. Unga ko‘ra 1369-yilning ko‘klamida Amir Temurning qo‘shini jangga tayyorgarlik ko‘rayotganida lashkarboshilardan biri betob bo‘lib qoladi. Temurbek uni tog‘ning eng so‘lim joylaridan biriga olib keladi, bu joy qo‘shchinorlar joylashgan soylik edi va lashkarboshi qo‘shchinorlar soyasida jon beradi. Keyinchalik Amur Temur ushbu chinorlar yaqinida bir xonaqoh qurdirib, u yerni obod qildiradi. Hozirda bu yer  ziyoratgohga aylangan. Qo‘shchinor atrofida esa yilning issiq mavsumlarida kishilar hordiq chiqaradi. Avliyo qishlog‘ida joylashgan Saʼd ibn Abu Vaqqos bulog‘ida O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan relikt qora baliqlarni ko‘rish mumkin. Ziyoratgoh bo‘lganligi tufayli ham buloq va undagi baliqlarga mahalliy aholi tomonidan umuman ziyon yetkazilmaydi. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, ziyoratgoh hududida joylashmagan buloqlar, ziyoratgoh hududida joylashgan buloqlarga nisbatan ko‘p ziyon ko‘radi. Bu oddiy haqiqat bo‘lib, mahalliy aholi doimo ziyoratgohlarga nisbatan munosabati yaxshi bo‘lib kelgan. Baʼzi bir pessimist kishilar tomonidan buloqlar oldidagi ziyoratgoh qabrlar o‘ylab topilgan degan fikrni aytadi. Biz buloqlar oldidagi ziyoratgoh qabrlarni haqiqatdan ham bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi tekshirish emas, balki boshqa buloqlar oldida ham shunday ziyoratgohlar borligi yoki odamlar ongiga har bir buloq ziyoratgohdir degan fikrni singdirishimiz lozimdir. Buloqlarga nisbatan odamlarning fikrini o‘zgarishi, davlat tomonidan buloqlarni muhofaza qilish zaruriyatini ham qoldirmaydi (G‘o‘dalov M, 2014 y). Saʼd ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi   Bahmal tumanida joylashgan yirik buloqlar atrofi muqqaddas ziyoratgohlarga aylanganligini ko‘rib o‘tdik. Buning asosiy sababi arid o‘lkali hududlarda suvning qadri barcha tabiat neʼmatlaridan ustun hisoblanadi. Shu sababli ham buloq atrofida “muqaddas ziyoratgoh”ni borligi, bu o‘z navbatida mahalliy xalq orasida “ziyoratoh buloq”ning qadrini doimiy ravishda baland bo‘lishiga olib keladi. Bahmal tumanida joylashgan buloqlar va uning atrofida joylashgan  ziyoratgohlarda turizmni rivojlantirish maqsadida bir qancha tadbirlarni amalga oshish lozimdir. Jumladan:
  • Xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun Bahmal tumani bo‘ylab bir kunlik “ziyoratgoh buloqlar” marshrutlarini ishlab chiqish;
  • “Ziyoratgoh buloqlar” marshruti davomida har bir buloqning, tabiiy geografik o‘rni, tarixi, o‘ziga xos xususiyatlari, mineral tarkibi, tabiati hamda ziyoratgoh haqida to‘liq maʼlumot berish;
  • Tuman hududidagi “ziyoratgoh buloqlar” haqida ma’lumot beruvchi sxematik xaritasini yaratish;
  • “Ziyoratgoh buloqlar” tabiati haqida to‘liq ma’lumotlar beruvchi bukletlar tayyorlash;
  • Xorijlik sayyohlar uchun “Ziyoratgoh buloqlar” mustaqil borib o‘rganishlari uchun mobil ilovalar yaratish lozim.
Foydalangan adabiyotlar
  1. Alibekov L.A. Inson va tabiat. Darslik. Samarqand: SamDU, 2020 y
  2. Og‘a Burgutli. Jizzax viloyati ziyoratgohlari. – T.: “Fan”, 2008 y.
  3. Hakimov Q, G‘o‘dalov M. Jizzax viloyati geografiyasi. Jizzax: “Sangzor”, 2004 G‘o‘dalov M. R. Jizzax viloyati tabiati va uni muhofaza qilish. – T.: “Fan va texnologiya”, 2014 y
  4. 5. G‘o‘dalov M.R., Normatova M. Jizzax viloyatining turistik hududlari. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy geografiya: yutuqlar, muammolar va istiqbollar.Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materallari. Toshkent: 2013 y.
  5. G‘o‘dalov M.R., Hazratqulov H. Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirish istiqbollari. Geografiyaning mintaqaviy muammolari. Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materallari. Jizzax 2017 y.
  6. G‘o‘dalov M.R. Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirishda klaster usulini tadbiq etish yo‘llari. Tafakkur ziyosi // Ilmiy-uslubiy jurnal.-2018, №2. 93-95 b.
  7. G‘o‘dalov M.R., Muxamedov O.L. Tabiatni muhofaza qilish: muammo va yechimlar. Guliston 2021