Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MUSIQA TA’LIMI  VA  TARBIYASIDA O‘ZBEK   MUMTOZ   MUSIQASI  IMKONIYATLARIDAN  FOYDALANISH

Fayzullayev Ermat Majidovich, Abdulla Qodiriy nimidagi Jizzax Davlat Pedagogika Universiteti dotsenti v/b, p.f.n.  Annotatsiya: Ushbu maqola mazmunida uzluksiz ta’lim tizimining turli bosqichlarida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalarida bo‘lajak mutaxassislarga o‘zbek mumtoz musiqasi, jumladan, maqomlarga oid nazariy va amaliy bilimlarni berish borasidagi tajribalarni o‘rganishga e’tibor qaratildi. Musiqiy tarbiyaning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan tahliliy mulohazalar bildirildi. Kalitli so‘zlar: musiqa, musiqa tarbiyasi, estetik tarbiya, maqom, mumtoz ashula, an’anaviy qo‘shiqchilik, tadqiqod, tarbiya, nola, qochirim, bezak, badiiy did, badiiy-axloqiy madaniyat,  musiqa madaniyati.   Musiqa san’ati estetik tarbiyaning muhim omili sifatida shaxs shakllanishiga kuchli ta’sir etadi. Oilada, bog‘chada, maktabda musiqa mashg‘ulotlarini maqsadga muvofiq tarzda uyushtirish, yosh avlodning ichki dunyosini boyitish va san’atni to‘g‘ri tushunishdagi samarali yo‘ldir. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning sa’yi harakatlari bilan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha” “Harakatlar strategiyasi”ni hayotga tadbiq etish lozimligi zamon talabi bo‘lib qolmoqda. Mazkur “Harakatlar strategiyasi” har birimizdan harakat va mas’uliyatni talab qiladi! Shundan kelib chiqqan holda “Harakatlar strategiyasi”ning maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.[1] Musiqa tarbiyasi estetik tarbiyaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Inson shaxsini shakllantiruvchi yetakchi omillardan biri ta’lim-tarbiyadir. Estetik tarbiya esa uning tarkibiy qismi sifatida go‘zallikning mohiyati, estetik va axloqiy hissiyotlarning birligi, san’atning xalqchilligi to‘g‘risidagi ta’limotga suyanib, o‘quvchilarning ob’ektiv dunyo haqidagi bilimini kengaytiradi va chuqurlashtiradi, ijodiy qobiliyatini va iste’dodini o‘stiradi hamda ularda yuksak ma’naviy fazilatlarning tarkib topishiga yordam beradi. Odatda, estetik tarbiyaning maqsadi bolalarda estetik his-tuyg‘u va fikrlarni rivojlantirish, go‘zallikni ko‘ra bilish va ulardan zavqlana olishdan iborat, deb tushuniladi. Aslida estetik tarbiyaning maqsad va vazifalari bu bilan chegaralanib qolmaydi, o‘quvchilarni go‘zallik va xunuklikni, yuksaklik va tubanlikni, shodlik, kulfatni anglash va ko‘ra bilishga o‘rgatadi. Musiqa inson his-tuyg‘ularini, orzu-umidlarini, xohish-istaklarini o‘ziga xos badiiy tilda ifoda etadi va kishining his-tuyg‘ulariga faol ta’sir etadi. Musiqa ham fan, ham san’atdir. U fizika va matematikaga asoslanadi, bu fanlar musiqani fanga aylantiradi. Lekin musiqa asariga shu fanning turg‘un tushunchasi sifatida qarab bo‘lmaydi. Chunki musiqa har doim rivojlanib turuvchi jonli san’atdir. Musiqa san’ati inson hayotining ilk yillaridanoq uning hamrohiga aylanib, umumiy madaniy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Musiqa inson umrining doimiy yo‘ldoshi. Olim Stendalning aytishiga ko‘ra, musiqa – san’at turlari ichida insonning yuragiga chuqur kirib, uning ichki kechinmalarini aks ettirishga qodirdir. “Musiqa san’atning ifodali turi