Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Turar-joy, uning qism va jihozlariga oid leksik birliklar (“Malika ayyor” va “Bahrom va Gulandom” dostonlari misolida)

Manzura Tulaganovna Narmatova – o‘qituvchi Jizzax davlat pedagogika universiteti Annotatrsiya: maqolada “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlarida   uy-joy, uning qism va jihozlariga oid leksik birliklar tushunchasi, xususan, ushbu mavzuga  oid leksemalar tahlil qilingan. Аннотация: в статье проанализировано понятие лексических единиц, относящихся к жилью, его частям и оборудованию в эпосах” Малика айёр“,” Бахрам и Гуландом», в частности лексемы, относящиеся к данной теме. Annotation: the article analyzes the concept of lexical units related to housing, its parts and equipment in the epics “The Cunning Princess,” “Bakhram and Gulandom,” in particular lexemes related to this topic. Tayanch so‘zlar: qoʻrgʻon, saroy, uy, kulba, yurt, vatan, xonumon (uy va uning jihozlari) dargoh, xona, ayvon, eshik va h.k. Ключевые слова: крепость, дворец, дом, коттедж, деревня, родина, ханамон (дом и его убранство), даргох, комната, айван, дверь и т. д. Key words: fortress, palace, house, hut, country, homeland, lady (house and its furnishings) court, room, animal, door, and so on.     Insoniyatning barcha taraqqiyot bosqichlarida muayyan uy-joy yoki vaqtincha yashash uchun moʻjallangan uy, turadigan oʻrin, makon muhim oʻrin tutganki, ularning har biri oʻz nomi va atamasiga ega. Ta’kidlamoqchimizki, har bir xalqning ma’naviy hayoti va kundalik maishiy turmush tarzida muayyan makon-turar joylar, ularning jihozlari nomlari oʻsha xalq tilining oltin fondi xazinasida, halq ogʻzaki ijodi namunalarida munosib oʻrin olgan. Bu barcha turkiy xalqlar qatori, oʻzbek tili va folklariga ham tegishli, albatta. Tadqiqotimizda qoʻyilgan maqsaddan kelib chiqib, tahlil ob’ektiga jalb qilingan xalq dostonlarini oʻrganish davomida muayyan makon-uy, joy, yashash oʻrni tushunchalarini ifadolovchi 20 dan ortiq leksik birliklar qoʻllanganligini kuzatdik. Bular: qoʻrgʻon, saroy, uy, kulba, yurt, vatan, xonumon (uy va uning jihozlari) dargoh, xona, ayvon, eshik, darvoza, ustun, zina, boʻsagʻa, toʻr, hujra makon va h.k. Quyida ulardan ayrimlarining etimologiyasi, qoʻllanilish doirasi va leksik-semantik xususiyatlari haqida qisqacha soʻz yuritamiz.     Qoʻrgʻon (qal’a). Bu lisoniy birlik “Malika ayyor” dostonida 9 marta, uning xilma-xil: qoʻrgʻonga (2 marta), qoʻrgʻonda (1 marta), qoʻrgʻoni (2 marta), qoʻrgʻoniga (1 marta), qoʻrgʻonining (3 marta) kabi shakllari qoʻllanilgan. Lekin bu leksema “Bahrom va Gulandom” dostonida biror marta ishlatilmagan. Ona tilimizning izohli lugʻatida qoʻrgʻon (qal’a) leksemasining quyidagi ma’nolarda qoʻllanilishi haqida ma’lumot berilgan: 1. Oʻrta asrlarda qalin va baland mudofaa devori bilan oʻrab