Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
24/01/2020
Chop etish
Bu hayot haqiqati..

Endigina so`zlarni o`rganayotgan bolakay o`z fikrini atrofdagilarga aniq, ravon qilib yetkazishni hohlaydi. Inson ulg`ayib borar ekan, o`z fikri, o`z dunyoqarashiga ega bo`lib boraverarkan. Insonlar bilan so`zlashish fikrni o`zgartirib, dunyoqarashni yuksak cho`qqilarga olib chiqaverarkan. Shunday pallalarda hayot naqadar murakkabligi-yu, uning sinovlariga faqatgina sabr-matonatli insongina bardosh qila olishini tushunganday bo`lasan kishi. Vaqt – oliy hakamligini, uning har bir soniyasi tillolarga teng ekanligini anglaymiz-u, o`zimiz bilmagan holda yana o`y-hayollar olamiga sayohat qilamiz. Bunday holda sharros yog`ayotgan yomg`irda sayr qilgimiz yoxud dunyo tashvishlaridan yolg`iz qolgimiz keladi-yu, ammo, o`z hayollarimizga ham hatto vaqt ajratishni xohlamaymiz. Yana o`zgalarning tashvishlari-yu, murakkab hayotning sinovlariga ko`nikib yashayveramiz. O`z fikrimizdan yiroqlashib, o`zgalar fikriga quloq tutib, hayotimizni qurmoqchi bo`lamiz. Bu samara bermasa, bunga o`zgalarni aybdor qilamiz. Hayot shunday murakkab. Bu hayot haqiqati…

Erta tongdan universitetga yo`l olar ekanman, turli xil odamlar, ularning gap so`zlari-yu, o`y-hayollari mutlaqo bir-biridan farq qilishini, ularning hayolot dunyosi turfa ranglardan iboratligini anglaganday bo`laman. Gohida atrofdagi insonlarning ba’zilarini naqadar xudbin va manman ekanligini, faqatgina o`zlarining manfaatlarinigina o`ylab ish tutishlarini ko`rib, ular bilan bir havodan nafas olayotganimdan, bu hayotdan nafratlangim keladi. Yana o`ylab qolaman… Nega hayotdan nafratlanishim kerak. Bunga hayotning nima aybi bor. Axir bu hayot faqatgina xudbin insonlardan iborat emas-ku, unda go`zal tuyg`ular tarannumi-yu, eng pok hislarning gul-u chechaklar misol yashnashini ko`z oldimdan o`tkazaman. Bu hayot haqiqatidir…
Ba’zan qo`ni-qo`shnilar, do`stlar bilan o`zgalar haqida gaplashamiz, ortidan g`iybat qilamiz. O`zgalarning qusurlari-yu, bizga yoqmagan ishlarini yuziga aytamiz-u, ammo, o`zimizning qilayotgan ishlarni sarhisob ham qilmaymiz. Yana o`sha o`ylar bizni hayolot dunyosiga eltadi. Nega shunday… Nega insonlar shunchaki, oddiy hayot kechira olmaydi. Nega o`z hayotlarini ham, o`zgalar hayotini ham murakkablashtirishadi. Atrofdagi insonlarni hayotlarini o`zgartirishni xohlashadi, yana maslahat ham berib qo`yishadi. O`zlarini hayotlari gul misol so`lib borayotganiga esa e’tibor ham berishmaydi. Bu hayot haqiqati…
Bu hayot deymiz-u, bariga ko`z yumib yashayveramiz. Yana o`zimizga hali hayot oldinda deb tasalli ham beramiz. Yonimizdagi odamlarga do`stingman deb achchiq so`zlarni aytamiz-u, gohida uning qalbidagi tosh oynani bir so`z bilan parchalab, chil-chil qilib yuborganimizni sezmay ham qolamiz. Buni anglaganimizda esa bir bor uzr so`rash biz uchun mushkul ish bo`lib qoladi. G`ururimiz tog`dan-da balandlab ketadi. Hayot ro`yo emaski, ko`z ochganda barisi tushdek o`tib ketsa. Umr daftarimizni nafosat chashmasidan suv ichgan zarhal so`zlar bilan marjon kabi bezaymiz-u, o`zgalar daftariga dildagi ozorli so`zlardan muhrimizni qo`yamiz. Bu hayot haqiqati…
Bu hayot qanday haqiqatdan iborat bo`lmasin, bu hayot bizniki, uni qanday yashash o`z qo`limizda. Hayot misoli ko`zmunchoq, oq bor joyda albatta qora ham bo`ladi. Qora bor joyda oq ham o`z o`rnini yo`qotmaydi. Hayotimizning zalvorli yo`llarini quyosh tafdidan isingan, quvonch chashmasidan suv ichgan mehr gullari ila bezaylik.

MUXLISA Meliyeva
O‘zJOKU talabasi


Ulashish:
1 053
Boshqa rubrikalarda mashhur

Jizzaxda “Talabalar teatr studiyalari” festivalining 3-mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 17-dekabr kuni Jizzax musiqali drama teatrida “Talabalar teatr studiyalari” festivalining 3-mintaqaviy bosqichi tantanali ravishda boshlandi.
Universitetda kafedralar o‘rtasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim sifatini oshirish, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga qo‘llash hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida universitetda kafedralar o‘rtasida samarali tajriba almashinuv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
JDPU talabalari harbiy qismda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Vatan himoyasi – har bir fuqaroning muqaddas burchi.