tizimiga kiradi. Musiqa ham voqea-hodisalarni ifodali aks ettiradi. Ammo u me’morchilikdagi kabi fazo va moddiy ashyo o‘lchovlari bilan belgilanmaydi. Musiqa ko‘rish orqali emas, balki eshitish vositasida idrok etiladi. Musiqa mavzui o‘z xususiyatiga ega bo‘lib, inson va voqelikdagi barcha tomonlarni qamrab ololmaganligi uchun, eng avvalo, inson ichki ma’naviy dunyosini, uning tuyg‘u va kayfiyatini ifodalaydi… musiqa voqelikning his-tuyg‘uli qiyofasini yaratadi”. Musiqa “til”i barcha qismlarning uzviy birligini, asar shaklini ifodalaydi. Shakl – musiqa mazmunining moddiy ifodasidir. Bastakor fikri, tuyg‘ulari, tasavvurlari eshituvchilarga musiqiy shakl orqali yetib boradi. Albatta musiqa shaxsni shakllantirishning, uning ijobiy fazilatlarining yo‘nalishlarini o‘z-o‘zidan belgilab bermaydi. Tarbiyaviy ta’sirning eng muhim tomonlari musiqiy asarning g‘oyaviy mazmuniga bog‘liqdir. Ana shu bilan musiqiy-estetik tarbiyaning vazifalari belgilanadi. Mashxur polyak kompozitori K.Shimanovskiy o‘zining “Jamiyatda musiqaning tarbiyaviy ahamiyati” nomli maqolasida, musiqaning tabiiy kuchi haqida gapirar ekan, uning ikki qarama-qarshi yo‘nalishda – yaratish va buzish uchun ishlatish mumkinligini – “kerakli ishga yo‘naltirgan holda, tez oqar daryoning suvlaridan foydalanib, foydali va unumli ishlar uchun, ya’ni tegirmonni aylantirish uchun ishlatgandek, musiqa kuchidan ham unumli foydalanish kerak”, – degan.[2] Musiqaning insonga ta’siri, shaxsning va jamiyataing ruhiy hayotidagi o‘rni kompleks muammo hisoblanadi. Ushbu murakkablik va serqirralik fanga darrov kelmadi. Shu o‘rinda Asafevning “…musiqa – bu ham san’at, ham fan, ham til, ham o‘yin” – degan so‘zlarini eslash maqsadga muvofiqdir.[3] Birinchi prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganlaridek, – “Ta’lim jarayonini isloh etish va mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda Oliy o‘quv yurtlari muhim o‘rin egallaydi”. Bu fikr bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarini tayyorlashga ham daxldordir. Jumladan, bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari tomonidan o‘quv dasturlariga muvofiq o‘rganilishi lozim bo‘lgan maqom sho‘balarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ular “Sarahbor”, ya’ni vazmin aytiluvchi keng diapozonli sho‘balardan  boshlanib turlicha kayfiyatdagi taronalar bilan davom etadi. Ta’lim jarayonida, shuningdek, insonni ulug‘lovchi, unga kuch-quvvat  bag‘ishlovchi, unda lirik kechinmalarni uyg‘otuvchi xarakterli sho‘balar ham o‘rganiladi. Maqomlar  odatda  raqsbop, quvnoq kayfiyatli uforlar bilan  yakunlanadi. Maqom yo‘lidagi xalq qo‘shiqlari  inson ruhiyatida kechayotgan turli  kayfiyatlarga mos holda yaratilgan. Maqomlarning inson ruhiyatida kechadigan psixologik holatlarga muvofiqligini nazarda tutgan holda har bir sho‘ba va xalq ashulalarini  o‘rganishdan oldin talabalarda o‘rganilishi nazarda tutilayotgan qo‘shiqqa mos kayfiyatni yuzaga keltirish maqsadga muvofiqdir. O‘quv dasturi bo‘yicha talabalar  bilan  o‘rganilishi uchun zarur bo‘lgan musiqiy asarlarning salmoqli qismini maqom sho‘balari va mumtoz xalq  qo‘shiqlari tashkil qiladi. Ularni o‘rganish jarayonida talabalarda ma’naviy-axloqiy sifatlar – bosiqlik, jiddiylik, mulohazalilik, did va farosatni shakllatiradi. Shuningdek, mavjud