qurilgan, asosan bir darvozali shahar-qal’a; 2. Qal’a, shahar, qoʻrgʻon va sh.k. ni mudofaa qilish uchun qurilgan mustahkam devor; 3. Dala joyda va umuman shahardan tashqarida atrofi devor bilan oʻralgan hovli-joy va uning ichidagi binolar (qarang: OʻTIL, V, 416-bet). “Malika ayyor” dostonidagi qoʻrgʻon (qal’a) leksik birligi mazkur izohlarning dastlabkisiga aloqador, degan xulosaga keldik. Bu oʻrinda birgina misol keltirish bilan cheklanamiz: Qarasa, murodga toʻlib, Izlab endi shahzodasin, Koʻrdi-ku qoʻrgʻon-qal’asin, Boymoq deb joyiga etib, Ochib kirdi darvozasin, Axtaradi shahzodasin, Devlarning berar jazosin (M.a. 151-bet). Ayrim nufuzli lugʻatlarda qoʻrgʻon atamasi asli “qoʻriqla” ma’nosini anglatuvchi qori – fe’lining koʻpaytirish ma’nosini ifadolovchi –gʻa qoʻshimchasi bilan hosil qilingan shaklidagi –n qoʻshimchasi bilan yasalganligi, keyingi unlilardagi tovush oʻzgarishlar sababli qorgʻon holatiga kelganligi qayd etilgan (qarang: OʻTIL, I, 558-559-bet). Qoʻrgʻon leksik birligi “Malika ayyor”da ancha faol qoʻllangan. Misollar keltiramiz: Shoqalandar bilan Shozargar qoʻrgʻonga kirib, u yoqqa bu yoqqa qaradi. Bu qoʻrgʻonda devlardan hech bir nishon – darak topmadi (152-bet). Qarasa, Boymoq devning makoni-qoʻrgʻoni koʻrinib turibdi (152-bet). Uy leksemasining xilma-xil shakllari turkiy xalqlar tillarining, ogʻzaki va yozma nutqlarida faol qoʻllanilgani sir emas. Shu oʻrinda milliy tilimizning ogʻzaki va yozma yodgorliklarida oʻz ifodasini topganligini ham qayd etish lozim. Masalan, “Malika ayyor” dostonida mazkur soʻzning uyiga, uyingdagi, uylaringizga, uyda kabi shakldoshlari 1 martadan qoʻllanganligini kuzatdik: Bu qanday zolimlik. Bundan oʻlib ketganimiz yaxshi emasmi, uyda kishisi borning tuzda urolmas, degan gap bor odamzodlarda (M.a. 162-bet). Uy leksik birligining qoʻllanilish doirasi juda qadim davrlarga borib taqaladi. Xususan, Mahmud Qoshgʻariy oʻzining “Devonu lugʻotit turk” asarida qadimgi turkiy tildagi öw “uy” ma’nosiga ega ekanligini, Öw tarzida til oldi oʻ bilan talaffuz etish zarurligini qayd etadi (qarang: DLT, I, 109-bet). Bir qator olimlar, xususan, B.Abdushukurov, A.Xoziev va boshqalarning ilmiy ishlarida qadimgi turkiy tildagi “uy, turar-joy”, “oila” (DTS, 162-bet) ma’nolarini ifodalaydigan ew (ev) shakli uning qadimgi variant ekanligi ta’kidlangan . Keyingi davrlarda eski oʻzbek tili leksikasida ev bilan birga uy ham koʻproq qoʻllanganligini Navoiy asarlaridagi ba’zi lisoniy ma’lumotlar tasdiqlaydi. Masalan, ular shoirning “Farhod va Shirin” asaridagi “Burun qirq uy boʻlib oltun makoni, Har evda qirq xumi  xusravoni” (F.Sh. 227-bet) kabi misralardagi uy va ev ayni bir ma’noda qoʻllanilganligini kuzatamiz. Koʻrinadiki, uy leksemasining qoʻllanish bosqichlari uzoq davrlarga borib taqaladi va ayni kunlarda ham u eng faol leksik birlik sanaladi. Mazkur leksik birliklarning muayyan matnda ifodalangan ma’nolari xilma-xil ekanligini ilmiy-badiiy manbalar bir qadar tasdiqlaydi. