Bayram tabrigi
Aziz ayollar va dilbar opa-singillar sohamizning barcha muxtarama ayollari hamda go‘zal qizlari! Barchangizga nafis bahor, muhabbat, go‘zallik, latofat va mehr ramzi bo‘lgan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo‘lsin!
Odatda ayolni bahorga, bahorni esa ayolga qiyoslashadi. Zotan o‘lkamiz uzra muattar sepini yoya boshlagan bahorning ilk kunlari aynan xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishi ham ramziy ma’no kasb etadi. Ayoli bor oila qut-barakali, fayzli va tarovatli bo‘ladi. Yurtimiz ham, jamiyatimiz ham ayol bilan go‘zaldir.
O‘zbekistonimiz turmush tarzining osudaligi, baxt-saodatli va totuvligi, olib borilayotgan har bir bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida ayollarimizning aql-zakovati, o‘tkir zehni mujassam ekanligini quvonch bilan ta’kidlab o‘tishimiz joiz.
Demak, Siz hamisha el-yurt ardog‘idasiz. Sizning salomatligingiz, baxtingiz, sha’n va huquqingiz biz uchun ko‘z qorachig‘idek azizdir.
Xabaringiz bor 1 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xotin qizlar ta’limini mustahkamlash uchun ulkan imkoniyatlar belgilandi.
Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi, dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etilishi ta’kidlandi. Shuningdek Paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochilishi beliglab berildi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Yana bir quvonchli yangilik shuki: kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lanadi. Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Qizlarning yaxshi ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi Prezidentimizni hamisha o‘ylantiradigan masalalardan biri. Bu yig‘ilishda ham ular uchun ta’lim sharoitlarini kengaytirish bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qilindi.
Davlat rahbari Sh.M.Mirziyov iborasi bilan aytganda “Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim bo‘ladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, o‘qishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi bo‘yicha mening stolimda adolatli raqam bo‘ladi”
Aziz va muxtaram opa-singillar!
Bugun Jizzax davlat pedagoigka institutida 1500 nafardan ziyod nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritishadi. Ularning 672 nafarini Biz bilan birga mana shu jamoada teppa-teng, kezi kelganda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan ayollarimiz, opa singillarimiz tashkil etadi. Ularning orasida 6 nafar fan doktorlari 50 ga yaqin fan nomzodlari, 10 nafar doktorantlar bor.
-Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi, – deydi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev!
Muxtarama ayollar, olima va o‘zi ishinigng ustalari bo‘lmish jonkuyar pedagog opa singillarim!
Barchangizni yer kurramizda keng miqyosda nishonlanib kelinayotgan 8 – mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizda to‘kin-sochinlik, baxt-saodat, shodu- hurramlik, sharafli ishlaringizda yangidan-yangi zafarlar tilayman.
Ayollik baxti, bekalik taxti, onalik martabasi Sizlarga hamisha hamroh bo‘lsin!
Hurmat bilan, Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S. Sharipov