vaziyatga muvofiq o‘zida quvnoq kayfiyatni hosil qila olish, biroq bachkanalikdan yiroqlashish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Jamoa bilan ishlashda faqat mumtoz ashulalarni bilishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Balki jamoaning ovoz imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish mumtoz ashulalarning mahorat bilan ijro etilishini ta’minlabgina qolmay, ularning jozibadorligini ham oshiradi. Bu holatni shaxsan men yuz kishilik xor jamoasi bilan ishlash chog‘ida yaqqol his etaman. Mashg‘ulotlar jarayonida mumtoz asarlarni  o‘rganishda mashhur  hofizlarning ijro uslublari, ular tomonidan ishlatilgan nola,  qochirimlar bilan yaqindan tanishish ularning tajribalarini o‘rganish asosida talabalarning  tabiatlariga mos uslubni tanlashga yordam berish zarur. Ana shu maqsadda taniqli hofizlar – Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Halim Ibodov, Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Matchan Xudoyberganov, Muhiddin Qori Yoqubov,  Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon  Uzoqov, Tavakkal Qodirov, Komiljon Otaniyozov, Fattohxon Mamadaliev, Orifxon Hotamov, Eson Lutfullaev, Orif Alimahsumov, Berta Davidova, Kommuna Ismoilova, O‘lmas Saidjonov, Ma’murjon To‘xtasinov, Munojat Yo‘lchieva, Nasiba  Sattorova va boshkalarning ovozlari yozilgan magnit tasmalarini talabalar ishtirokida tinglash, ularni milliy an’nalardan samarali foydalana olishga o‘rgatish, musiqa ta’limi metodikasi oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi. Tabiiyki, bu muammolarning har biri alohida ta’rif va yo‘l-yo‘riq berishni talab qiladi.[4] Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarini pedagogik amaliyotga tayyorlashda ham ular tomonidan mumtoz qo‘shiqlarning puxta o‘rganilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, mumtoz asarlar ta’sirchan kuchga ega bo‘lishi bilan birga ularda xalqona ruh mavjud bo‘lib, nafaqat talabalarni, shu bilan birga o‘quvchilarni ham milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ularda asrlar davomida e’zozlanib kelingan ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Mumtoz qo‘shiqlar yashovchanligining sababi ham ularning xalq didiga mosligi, xalq tomonidan tan olinganligidir. Shuningdek, ularning mazmunan va musiqiy jihatdan mukammalligi, g‘oyaviyligi barcha yoshdagi kishilar e’tiborini o‘ziga torta oladi. Milliy mumtoz qo‘shiqlarning umrboqiyligini ta’minlovchi omillardan yana biri – har qanday zamon va makonda ham insonlarning ma’naviy ehtiyojini to‘la qondira olganligi bo‘lib, ana shu jihati bilan bugungi kunda ham yuqori badiiy qiymatga ega. O‘quvchilarning musiqiy bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yiladigan bu talablar mohiyatini mantiqan tahlil qilish natijasida shunday xulosaga kelish mumkin, birinchidan, ularda milliy mumtoz musiqani o‘rganishga  bo‘lgan e’tibor o‘z ifodasini topgan; ikkinchidan, ularning asosida o‘quvchilarda yuksak badiiy  didni  shakllantirish imkoniyatlari inobatga olinadi. Musiqiy ta’limning samarali tashkil etilishi natijasida o‘quvchilarda mumtoz musiqiy asarlariga to‘g‘ri baho berish, yuqori badiiy saviyaga ega qo‘shiqlardan mazmuni sayoz asarlarni ajrata olish hamda mumtoz  qo‘shiqlarga ob’ektiv baho bera olish