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻatida uy leksemasining quyidagi oltita ma’nosi mavjudligi qayd etilgan: 1. Uy, xona, manzil, makon;2. Imorat, bino; 3. Tana, jism, gavda; 4. Vatan; 5. Dargoh; 6. Oʻtov, chodir (qarang: ANATIL, 3j., 281-bet): Ona tilimizning izohli lugʻatida esa mazkur leksemaning beshta ma’nosi berilgan: 1. Yashash uchun yoki turli tashkilot, muassasa va sh.k. joylashish uchun moʻljallangan bino; 2. Yashash uchun moʻjallangan bino ichidagi har bir xona; 3. Biror ijtimoiy talabni qondirishga  qaratilgan muassasa; 4. Biror oila va xonadon oʻrnashgan bino va shu binoga taalluqli er, hovli; 5. Oila, xonadon (OʻTIL, IV, 271-bet). Tahlil uchun keltirilgan har ikkala manbalardagi bunday ma’lumotlardan shunday lisoniy holat koʻzga tashlanadiki, xalq dostonlari tilidagi manzil, makon, vatan, mamlakat, dargoh, xona kabi leksemalar uy soʻzi oʻrnida qoʻllanilib, uylarga sinonimlik vazifasini bajargan. Ayni lisoniy holatni “Malika ayyor” dostoni matnidan olingan quyidagi matnlarda kuzatdik:
  1. Uy, makon (manzil) yashash joy ma’nosida: Besoqol bolamizning holi qanday boʻldi, – deb oʻzining manzil-makoniga bordi. Makonini koʻrdi. Qarasa manzilini eshigi ochiq, anqayib turibdi. Boymoq dev buni koʻrib, xayoli qochib, hushi kallasidan uchib, “Bizning makonga ham qalandarning qadami etgan ekan, bola omon boʻlsa shu-da”, – deb osmonidan quyulib manziliga tushdi. (M.a. 162-bet).
  2. Uy → manzil (yashash joy) ma’nosida: Uyingdagi sening sarvinozing, Eshit meni gʻarib gado tilini, Bizdan koʻrgin karomatning moʻlini, Yasab beray Malikaning sherini (M.a. 94-bet).
  3. Uy → vatan (yashash joy): Soʻzimni eshitgin shohim, muqarrar, Otim Yoʻlchi, oʻzim yurgan qalandar. Tarki dunyo qildim, vatan ne darkor (B.G.92-bet).
  4. Uy →manzilxona(yashash joy): Boybacha sifatlim, qaydan boʻlasan? Bino boʻlding qays gavhar donadan, Parvoz qilding qaysi manzil-xonadon (B.G.52-bet).
Keltirilgan misollarning ichidagi manzil-xonadon soʻzlarining keyingi qismiga e’tibor bersak: xona soʻzi aslida tojikcha boʻlib, unga don qoʻshimchasi qoʻshilib “oila”, “biror oila yashaydigan joy” ma’nosini ifodalashga xizmat qilgan (qarang: OʻTEL, III, 242-bet). Bu soʻz ayni ma’nolarda Alisher Navoiy asarlarida ham qoʻllanilgan. Masalan, “Saddi Iskandariy”dagi “Ham otasi bu xonadon bandasi, Ham ajdodi ajdodim afkandasi” kabi misralar fikrimizga dalil boʻladi. Saroy leksemasiga tilimizning izohli lugʻatida “xon, amir, podshohlarning doimiy qarorgohi boʻlib xizmat qilgan hashamatli katta bino, koshona” (OʻTIL, III, 452-bet) tarzida tavsif berilgan. Mazkur soʻz tadqiqotimizga jalb etilgan xalq dostonlarida ancha faol qoʻllangan. Bu oʻrinda ikkita matn keltirish bilan chegaralanamiz: “Unda Shozargar: “Shoqalandar aytsa ozroq aytib qoʻyadi, men koʻproq aytayin, -deb, -qirq botmon tilla bering, qirq botmon guruch bilan qirqta yaxshi katta qoʻy, bir qancha qand bilan choy, shahringizning yaxshi eridan – saroyidan joy bering” (M.a. 94-bet). “Bu shaharning ichini u koʻradi, Qiblaboshi amaldorlar koʻradi, Qoʻrboshilar bu Bahromga qaradi, Bir saroyga borib, Bahrom qoʻnadi” (B.G. 56-bet). Hujra, arab tilidan kirib kelgan bu soʻz xona, boʻlma ma’nolarini ifodalaydi. Tilimizning izohli lugʻatida mazkur leksik birlikning quyidagi ma’nolari qayd etilgan: 1. Kishi yashaydigan kichik xona, uycha; 2. Tor, madrasa, qorixona va masjidda shogirdlar, domullalar yashashi uchun ajratilgan kichik xona (qarang: OʻTIL, V, 557-bet). Navoiy asarlarida hujra leksemasi ikki ma’noda ishlatilganligi, shuningdek, uy va hujra oʻzaro sinonim boʻlib qoʻllanganligi ayrim tadqiqotlarda qayd etilgan . Biz oʻrgangan “Bahrom va Gulandom” dostonidagi ayrim matnlarda hujra leksemasi yuqoridagi kabi ikki ma’noda qoʻllanganligini kuzatdik: 1. Bahrom bu saroyda bir hujrani olib, saroybon bilan oshna boʻlib, kunduzni oʻtkazdi. kun kech boʻlib, oqshom boʻldi. (B.G.56-bet) 2. … Harchan ishingiz boʻlsa mana ozoda hujrangiz, Qandayin ishingiz boʻlsa, qorongʻida qaltirib qilgandan, yorugʻda yaltirab qilganingiz yaxshi emasmi?» –deb nasihat qildi (B.G.56-bet). Koʻrinadiki, keltirilgan matning dastlabkisida hujra hashamatli saroyning bir qismi, inson yashaydigan kichik xonasi; keyingi matnda esa yashash uchun ajratilgan kichik xona ma’nosida qoʻllanganligi ayon boʻladi.       Ayvon – arabiy oʻzlashma sifatida tilimizga kirib kelgan va faol qoʻllanuvchi leksik birlik boʻlib, “qasr, oldi ochiq bino” ma’nosini ifodalaydi. Ona tilimizning izohli lugʻatida ayvonga “uch tomoni berk, oldi ochiq xona” tarzida tavsif berilgan (qarang: OʻTIL, I, 52-bet). Mazkur leksema tadqiq qilingan har ikkala dostonda qoʻllangan: Shoqalandar bilan Shozargar qoʻrgʻonga kirib, u yoqqa bu yoqqa qaradi. Shunda ikki qalandar Boymoq devning manzilini, arkon-davlatini, koʻshku-ayvonlarini, hamma qulfli joylarini axtarib koʻrdi (M.a. 152-bet). Bunga atab soldim tufha-saroyni,  Koʻshki ayvon qilib ul manzil joyni (B.G. 60-bet) va h. k. Tilshunosligimizda ayvon leksemasiga berilgan izohlar xilma-xil. Masalan, OʻTILda “ayvon-koʻpincha uch tomoni berk, oldi ochiq xona” tarzida izohlangan (I, 52-bet), “OʻTEL”da esa “uyning uch tomoni devor, oldi tomoni ochiq qismi” (III, 2x). Ayrim ishlarda  “ayvon-uyning xonalariga taqab solingan usti yopiq va old tomoni ochiq qismi”. Ayvon soʻzining qoʻllanilishi juda keng va u uzoq davrlardan buyon ijtimoiy hayotda, kundalik turmush tarzida ancha faol ishlatilganligini xalq ogʻzaki ijodi namunalari, qolaversa, yozma adabiyot manbalari ham tasdiqlaydi. Bu oʻrinda Navoiy asarlarida birgina misol keltirish bilan cheklanamiz: Ichinda gumbaz ayvonga loyiq, Yana dahlezi gumbazga muvofiq, Yana uch sori ham uch toqi ayvon (F.Sh, VIII, 281-bet). Bu oʻrinda ta’kidlash lozimki, yozma adabiyot manbalaridagi toqli ayvon, gumbazli ayvon kabi lisoniy shakllar, shuningdek, xalq dostonlari matnida koʻshkli ayvon birikmasi nihoyatda koʻp qoʻllangan. Masalan, Gulandomga toʻy taraddi aylandi, koʻshki ayvonlarin tilladan bezab (B.G. 114-bet), Sirli ustun bunda koʻshku ayvonlar. Oʻynab oʻsgan sayirgohim, xoʻsh endi (M.a. 191-bet). Dostondan keltirilgan koʻshk leksik birligi aslida turkiy va forsiyga “dalahovli, shahar tashqarisidagi qasr” ma’nolarini ifodalaydi. Ona tilimizning izohli lugʻatida bu soʻzga “qadimda baland, bahavo qilib solingan engil imorat”, degan izoh berilgan (qarang: OʻTIL, II, 479-bet). Ayni ma’no biz oʻrgangan xalq dostonlari matnida koʻplab uchraydi. Birga misol keltiramiz: Gulqizoyim koʻshklarini yaxshi orasta qilib, yaxshi lisob-toʻshaklardan soldirib, xizmatkor sanam qizlarga buyurib, oʻzi Gulbogʻning darvozasiga chiqib qarasa, beklar parilar kanizlar bilan kelayotir (M.a. 184-bet). Dostonlarning matnida koʻshk-ayvon lisoniy birikmalari ravoq-qoʻrgʻon soʻzlari bilan birga qoʻllanish holatlari kuzatildi: Bu soʻzni eshitib Malika Goʻroʻgʻliga aytib, bir agʻanab turib, kaptar libosini kiyib fallaka parvoz qilib, uchib, joʻnay berdi. Koʻshk-ayvonlari ham falakka ravoq-qoʻrgʻonlar bilan koʻchib joʻnay berdi (M.a. 9-bet). Bu matndagi ravoq-qoʻrgʻon lisoniy birligi aslida arabcha soʻz boʻlib, peshtoq, peshayvon, yopiq yoʻlak, bezakdor chodir ma’nolarini ifodalaydi. Tilimizning izohli lugʻatida mazkur soʻzning toʻrtta ma’nosi borligi koʻrsatilgan. Ular: 1. Binoning old tomonidagi, peshtoq va ustunlar bilan bezatilgan qismi; 2. Hashamatli bino, saroy, qasr; 3. bik. Tokcha va tokning mehrob shaklida birlashgan yuqori qismi; 4. Hovli yoki bogʻ oʻrtasida tanasi yopiq qilib taxtadan ishlangan oynaband uy (qarang: OʻTIL, III, 435-bet). Mazkur matning izohdagi hovli yoki bogʻ ma’nosidagi ravoq dostonning ba’zi matnlarida oʻz ifodasini topgan: Buvishimiz kelmish boqqa,  Qarab turgan shu ravoqqa,  Oʻynab-kuling bu chorboqda,  Juring, beklar, birga-birga boramiz (M.a. 184-bet).        Ustun: lugʻaviy boyligimizga fors tilidan kirib kelgan bu leksema muayyan uy, imoratning ashyosi sifatida”Tirgak”, “poya”, “tirgovich”, “tayanch” kabi ma’nolarini ifodalagan. Ona tilimizning izohli lugʻatida mazkur leksik birlikning bir necha ma’nolari mavjudligi qayd etilgan: 1. Tomni koʻtarib turuvchi tayanch yogʻoch; 2. Bino peshtoqi va shiftining asosiy tayanchi; 3. Umuman, biror narsani koʻtarib turish, osib qoʻyish va sh. k. uchun foydalaniladigan uzun tik yogʻoch yoki shu taxlitda ishlangan qurilma (qarang: OʻTIL, IV, 302-bet). Mazkur leksemaning sutun shakli yozma adabiyot namunalarida, xususan, Navoiy asarlarida (HA, VII, 