ko‘nikmalarining shakllanishiga imkon yaratadi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining amaliyotini o‘rganish, o‘quv dasturlari va darsliklar bilan tanishish bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarini 1-7-sinflarda “Musiqa madaniyati” darslarida o‘rganilishi zarur bo‘lgan o‘zbek mumtoz kuylaridan xabardor qilish, ijro uslublarining o‘zlashtirishlariga erishish zarur ekanligini tasdiqladi. Tahlillar natijasida talabalarning quyidagi o‘zbek mumtoz kuylari bo‘yicha nazariy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari lozim degan xulosaga kelindi (jadvalga qarang). Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari tomonidan o‘zlashtirishlari zarur bo‘lgan milliy mumtoz kuylar   
Kuy nomlari Bastakorlarning ismi va familiyasi
      I sinf
1. Dilxiroj O‘zbek xalq kuyi
2. Yangi tanovor M.Mirzaev musiqasi
3. Dutor bayoti O‘zbek xalq kuyi
4. Bahor valsi M.Mirzaev musiqasi
    II sinf
1. Oromijon O‘zbek  xalq  kuyi
2. Qari  navo O‘zbek  xalq  kuyi
3. Norim-norim Xorazm xalq kuyi
4. Qashqarcha O‘zbek  xalq  kuyi
                                                      III sinf
1. Roxat O‘zbek  xalq  kuyi
2. Jonon M.Mirzaev musiqasi
3. Farg‘onacha  tanovar O‘zbek  xalq  kuyi
4. Lazgi Xorazm  xalq  kuyi
  IV sinf
1. Qalbimda S.Jalil  musiqasi
2. Andijon  polkasi O‘zbek xalq kuyi
3. Ajam taronalari O‘zbek xalq kuyi
4. Surnay navosi O‘zbek xalq kuyi
   V sinf
1. O‘zgancha O‘zbek  xalq kuyi
2. Munojot O‘zbek  xalq kuyi
3. Gulbahor   va  tanovar O‘zbek  xalq kuyi
4. Ko‘rmadim D.Zokirov  musiqasi
VI sinf
1. Guluzorim Hoji Adulaziz Abdurasulov musiqasi
2. Bozurgoniy Hoji Adulaziz Abdurasulov musiqasi
3. Sayqal O‘zbek xalq kuyi
4. Feruz -1 Xorazm xalq   qo‘shig‘i
 VII sinf
1. Savti suvora Xorazm maqomlaridan
2. Nasrullo -1 Buzruk  maqomidan
3. Samarqand  ushshog‘i O‘zbek  xalq ashulasi
4. Cho‘li iroq Xalq kuyi
  Birinchi sinfdan yettinchi sinfgacha bo‘lgan davrda o‘quvchilar har bir sinfda o‘quv yilining har choragida bittadan mumtoz kuyini tinglatish orqali jami 28 ta musiqiy asar bilan tanishish imkoniyatiga ega    bo‘ladilar. Tadqiqotni amalga oshirish jarayonida o‘quvchilarda asosan tinglatish  orqali o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan musiqiy asarlar tanlanib, bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarining ular to‘g‘risida nazariy ma’lumotlarga ega bo‘lishlariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga ularda mumtoz qo‘shiqlardan namunalar ijro eta olish ko‘nikmalarini shakllantirish ham maqsadga muvofiq deb topildi. Jumladan, “Dugoh Husayn”, “Ko‘rmadim”, “Ey, nozanin”, “Roq” va uning “Ufor”lari, “Soqinomai savti kalon”, “Bayoti Sheroziy” va boshqa u qadar murakkab bo‘lmagan sho‘balarni ijro eta oluvchi o‘qituvchilar ularni o‘quvchilarga ham samarali o‘rgata  oladilar. O‘quvchilarni mumtoz kuy-qo‘shiqlar bilan tanishtirishda quyidagi shakl va metodlardan foydalanish maqsadga muvofiq sanaladi:
  1. O‘rganish uchun tanlab olingan ayrim kuylarni magnit tasmalari yordamida tinglatish.
  2. Musiqa fani o‘qituvchisining o‘zi tomonidan cholg‘u asboblari yordamida ijro etib ko‘rsatish.
  3. Taniqli sozandalarni taklif etish orqali ular bilan uchrashuv tashkil qilish vaqtida o‘rganilishi ko‘zda tutilgan kuy mohiyati bilan tanishish.
  4. Musiqa to‘garagining a’zosi bo‘lgan o‘quvchilar ijrosida o‘rganilayotgan mumtoz kuyni tinglash.[5]
Kuzatishlarning ko‘rsatishicha, jonli ijro o‘quvchilar ruhiyatiga yanada ijodiy ta’sir etadi. Shu sababli mumtoz kuy-qo‘shiqlarni jonli ijroda tinglash musiqa fani o‘qituvchisining diqqat-e’tiborida bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda ham asarlarni o‘rganish vaqtida ularning mazmunini tahlil qilish, nola, qochirim va boshqa bezaklarni anglash kabi ko‘nikmalarning bosqichma-bosqich shakllantirilib borilishi maqsadga muvofiqdir. Zero, musiqa yosh avlodning ma’naviy, badiiy-axloqiy madaniyatini shakllantirishga, milliy g‘ururi va vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirishga, fikr doirasini kengaytirishga, ijodiy mahorati va badiiy didi o‘sishiga, mustaqilligi va tashabbuskorligini tarbiyalashga xizmat qiladi.   FOYDALANILGAN  ADABIYOTLAR  RO‘YXATI:  
  1. M.Mirziyoev. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. T.O‘.2017.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori. lex.uz.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmoni. lex.uz.
  4. Musurmonova O. Yuqori sinf o‘quvchilari ma’naviy madaniyatini shakllantirishning pedagogik asoslari: – Ped. fan. dok. … yozilgan diss. – T.: 1993. – 364 b.
  5. Vetlugina N.A. Razvitie muzыkalnыx sposobnostey doshkolnikov v protsesse muzыkalnыx igr. M.: APN, 1988g., -247str.
  6. Mamirov Q. Musiqa vositasida yoshlarni axloqiy-estetik ma’naviyat ruhida tarbiyalash //Musiqiy ta’lim va ma’naviyat. Resp. Ilmiy-nazariy konf.to‘plami. – T.: Nizomiy nom. TDPU, 1998. – 3-5- b.
  7. Xalilov N. Didakticheskie osnovы instrumentalno-ispolnitelskoy podgotovki buduщix uchiteley muzыki: Avtoref.diss. … dokt.ped.nauk. – T.: 2006. – 48 s.
  8. Toshtemirov B. Uzbekskoe narodnoe pesennoe tvorchestvo Djizakskoy oblasti: Avtoref.diss. … kand.iskuss. – T.: 1993. – 18 s.
  9. Soipova D. Musiqiy-nazariy bilimlarni o‘zlashtirish jarayonini takomillashtirish. T.: Fan va texnologiyalar nashriyoti, 2005 y., -84 bet.
  10. Kiyamov N.S. Musiqa darslarida o‘quvchilarning ijodiy faolligini oshirish yo‘llari // Uzluksiz ta’lim tizimida musiqa fanlarini o‘qitish masalasi: Respublika ilmiy-amaliy materiallari to‘plami. Musiqa yo‘nalishi. – Toshkent, 2009. – 142-144.
  11. Fayzullayev E.M. Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari badiiy didini shakllantirishning pedagogik shart-sharoitlari (o‘zbek mumtoz musiqasi misolida). Ped.fan.nomz… dissertatsiyasi. TDPU. T.: 2010y.
      [1] Sh.M.Mirziyoev. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. T.O‘. 2017. [2] Ветлугина Н.А. Развитие музикальных способностей дошкольников в процессе музикальных игр. М.: АПН, 1988г., -247стр. [3] Soipova D. Musiqiy-nazariy bilimlarni o‘zlashtirish jarayonini takomillashtirish. T.:Fan va texnologiyalar nashriyoti, 2005 y., -84 bet. [4] Fayzullaev E.M. Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari badiiy didini shakllantirishning pedagogik shart-sharoitlari (o‘zbek mumtoz musiqasi misolida). Ped.fan.nomz… dissertatsiyasi. TDPU. T.: 2010y   [5] Fayzullaev E.M. “Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari badiiy didini shakllantirishda o‘zbek mumtoz musiqasi imkoniyatlaridan foydalanish”. (metodik qo‘llanma). Toshkent – 2008.