262-bet; FSh, VIII, 221-bet) faol qoʻllanilganligi, qolaversa, xalq dostonlarida va ogʻzaki nutqda ham ustun shaklining qadimda ham, hozirgi kunda ham faol ishlatilishi uzoq taraqqiyot bosqichni bosib oʻtganligini tasdiqlaydi. Tadqiqot ob’ektiga jalb etilgan dostonlar matnida ham mazkur leksik birlik qoʻllangan: Shunday boʻldi menga haqdan farmonlar, Yuragimda bordir gʻamu armonlar, Sirli ustun, bunda koʻshku ayvonlar, Oʻynab oʻsgan sayrgohim, xoʻsh endi (M.a. 191-bet). Qolmas yuragimda cheru armonlar, Sirli ustun, munda koʻshku ayvonlar, Munoqqoshli koʻshk, ayvon xush endi (M.a. 222-bet). “Bahrom va Gulandom” dostonida mazkur leksema ikki xil ma’noda: birinchisi – tomni koʻtarib turuvchi tayanch yogʻoch va ikkinchisi koʻchma ustun-gʻolib, kuchli ma’nosi ifodalanganligini kuzatamiz: 1. Shu vaqtda ham uxlay degan moʻljalda oyogʻiga tilla kishan solib, qoʻlini ustunga bogʻlab, jamolini tomosha qilib, uxlab qolgan edi (B.G. 44-45-bet); 2. Kaltak sagʻal tegib qoldi. Jang boshini ololmay Sayfur, Quvvati kelmas bilibdi, Bu Novshod ustun kelibdi, Sayfur endi yiqilibdi. (B.G 95-bet).  Keltirilgan matnlardagi dastlabki 3 ta misollar yuqorida ta’kidlangan ma’nolarni ifodalasa, oxirgi misolda esa ustun leksik birligi omonimlik vazifasini bajargan, gʻolib, kuchli ma’nolarida qoʻllangan. Xulosa qilib aytganda, uy-joy nomlari, uning muayyan qism – boʻlaklari va jihozlariga oid leksik birliklar jamlanmasi ona tili ijtimoiy-siyosiy leksikasining mustaqil bir tarmogʻi sanaladi. Bunday tipdagi leksemalar ijodkor xalqimizning ma’naviy hayotida va kundalik mayishiy turmush tarzida juda faol qoʻllanilib kelganligini qadimgi qoʻlyozma asarlar, shuningdek, xalq ogʻzaki ijodi asarlari matnidagi lisoniy dalili – ma’lumotlari yana bir tasdiqlay oladi. Ta’kidlanayotgan va nazarda tutilayotgan leksik birliklarni toʻplash, muayyan matnlar tarkibida oʻrganish, ularning etimologik va funksional-semantik xususiyatlarini ochib berish tilshunosligimizning navbatdagi vazifalaridan biri sanaladi.        Adabiyotlar
  1. Abdushukurov B. “Qissasi Roburiy” leksikasi. Filol. fan doktori (DSs) dissertatsiyasi, Toshkent, 2017, b. 75.
2.Xoziyev A. Leksika slovarya Maxmuda Kashgari “Devonu lyugot ut-turk” v sravneniye s sovremennom Bashkirskim yazikom. Kand. Dis-ya. Ufa, 2018
  1. A.Navoiy «Tarixi muluki ajam» www.ziyouz.com kutubxonasi
  2. B.G.- Bahrom va Gulandom –Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886.
  3. .M.a.- Malika ayyor.- Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886.
  4. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,1-jild,2006.
  5. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,3-jild,2006.
  6. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,4-jild,2006.
  7. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,5-jild,2006.
  8. “O‘g‘uznoma” «Shajarayi turk» (1669)